Orqaga

994 marta koʻrilgan

1821–1894

German Gelmgols

German Lyudvig Ferdinand fon Gelmgols — buyuk olmon shifokori, fizik, psixolog va fiziolog. U 1821-yil 31-avgustda Berlin yaqinidagi Potsdam shaharchasida tugʻilgan. German boshlangʻich taʼlimni Potsdam gimnaziyasida olgan va 17 yoshida gimnaziyani tamomlab, Qirollik tibbiyot-jarrohlik institutiga oʻqishga kirgan. Institutni u 1842-yilda doktorlik dissertatsiyasining muvaffaqiyatli himoyasi bilan tamomlagan. Qirollik tibbiyot-jarrohlik instituti bitiruvchilari uchun mamlakatda majburiy 8 yillik harbiy xizmat mavjud boʻlib, Gelmgolts 1843-yildan boshlab, Potsdamning oʻzida harbiy shifokor boʻlib xizmat qila boshladi. U 1847-yilning 23-iyulida Berlin fizika jamiyati majlisida oʻzining mashhur “Kuchning saqlanishi haqida” nomli maʼruzasini oʻqidi. Keyinchalik u alohida risola tarzida ham chop etilgan.

Mazkur risolada u Joul, Mayer va Karnoning ishlarida yoritib berilgan energiyaning saqlanish tamoyilini umumlashtirib, oʻz gʻoya hamda xulosalari bilan boyitib, tarixda birinchi marta energiyaning saqlanish tamoyili — termodinamikaning birinchi bosh qonunini taʼriflab berdi. Shundan soʻng 1848-yilda Aleksandr Gumboldtning tavsiyasiga koʻra, u harbiy xizmatdan muddatidan avval ozod etildi. U Berlindagi badiiy akademiyaga anatomiya oʻqituvchisi boʻlib ishga kirdi, bir vaqtning oʻzida anatomiya muzeyida assistent boʻlib ishlay boshladi. Mazkur yillar davomida u mustaqil ravishda nerv tolalarining rivojlanish jarayonlari, koʻrish va eshitish organlarining fiziologiyasini tadqiq qildi. U 1849-yilda ustozining tavsiyasiga koʻra, fiziologiya va umumiy anatomiya professori unvoni bilan Kyoningsbergga yuborildi. Olim 1855-yilda Bonnga koʻchib oʻtib, anatomiya va fiziologiya kafedrasining mudiri lavozimiga tayinlandi.

1858-yilda Geydelbergdagi fiziologiya kafedrasi rahbarligi ham unga topshirildi. U 1871-yilda Berlin universitetining fizika kafedrasiga fizika professori lavozimiga tayinlandi. Gelmgols ishga kirishgach, hukumat bilan hamkorlikda mazkur kafedra bazasida yangicha ilmiy muassasa — Fan saroyini (hozirda Berlin universitetining fizika instituti) tashkillashtirdi va uning oyoqqa turishiga koʻp mehnat sarfladi. U mazkur muassasaga 1788-yilgacha rahbarlik qilgan. 1788-yil mamlakat parlamentining hamkorligida Sharlottenburgda imperial fizika-texnika idorasi tashkil etildi va unga Gelmgols prezident etib saylandi. U yangi lavozimga oʻtgach, Berlin fizika institutida maʼruzalar oʻqishda davom etdi. Gelmgols nafaqat oʻtkir zehnli olim va malakali rahbar, balki kuchli pedagog, mohir ixtirochi ham boʻlgan. Gelmgolsning tibbiyotga oid ixtirolaridan — koʻz toʻr pardasini tekshirish uchun oftalmoskop (1850-yilda) va koʻz olmasining egriligini oʻlchovchi oftalmometrlar (1851-yilda) XIX asr ikkinchi yarmi oftalmologiyasi uchun benazir tibbiy anjomlar hisoblangan.

Shuningdek, fizika sohasida ham bir jinsli magnit maydon hosil qilish uchun bir-biridan oʻzining radiusiga teng masofada, bir oʻqda joylashtirilgan ikkita solenoiddan iborat boʻlgan Gelmgols gʻaltagi va akustik signallarni tahlil qilish hamda past chastotali tovush toʻlqinlarini nazorat qilish, sozlashga moʻljallangan Gelmgols rezonatori kabilarini ham misol qilib keltirish mumkin. Shuningdek, u tibbiyot va fizikadan tashqari, oʻzining atmosferada yuz beruvchi hodisalar — uyurma, boʻron va momaqaldiroqlar, muz qatlamlarining tabiatini oʻrganish borasidagi ilmiy tekshirishlari bilan ilmiy meteorologiya fanining shakllanishi jarayoniga ham oʻz hissasini qoʻshgan. Gidrodinamikaning fan sifatida shakllanib chiqishida ham Gelmgolsning munosib oʻrnini eʼtirof etish kerak. U suyuqliklarda uyurmalarning hosil boʻlish qonuniyatlarini birinchi boʻlib asoslab bergan edi.

German Gelmgolsning fan oldidagi buyuk xizmatlarini eʼtiborga olib, unga 1888-yilda imperator Fridrix III zodagonlik unvonini berdi. Olim 1891-yilda esa yangi imperator Vilgelm II tomonidan “Haqiqiy maxfiy maslahatchi” mansabi hamda “Qora burgut” ordeni bilan mukofotlandi va unga Excellenz — “Janobi oliylari” unvoni berildi. Shu yilning oʻzida olim Fransiyaning eng oliy mukofoti — “Faxriy legion” yulduzi ordeni bilan mukofotlangan. Shuningdek, 1935-yilda Xalqaro astronomiya ittifoqining qaroriga koʻra, Oydagi kraterlardan biriga Gelmgols nomi berilgan. German Lyudvig Ferdinand fon Gelmgols 1894-yilning 8-sentabrida Sharlottenburgda vafot etgan.



Muqova suratlar: historymed.ru / wikipedia.org