Orqaga

1026 marta koʻrilgan

1818–1889

Jeyms Joul

Jeyms Preskott Joul — ingliz fizigi. U termodinamika taraqqiyotiga yuksak hissa qoʻshgan olimlardan biri. Jeyms 1818-yilning 24-dekabr kuni Angliyaning Lankashir grafligi, Solford yerida tugʻilgan. U boshlangʻich va oʻrta taʼlimni mashhur olim Jon Daltondan olgan. Fizik 15 yoshidan boshlab, bir vaqtning oʻzida oilasiga tegishli ichimlik ishlab chiqaruvchi zavodda ishlab, ham taʼlim ola boshlagan. U zavoddagi ishlayotgan bugʻ mashinalarining oʻrniga oʻsha davr uchun yangilik boʻlgan elektrodvigatellardan foydalanish gʻoyasi asnosida oʻzining ilk ilmiy ishini elektromagnit dvigatelning tuzilishi va ishlash tamoyilini tadqiq qilishdan boshladi.

Jeyms 1841-yilda elektr tokining issiqlik ajratish qonuniyatlarini tadqiq qilib, oʻzbek tilidagi adabiyotlarda Joul-Lents (ushbu qonunni 1842-yilda rus olim Lents ham ochgan edi) qonuni nomi bilan ataladigan, oʻtkazgichdagi tok kuchi va ushbu tok tufayli ajralib chiqqan issiqlik miqdorining kvadratik bogʻliqlik qonunini kashf qildi. Biroq uning ishlari London qirollik jamiyati aʼzolari tomonidan munosib baholanmadi. Shu tufayli ham Joul mazkur ishini Manchester shahrining davriy jurnallaridan birida eʼlon qilishga muvaffaq boʻldi xolos. Shuningdek, u bugʻ mashinalari hamda elektrodvigatellarning iqtisodiy samaradorligini taqqoslash yuzasidan ilmiy tahlillar olib bordi. Joul tajribalarni davom ettirib, issiqlik miqdori va mexanik kuchning oʻzaro ekvivalentlik (issiqlikning mexanik ekvivalenti) qonuniyatlarini amaliy tajribalarda aniqladi. Bu orqali olim fanda mavjud boʻlgan eski va notoʻgʻri tushuncha — issiqlikning modda (teplorod) ekani haqidagi fikrlarni inkor etib, issiqlik va ish fizik kattaliklar ekanini isbotlab beradi.

Qolaversa, Joul mazkur tajribalari orqali tabiatdagi eng fundamental qonunlardan biri — energiyaning saqlanish qonunini amalda ochib qoʻygan edi. Aynan shu vaqtlarda Joul magnitostriksiya hodisasini ham kashf qildi va bu haqida ilmiy jamoatchilikka maʼlumot berdi. Biroq Jeyms Joulning ishlarini koʻpchilik olimlar ishonqiramay, aksariyat hollarda esa qarshilik bilan kutib olar edi. Joullar oilasi 1844-yilda Manchesterdan ketib, Uolley-Renjga koʻchib oʻtdi va u yerda Joul oʻz mablagʻi evaziga zamonaviy laboratoriya bunyod etdi. 1847-yilda Jeyms Joul Ameliya Greyms ismli ayolga uylandi. Toʻydan keyin u yangi oilasi bilan asal oyini oʻtkazish uchun Shveytsariya joʻnab ketdi. U yerda aynan shu vaqtda taʼtilni oʻtkazayotgan Uilyam Tomson (Lord Kelvin) bilan tanishish Jeyms Joulning ham lord Kelvinning keyingi ilmiy ishlari uchun gʻoyat ahamiyatli hodisa boʻldi. Kelvin Joulning tajribalari tajriba texnikasi va qayd qilgan natijalariga munosib baho bera oldi. Ularning dastlabki oʻzaro hamkorlikdagi ishlaridayoq, keyinchalik butun ilm-fan uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan natijalarga erishildi, xususan, termodinamik harorat shkalasi tuzilgan edi.

U 1848-yilda gaz bosimining ortishi natijasida paydo boʻladigan issiqlik effektlari haqida tushuntirish berar ekan u gaz molekulalarini mikroskopik oʻlchamlardagi son-sanoqsiz elastik sharchalardan iborat ekanini, ushbu sharchalarning idish devoriga kelib urilishi natijasida bosim hosil boʻlishi tarzida modellashtirib tushuntirdi. U vodorod uchun elastik sharchalarning tezligini 1850 m/s deb baholagan. Keyinchalik Joulning ushbu ilmiy ishi XIX asrning 70-yillarida Van der Vaalsning real gazni modellashtirish borasidagi gʻoyalariga poydevor boʻlgan. 40-yillarning oxiri va 50-yillarning boshiga kelib, Joulning ilmiy ishlari va salohiyati nufuzli ilmiy hamjamiyatlarda eʼtirof etila boshladi. Xususan, u 1850-yilda London qirollik jamiyatining haqiqiy aʼzoligiga saylandi.

1851-yildagi ilmiy tajribalarida Joul koʻplab gazlar uchun issiqlik sigʻimi qiymatlarini aniqladi. 1852-yilda Joul issiqlikning mexanik ekvivalentini aniqlagani uchun birinchi darajali Qirollik medali bilan taqdirlangan. Aynan shu yildagi lord Kelvin bilan hamkorlikda olib borgan, hozirda Joul-Tomson effekti deb ataladigan, adiabatik drossellash jarayonidagi gaz haroratining oʻzgarishi effektlari borasida olib borilgan tadqiqotlari orqali oʻta past haroratlarga erishish uslubini ishlab chiqdi. Keyinchalik mazkur uslub asosida oʻta past haroratlar fizikasi fani shakllanib chiqdi. 50-yillarning oʻrtalariga kelib, Joul galvanometr, voltmetr va ampermetr kabi elektr oʻlchov texnikalarini loyihalash, tayyorlash va amalda qoʻllash borasida qator ilmiy-amaliy risolalarni nashr etdi. Umuman olganda, Joulning butun ilmiy faoliyati davomida aniq natijalar olish imkonini beruvchi, oʻlchov-tajriba texnikasiga jiddiy eʼtibor qaratgan.

1859-yildagi izlanishlarida Joul eʼtiborini qattiq jismlarning termodinamika xossalariga qaratdi. U deformatsiya jarayonidagi issiqlik effektini kauchuk xossalari bilan taqqosladi. 1960-yildagi ishlarida asosan tabiat hodisalari — chaqmoq, meteoritlar va sarob haqida oʻz ilmiy tahlillarini bayon etdi. 1860-yillardan boshlab, Joulning sogʻligʻi jiddiy yomonlasha boshladi. Shu tufayli ham 1870 yillarga kelib, u amalda ilmiy faoliyatini toʻxtatdi, aksariyat vaqtda tashkiliy ishlar bilan mashgʻul boʻldi. 1866-yilda Joulga Kopli medali topshirildi. 1872 va 1877-yillarda u ikki bora Britaniya ilmiy hamjamiyatining prezidentligiga saylandi. Bu vaqtga kelib, u allaqachon oʻziga tegishli zavodni sotib yuborgan va ilmiy faoliyatini moliyalashtirish uchun turli muassasalarning koʻmagiga tayanib qolgan edi. 1878-yilda unga qirollik hukumati umrbod nafaqa tayinladi.

Jeyms Preskott Joul 1889-yilda Cheshir grafligidagi Seyl yerida vafot etdi. Aynan shu yili oʻtkazilgan Elektriklarning ikkinchi xalqaro kongressida olim sharafiga energiya, ish va issiqlik miqdori fizik kattaliklari uchun unifikatsiyalangan, yagona oʻlchov birligi sifatida uning nomi biriktirildi. Keyinchalik Joul Xalqaro birliklar tizimi — SIʼda ham oʻz nomiga ega boʻlgan hosilaviy birliklar ichida energiya, ish, issiqlik miqdori kattaliklarining oʻlchov birligi sifatida tasdiqlandi. Jeyms Joul oʻzidan 97 nomdagi ilmiy meros qoldirgan boʻlib, ulardan 20 ga yaqini lord Kelvin va Layon Pleferlar bilan hamkorlikda yozilgan. Ishlarining asosiy qismi issiqlikning mexanik ekvivalenti va oʻlchov texnikasining loyihalash, takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan. Uning barcha ilmiy ishlarining ikki jildlik nashri, 1884–1887-yillarda Londonda chop etilgan.



Muqova surat: rus.team