1
Ulashish
996 marta koʻrilgan
1814–1878
Robert Mayer
Yulius Robert fon Mayer — olmon shifokori va fizigi. U 1814-yilning 25-noyabrida Germaniyaning Haylbronn shahrida tugʻilgan. Oʻrta maktabni tugatgach, Tyubingen universitetining tibbiyot fakultetiga oʻqishga kirgan. U fizika va matematika kurslariga qatnamagan, biroq kimyoni ancha mukammal oʻzlashtirgan. Mayer Tyubingen universitetida taʼlimni toʻliq yakunlay olmagan. U taʼqiqlangan yigʻinlarda ishtirok etganlikda ayblanib, hibsga olingan va 6 kunlik hibsda saqlanganidan soʻng ozod qilingan. Shundan soʻng Mayer Tyubingenda qolmaslikka qaror qilib, avval Myunxen, keyin Vena va Parijga ketadi, oʻqishini ushbu shaharlarda davom ettiradi. U 1838-yilda Tyubingenga qaytib, imtihonlarni topshiradi va oʻz dissertatsiyasini himoya qiladi.
Mayer 1840-yilda Indoneziyaning Yava oroliga yoʻlga chiqayotgan Golland kemasiga bort shifokori boʻlib ishga kiradi. Safar davomida qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklarni davolash chogʻida Mayer yevropalik matroslar hamda tropik mamlakatlarda yashovchi mahalliy aholi qon rangida farq borligini sezib qoladi. Tropiklarda uzoq muddat boʻlgan yevropaliklarning ham qoni aynan mahalliy aholi qoniga oʻxshab rang oʻzgarishlariga uchrar edi. Tropiklarda tanadagi issiqlik kam sarflangani tufayli uning manbai boʻlgan ovqat kamroq oksidlanadi va natijada qonning rangi ham shunga mos ravishda yorqin qizil boʻladi. 1842-yilda Germaniyaga qaytgan Mayer safar taassurotlarini umumlashtirdi va oʻzida paydo boʻlgan issiqlik va ishning oʻzaro aylanishi haqidagi gʻoyalarini gazning kengayishi hodisalariga tatbiq etdi.
Chunonchi, u gaz doimiysining tenglamasini kashf qilib, sarflanayotgan issiqlik va bajarilayotgan ishning miqdoriy qiymatlari oʻzaro ekvivalent boʻlishini asoslab berdi. Aytish mumkinki, bu orqali Mayer birinchilardan boʻlib, termodinamikaning birinchi qonuni — energiyaning saqlanish tamoyilini ifodalab bergan edi. Mayerning ilmiy ishlari ancha vaqt davomida nazardan chetda qolib ketdi. 1862-yilga kelib, Mayerning ishlari Klauziusning eʼtiborini tortib, termodinamikaning keyingi taraqqiyoti uchun muhim manbalardan biri sifatida oʻrganila boshladi. Yulius Mayerning ilmiy ishlari ikki jildlik toʻplam tarzida “Issiqlik mexanikasi” (Shtutgart 1867) va “Tabiiy fanlarga kirish” (Shtutgart 1871) nomlari bilan nashr etilgan. Yulius fon Mayer 1878-yilning 20-martida, Haylbronnda vafot etgan.
Muqova suratlar: eduspb.com / wikipedia.org