Orqaga

1011 marta koʻrilgan

1863 – 1946

Genri Ford

Ilk avtomobil magnatlaridan biri sifatida tanilgan Genri Ford fermer oilasida tugʻilgan. Lekin u otasining ishini davom ettirishni xohlamagan va maktabni tugatmasidan burun soat doʻkonida ishlay boshlagan. Maktabni tugatgach, avtomobil doʻkoniga shogird boʻlib kiradi va tez orada qishloq xoʻjaligi texnikalarini taʼmirlaydigan shaxsiy ustaxonasini ochadi. 1887-yildan 1899-yilgacha u Edison kompaniyasida ishlaydi va karyerasini bosh muhandis sifatida yakunlaydi.

1890-yilda Genri Ford avtomobilsozlikka qiziqib qoladi. 1893-yili esa boʻsh vaqtida ikki silindrli dvigatel, kamarli transmissiya va uzatishlar qutisiga ega ilk avtomobilini yasaydi. Ford bu mashinada 1500 km yoʻl yuradi va uni sotib, hajmi kattaroq boʻlgan, ikkita boshqa avtomobil ishlab chiqaradi. 1899-yil u Detroyt avtomobil kompaniyasiga ishga oʻtadi. Oʻshandan boshlab, Ford faqat avtomobil ishlab chiqarish bilan shugʻullana boshlaydi. U 1903-yilda 80 ot kuchiga ega, dvigatelli “Ford-99” modeli bilan tezlik boʻyicha bir necha musobaqalarda gʻolib boʻlgach, muvaffaqiyatga erishadi.

Genri qirq yoshga to’lgach, o’zining shaxsiy avtomobil ishlab chiqarish korxonasiga asos soldi. U oʻz oldiga butunlay yangi vazifani — ilk hamyonbop va ommabop avtomobil yaratishni maqsad qilib qoʻyadi. Buni amalga oshirish uchun avtomobil yetarli darajada arzon, shu bilan birga mustahkam va uzoq xizmat qiladigan boʻlishi kerak edi. Yengil va mustahkam poʻlatdan foydalanib koʻrgan Genri Ford har bir kishi sotib olishi mumkin boʻlgan, hamyonbop mashinalarni ishlab chiqara boshladi.

“Ford motors” avtomobil kompaniyasi 1903-yilda “temir banka” nomini olgan birinchi “Ford-T” modelini ishlab chiqadi hamda uni 825 dollarga sotadi. Mashina tez ommalashadi va Ford kuniga yuzlab avtomobil sotishni boshlaydi. Avtomobil narxi tez pasayadi, 1920-yilga kelib esa donasi 600 dollardan sotiladi. 1927-yilga kelib, 15 million “T” modeli ishlab chiqarilgan va “Ford motors” kompaniyasining mulki 700 million dollarga baholangandi.

Ford birinchilardan boʻlib, umumiy yigʻish usulini qoʻllagan, yaʼni mashinalar konveyerda tayyorlangan. Avtomobil 300 metrli fabrika yoʻlagida sekin harakatlanayotganda, ishchilar navbat bilan ularga oldindan tayyorlangan detallarni biriktirgan. Albatta, bu monoton va toliqtiradigan ish edi. Biroq Ford ishchilariga shu sohadagi eng baland maoshni toʻlardi. Uning ilk mashinalari oddiy, arzon va ishonchli edi. “Har bir kishi fordni boshqara oladi” — kompaniyaning shiori ham oʻziga mos edi. Lekin ishlab chiqarishning oddiyligi modellar sonini cheklab qoʻyardi.

Genri Ford bejizga “Tin Lizzi” modeli haqida: “Siz istalgan rangdagi mashinaga buyurtma berishingiz mumkin, ammo biz hozir faqat qora rangli modellarni ishlab chiqaryapmiz”, — degan edi. Tashuvchi kuzovning qoʻllanilgani avtomobilni ulkan ramkadan xalos qilish, nafaqat tashqi koʻrinishni yaxshilagan, balki yoʻlovchilarga ham qulaylik yaratgandi. Qiziq jihati shundaki, Ford adabiy iqtidorga ham ega edi. U “Mening hayotim va yutuqlarim” kitobini yozadi. Asarda muvaffaqiyat sari mashaqqatli yoʻlini jonli va qiziqarli tarzda bayon qiladi.

Ford oʻz mashinasida / ford.com

Uning yoʻli har doim ham silliq boʻlmagan, oʻziga xos past-balandliklarga ega edi. 1915-yilda uning modeli Le-Manedagi Yevropa poygalarida ayanchli magʻlubiyatga uchraydi. Ford Yevropaga mashina eksportini kamaytirishga majbur boʻladi. Shundan keyin Yevropa avtomobil bozorini egallash ixtirochining orzusiga aylanadi. U Ikkinchi jahon urushi davrida nemis zavodlari bilan hamkorlik qilishdan qatʼiy bosh tortadi, shunda ham firma faoliyati davom etadi. 1946-yilda ixtirochining vafotidan keyin uning oʻgʻli, kichik Genri Ford kompaniya boshqaruvini qoʻlga oladi.

50-yillarning boshiga kelib, sport mashinalari alohida mashhurlikka erishadi. Bu vaqtda Ford bozorda Ferrari, Porsche va Jaguarʼga qarshi turishga qaror qiladi. Uning elegant, yengil, ikki oʻrinli “Burevestnik” sport mashinasi soatiga 185 kilometr tezlikka erishadi. 1956-yilda yevropacha namuna asosida, qalin gʻildiraklarga ega bu avtomobil sport mashinalarining klassik namunasi sanalgan. 1957-yilda uning asosida toʻrt oʻrinli model yaratiladi. 1964-yilda Ford kompaniyasi yana bir mashhur model — Mustangʼni eʼlon qiladi. Bu mashina kompaniyadagi barcha mashinalar orasida eng tezkori va eng mashhuri boʻladi deb hisoblangandi. Chindan ham shunday boʻldi.

Mustang 1964-yil aprelida Nyu Yorkdagi jahon koʻrgazmasida namoyish qilinadi. Taqdim qilingan barcha bir oʻrinli mashinalar oʻsha kunning oʻzidayoq sotilib ketadi. Bundan tashqari, uni sotib olish istagini bildirgan kishilardan 20 000 ta buyurtma qabul qilinadi. 1964-yil oxiriga kelib Ford 250 000 dan ortiq, bir yildan soʻng ikki millionta Mustang modelini sotishga muvaffaq boʻladi. 1966-yilda Le-Manedagi poygada Mustang sport avtomobili gʻalaba qozonadi. Shunday qilib, Ford modellari nafaqat Amerikani, balki Yevropani ham zabt etadi.



Muqova suratlar: toolshero.com / thehenryford.org