2
Ulashish
859 marta koʻrilgan
1887–1961
Ervin Shryodinger
XX asrning eng buyuk fizik olimlaridan biri, Ervin Shryodinger 1887-yilning 12-avgustida Vena (Avstriya) da tug‘ilgan. Uning otasi Rudolf Shryodinger kleyonka ishlab chiqaradigan fabrikaning xoʻjayini boʻlgan. Badavlat oila boshligʻi boʻlgan Rudolf Shryodinger, shuningdek, mohir rassom hamda botanika fanining oʻz mamlakatida koʻzga koʻringan bilimdoni hisoblangan. Ervin Shryodinger esa oilada yagona farzand boʻlgan.
Boshlangʻich taʼlimni ham Ervinga otasi Rudolfning oʻzi bergan. Oʻqish, yozish va arifmetikani otasidan oʻrgangan Ervin, u haqida doim “charchoqni bilmaydigan ustoz va doʻst” deb taʼrif berar edi. Haqiqatan ham, otasi yosh bolakay ogʻli Ervinning har qanday savollariga erinmay, batafsil va tushunarli qilib javob berishi, uning yana savolga koʻmib tashlashiga nisbatan sabr-toqat bilan oʻrgatishda davom etishi Shryodingerga yoshligidayoq mukammal ensiklopedik bilimga ega shaxsga aylanishida katta xizmat qilgan.
Shryodinger 1898-yilda Vena akademik gimnaziyasiga oʻqishga kirdi. Keyingi 8 yil mobaynida gimnaziyada taʼlim olgan boʻlajak fizik olim yakunda bitiruv hujjatlariga koʻra, yunon hamda lotin tili, mumtoz adabiyot, matematika, fizika va kimyo fanlaridan gimnaziyani eng yuqori rekord ballar bilan bitirib, barchaning olqishiga sazovor boʻlgan. Oʻsha yillari hamma oʻqituvchilari uni yo shoir, yo yozuvchi, publitsist, juda bo‘lmasa, teatr tanqidchisi boʻlsa kerak, degan fikrda boʻlgan. Chunki yosh Shryodinger avvalo lotin va yunon tillarini hamda adabiyotni mukammal bilgani bilan ajralib turgan. Qadimgi mualliflarning asarlari asosida spektakllar uchun ssenariylar yozishni ham yaxshi uddalagan.
Uning shoir sifatidagi ijodi ham uncha-muncha yetuk shoirlardan qolishmaydigan darajada, nemis poeziyasi anʼanalariga xos nafislikka ega mazmundor boʻlgan. Biroq bularning bari — oʻrta maktab bitiruvchisining bolalik qiziqishi oʻlaroq qolib ketdi.Chunki u 1906-yilda Vena universitetining fizika fakultetiga oʻqishga kirdi va faoliyatini aniq fanlar bilan bogʻlashga qaror qildi. Universitetda unga professor Fridrix Gazenerlning ajoyib ma’ruzalari orqali olgan bilimi talaba Shryodingerga chuqur taassurot qoldirgani hamda shuurida qiziq va ajoyib g‘oyalarning uyg‘onishiga turtki berganini u ko‘p eslagan.
1910-yilda Ervin Shryodinger biratoʻla doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish orqali universitetni ham aʼlo bahoga bitirib, shu yerning oʻzida Frans Eksner (avstriyalik fizik olim) ismli fizik olimning assistenti sifatida ishda qoldi. U mazkur ishda Birinchi jahon urushi boshlangunga qadar ishlab, 1913-yilda hamkasbi Kolraush bilan birga Avstro-Vengriya Imperiyasi Fanlar akademiyasining Xaytinger mukofoti (fizika va kimyo sohasidagi tadqiqotlar uchun beriladigan mukofot) ni qoʻlga kiritgan. Bu mukofot olimning radiy elementini tadqiq qilish borasida olib borgan tajribalarining natijasi uchun berilgan.
Urush boshlanib qolgach, uni harbiy harakatga jalb qilishadi va Shryodinger artilleriya ofitseri sifatida Bolqon togʻidagi qoʻshin safida xizmat qildi. Xizmat vaqtida ham boʻsh vaqtidan imkon qadar unumli foydalanishga uringan Shryodinger, Eynshteynning nisbiylik nazariyasiga oid maqolalari bilan tanishib bordi va butun boʻsh paytini ushbu yangi fizika gʻoyalarini oʻzlashtirish bilan oʻtkazdi. Urush tugagach universitetdagi ishiga qaytgan Shryodinger aynan umumiy nisbiylik nazariyasi hamda statistik mexanika sohalarida ilmiy izlanish boshlab yuborgan. Shuningdek, eksperimentator sifatida u rentgen nurining difraksiyasini tadqiq qilishga ham kirishgani diqqatga sazovordir.
U 1920-yilda 33 yoshni qarshilagan Ervin Anna-Mariya Bertel ismli qiz bilan turmush qurdi. Afsuski, ularga farzandli boʻlish baxti nasib etmagan. Keyingi yili qisqa muddatga Maks Vin (nemis fizik olimi) huzurida assistentlik qilgan Shryodinger, 1922-yildan boshlab Shtutgart (Germaniya) ga koʻchib oʻtdi va Shtutgart texnika universitetida adyunkt-professor unvoni bilan fizikadan dars bera boshladi. Biroq u bu yerda ham uzoq qola olmagan. Atigi bir semestr dars bergach, Breslau (hozirgi Polshadagi Vroslav shahri) ga borib ishlashga qaror qildi. Bu joyda muqim boʻla olmagan darbadar olim, nihoyat, 1923-yil boshida Shveytsariyaga borib oʻrnashdi va Syurix universitetining fizika kafedrasida ish boshladi. Oʻshanda u yaqindagina ishdan boʻshagan Albert Eynshteynning oʻrniga fizika professori lavozimiga tayinlangan edi.
Olim Syurixda keyingi 6 yillik faoliyatini oʻtkazgan. Bu vaqtda u asosan termodinamika hamda statistik mexanikaga oid masalalar bilan shugʻullanib, gaz hamda qattiq jismlarning molekulyar miqyosdagi fizik qonuniyatini tadqiq qilgan. U bir vaqtning oʻzida endi-endi shakllanib, oyoqqa turayotgan kvant fizikasiga oid ilmiy jarayon va bahslarni ham kuzatib borgan boʻlsa-da, biroq 1925-yilgacha boʻlgan muddatda Shryodinger umuman kvant fizikasiga jiddiy diqqat qaratmaganini keyinchalik oʻzi tan olgan. Oxiri, uning ushbu yangi va mutlaqo oʻzgacha fizika olami eshigini ochuvchi fan sohasiga qiziqishi uygʻonishiga oʻsha 1925-yilda Lui de Broyl (fransuz fizik-nazariyachi olimi, kvant mexanikasi asoschilaridan biri) ning toʻlqinlar tabiatiga oid eʼlon qilgan ilmiy ishiga Eynshteyn tomonidan berilgan ijobiy baho sabab boʻlgan. Shryodinger bu jarayon haqida oʻz kundaligida “holbuki, hatto Eynshteyn bu mavzuda gap ochibdimi, demak, buning zamirida kuchli ilmiy mohiyat bor”, — deb yozib qoʻygan edi.
Kvant nazariyasi 1900-yilda Maks Plank (nemis fizik-nazariyachi olimi, kvant fizikasi asoschisi) tomonidan mutlaq qora jismning nurlanishi hamda uning harorati orasidagi bogʻliqlik masalalarini oʻrganish asosida shakllangan boʻlib, uning xulosalari oʻsha zamon fizikasi uchun (hozirgi zamon uchun ham) oʻta gʻayrioddiy va aqlni shoshirib qoʻyar darajada ziddiyatga toʻla edi. Kvant fizikasi yangi fan sohasi sifatida paydo boʻlar ekan, uning ilmiy masalalari bilan Nils Bor, Ernest Rezerford singari yetuk fiziklar qatorida, nihoyat, daho olim Albert Eynshteyn ham shugʻullana boshlagani hammaning diqqat-eʼtiborini aynan shu sohaga qaratishga undagan. Avvaliga shunchaki nazariy model, toza matematik faraz sifatida qaralgan kvant hodisasi, aslida borliqning asosini tashkil qilishi tobora ayon boʻlib bordi. Eng qizigʻi esa kvant miqyosidagi fizik hodisalarga anʼanaviy fizikadan maʼlum qonuniyat va formulalarni qoʻllab boʻlmas edi. Bu fizika butunlay boshqacha, tamomila yangicha yondashuvni talab qilar va paradoksal gʻoyalari bilan olimlar oʻrtasida keskin bahs-munozara paydo qilmoqda edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, 1900-yilgacha tinchgina, doʻstona muhitda xotirjam ishlab kelgan fizik olimlar endilikda tobora ashaddiy tanqidchilik ruhidagi qutblarga ajralib qola boshladi.
1924-yilga kelib, kvant fizikasining yangi bir qiziq jihati yuzaga qalqib chiqdi. Lui de Broyl oʻzining mashhur toʻlqin nazariyasini eʼlon qildi. Unga koʻra, materiya ham toʻlqin xarakteriga ega boʻlib, agar elektromagnit toʻlqin, masalan, yorugʻlik oʻzini baʼzan zarracha sifatida tutsa (Eynshteyn koʻrsatib bergani kabi), buning ziddiga koʻra, zarrachalar ham, misol uchun, elektron muayyan sharoitda oʻzini xuddi toʻlqin kabi namoyon qilishi mumkin. De Broyl taklif etgan nazariyada ham xuddi foton (yorug‘lik zarrachasi) bilan boʻlgani singari istalgan zarrachaga mos keluvchi toʻlqin chastotasi uning energiyasi bilan bogʻliq ekani koʻrsatilgan edi. Biroq de Broylni toʻlqinlantirgan zarrachaning toʻlqin tabiatiga oid matematik formula, shuningdek, zarrachaning massasi, tezligi (impulsi) hamda uning toʻlqin uzunligi orasidagi nisbat asosiy oʻrin tutgan. Elektron toʻlqin mavjudligi esa 1927-yilda olimlar Klinton Devisson, Lester Jermer hamda Tomson tomonidan eksperimental isbotlangan.
De Broylning ilmiy maqolasi eʼlon qilingach, unga nisbatan Eynshteyn yoʻllagan izoh va olqishdan taʼsirlangan Shryodinger elektronlar toʻlqin tabiatiga oid mulohazalarni Nils Bor taklif qilayotgan atom modeliga nisbatan qoʻllab koʻrishga jazm qildi. Boshqacha aytganda, u shu tariqa kvant nazariyasi va mumtoz fizikani oʻzaro tutashtirishga urinishni boshlab bergan. Bu paytga kelib mumtoz fizikada toʻlqinlar tabiatiga oid yetarlicha bilim yigʻilgan boʻlib, biroq kvant hodisaning toʻlqin tabiati uchun bu gʻoyalar kamlik qilayotgan edi. Shryodingerning oʻsha, 1925-yilda amalga oshirgan dastlabki urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Shryodingerning ushbu omadsiz nazariyasida elektronlarning tezligi yorugʻlik tezligiga teng boʻlgani bois, Eynshteyn oʻrtaga tashlagan umumiy nisbiylik nazariyasi tamoyillarini ham inobatga olishni talab etar edi. Bunga koʻra, juda katta tezlikda elektronning massasi keskin ortib ketishi kerak boʻlardi. Bu esa ham kvant nazariyasiga, ham mumtoz fizikaga va umuman sog‘lom aqlga zid mantiq boʻlgan. Shryodingerning oʻsha dastlabki urinishidagi muvaffaqiyatsizlikning tag zamiridagi sabablaridan eng asosiysi uning elektronning xos xususiyati — spinga ega ekanini inobatga olmaganidan boʻlgan. Buning uchun uni koyish ham toʻgʻri emas. Chunki 1925-yilda spin, yaʼni elektronning oʻz oʻqi atrofidagi aylanma harakati haqida fizikada deyarli hech narsa maʼlum boʻlmagan.
Olim keyingi urinishni 1926-yilda amalga oshirdi. U bu safar elektronlar tezligini juda past qiymat bilan olib koʻrdi va shu orqali umumiy nisbiylik nazariyasini ham eʼtiborga olish masalasini istisno qilib yubordi. Ushbu urinishda Shryodingerning mashhur toʻlqin tenglamasi keltirib chiqarilgan. Unga koʻra, materiyaning matematik bayoni toʻlqin funksiyasi terminlariga asosan keltiriladi. Shryodinger oʻz nazariyasini “toʻlqin nazariyasi” deb atagan edi. Uning taqdim etgan toʻlqin tenglamasi va uning yechimi esa eksperimental kuzatuvlar orqali juda katta muvaffaqiyat bilan toʻgʻri chiqdi va kvant nazariyasining keyingi rivoji uchun bemisl taʼsir koʻrsatdi.
Shryodingerning toʻlqin nazariyasi eʼlon qilinishidan bir muddat avval, boshqa bir yetuk fiziklar guruhi — Verner Geyzenberg, Maks Born hamda Jordan Pasqual tomonidan kvant nazariyasining “matritsali mexanika” deb nomlangan boshqa bir talqini oʻrtaga tashlangan edi. Unda kuzatilayotgan kattalikning jadval koʻrinishidagi ifodasiga asoslanib, matritsa koʻrinishida tartiblanishiga koʻra muayyan matematik amallarni bajarish mumkin edi va ushbu “matritsali mexanika” ham kvant nazariyasiga koʻra kuzatish va eksperimentlar bilan katta aniqlikda toʻla mos kelgan. Biroq Shryodingerning toʻlqin mexanikasidan farqli ravishda matritsali mexanikaning bir muhim nuqsoni bor edi: unda fazoviy koordinatalar va vaqt inobatga olinmagan boʻlib, bu borada tayinli mulohazaning oʻzi keltirilmagan edi. Matritsali mexanika tarafdorlari, ayniqsa, uning “otasi” boʻlmish Geyzenberg, nazariya doirasida ushbu parametrlarni inobatga olish kerakligi haqidagi har qanday fikrga keskin qarshilik qilgan. Vaholanki, matritsali mexanika ixlosmandlari ham ushbu model uchun vaqt va fazo koordinatalarini eksperimental yoʻl bilan aniqlashi mumkin edi.
Shryodinger oʻzining toʻlqin tenglamasida ushbu parametrlarni ham eʼtiborga olganligi bilan muvaffaqiyatliroq yurish qildi. Biroq uning oʻzi kvant mexanikasi doirasida toʻlqin nazariyasi va matritsali mexanika gʻoyalaridan qaysidir birini afzal bilish va boshqasini ikkinchi darajaga surib qoʻyish kerak, degan fikrga qatʼiy qarshi boʻlgan. Ervin Shryodinger oʻzi barpo qilgan toʻlqin nazariyasi va Geyzenbergning matritsali mexanikasi, shunchaki bir muammoga ikki xil yondashuv va ikki xil yechim ekanini juda koʻp taʼkidlagan. Ular oʻzaro matematik ekvivalent ekanini Shryodingerning ogʻzidan istalgancha eshitish mumkin edi.
Haqiqatan ham, keyinchalik kvant mexanikasi nomi ostida birlashgan ushbu ikki muhim nazariya, nihoyat, kvant hodisasining mohiyati borasidagi uzoq yillar kutilgan savolga javobni taqdim qildi. Garchi Shryodingerning oʻzi toʻlqin funksiyasi va matritsalarni oʻzaro teng ko‘rish kerakligini taʼkidlasa-da, amalda koʻplab fiziklar baribir toʻlqin nazariyasining nisbatan qulayroq ekanini eʼtirof eta boshladi. Koʻpchilikning nazdida, toʻlqin funksiyasining matematik apparati sodda va tushunarliroq boʻlib chiqdi va aksincha, Geyzenbergning matritsalari murakkabroqligi uchun unga kamroq murojaat qilindi.
Toʻlqin nazariyasi muvaffaqiyatidan soʻng Ervin Shryodingerning ilm-fan “sahna” sidagi obroʻsi keskin oʻsib ketdi. Uni kvant fizikasining eng yetuk olimlaridan biri sifatida butun Yevropa ilmiy hamjamiyati eʼtirof eta boshladi. Bu paytda kvant fizikasining “otasi” bo‘lmish Maks Plank Berlin (Germaniya) universitetida dars berar va allaqachon nafaqaga chiqish haqida oʻylay boshlagan edi. Plank bu yillarda Berlin universiteti nazariy fizika kafedrasiga boshchilik qilardi. Nafaqaga chiqish haqidagi fikr asnosida u oʻzining oʻrniga munosib nomzod ham izlab yurgan edi. Nazariy fizika osmonida yarq etib porlagan yosh olim Shryodinger Plank nazarida aynan oʻzi qidirgan kadr boʻlib koʻrindi va uni Berlinga taklif qildi. Olim hech ikkilanmasdan Maks Plankning taklifini qabul qildi va Berlinga yetib bordi.
Geyzenberg va Shryodingerning oʻzaro muqobil matritsali va toʻlqin nazariyalari katta muvaffaqiyat bilan eʼlon qilingandan koʻp oʻtmay, yana bir daho fizik — Pol Dirakning undanda umumlashtirilgan hamda Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi ham kitirilgan kvant nazariyasi paydo boʻldi. Dirak gʻoyasida, kvant mexanikasi uchun yanada ixcham va kuchli matematik asosga ega muhim formula taklif etilgan boʻlib, bu formulani ixtiyoriy tezlik bilan harakatlanayotgan istalgan zarrachaga tatbiq qilsa boʻladi. Shuningdek, Dirak taklif qilgan nazariyada, elektronning magnit xossalari va spini uchun qandaydir qoʻshimchalar kiritish shart emasdi va bu parametrlar hech qanday ortiqcha matematik amallarsiz ham, umumiy kvant mexanikasi doirasida bitta tenglamaga joylashtirilgan edi. Boz ustiga, Dirak nazariyasi kvant fizikasida va umuman ilm-fanda inqilobiy bir gʻoyaning yuzaga qalqib chiqishiga sabab boʻldi. Ya’ni borliqda muayyan turdagi har qanday zarrachaga mos ravishda, uning antizarrasi ham mavjud bo‘lib, ushbu zarra-antizarra juftligi elektr zaryadi ishorasiga ko‘ra o‘zaro qarama-qarshi bo‘lar ekan. Bilamizki, elektron manfiy zaryadga ega bo‘lsa, demak, unga muvofiq ravishda, musbat zaryadli xuddi shunday zarra mavjud bo‘lishi kerak. Darhaqiqat, Dirak taklif qilgan ushbu nazariya maydonga chiqqach koʻp oʻtmay, elektronning qarama-qarshi ishorali antizarrasi — pozitron kashf qilingan.
Albatta, Dirakning kvant nazariyasi borasidagi ishlari Shryodinger va Geyzenbergnikidan ham muvaffaqiyatliroq chiqdi. Biroq insof yuzasidan aytish kerakki, baribir Dirak ham oʻz ilmiy mulohazalarida, Shryodinger va Geyzenberg ilgari surgan tamoyillarga asoslangan va bularsiz Dirakning nazariyasi ham mukammal boʻlmas edi. Shunga ko‘ra, Dirak, Geyzenberg va Shryodinger bir-birini toʻldirgan desak adolatdan boʻladi.
Kvant nazariyasi ulkan muvaffaqiyat bilan porlab chiqqach, bu borada yirik ilmiy ishlarni amalga oshirgan olimlar birin-ketin eng yuksak ilmiy doiralarda eʼtirof etila boshladi. Shu jumladan, Shryodinger ham kvant nazariyasining yetuk olimlaridan biri sifatida tan olindi. Soʻzimizning isboti sifatida, uning Pol Dirak bilan birgalikda, 1933-yilda fizika boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlganini yodga olish mumkin.
Albert Eynshteyn va Lui de Broyl bilan bir qatorda, Ervin Shryodinger ham kvant mexanikasining Kopengagen izohiga qarshi olimlar safida boʻlgan. Kopengagen izohi deyilishiga sabab, uning asosiy tamoyillarini Kopengagenda yashab, ishlagan yirik fizik olim Nils Bor shakllantirganidir. Nils Bor ham kvant nazariyasining rivoji uchun juda katta ishlarni amalga oshirgan. Shryodingerni esa Kopengagen izohida determinizm (tabiat va jamiyatdagi hamma hodisalarning umumiy obyektiv qonuniy aloqadorligi va sababiy bogʻlanishi haqidagi taʼlimot) ning yoʻqligi ikkilantirgan. Kopengagen izohida Geyzenbergning noaniqliklar tamoyili asos qilib olingan edi. Eslatib oʻtamiz, unga koʻra, zarrachaning koordinatasi va tezligini bir vaqtning oʻzida aniqlab boʻlmaydi: ulardan birini aniq oʻlchashingiz, ikkinchisi haqida esa hech narsa bila olmasligingizni kafolatlaydi.
Masalan, siz zarrachaning tezligini aniq oʻlchasangiz, unda uning koordinatasini aniq bila olmaysiz, aksincha, koordinatani bilib olgan taqdiringizda, zarrachaning tezligini oʻlchay olmaysiz. Subatom miqyosidagi hodisalar muayyan eksperimental oʻlchash asosidagi har xil ehtimolliklarga koʻra taxminan aytilishi mumkin xolos. Bu olamda biz koʻnikkan dunyodagi fizika ish bermay qoladi. Shryodinger Kopengagen izohini inkor etar ekan, uni mavjud real voqelik manzarasini ifodalash uchun yetarli emas deb hisoblagan va Kopengagen izohi faqat toʻldiruvchi, qoʻshimcha sifatida tan olinishi mumkin deb oʻylagan. Olimning oʻzi materiyaning kvant xossalarini faqat toʻlqin nazariyasi terminlariga asoslangan holda sharhlashga urinib kelgan. Biroq bugungi kunda yaxshi bilamizki, oxir-oqibatda baribir Kopengagen izohi muvaffaqiyatliroq boʻlib chiqdi va Shryodinger oʻziga bino qoʻygan ideallari — Eynshteyn va de Broyl bilan birgalikda mum tishlab qoldi.
Shryodinger ilmiy izlanishdan tashqari, Maks Plankdan oʻziga qolgan Berlindagi nazariy fizika kafedrasini ham ancha yil munosib boshqarib keldi. Uning rahbarligi ostida, universitetda fizika boʻyicha ilmiy ishlari soni keskin oshgan va ajoyib shogirdlari yetishib chiqqan. Ayniqsa, Shryodingerning shogirdlari bilan favqulodda doʻstona munosabati hammani hayron qoldirar edi. U yosh talabalarga nafaqat oʻqituvchi, balki doʻst va hamkor sifatida ham muntazam koʻmak koʻrsatib kelgan. Oʻzi puldor oilada katta boʻlgani va hayotida hech ham puldan qiynalmagani sababli olim, ayniqsa, musofir talabalarga moddiy yordam koʻrsatish kerak ekanini juda yaxshi tushungan. Shogirdlarining ilmiy tajribalarini esa oʻz choʻntagidan moliyalashtirib, kerakli paytda zarur uskuna va adabiyotlarni sotib olishi uchun yetarlicha pul berib turgan.
Jiddiy qiyofali professor, olim boʻlishi bilan birgalikda, madaniy hordiq chiqarishni ham juda oʻrniga qoʻyadigan, xushchaqchaq feʼli uygʻonib qolganda talabalar bilan ham xuddi ular bilan tengdoshdek hazil-huzul qilib ketaveradigan shaxs boʻlgan. U oʻziga yaqin shogirdlari bilan tez-tez tabiat qoʻyniga yoki Bolqon togʻlaridagi pansionatlarga dam olishga chiqar edi.
Ammo 1933-yilga kelib, olim Berlindan etagini “yigʻishtirish” ga majbur boʻldi. Chunki bu paytda Germaniyada natsistlar hukumat tepasiga kelgan boʻlib, mamlakat boʻylab yoppasiga qatagʻonlar avj oldi. Fashistlar eng avvalo yahudiy millatiga mansub odamlarni taʼqib etar va ularga nisbatan ayovsiz munosabatda boʻlar edi. Garchi Shryodinger oʻzi yahudiy boʻlmasada-da, biroq boʻlayotgan ishlar uni chuqur qaygʻuga soldi. Bunday siyosatni maʼqullamaydigan olim mamlakatdan chiqib ketishni reja qila boshladi. Uning sabr kosasini toʻldirgan voqea 1933-yili Berlinda, kuppa-kunduz kuni, gavjum koʻchaning oʻrtasida olimning eng yaxshi koʻrgan shogirdlaridan birini shunchaki millati yahudiy boʻlgani uchun sazoyi qilinishi boʻldi. Shundan soʻng Shryodinger Germaniyada ortiq qola olmasligini uzil-kesil anglab yetdi va Angliyaga — Oksford universitetiga yoʻl oldi. Shryodinger oʻziga Nobel mukofoti loyiq koʻrilgani haqida ham aynan shu yerga yetib kelgach xabar topgan.
Shryodinger Oksfordda 3 yil ishladi. 1936-yilda u vatani Avstriya, Grats universitetiga ishga taklif qilindi. Shryodinger bu taklifni qabul qilishga ancha ikkilangan va koʻnglida gʻashlik bilan Avstriyaga borish-bormaslikni juda koʻp mulohaza qilib koʻrgan. U koʻp ikkilanishdan soʻng baribir mazkur taklifni qabul qildi va Grats universitetida fizika professori boʻlib ish boshladi. Biroq koʻp oʻtmay bu qaroridan pushaymon boʻldi. Sababi fashistlar 1938-yilning erta bahorida Avstriyani ham “anshlyus” qildi, ya’ni Avstriya fashistlar Germaniyasi tarkibiga qoʻshib olindi. Shryodinger vataniga qadam qoʻygan fashistlar bilan murosa qilmadi va Italiyaga qochib ketishga majbur boʻldi.
Olim Italiya orqali esa Irlandiyaga yoʻl oldi va Dublindagi Fundamental tadqiqotlar institutida nazariy fizika professori unvoni bilan ish boshladi. Ervin Shryodingerning oʻzi, ilmiy faoliyatining aynan Dublinda oʻtgan davrini anchayin barqaror va xotirjam yillari sifatida koʻp xotirlagan. Bu shaharda olim naq 17 yil faoliyat olib bordi va asosan oʻzining mashhur toʻlqin nazariyasini kengaytirish ustida izlanishlar oʻtkazish bilan mashgʻul boʻldi. Shuningdek, umumiy nisbiylik nazariyasi borasida ham muayyan tahlil va kuzatuvlar olib bordi. Bu yillarda u yana oʻz ilmiy faoliyatining dastlabki yillarida boshlagan termodinamika va statistik fizikaga oid izlanishlariga qaytgani va bu borada ham muayyan yutuqlarni qoʻlga kiritganini eʼtirof etish joiz.
1945-yilda fashistlar magʻlubiyatga uchrab, urush tugagach, ozod boʻlgan Avstriya hukumati Shryodingerni mamlakatga qaytishga chorlay boshladi. Lekin urushdan keyin ham bir necha yil mobaynida Avstriya sovet qoʻshinlarining siyosiy taʼsirida boʻlgani sababli Shryodinger baribir vatanga qaytishga ikkilanib qolaverdi. Faqat 1956-yilga kelibgina, u Venaga qaytishga jazm qildi va unga darhol Vena universitetidagi nazariy fizika kafedrasi rahbarligi topshirildi. U umrining oxirigacha ushbu lavozimda ishlab, ilmiy tadqiqotlarini davom ettirgan.
Yuqorida aytganimizdek, Shryodinger nafaqat kuchli nazariyotchi fizik olim, balki sheʼriyat shaydosi ham boʻlgan. U istalgan ilmiy mavzuni qalamga olib, uning mazmunini sheʼriy tarzda ifodalay olish qobiliyatiga ega edi. Shu sababdan mabodo Shryodinger muallifligidagi kitoblarni izlayotib, uning qalamiga mansub sheʼriy toʻplamga duch kelsangiz, hech ham hayron boʻlmang. Chunki uning sheʼrlar toʻplami haqiqatan ham nashrdan chiqqan va katta mashhurlikka erishgan.
Bundan tashqari, Shryodinger sayohat qilish va jahon kezishni xush koʻradigan odam boʻlgan. Odatda Shryodinger haqida gap borganda, shuningdek, olimning chiroyli ayollarga suyagi yoʻq, xotinboz shaxs boʻlgani haqida ham biroz gap qistirib oʻtiladi. Biroq Pol Dirakning Ervin Shryodinger haqida yozgan xotiralariga asoslanadigan boʻlsak, Shryodingerning aslida ayollar unchalik ham xushlamaydigan, biroz koʻrimsiz va telbaroq feʼlli erkak boʻlgani oydinlashadi. Chunonchi, bir safar Pol Dirak va Ervin Shryodinger bir ilmiy konferensiyaga birga borishgandagi voqea Dirakka qattiq taʼsir qilgan ekan.
Dirakning yozishicha, oʻshanda u Shryodingerni birinchi marta koʻrgan va uning haqiqatan ham fizik olim ekaniga ishonqiramay qaragan ekan. Sababi Shryodinger konferensiyaga atigi bitta ryukzakni yelkasiga ilgan holda, telbanamo bir koʻrinishda, koʻchada qolgan kishilar singari, soch-soqoli oʻsgan qiyofada yetib kelgan. Mehmonxonada uni qabul qilishni istashmagan. Boshqa olimlarning aralashuvi va iltimosidan keyin unga joy berilgan ekan.
Xususan, Shryodinger fizikaning nafaqat ilmiy, balki falsafiy jihatlari borasida ham diqqatga sazovor asarlar yozgan. Dublindagi faoliyati paytida u bir necha falsafiy asarlarini chop ettirgan. U dunyoga mashhur “Hayot oʻzi nima?” nomli kitobida, fizika fani bilan biologiyani uygʻunlashtirishga harakat qilgan. Chunonchi, genlarni tadqiq qilishda molekulyar fizika gʻoyalarini tatbiq etish masalasi koʻrib chiqilgan. Asar ilk bora 1944-yili Dublinda nashr qilingan edi. Shryodingerning aynan shu asari keyingi davrda genetikaning rivojida kuchli taʼsirga ega boʻlgan. Xususan, DNK strukturasini kashf etgani bilan mashhur boʻlgan biologlar — Frensis Krik va Moris Uilkins Shryodingerning mazkur kitobini mutolaa qilgandan keyin oʻz ilmiy gʻoyalariga ilhom olganini taʼkidlagan.
Ervin Shryodinger 71 yoshida, yaʼni 1858-yilda nafaqaga chiqdi. Olim 3 yil oʻtib, 1961-yilning 4-yanvar kuni Venada vafot etgan. Ervin Shryodinger nafaqat XX asr fizikasi, balki umuman ilm-fan tarixidagi eng daho olimlardan biri boʻlgan. U Nobel mukofotidan tashqari, yana koʻplab yuksak ilmiy mukofot va unvonlarga sazovor boʻlgan. Xususan, Italiya Fanlar akademiyasining Matteuchchi oltin medali, Germaniya fizika jamiyatining Maks Plank nomidagi medaliga hamda Germaniya davlatining “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga loyiq koʻrilgan. U Gent, Dublin va Edinburg universitetlarining faxriy doktori, Vatikan Fanlar akademiyasi, London qirollik jamiyati, Berlin Fanlar akademiyasi, SSSR Fanlar akademiyasi, shuningdek, Dublin va Madrid akademiyalarining aʼzosi boʻlgan.
Muqova suratlar: meteorologiaenred.com / wikipedia.org