3
Ulashish
994 marta koʻrilgan
1871–1937
Ernest Rezerford
Ernest Rezerford Yangi Zelandiyadagi Spring-Grouve (hozirgi Braytuoter)da, oddiy shotland oilasida tugʻilgan. Uning otasi Jeyms Rezerford gʻildirak ustasi, onasi Marta Tomson esa oʻqituvchi boʻlgan. Ernest ulkan oiladagi 12 farzandning toʻrtinchisi edi. U bolaligidanoq juda kuzatuvchan va mehnatkashligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Boʻlajak fizik boshlangʻich maktabni eng yaxshi oʻquvchi sifatida tugatdi. Stipendiya olgach, 1887-yilda Yangi Zelandiyaning Nelson viloyati kollejiga 5-sinfga qabul qilinadi. Bu yerda uning matematika boʻyicha ajoyib qobiliyatlari namoyon boʻla boshlaydi. U fizika, kimyo, adabiyot, lotin va fransuz tillarini ham yaxshi oʻzlashtirgan edi. Ernest turli mexanizmlarni: suv tegirmoni, mashina, hatto fotoapparat ham yasab koʻrdi.
Kollejni tugatgach, Kraystcherchdagi – Yangi Zelandiya universiteti qoshidagi Kenterberi kollejiga oʻqishga kiradi. Bu yerda Rezerford fizika va kimyo fanlari bilan jiddiyroq shugʻullana boshlaydi. Talabalar toʻgaraklarida ishlaydi va hatto universitetda ilmiy talabalar jamiyatini yaratish boʻyicha tashabbuskorlardan biri boʻladi. Nemis fizigi Genrix Gersning elektromagnit toʻlqinlari kashfiyoti haqidagi maqolasini oʻqib chiqqach, Rezerford ularning xususiyatlarini oʻrganishga qaror qiladi. Ammo kiruvchi elektromagnit toʻlqinlarini aniqlash boʻyicha muammo paydo boʻldi. U kiruvchi elektromagnit toʻlqinlarining mavjudligini temirning magnitsizlanishi bilan baholash mumkinligini aniqlagan. Bu 23 yoshli Rezerfordning birinchi va haqiqiy kashfiyoti edi.
1894-yilda Ernest kollejni imtiyozli diplom bilan tugatib, fizika va matematika magistri darajasini oldi. Soʻng oʻrta maktabda fizika oʻqituvchisi boʻlib ishladi, lekin bu soha unga toʻgʻri kelmadi. 1895-yilda u eng katta stipendiya – “1851-yil stipendiyasi” bilan taqdirlandi, bu mamlakatdagi eng yaxshi laboratoriyalarda amaliyot oʻtash imkonini beruvchi stipendiya edi. 1895-yilning kuzida Rezerford Angliyaning ilmiy markazi — Kembrijga keldi va taniqli ingliz fizigi Jozef Jon Tomson (1856-1940) rahbarligida Kavendish laboratoriyasida ishlay boshladi. Ernest elektromagnit toʻlqinlar sohasidagi tadqiqotlarini davom ettirdi va 1896-yilda u taxminan 3 kilometr masofada radioaloqasini oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Radioaloqaning amaliy tomoni uni unchalik qiziqtirmasdi, shuning uchun bu sohadagi ishini toʻxtatdi. Uzatuvchi vositani esa u italiyalik muhandis G. Markoniga tadqiqot uchun berib yubordi. Bu vaqtda Rezerford J. Tomson bilan birgalikda turli usullar bilan gaz va havoning, jumladan, rentgen nurlari ionlanishini oʻrganishni boshlab yubordi. Ammo 1896-yilda Bekkerel radioaktivlikni kashf qilgandan soʻng Rezerford Rentgen va Bekkerel nurlarini solishtirish bilan shugʻullandi.
1898-yilda u Kanadaning Monreal shahridagi Mak-Gill universitetida fizika professori lavozimiga ega boʻldi va oʻsha yilning sentabr oyida Kanadaga keladi. U Mak-Gill universitetida roppa-rosa 9 yil – 1907 yilgacha ishladi va koʻplab muhim kashfiyotlar qildi. 1898-yilda uran nurlanishini oʻrganishga kirishdi, natijalar 1899-yilda “Uranning nurlanishi va u tomonidan yaratilgan elektr oʻtkazuvchanligi” maqolasida eʼlon qilindi. Rezerford magnit maydonda uran nurlanishini oʻrganib, uning ikki komponentdan iborat ekanini aniqladi. Bir yoʻnalishda ogʻuvchi va qogʻoz varagʻi tomonidan osongina soʻrilib ketadigan birinchi komponentni u alfa nurlari deb atadi, ikkinchi – teskari yoʻnalishda ogʻishgan va koʻproq kirish kuchiga ega boʻlgan nurlarni esa beta nurlari deb nomladi.
1900-yilda Rezerford harbiy tadqiqotlar bilan ham shugʻullana boshladi va nemis suvosti kemalariga qarshi kurashning akustik usullarini ishlab chiqdi. 1915-yilda u noxush xabar eshitdi. Uning rentgen spektroskopiyasidagi yirik kashfiyoti bilan mashhur boʻlgan eng yaxshi shogirdlaridan biri — Genri Mozli 28 yoshida frontda halok boʻlgan edi. Bu ham yetmaganday Jeyms Chedvik nemis asirligida, Marsden Fransiyada jang qilayotgan, Nils Bor esa Kopengagenga qaytgan edi. Vaziyat taqozosi tufayli Rezerford tadqiqotlari urushdan keyinga qoldirildi. 1919-yilda u Kembrijga koʻchib oʻtdi va u yerda Kembrij universiteti professori lavozimini egalladi, keyinroq oʻqituvchisi J. J. Tomsonning oʻrniga Kavendish laboratoriyasining direktori boʻldi. Olim bu lavozimda umrining oxiriga qadar ishladi. Uning laboratoriyadagi davomli izlanishlari ajoyib natija berdi: azotni kislorodga aylantirish uchun sunʼiy yadro reaksiyasi amalga oshirildi. Bu zamonaviy yadro fizikasiga asos soldi.
1920-yilda Rezerford vodorod yadrosiga massasi teng neytral zarracha – neytronning mavjudligini bashorat qildi. Bunday zarrachani keyinchalik, 1932-yilda uning shogirdi va hamkasbi Chedvik topdi hamda Nobel mukofoti laureatiga aylandi. Rezerford atrofiga ilm-fanga qiziquvchi tadqiqotchilarni yigʻishni yaxshi koʻrardi. Shuning uchun uning boshchiligidagi Kavendish laboratoriyasi barcha mamlakat fiziklari uchun “ilmiy Makka”ga aylangandi. U oʻz shogirdlariga alohida eʼtibor bilan munosabatda boʻlar, ularni mehr bilan “yigitlar” deb atar, laboratoriyada kechki soat 6 dan keyin ishlashga ruxsat bermas, dam olish kunlari esa umuman ishga qoʻymasdi. U shogirdlariga donishmand otadek yoʻl-yoʻriq koʻrsatar, shogirdlar ham oʻz navbatida ustozini mehr bilan “ota” deb chaqirardi.
Rezerford har kuni xodimlarni bir piyola choy ustida yigʻib, nafaqat ilmiy muammo va tajriba natijalarini, balki siyosat, sanʼat va adabiyot masalalarini ham muhokama qilardi. Buyuk olim har qanday qattiqqoʻllik, takabburlik va boʻysundirish muhitini yaratish istagidan butunlay yiroqda edi. Uning qoʻl ostida sovet fiziklari Yu. B. Xariton, A. I. Leypunskiy, K. D. Sinelnikov, L. D. Landau va boshqalar ham taʼlim oldi.
Yosh sovet fizigi Pyotr Leonidovich Kapitsa (1894—1984) ham 1921-yilda Kembrijga Rezerford huzuriga keldi va u yerda 13 yil ishladi. Keyinchalik u Rezerfordning faol hamkori va doʻstiga aylandi, ajoyib ilmiy natijalarga erishib, ustozining umidini oqladi. 1971-yilda P.L.Kapitsa tashabbusiga koʻra, Rossiyada olim tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Rezerford yubiley medali ishlab chiqarilib, uning asarlari toʻplami nashr etildi. U dunyodagi barcha fan akademiyalarining aʼzosi, 1925-yildan Sovet ittifoqi Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzosi, 1903-yildan London Qirollik jamiyati aʼzosi, 1925–1930-yillari esa ushbu jamiyat prezidenti boʻlgan.
1931-yilda u baron etib tayinlandi va Nelson lordiga aylandi. Buyuk eksperimentchi ilmiy xizmatlari uchun ilm-fan olamining barcha mukofotlari bilan taqdirlangan. Afsuski, 1937-yilning 19-oktabrida 66 yoshida vafot etdi. Uning vafoti ilm-fan, koʻplab talabalar va butun insoniyat uchun katta yoʻqotish boʻldi. Buyuk fizik Vestminster abbatligida – Avliyo Pol soborida, I. Nyuton, M. Faradey, K. Darvin, V. Gershel qabrlari yoniga, “Fan burchagi” deb nomlangan soborning neflari (binoning uzaytirilgan qismi)dan birida dafn etildi.
Muqova suratlar: interesnyefakty.org / stimul.online