3
Ulashish
838 marta koʻrilgan
1889−1953
Edvin Xabbl
Edvin Xabbl XX asr ilm-fani uchun tom ma’noda yorqin iz qoldirgan shaxsdir. Olim oʻzidan keyin uning nomi bilan ataladigan qonuniyat asosida evolyutsion rivojlanuvchi galaktikalar olami va koinotning muttasil va shiddatli kengayishi bilan bogʻliq favqulodda ulkan ilmiy meros qoldirdi. Uning astronomiya sohasida amalga oshirgan kashfiyotlari ko‘lami shu qadar ulkanki, Xabbl bejizga Kopernik zamonasidan buyon dunyoga kelgan eng buyuk astronom deb e’tirof etilmagan.
Edvin Xabbl 1889-yilning 20-noyabr sanasida AQShning Missuri shtatidagi Mensfild nomli kichik shaharchada dunyoga kelgan. Uning ajdodlari Amerikaga Angliyadan ko‘chib kelgan bo‘lib, Xabbllar shajarasi bu shaharda XVI asrdan buyon yashab kelgan. Edvin Xabblning otasi Jon Paul Xabbl — sug‘urta agenti, onasi Virginiya Jeyms esa uy bekasi bo‘lgan.
Olim doim o‘z oilasi, ayniqsa, ota-onasi haqida eslaganda entikib, samimiy jilmayish bilan yodga olar edi. U doim o‘z do‘stlariga ota-onasining naqadar mehribon va o‘zaro ahil oila bo‘lgani haqida gapirib bergan. Haqiqatan ham, Xabbllar oilasi o‘z yaqinlari ichida katta hurmat qozongan, mustahkam va ahil oila bo‘lgan. Xabbllar oilasida Edvindan tashqari yana 7 ta farzand bo‘lgan. Edvin Xabblning ona tomondan bobosining uyida eng oddiy, havaskor astronomlar uchun teleskop mavjud edi. Bo‘lajak astronom olim falakiyot ilmiga qiziqishni aynan shu teleskop orqali, bobosi yordamida shakllantirib borgan.
1906-yilda Edvin Xabbl o‘rta maktabni bitirdi. U maktabda hamma qatori oddiy o‘quvchi bo‘lgan. Tengdoshlaridan yaqqol ajralib turadigan qandaydir qobiliyat yoki iste’dodi bilan tanilmagan. Lekin uning o‘qishda fanlarni yaxshi o‘zlashtirgani, ayniqsa, aniq fanlardan a’loga o‘qigani ma’lum. Maktabni tamomlagach, Xabbl o‘sha davrda AQShning eng nufuzli oliygohlari 10 taligiga kirgan Chikago universitetiga o‘qishga kirdi va o‘zining bir umrlik ustozi, yirik astronom olim — Multon bilan tanishdi.
Talabalik yillari qanday o‘tgani haqida Xabblning o‘zi deyarli hech narsa xotirlab yozib qoldirmagan. Faqat u o‘sha yillari ustozi Multon bilan qattiq mehnat qilib ishlaganini eslardi. Shuningdek, talabalik paytida u sport bilan oshno bo‘lgan, xususan, basketbol bilan muntazam shug‘ullangan. Xabbl hatto professional boksga ham qadam qo‘ygan. Lekin keyinchalik bu mashg‘ulotni butunlay tashlab, o‘zini to‘laqonli ravishda ilmga baxshida etadi.
Bakalavr diplomini qo‘lga kiritgach, yosh Edvin Xabbl Rods stipendiyasini olishga muvaffaq bo‘ldi va 3 yil muddatga Angliyaga ketib, oliy ta’limni davom ettirdi. Biroq u Kembrijda (Angliya) o‘zi istaganidek aniq fanlar yo‘nalishida emas, balki huquq sohasida ta’lim olishiga to‘g‘ri keladi (stipendiya shartlari shuni taqozo etar edi). U o‘zining ta’biri bilan aytganda, tabiatidagi bosiqlik va oliyjanoblik fazilatlari aynan musofirlikda, Angliya safari paytida shakllangan ekan. Xususan, Kembrijdagi huquq ta’limi unga o‘z fikrini mukammal va ravon bayon etish ko‘nikmasi hamda mutolaaga bo‘lgan muhabbatni uygʻotgan.
1913-yil yozida Edvin Xabbl AQShga qaytadi. Biroq u huquqshunos bo‘lmadi. Uni hamon aniq fanlar, ayniqsa, astronomiya kuchli qiziqtirar edi. Shu sababli u uzoq o‘ylab o‘tirmay, yana Chikago universitetiga jo‘nadi va u yerda professor Frost rahbarligidagi Yerk rasadxonasida o‘z dissertatsiyasini yoza boshladi. Uning mavzusi tungi osmondagi spiralsimon, xira tumanlikni statistik tadqiq qilishdan iborat bo‘lib, avval qandaydir katta ilmiy yutuqdan darak bermas, universitet uchun oddiygina ilmiy tekshirish sifatida qaralayotgan masala bo‘lgan. Lekin Xabbl bu mavzuga ongli ravishda, uning istiqbolli ekanini bilib turib yondashgani aniq. Chunki u avval ham osmondagi bu kabi xira tumanliklar (galaktika tarkibiga kiradigan gaz, chang bulutlari) shunchaki oddiy osmon jismlari bo‘lmay, balki yulduz sistemasi bo‘lishi mumkinligi haqida aytgan edi.
Xususan, u hamkasblariga bir safar “ushbu xira hudud ham yulduz sistemalari bo‘lib, ular bilan masofa mln yorug‘lik yili masofasini tashkil qiladi”, — deb qayd qilgan. Aynan shu payt Maunt-Vilson tog‘idagi rasadxonada o‘sha davr uchun eng katta ko‘zguga ega teleskop, 100 dyuym o‘lchamga ega reflektor ishga tushirish uchun hozirlanmoqda edi. Ushbu ulkan ilmiy uskuna qurilishi yakuniga ko‘ra, uning tashkilotchisi va homiysi Xeyl AQSHning eng ko‘zga ko‘ringan astronomlari qatorida yosh va ilmga chanqoq tadqiqotchilarni ham jalb etdi. Ko‘pchilik qatorida Maunt-Vilson rasadxonasida ishlash taklifi Edvin Xabblga ham yetib keldi.
Xabbl 1917-yil boshida Maunt-Vilsonda ish boshlashi kerak edi. Biroq bu orada AQShning Birinchi jahon urushiga qo‘shilishi barcha rejalarni o‘zgartirib yubordi. Xabbl ko‘ngilli tarzda harbiy xizmatga jo‘nab, piyoda qo‘shinlarning eng ilg‘or va nufuzli batalyoni — “Qora qirg‘iy” ga qo‘mondonlik qilgan. Xabbl o‘z ekspeditsion korpusi bilan Yevropa jang maydoniga yetib kelganida allaqachon 1918-yilning kuzi kelgan va urush tugash arafasida edi. Shu sababli u va uning rotasi janglarda ishtirok etmagan.
1919-yil yozida Xabbl ataylab Pasadenaga (Kaliforniya) keladi va Xeyl bilan gaplashib, Maunt-Vilsonga yo‘l oladi. Yangi va eng ilg‘or rasadxonada Xabbl o‘zining dissertatsiya mavzusi — xira tumanliklarni tadqiq qilishi kerak edi. U avvaliga Somon yo‘li yaqinidagi xira obyektlarni o‘rganishga kirishdi. Ushbu obyektlar bizning galaktikamizga taalluqli obyektlar bo‘lib, asosan, planetar va diffuzion tumanlikdan iborat bo‘lgan. Xabbl ushbu obyektlarni o‘rganish asnosida tumanlikdagi yorug‘lik manbai — yulduzlar ekanini isbotlab berdi. Shuningdek, u planetar tumanlik o‘z yaqinidagi yulduzlardan kelgan ultrabinafsha nurni optik diapazonda qayta akslantirib nurlatishini tasdiqladi. Galaktik tumanliklarning o‘zidan yog‘du taratishi masalasi shu tariqa uzil-kesil yechim topdi.
Keyin esa Xabbl Somon yo‘lidan ancha narida bo‘lgan xira obyektlarga nazar tashladi. Olim ishni dastavval ularni tasniflashdan boshladi. Tez orada u o‘sha xira tumanliklar aslida galaktikalar ekanini payqab qoldi. U o‘z odatiga muvofiq ushbu galaktikalarni ham tashqi ko‘rinishiga qarab, spiralsimon, elliptik hamda noto‘g‘ri galaktikalar turkumiga taqsimlay boshladi. Natijada, olim galaktikalarning ham dastlabki tasniflanishini yo‘lga qo‘ydi. O‘shandan buyon astronomlar galaktikalarni tasniflashda Xabbl sistemasidan foydalanadi.
Albatta, bu tarzda tasniflash tumanliklarning tabiati haqidagi savol javobini bermasligi tabiiy. Ular kashf qilinayotgan paytdan boshlab, bu borada turli-tuman va o‘zaro zid qarashlar shakllanib kelayotgan edi. Tumanliklar, ayniqsa, spiral tumanliklarda o‘zaro juda zich joylashgan obyektlar namoyon bo‘lardi. Go‘yoki undagi diffuz moddadan yulduz va sayyoralar shakllanayotgandek taassurot uyg‘onar edi. Hatto bu obyektlarning ba’zilarida to‘laqonli yulduz sistemalari, yaʼni galaktikalar paydo boʻlayotgandi.
Xabbl 1923-yilda Andromeda (Andromeda yulduzida kuzatilgan spiral galaktika) da yulduz turkumidagi tumanlikni kuzatishni boshladi. Mazkur izlanishda 60 va 100 dyuymlik reflektor (yorugʻlikni qaytargich qurilma) dan foydalandi. U kuzatish asnosida 4-oktyabrda olingan ilk muvaffaqiyatli plastinkada 2 ta yangi yulduzdan tashqari, yana bir xira miltillagan obyektni payqab qoldi. O‘sha obyekt sefeidalar (ravshanligi vaqt boʻyicha tekis va davriy oʻzgarib turadigan, fizik beqaror yulduzlar) bo‘lib chiqdi.
Xabbl sefeidalar asosida unga yaqin bo‘lgan boshqa yulduzlarning yorqinligini ham aniqlashi mumkin bo‘ldi. Bu esa o‘sha yulduzgacha bo‘lgan masofani oʻlchash imkonini beradi. Astronom o‘sha plastinka orqali aniqlagan 2 ta yangi yulduzgacha bo‘lgan masofani, ularga yaqin joydagi sefeidalar orqali hisoblab chiqdi. Bundan kelib chiqadiki, u Andromeda tumanligigacha bo‘lgan oraliqni ham aniqlagan. Hisob-kitob natijalari uni lol qoldirar edi. Xabbl o‘sha oqshom juda katta kashfiyot qilganini o‘zi ham yaxshi angladi. Yaʼni Andromeda tumanligi — bizning Somon yo‘liga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, alohida yulduz sistemasi.
Edvin Xabbl keyingi kunlardagi kuzatish va hisoblash orqali boshqa tumanliklarni sinchiklab oʻrganib chiqdi. MOC6822 hamda Uchburchak tumanliklari ham aslida mustaqil yulduzlar sistemasi ekanini aniqladi. Garchi Xabblning ushbu olamshumul kashfiyoti haqida ko‘plab astronomlar tez orada xabar topgan bo‘lsa-da, rasmiy e’lon faqat 1925-yilning 1-yanvarida, yaʼni deyarli 1 yildan keyin berildi. O‘shanda Amerika astronomiya jamiyati yig‘ilishida Xabbl ma’ruzasini uning nomidan astrofizik olim — Genri Rassel oʻqib bergan edi.
Ma’ruzani eshitgan o‘sha zamonning eng mashhur astronomlaridan biri — Joel Stebbis esa “Xabbl bizga ma’lum moddiy borliq chegaralarini hajman yuz karraga kengaytirib yubordi”, — deya xitob qilgan. Aslida Xabblning shu qadar muhim kashfiyoti haqidagi rasmiy axborot qariyb 1 yilga kechikishiga sabab, o‘sha yillarda astronomiya fanida yetakchi sanalgan boshqa bir nazariya — Van Maanenning spiral galaktikalarning tezkor aylanishi haqidagi yanglish g‘oyasi sabab bo‘lgan. Albatta, bu kashfiyot Xabll nomini tarixda oʻchmas iz qoldirishiga xizmat qildi. Biroq olim undan-da muhimroq yana bir ilmiy kashfiyot qildi. U Qizilga siljish qonunini ochdi.
1929-yilning yanvarida AQSh milliy fanlar akademiyasining “Ilmiy ishlar” jurnalida Xabblning “Galaktikalardan tashqaridagi tumanliklarning nur tezligi va oraliq masofa orasidagi bog‘liqlik” deb nomlangan qisqagina xabari e’lon qilindi. Tumanliklarning tezligi va ulargacha bo‘lgan masofa qiymati o‘zaro taqqoslansa, ushbu 2 ta fizik ko‘rsatkich, yaʼni tumanlik tezligi va ungacha bo‘lgan masofa orasida aniq bog‘liqlik borligiga ishora qilardi. Faqat masofa va tezlikni o‘zaro bog‘lovchi, qandaydir kinematik had (K-had) yoki koeffitsiyent mavjud bo‘lib, u masofaga proporsional bo‘lishi kerak edi.
Xabbl ushbu K-had qiymatini taxminiy hisoblab chiqdi va u olgan natijaga koʻra, har bir megaparsek (1 mln parsek, yaʼni 3 mln 260 000 yorugʻlik yili) 500 km/s ga to‘g‘ri keldi. Shubhasiz, Xabbl hisoblagan bu qiymat ancha xato ekani, u aslida ancha kichikroq son miqdorini tashkil qilishi ma’lum bo‘lgan. Biroq bu koeffitsiyentning aniq qiymatidan qat’iy nazar masofa va tezlik orasidagi ushbu bog‘liqlikdan aniq bir xulosa kelib chiqardi. Galaktikalar bir-biridan uzoqlashmoqda va eng qizig‘i, oraliq masofa ortgani sayin ularning bir-biridan uzoqlashish tezligi ham bir maromda oshib borardi.
Ushbu g‘oyat muhim, ilmiy kashfiyot tez orada barcha astrofiziklar orasida shov-shuv bo‘lib ketdi. Masofa va tezlik orasidagi mazkur bog‘liqlik esa fanda Xabbl qonuni deb yuritila boshlandi. Yuqorida keltirilgan proporsionallik koeffitsiyenti esa Xabbl doimiysi degan nom oldi. Mazkur ixtirodan ilhomlangan olimlar Maunt-Vilson rasadxonasida olis galaktikalarning nur tezligini hisoblashga kirishdi. 1936-yilga kelib, astronom Xyumanson tomonidan 100 ta tumanlik uchun tezlik ko‘rsatkichi hisobi e’lon qilindi. Xususan, Katta Ayiq turkumida joylashgan galaktikalar to‘dasining tezligi soniyasiga 42 000 km ekani ma’lum bo‘ldi. Bu o‘sha hisob-kitoblar uchun rekord ko‘rsatkich edi.
Astrofiziklar, xususan, Xabblning o‘zi bu natija hali eng yuqorisi emasligi, aksincha bu faqat o‘sha Maunt-Vilsondagi 100 dyuymlik teleskop aniqlay oladigan imkoniyat chegarasi ekanini darhol fahmlagan. Endi yanada kuchliroq teleskop va hisob-kitob usullari zarur edi. Xabbl aslida bunday xulosaga 1935-yildayoq kelgan bo‘lib, u “Endilikda quruq matematik hisob-kitoblarning o‘zi bizga yordam bera olmaydi, endi kamida 200 dyuymlik reflektor zarur”, — deb yozgan edi. Xabbl qonuni koʻp oʻtmay ilm-fanda tan olindi. Jumladan, ushbu kashfiyot ahamiyatini Albert Eynshteyn juda yuqori baholagan edi.
Eynshteyn 1931-yildagi maqolalaridan birida, “Xabbl va Xyumansonning yangi kuzatishlari asosi Qizilga siljish hodisasi, Koinotning umumiy strukturasi turg‘un emasligiga ishora qilmoqda” degandi. Yangilik haqidagi xabar deyarli bir necha kun ichida butun dunyodagi barcha ilmiy muassasalarga yetib bordi va Xabblning dovrug‘i olamga yoyildi. Uni eng ilg‘or universitetlarga o‘z faoliyati haqida ma’ruza qilishga taklif eta boshlashdi. Olim ketma-ket turli akademiya va ilmiy jamiyatning haqiqiy va faxriy a’zoligiga saylandi. U haqiqatan ham, 1930–1940-yillarning eng mashhur kishilaridan biri boʻldi.
Shunga qaramay, tabiatan juda kamtar inson bo‘lgan Xabblning o‘zi uchun deyarli hech narsa o‘zgarmadi. U Yel universitetida ma’ruzalar o‘qishda davom etdi. Ilmiy ishlarining umumiy tafsiloti va xulosalari berilgan “Tumanliklar olami” kitobini nashr etish bilan cheklandi. Mashhurlik tufayli endi uni turli tashkilot va OAV vakillari tinimsiz bezovta qilib turgan bo‘lsa-da, Xabbl doimo o‘zini ulardan chetga olar va taniqli shaxs (yaʼni public person) bo‘lishni istamasdi. U avvalgidek o‘z ilmiy faoliyatiga qattiq berilgan holda tinimsiz ishlashdan to‘xtamasdi. Taklif etilayotgan turli tashkiliy ish va rahbarlik hamda vakillik loyihalaridan voz kechardi. Lekin bu gaplar orqali Xabblni qandaydir odamovi shaxs bo‘lgan deyishdan yiroqmiz.
U juda xushfe’l va ochiqko‘ngil inson bo‘lgan. Har holda u haqida eslagan barcha do‘st va hamkasblari shunday fikrda edi. To‘satdan kelgan mashhurlik uni esankiratib qo‘ymagani, aksincha u avvalgidek o‘z yo‘lidan davom etavergani juda ko‘pchilikni hayratga solgan. Shuningdek, Xabbl yaxshi musiqa va badiiy asarlar shaydosi bo‘lgan. Xabbl bastakor Stravinskiy, yozuvchi Oldos Xaksli, rassom va rejissyor Uolt Disney va yana ko‘plab madaniyat arboblari bilan juda yaqin do‘st bo‘lgan. Boz ustiga olim ilm-fan tarixi, o‘tmishda yashab o‘tgan olimlar hayoti bilan bog‘liq arxiv materiallarni yig‘ishga qiziqqan.
Uning shaxsiy kutubxonasida esa XVI–XVII asrga taalluqli juda noyob tarixiy kitoblar saqlangan. Jumladan, Xabbl ijtimoiy faol shaxs bo‘lgan va jamiyat hayotiga oid muhim munozarada o‘z fuqarolik pozitsiyasini qat’iy bildirishga harakat qilgan. U AQSh oliy harbiy amaldorlariga murojaat bilan chiqib, “Biz urushda qatnashish yoki qatnashmaslikni tanlay olmaymiz, albatta, bu boshimizga tushadigan va qochib qutulib bo‘lmaydigan vaziyatdir. Natsizmni yo‘q qilish uchun bo‘ladigan urushda Amerika qurolli kuchlariga ehtiyoj bo‘lsa, ularni urushga jo‘natish zarur. Tushuninglar, bizda tanlash imkoniyati yo‘q…”, — deb yozgan edi. Yaʼni u Amerika urushga kirishga majbur bo‘lishi, bu urush Amerikani hech qanaqasiga chetlab o‘tmasligini amaldorlarga uqtirishga uringan.
Tayyorgarlik borasida kechikmaslik kerakligini hammaga ta’kidlagan. U Perl-Xarborga (AQSh, Gavayi) yapon aviatsiyasi hujum qilishidan ancha avval, Gitler va uning ittifoqchilari Amerikani ham baribir tinch qo‘ymasligini yaxshi fahmlagan. Shunga qaramay, unga quloq soladiganlar juda kam bo‘ldi. Baribir uning aytgani sodir bo‘ldi.
1941-yil 7-dekabr sanasida Amerika xalqi juda og‘ir xabarni eshitdi. Perl-Xarborni yaponlar yakson qilishi ortidan AQSh ham urushga qo‘shilishga majbur bo‘ldi. Bu paytda zaxiradagi mayor — Edvin Xabbl zudlik bilan o‘ziga eng yaqin harbiy qismga borib, ko‘ngilli sifatida armiya safiga kirishga qaror qilgan. Biroq allaqachon 50 yoshdan o‘tib qolgan iste’fodagi mayorni armiyaga olishmadi. U bir necha bor muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin 1942-yil avgustida Aberdin (Shotlandiya) poligonida front orti mudofaa ishlariga jalb qilingan.
Xabbl u yerda ballistik raketalar yaratish laboratoriyasiga boshchilik qilgan. Bu o‘rinda Edvin Xabblning matematik daholigi o‘z kuchini ko‘rsatgan. U SSSRʼda ishlab chiqarilayotgan va nemislarga qarshi qo‘llanishi kutilayotgan yangi turdagi raketalar uchun ballistik jadvallar ishlab chiqqan. Bunday bombalarni SSSR AQSh harbiy aviatsiyasi uchun yetkazib berishi va AQSh samolyotlari ular bilan Gitler tasarrufidagi hududni bombardimon qilishi reja qilingan edi. Olim hali bombalarni ko‘rmasdanoq, ularning tuzilishi va o‘lchamining chizmasiga qarab, ballistik jadvallarni shu darajada aniq bajarganki, undan foydalangan uchuvchilar juda katta aniqlik bilan dushmanga zarba bera olgan.
Xabbl o‘ziga yuklatilgan harbiy mudofaaga oid ilmiy topshiriqlarni sharaf bilan ado etdi va 1946-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. U o‘shanda “Dunyoda qaytib urush bo‘lmasin” deya qisqagina nutq aytgan edi. Albatta, u ko‘z o‘ngida yaratilgan qirg‘inbarot qurollar — atom bombasi va olis masofaga uchuvchi raketalarni urushlarda qo‘llanishi butun bashariyat uchun ofat bo‘lishini yaxshi anglagan.
“Yangi qurollarni qo‘llash orqali urush olib borish shubhasizki, butun insoniyat sivilizatsiyasini yakson qiladi. Hozir jahondagi tinchlik shu qadar mo‘rtki, endilikda hech bir xalq o‘z xavfsizligini yakka o‘zi ta’minlay olmaydi. Yoqadimi-yo‘qmi, bundan buyog‘iga biz faqat o‘zaro hamkorlik qilishimiz, birodar boʻlishimiz lozim. Endilikda kimgadir qarshi urush va o‘z-o‘zini yo‘q qilish so‘zlari bir-biriga sinonimdir”, — deb yozgandi Xabbl.
Xabbl harbiy xizmatdan qaytgach, yana Maunt-Vilsonga keladi va 200 dyuymlik teleskopni yasash ishlarini qaytadan boshladi va kosmologiyaning zamonaviy masalalari yuzasidan yana chuqur izlanishga tushib ketadi. Xususan, u Maunt-Palomar rasadxonasini Maunt-Vilson bilan birlashtirish va istiqbolli tadqiqotlar uchun kerakli darajada jihozlash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.
200 dyuymli teleskop qurilgan paytda esa Xabbl, asosan, tashkiliy ishlar bilan mashg‘ul olimga aylangandi va unda kuzatuvni boshqa astronomlar olib borardi. Shunga qaramay, yangi teleskopda bir necha hafta kuzatish olib borgan uning hamkasblari tayinli natijaga erishmadi. Ular avvaldan Xabblning eski hisob-kitobi yangi teleskop uchun mos kelmaydi deb o‘ylagan va ko‘p jihatdan o‘zboshimchalik bilan ish yuritgan edi.
Xabbl 1949-yili yangi teleskopda bir necha kun kuzatuv olib borib, u orqali suratga olingan ilk, aniq kadrlarni plyonkadan chiqardi. Yaʼni yangi teleskopdan ham birinchi bo‘lib foydalana olgan olim uning o‘zi bo‘lgan edi. Biroq Xabbl ushbu teleskopda baribir uzoq ishlay olmadi. O‘sha yilning yozida u og‘ir infarktni boshdan o‘tkazdi. Salomatligini arang tiklab olgan olim ishga qaytishga urinar edi. Rasadxonada endi ancha munkillab qolgan astrofizik avvalgidek faol ishlay olmasdi. U Senjij ismli shogirdiga ilmiy rahbarlik asnosida Andromeda va Uchburchak tumanliklaridagi ayrim yulduzlarning yorqinligini o‘lchashga oid ilmiy ishini yakuniga yetkazib, ilmiy faoliyatiga ham nuqta qo‘ydi.
Keyinchalik u faqat sog‘ligini tiklash va yosh astronom mutaxassislarga maslahat berish bilan vaqt o‘tkazdi. Asosan, shogirdlarining ilmiy ishini tahlil qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish bilan shug‘ullandi. 1953-yilning mayida u Angliyaga tashrif buyurdi va Qirollik Jamiyati majlisida o‘zi kashf qilgan qonun, yaʼni Qizilga siljish qonuni haqida ma’ruza o‘qidi. Yig‘ilganlarning kosmologiya haqidagi savollariga javob berdi. Uni tinglaganlardan hech kim Xabblni salomatligi jiddiy xavf ostida ekanini bilmagan. Chunki olim ma’ruza va savol-javobni juda xushchaqchaq o‘tkazgan edi. O‘shanda ilmiy hamjamiyat olimni oxirgi marta ko‘rib turganini bilmagan, albatta.
Ko‘p o‘tmay, XX asrning eng buyuk shaxslaridan biri, astrofizik olim — Edvin Xabbl insult tufayli olamdan o‘tdi. U tushlik payti rasadxonadan mashinada uyga qaytayotgan bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Yerda Xabbl xotirasi uchun hech qanday yodgorlik o‘rnatilmagan. Hatto u qayerga dafn etilganini ham hech kim bilmaydi. Shunga qaramay, buyuk astrofizik Edvin Xabbl nomi Koinotdagi boshqa obyektlar nomi orqali abadiylashtirilgan. Xususan, Oydagi Xabbl krateri hamda 2069 Hubble asteroidi shular jumlasidandir. 1990-yilda orbitaga chiqarilgan Xabbl kosmik teleskopi esa so‘nggi yillardagi juda ko‘plab astronomik kashfiyotlarga sabab bo‘ldi.
Muqova suratlar: kidsdiscover.com / interesnyefakty.org