6
Ulashish
1280 marta koʻrilgan
m. a. 446–385
Aristofan
Qadimgi Yunonistonning buyuk dramaturgi Aristofanning komediyalari antik davrning eng yirik vakillari — Esxil, Sofokl va Yevripid tragediyalari, Gerodot va Fukididning tarixiy qissalari, Demokrit va Aristotel falsafasi, Fidiya hamda Poliklet haykallari bilan bir qatorda jahon madaniyatining oltin fondiga kiritilgan. Aristofan qadimgi yunon komediya janrining yirik vakili bo‘lib, ijodiy merosi deyarli to‘liq holatda (44 tadan 11 tasi) saqlanib qolgan yagona ijodkor hisoblanadi. Bizgacha boshqa yunon dramaturglar komediyalaridan faqat kichik parchalargina yetib kelgan.
“Komediya otasi” — Aristofanning ijodiy merosi ko‘zga ko‘ringan madaniyat namoyandalari tomonidan hamisha yuksak baholanib kelgan. Aristofan buyuk satira ustasi, qotib qolgan va eskirgan aqidalarni fosh etuvchi dramaturg sifatida tan olingan. YUNESKO tomonidan Aristofan tavalludining 2440 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorda dramaturg ijodining davr uchun ahamiyati to‘liq aks etgan. Jahon adabiyoti tarixidagi birinchi komediya janri qadimgi Attika komediyasi hisoblanadi. Attika komediyasi janri vakillari Aristofandan 11 ta, zamondoshlari asarlaridan esa bir nechta parchalar bizgacha yetib kelgan. Attika komediyasi deb atalishining sababi, janr dastlab Afina markazi Attika hududida paydo bo‘lgan va gullab-yashnagan.
Qadimgi olimlar Aristofan va zamondosh hajviy shoirlar asari bilan keyinchalik Afina Makedoniya imperiyasining chekka hududlaridan biriga aylangan davrda yaratilgan komediyalar o‘rtasidagi farqni taʼkidlash uchun ijodkorni “qadimiy” deb atagan. Aslida Aristofan hayot yo‘li haqidagi maʼlumotlar to‘liq emas. Tug‘ilgan vaqti faqatgina bilvosita hisob-kitoblar bilan aniqlanib, miloddan avvalgi 446-yil atrofida deb taxmin qilinadi. Dramaturg afinalik bo‘lib, ota-onasi aftidan uncha boy bo‘lmagan, mustaqil insonlardan bo‘lgan.
Bo‘lajak dramaturgning otasi Attika yonidagi qo‘shni Egine orolida kichik yerga ega bo‘lgan. Biroq Aristofan ko‘p vaqtini Afinada o‘tkazgan. Ijodkor kundalik siyosiy hayot, taniqli jamoat arboblari haqidagi mish-mishlar, sud-huquq tartib-qoidalarini hamda vatandoshlarining hayoti haqida juda yaxshi maʼlumotga ega bo‘lgan.
Aristofan yozuvchilikka erta qadam tashlagan. Miloddan avvalgi 427-yilda birinchi pyesasi sahnalashtirilib, mukofotga sazovor bo‘ladi. Teatrdagi faoliyatining boshidanoq Aristofan vatandoshlari uchun donishmand ustoz, himoyachi rolini o‘z zimmasiga oladi. Uning komediyalari hanuzgacha o‘tkir satirasi bilan kishini hayratga soladi.
Aristofan ijodiy qiyofasining eng muhim xususiyati, muallifning ommaviy faolligi bilan belgilanadi. 426-yil Buyuk Dionisiy bayramida shoirning ikkinchi asari — “Bobilliklar” komediyasi katta muvaffaqiyat bilan sahnalashtiriladi. Asar afinalik va ularning ittifoqchilari o‘rtasidagi munosabatlar haqida va shu kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan edi. Komediyada Afina amaldorlari faoliyati shu qadar keskin tanqid qilinadiki, hatto demokratiyaning radikal qanoti rahbari — Kleon shoirni javobgarlikka tortishga urinadi.
Aristofan komediyalarida zamonasining turli xil muammolarini qalamga oladi. Bir qator asarlarida Peleponnes urushi (mil.avv. 431–404-yillar)ga qarshi chiqib, Sparta bilan sulh tuzishga chaqiradi. Muxlislari Sparta bilan sulh tuzish yoki hech bo‘lmaganda tinchlik muzokaralari olib borishga astoydil qarshiligini bilsa-da, maqsadidan qaytmaydi.
“Lisistrata” komediyasida mutlaqo g‘ayrioddiy tarzda tinchlik mavzusi yoritiladi. Mazkur komediyada ayollar afinalik Lisistra boshchiligida urushni tugatish maqsadida maydonga chiqadi. Asarda Aristofan maqsadga erishishning jasoratli yo‘lini tanlaydi: butun Yunoniston ayollari o‘z erining ehtiyojlarini qondirishdan bosh tortadi. Shu tariqa nafsini tiyishdan charchagan erkaklarini to‘liq taslim bo‘lishga majbur qiladi.
Aristofan ijodida shu tariqa katta o‘rin egallagan urush va tinchlik masalalarini tahlil qilish boshqa muammolarni tushunishga keng imkon yaratadi. Bunday muammolardan eng muhimi Afina demokratiyasi masalasi edi. Aristofan qadimgi quldorlik demokratiyasi inqirozi boshlangan bir paytda yozuvchilikni boshlagan. Bu davrda jamiyatda mansabdor shaxslarning sotqinligi va poraxo‘rligi, g‘azna hisobiga yashashga intilish, sikofantlar (“quloq”lar) faoliyati singari salbiy holatlar avj olgan edi.
Siyosiy hayotning salbiy tomonlari va nuqsonlari satirik tarzda tasvirlanishi afinalik tomoshabinlarda kuchli qiziqish uyg‘otadi. Shu tariqa Aristofan komediyalari katta muvaffaqiyat qozonadi. Aslida uning demokratik tuzumga qaratilgan hujumlari tizimni qabul qilmasligini anglatmaydi. U faqat Afina davlat muassasalaridan vijdonsiz demagoglar (tinglovchilarni yo‘ldan urib, o‘z tarafiga og‘diruvchilar)ni chetlashtirishni va davlatga Marafon va Salaminning qahramonlik davridagi fuqarolar birdamligi ruhini qaytarishni xohlaydi.
Aristofan komediyalaridagi ijobiy qahramonlar bir-ikki qul yordamida dehqonchilik qiladigan kichik qishloq mehnatkashlaridir. Ijodkor dehqonning mehnatsevarligiga, ham uy, ham davlat ishlari borasidagi sog‘lom fikriga, dinga va urf-odatlarga sodiqligiga qoyil qoladi. Uning “Otliqlar” asarida siyosiy jihatdan o‘tkir mavzular qamrab olingan. Komediyada xalqning turli qatlamlari o‘rtasidagi munosabatlar, davlat rahbariyatidagi masalalar, radikal demokratiya yetakchilarining bahosi kabi muammolar hal qilingan.
Ijodkor shafqatsiz urushlar va dehqonlar sharoitining og‘ir ahvolda ekani tufayli ommaviy axloq illatlari kelib chiqqaniga qaror qiladi va bu holatlarni keskin qoralab, masxara qiladi. U kuzatuvchan nigohi bilan Afina demokratik polis (shahar-davlat)ining parchalanishiga ijtimoiy tabaqalanish hamda aynan quldor elita vakillari qo‘lida xususiy mulkning to‘planishi sabab bo‘layotganini ko‘ra bilgan dramaturg edi. Mazkur siyosiy vakillar quldorlik iqtisodiyotining muqarrar rivojlanishi natijasida Peloponnes urushi (mil.avv. 431–404-yillar)ning dastlabki yillarida hokimiyat tepasiga kelgan demagoglar, radikal demokratiya yetakchilari edi.
Aristofan Afina xalqiga zaif tomoni va xatoliklarini ko‘rsatishdan qo‘rqmagan, xalqni demokratik g‘oyalar himoyachisi sifatida ko‘rgan. Biroq Afina demokratiyasining cheklovlarini to‘liq anglay olmagan. O‘z davrining haqiqiy farzandi, quldorlik respublikasining fuqarosi sifatida qul mehnatini ekspluatatsiya qilish, ittifoqchilardan soliq yig‘ish, “asl” afinaliklarning teng huquqli bo‘lmagan xorijliklarga nisbatan yuqoriligini butunlay tabiiy va mantiqiy hodisa deb hisoblagan. Uning bu qarashlari “Arilar” komediyasida yaqqol ochib berilgan.
Aristofan zamondoshlaridan Suqrot va Yevripid (Kleondan tashqari) komediyachi tomonidan eng kuchli zarbalarga duchor bo‘lgan. Dramaturg “Bulutlar” pyesasida Suqrotni nafrat bilan masxara qiladi. Sababi, Aristofan sofistlar (falsafiy oqim) ilgari surayotgan Afina demokratiyasining mafkurasiga nisbatan murosasiz munosabatda edi. Suqrotni esa sofistlarga umumeʼtirof etilgan gʻoyalarning nisbiyligiga asoslangan isbotlash usuli yaqinlashtirgan edi. Suqrot falsafasining g‘oyaviy yo‘nalishi Afina demokratiyasining axloqiy meʼyorlariga va dehqonlarning patriarxal axloqiga zid edi. Aristofan Suqrotning karikatura portreti bilan cheklanib qolmasdan, soxta donishmand, firibgar va illatlar murabbiyi deb ataydi.
Aristofanning Afina demokratiyasining maʼnaviy inqirozi natijasida yuzaga kelgan bir qator yangi hodisalarga nisbatan murosasiz munosabati Yevripidga bergan bahosida ham aniq namoyon bo‘ladi. Yevripid aslida siyosiy qarashlarida Afina demokratiyasiga qarshi chiqmagan shaxs edi. U o‘zining baʼzi tragediyalarida Afinani quvg‘inga uchragan va mazlumlarning boshpanasi, Yunonistonning ozodlik qo‘rg‘oni sifatida tasvirlagan. Ijtimoiy ideali — “dehqonlar” demokratiyasi, halol mehnat bilan kun ko‘rayotgan mustaqil dehqonlar toifasi edi. Biroq haqgo‘y rassom sifatida o‘z ijodida shahar-davlat axloqi yemirilishining eng muhim belgilari: qadimgi taqvodorlikning qulashi, fuqarolik axloqining inqirozi, individualizm va skeptitsizmning rivojlanishini aks ettiradi.
Aristofan butun umri davomida Afina demokratiyasining patriarxal asoslarini saqlab qolish uchun kurashadi. Shuning uchun 20 yil davomida — bizgacha yetib kelgan birinchi asar “Aharniyaliklar” (mil.avv. 425-yil) komediyasidan tortib “Qurbaqalar” (mil.avv. 405-yil)gacha o‘z zamondoshini tinch qo‘ymaydi. Baʼzan Aristofanning Yevripidga qarshi chiqishlari shaxsiy hujumdek tuyulsa-da, aslida har ikkala dramaturgning axloqiy va estetik tamoyillari har xil edi. Aristofanning keyingi yozilgan asarlarida ijtimoiy utopiya mavzusi tobora aniqroq namoyon bo‘ladi.
Utopik komediya janrining eng yorqin namunasi miloddan avvalgi 414-yilda sahnalashtirilgan “Qushlar” komediyasi bo‘lib, Afina Sitsiliya ekspeditsiyasining hayajonli va tashvishli oylarini boshdan kechirayotgan paytiga to‘g‘ri keladi. Aristofanning saqlanib qolgan so‘nggi komediyasi “Plutos” (“Boylik”) bo‘lib, mavzusi ijtimoiy utopiya haqida edi. Unda boylik xudosi Plutos jamoat orasida moddiy boylik taqsimotini tubdan o‘zgartirgani tasvirlanadi. Ilgari Plutosning ko‘rligidan foydalanib, vijdonsizlarcha boyib ketgan har xil notiq, “quloq”, “parazit” va boshqalar qashshoqlashadi. Halol va taqvodor dehqonlar boylikka ega bo‘ladi.
Aristofan komediyalari qadimgi Attika komediyasi kabi teatrning xalq shakllari bilan bog‘liq. Uning komediyalaridagi qahramonlar, odatda, o‘ta keskin, bo‘rttirilgan timsolda namoyon bo‘lib, asarlarida buffonada (bo‘rttirilgan komik aktyorlik uslubi) elementi juda kuchli o‘rin egallaydi. Aristofan ijodi ham g‘oyaviy mazmun boyligi, ham teatral ifodaliligi bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Bu bir vaqtning o‘zida qadimgi Attika komediyasining cho‘qqisi, ham yakuni edi. Chunki miloddan avvalgi IV asrda Yunonistonda ijtimoiy-siyosiy sharoit keskin o‘zgarib, antik komediya o‘z o‘rnini yo‘qota boshlaydi. Shuning uchun ham V.G.Belinskiy Aristofanni “Yunonistonning so‘nggi buyuk shoiri” deb atagan.
Muqova suratlar: dzen.ru / globus-nsk.ru / wikepedia.org