5
Ulashish
867 marta koʻrilgan
m. a. 460–371
Demokrit
Demokrit – atrofimizdagi olam chegarasiz ekani, samodagi har bir yulduz va yerdagi qum zarrasi atomning kichik boʻlaklaridan tashkil topganini anglagan birinchi inson.
Demokrit Frakiyada joylashgan Abder yunon shaharchasidan edi. Uning otasi Damasipi eng badavlat fuqarolardan biri boʻlgan. Shu sabab Demokrit oʻsha davr uchun yaxshi taʼlim olgan. Uning ustozlari oʻsha davrda Abderda boʻlgan, qadimgi Eron shohi Kserks bilan kelgan fors donishmandlari edi. Ammo uning haqiqiy ustozi shaharchadagi falsafa maktabi rahbari Levkipp boʻlib qoldi. Aynan u Demokritni yunon faylasuflari risolalari bilan tanishtirgan edi.
Oʻgʻliga “ming iqtidor” meros qoldirgan otasining vafotidan keyin Demokrit sayohatga yoʻl oladi. U avval Bobilga, keyin Misrga borib, hamma yerda donishmand, misrlik ruhoniy va Bobil afsungarlari bilan uchrashadi. Bundan faylasufning dunyoqarashi ham yangi, ham qadimgi dunyo madaniyati taʼsirida shakllanganini xulosa qilish mumkin. Ularning har biridan Demokrit oʻz falsafiy tizimini yaratadi. U Abderga qaytgach, falsafadan dars berib, shu yoʻnalish boʻyicha asarlar yozishni boshlaydi. Keyinchalik Diogen Laertskiy Demokritning 70 dan ortiq asarini oʻz ichiga olgan katalogni tuzadi.
Faylasuf qiziqishi kengligi insonni hayratga soladi. U eʼtiborsiz qoldirgan biror bir fan sohasi mavjud emas edi. Demokrit oʻz shahrida shunchalik mashhur ediki, hali hayot vaqtida unga bronzadan haykal qoʻyishadi. U oʻz davrining mashhur notiqlaridan boʻlganini ham aytishadi. Bu holat uni filologiya bilan shugʻullanishga, hatto notiqlik boʻyicha qoʻllanma yaratishga olib boradi.
Demokritning ikkinchi uzoq sayohati Afinaga boʻlib, oʻsha davrda u yerda eng mashhur yunon faylasuflari ijod qilardi. Diogen uning Anaksagor va Suqrot bilan uchrashganini aytadi. Lekin ular xudolarning borligini rad etgan Demokrit fikriga qoʻshilmaydi. Abderga qaytgach, u “Katta Diakosm” nomli yirik falsafiy risolani yaratadi. Unda dunyoning tuzilishi haqida oʻz konsepsiyasini bayon qiladi. Faylasuf nazariyasiga koʻra, barcha predmetlar atomlarning kichik zarrachalaridan tashkil topgan. Avvaliga ular kam boʻlgan va erkin harakatlangan. Keyinchalik ular xuddi qushlar galaga boʻlingandek – kaptarlar kaptarlar bilan, turnalar turnalar bilan bir-biriga tortila boshlagan. Shunday qilib, Yer paydo boʻlgan.
Demokrit barcha hodisaning ikki xususiyatini farqlagan. Bir tur “oʻz narsalari” – hajm, obraz, massa, harakat va qattiqligiga ega. Boshqalari inson sezgi organlari bilan aloqador, yaʼni rang, yorqinlik, tovush, hid kabi jihatlarga ega. Demokritga koʻra, dunyoda yuz beradigan hamma narsani atomning turlicha harakatlanishi bilan izohlasa boʻladi. Antik manbalarning guvohlik berishicha, u koʻplab matematik risolalar ham yozgan. Bizning zamonamizgacha baʼzi jism, masalan, konus va piramidaning hajmini aniqlash formulalari yozilgan bir qancha asar parchalari yetib kelgan. Uning taʼlimotida ijtimoiy muammo katta oʻrin egallaydi. U davlat-polisni davlat boshqaruvining eng yaxshi shakli, deb hisoblagan. Inson hayoti maqsadini ruhning maxsus darajasi – evtomiya, yaʼni hech qanday ehtiyojga ega boʻlmaslik va hech nimadan qoʻrqmaslikka erishish deb bilgan.
Tabiiyki, Demokrit tasavvuridagi dunyoda xudo mavjud boʻlmagan. U odamlar xudoni tabiat hodisasi va insonga xos xususiyatlarning namoyon boʻlishi sifatida oʻylab topishgan, deb hisoblagan. Masalan, u Zevsni Quyosh bilan bogʻlagan, Afinani zakovatni ulugʻlash usuli, deb bilgan. Demokritning koʻplab risolalari yoʻqolib ketgan boʻlsa-da, biz ular haqida unga xayrixoh va raqobatchi boʻlgan boshqa faylasuflar ijodidan bilib olamiz. Faylasuf nuqtayi nazari Tit Lukretsiy Kar, shuningdek, biz Yer haqidagi yangi konsepsiyaning asoschilari deb biladigan Galileo Galiley va Gottfried Leybnitsga katta taʼsir oʻtkazgan. Bundan tashqari, zamonaviy atom fizika asoschisi Nils Bor ham u taqdim etgan atom tuzilishi toʻlaligicha Demokrit taʼlimotiga muvofiq kelishini payqagan.