Orqaga

1457 marta koʻrilgan

1100–1166

Ahmad Yassaviy

Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining maʼnaviy hayoti tarixidagi eng murakkab, oʻzaro ziddiyatlarga toʻlib-toshgan davr sifatida tasavvuf vujudga kelgan va omma orasida tarqalgan vaqtni olishimiz mumkin. Tarkidunyochilik, bu dunyo boyliklaridan va noz-u neʼmatlaridan voz kechish, Alloh vasliga yetmak uchun pok, halol, oʻz mehnati ila yashash, ixtiyoriy ravishdagi faqirlik xarakterli xususiyatlardan hisoblangan tasavvufga kirgan kishi soʻfiy deb atalgan. Tasavvufdagi bagʻrikenglik tamoyili asosida shakllangan halollik, mehnatsevarlik, adolat va rostgoʻylik kabi insoniy fazilatlar turli millat va din vakillarining bir hududda tinch-totuv va hamkorlikda yashashlari uchun qulay muhit yaratgan.

Markaziy Osiyoda tasavvufiy taʼlimotlarning paydo boʻlishi Yusuf Hamadoniy (1048–1140) nomi bilan bogʻliqdir. Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Hakim Termiziy, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror, Alisher Navoiy, Soʻfi Olloyor, Yaʼqub Charxiy kabi allomalar tomonidan boyitilgan tasavvuf taʼlimoti xalqni yagona maqsad atrofida birlashtirib, jamiyatning turli tabaqalari oʻrtasida doʻstlik rishtalari kuchayishiga, komil inson tarbiyalashga xizmat qilgan.

XII asrda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy hisoblanadi. Ahmad Yassaviyning hayoti haqida maʼlumotlar yetarli emas. U Yassi shahrida, Turkistonda ruhoniy oilasida tugʻilgan. Uning otasi Ibrohim Turkistonning taniqli shayxlaridan boʻlgan. Onasi Qorasoch momo nomi bilan mashhur. Ahmadning yoshligi ogʻir kechgan. Otasi juda erta vafot etgani sababli Ahmad Yassaviy Arslonbobday yirik mutasavvuf olim qoʻlida tarbiyalangan. Soʻng u Buxoroga borib, Yusuf Hamadoniy qoʻlida tahsil oladi. Ahmad Yassaviyning oʻzi “Ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshida borganini va ul Hazratning tarbiyasiga noil boʻIgʻonligini” aytadi. Yassaviy tasavvuf ilmini shu qadar yuqori darajada egallaydiki, xalq orasida “Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad” degan naql paydo boʻladi. U yerda tasavvufdan taʼlim olib, soʻng oʻz yurti Turkistonga qaytadi, oʻz taʼlimotini targʻib etib, shogird, muridlar tayyorlay boshlaydi. Ahmad Yassaviy 1166-yilda vafot etgan. Rivoyatlarga koʻra, Yassaviy 63 yoshga (Paygʻambar (s.a.v.) yoshiga) yetgach, yer ostida hujra yasatib, “chilla”ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib, riyozatlar chekib, yer ostida oʻtkazgan. Bir rivoyatga koʻra, u 125 yil, boshqa rivoyatga qaraganda, 133 yil umr koʻrgan. Vafot etgan vaqti koʻpgina qoʻlyozma manbalarda hijriy 562 (1166–1167 )-yil deb yozilgan.

Adibning shuhrati vafotidan keyin ham pasaymagan. Amir Temur unga alohida eʼtiqod bilan qaragani maʼlum. U 1395–1397-yillarda Turkistonda Ahmad Yassaviyning eski qabri oʻrnida yangidan muhtasham maqbara qurdirgan. Bu maqbara hozir ham bor. Shuningdek, janglarga borishdan oldin Yassaviy qabrini ziyorat qilgani haqida maʼlumotlar ham mavjud. “Hikmat”lar Ahmad Yassaviy merosini jamlagan asardir. Ularda 240 ga yaqin sheʼr bor. Asar xalq orasida “Devoni hikmat” nomi bilan mashhur boʻlgan. Hikmatlarga “Qul Xoja Ahmad”, “Xoja Ahmad Yassaviy”, “Ahmad ibn Ibrohim”, “Sulton Xoja Ahmad Yassaviy”, “Yassaviy miskin Ahmad”, “Miskin Yassaviy”, “Xoja Ahmad”, “Ahmad”, “Ahmadiy”, “Qul Ahmad”, “Miskin Ahmad” kabi taxalluslar qoʻyilgan.

Alisher Navoiy Yassaviy toʻgʻrisida “Maqomoti oliy va mashhur, karomoti mutavoliy va nomahsur ermish. Murid va asʼhob gʻoyatsiz va shohu gado aning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish”, — deydi. Bu fikr Yassaviyning Yassiga qaytib kelib, yangi bir tariqatga asos solgan murshid sifatida shuhrat topgan davrlariga tegishlidir. Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb qilish va tasavvuf gʻoyalarini omma koʻngliga chuqur singdirish maqsadida sheʼriyatdan ham foydalangan. Abdurauf Fitratning taʼkidlashicha, Yassaviyning “adabiyotda tutgan yoʻli sodda xalq shoirlarimizning tutgʻon yoʻlidir… Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyoti atalgan sheʼrlar bilan barobar”.

“Devoni hikmat”da ilohiy ishq va oshiqlik, maʼrifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va taʼsirli ohanglarda yoritib berilgan. “Devoni hikmat”dagi barcha sheʼrlar ham Yassaviyga mansub emas. Unga Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Bu esa, tabiiyki, hikmatlar tili va uslubida maʼlum oʻzgarishlar hosil qilgan. Lekin Yassaviyning oʻnlab izdoshlaridan hech biri ustozlari boshlagan gʻoyaviy, axloqiy, maʼnaviy-maʼrifiy va mafkuraviy yoʻnalishni oʻzgartirmagan. Buni Yassaviy hayoti, tariqati va ijodiyotidan bahs yuritilgan oʻnlab qadimiy manbalar, ayniqsa, Sulton Ahmad Haziniyning “Javohir ul-abror min amvojil bihor” asari ham toʻla tasdiqlaydi.

“Maʼlumki, “Yassaviya” tariqatidan keyin Markaziy Osiyoda ikki yirik tariqat paydo boʻladi: “Naqshbandiya” (Xojagon), “Bektoshiya”. Tasavvufdagi barcha yirik tariqatlarda boʻlganidek, “Yassaviya” tariqatining ham oʻziga xos muayyan qoidalari (odobi) boʻlib, bu taʼlimotdagi soliklar quyidagi qoidalarga amal qilishlari majbur boʻlgan:

  1. Murid hech kimsani oʻz piridan afzal koʻrmasligi, unga doimo taslimiyat izhor qilmogʻi lozim;
  2. Murid shunchalik zukko va idrokli boʻlishi kerakki, to oʻz shayxining soʻz, imo va ishoralarini mukammal anglay olsin;
  3. Shayxning barcha soʻzlari va ishlariga sodiq boʻlib, unga mutlaqo mute boʻlmogʻi lozim;
  4. Murid oʻz pirining barcha topshiriqlarini chaqqonlik ila sidqidildan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmogʻi zarur. Chunki Alloh rizosi Shayxning izmidadir;
  5. Murid oʻz soʻziga sodiq, vaʼdasiga vafodor boʻlib, murshidi koʻnglida hech qanday shak-shubha tugʻdirmasligi zarur;
  6. Murid oʻz vaʼdasida vafodor, soʻzida ustuvor turmogʻi lozim;
  7. Murid oʻz ixtiyoridagi barcha mol-mulkini, butun bor-u yoʻgʻini oʻz shayxiga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmogʻi lozim;
  8. Murid oʻz murshidining barcha sir-asrorlaridan ogoh boʻlib, uning ifshosini hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak;
  9. Murid oʻz shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning mushkilotini oson qilmogʻi, pand-u nasihatlarini bajo keltirmogʻi shart;
  10. Murid Xudo visoli uchun oʻz Shayxi yoʻlida butun mol-u jonini nisor etmoqqa tayyor turishi, uning doʻstiga doʻst, dushmaniga dushman boʻlib yashamogʻi shart.

“Yassaviya” tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari boʻlmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. XII asrdagi turkiyzabon sheʼriyatning ajoyib namunasi boʻlgan, keyingi davrlardagi turkiy adabiyotga katta taʼsir koʻrsatgan “Hikmat” asarida “Yassaviya” taʼlimotidagi poklik, halollik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, oʻz qoʻl kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yoʻlida insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilgʻor umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.

Ahmad Yassaviy sheʼriyatidagi obrazlar tizimi ham tasavvuf taʼlimoti bilan bogʻliq. Pir, darvesh, oshiq, obid, oqil, zohid, ishq, tolib, ummat, rasul, shayton, iymon kabi obrazlar tasavvuf bilan bogʻliq. Yoʻl, rabot, karvon, oʻq kabilar ogʻzaki ijod anʼanalari bilan bogʻliq:

Beshak biling, bu dunyo borcha xalqdin oʻtaro,
Ishonmagʻil molingga, bir kun qoʻldan ketaro.
Oto-ona, qarindosh qayon ketdi-fikr qil,
Toʻrt oyogʻligʻ choʻbin ot bir kun sangʻa yetaro… .

Darhaqiqat, Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyodagi ilk tasavvufiy tariqat — “Yassaviya”ning asoschisi, nafaqat Xuroson va Mavorounnahr, balki turkiyzabon xalqlarning maʼnaviy tarixida maʼlum boʻlgan, mutasavvuf donishmand, insonparvar shoir hisoblanadi.

Ahmad Yassaviy merosini oʻrganish borasida chet mamlakatlarda, ayniqsa, Turkiyada koʻp ishlar amalga oshirilgan. Uning merosi bilan bogʻliq tadqiqotlar turk olimi F.Koʻprilizoda, Likoshin, Bertels kabi chet el olimlari faoliyatida koʻzga tashlanadi. Oʻzbek adabiyotshunosligida 20-yillarda Fitrat, A.Saʼdiy tadqiqotlarida Yassaviy merosiga munosabat koʻrinadi. Keyingi yillarda N.Mallayev, V.Zohidov, 1974-yilda “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnali, “Toshkent oqshomi” gazetida falsafa fanlari doktori E.Rustamovning Yassaviy haqidagi maqolalari chop etildi. Hozirgi kunda oʻziga xos yassaviyshunoslik yuzaga keldi. N.Komilov, I.Haqqul, Orif Usmon va bir qator yosh olimlar Yassaviy merosiga doir tadqiqotlar yaratdi va yana yangi izlanishlar olib bormoqda.



Manbalar: ziyouz.uz / kh-davron.uz / uzhurriyat.uz / abiturtest.uz
Muqova suratlar: ziyouz.uz / arboblar.uz