Yuriy Gagarin, toʻliq ismi Yuriy Alekseyevich Gagarin (1934-yil 9-martda SSSR, Rossiyada, Gjatsk yaqinida tugʻilgan. 1968-yil 27-martda Moskva yaqinida vafot etgan) – sovet kosmonavti, 1961-yilda kosmosga sayohat qilgan birinchi inson.
Kolxozdagi duradgorning oʻgʻli boʻlgan Gagarin 1951-yilda Moskva yaqinidagi kasb-hunar maktabini qolipchi sifatida bitiradi. U oʻqishini Saratovdagi sanoat texnikumida davom ettirgan, bir vaqtning oʻzida uchuvchilik kurslarida ham qatnashgan. Kursni tamomlab, Orenburgdagi Sovet havo kuchlari maktabiga oʻqishga kiradi va uni 1957-yilda tamomlaydi.
Gagarinning 4 3/4 tonnalik “Vostok 1” kosmik kemasi 1961-yil 12-aprelda Moskva vaqti bilan soat 09:07 da havoga koʻtariladi va maksimal 301 km (187 mil) balandlikda Yerni 1 soat 29 daqiqa ichida bir marta aylanib, soat 10:55 da Sovet ittifoqiga qoʻnadi. Kosmik parvoz unga dunyo miqyosidagi shuhratni olib keldi. Gagarin “Lenin” oʻrdeni bilan taqdirlanadi, “Sovet ittifoqi qahramoni” hamda “Sovet ittifoqining uchuvchi kosmonavti” unvoni berildi. Sovet ittifoqi boʻylab unga atalgan haykallar qad koʻtardi, koʻcha nomlari uning sharafiga qayta nomlandi. Gagarin qaytib fazoga koʻtarilmagan, ammo boshqa kosmonavtlarni tayyorlashda faol ishtirok etgan. U tarixiy
parvozidan soʻng boshqa davlatlarga bir qancha safarlarni amalga oshirgan, 1962-yildan boshlab esa Sovet Oliy kengashi deputati boʻlib faoliyat koʻrsatdi. Gagarin boshqa bir uchuvchi bilan ikki kishilik reaktiv samolyotida kundalik parvoz mashgʻulotlarida yuzaga kelgan halokatda vafot etadi. Uning kuli Kreml devoridagi tokchaga oʻrnatiladi. Oʻlimidan soʻng 1968-yilda Gjatsk shaharchasi Gagarin nomiga oʻzgartiriladi.
“Vostok” – ilk parvozida birinchi insonni kosmosga olib chiqqan, boshqariladigan sovet kosmik kemasi. Kema 1961-yil 12-aprelda kosmonavt Yuriy Gagarinni olib uchadi va Yerni bir marta aylanib, qaytib keladi. “Vostok” seriyasi ikki yillik davrda (1961—63-yillar) 6 ta parvozni amalga oshiradi. Birinchi parvoz 1 soat 48 daqiqa davom etgan boʻlsa, “Vostok 2” (1961-yil 6-avgust) fazoda 25 soatdan ortiq qolib, Yer atrofida 17 marta aylanishga muvaffaq boʻladi. Qolgan “Vostok” missiyalarida juft parvozlar amalga oshirildi. “Vostok 3” hamda “Vostok 4” 1962-yil 11-avgustda birgalikda uchirilib, bir-biriga yaqin masofada orbita boʻylab aylangan. “Vostok 3” kosmosda 94 soat, Yer atrofida 2.560.000 km (1.600.000 mil) parvoz qilib, rekordni yangilaydi.
“Vostok” seriyasining soʻnggi ikki missiyasida ilk kosmonavt ayol ishtirok
ishtirok etadi. “Vostok 5” 1963-yil 14-iyunda, ikki kundan soʻng esa Valentina V. Tereshkova “Vostok 6” da parvozni amalga oshiradi. “Vostok”ning ushbu parvozi kosmik kemalarning bir-biriga juda yaqin (hatto atigi 3 mil) masofada harakatlangani, kelajakdagi kemalarda kosmik tutashtirishlarga zamin yaratgani bilan eʼtiborga loyiqdir.