Yuriy Gagarinning sinovchi-uchuvchi uchun yetarli darajada qisqa va oddiy taqdiri boʻlgan. Lekin shu taqdirdagi bir holat nafaqat oddiy qishloq yigitining, balki butun Yer yuzining hayotini butunlay oʻzgartirib yuborgan. Gagarin Moskvadan 400 km uzoqlikdagi, Smolensk yaqinidagi Gjatsk shaharchasida tugʻilgan. Hozir bu shaharcha uning nomi bilan Gagarin deb yuritiladi. Boʻlajak kosmonavtning otasi duradgor boʻlgan. Ogʻir harbiy bolalikdan keyin (shaharcha fashistlar tomonidan qoʻlga olinib, tor-mor etilgandi) Gagarin maktabning 7-sinfini tugatgach, hunarmandchilik maktabiga oʻtib ketadi. Maktabni tugatgach, ma’lum vaqt ishlaydi, bir vaqtning oʻzida aeroklubda ham shugʻullana boshlaydi. U yerda planerlarda uchishni mashq qiladi. Sovet armiyasiga chaqiruvdan keyin uni harbiy maktabga oʻqishga joʻnatishadi, Gagagrin uni 1957-yilda tamomlaydi. Yosh leytenant xizmat yuzasidan shimolga joʻnatiladi. U yerda “yangi texnikalardagi parvoz” uchun uchuvchilar yigʻilayotganidan xabar topadi. Bu soʻzlar zamirida kosmonavtlar maktabi yashiringan edi.
Gagarin boʻlajak kosmonavtlikka nomzodlarning ilk guruhiga qabul qilinadi. Oʻsha vaqtda hech kim inson koinotga chiqishi mumkinligini va qanday bosimlarga bardosh berishiga toʻgʻri kelishini bilmasdi. Shu sababdan mashgʻulotlar nomzodlardan katta jismoniy bardoshlilik va matonat talab qilinardi. Gagarin barcha mashgʻulotlardan ajoyib tarzda oʻtib, birinchi kosmik parvozni amalga oshirish uchun nomzodlar qatoriga qoʻshiladi. Ilk kosmik kemaning hajmi unchalik katta boʻlmagan, shu sababdan nomzodlarni juda qattiq sinashgan. Gagarin bir qancha sabablarga koʻra tanlab olinadi. Uning boʻyi unchalik baland emas, vazni ham oʻrtacha edi. Kosmik texnologiyalar endi yaratila boshlagani uchun kosmonavt ortiqcha bosim yoki g‘ayrioddiy hislar sabab halok boʻlishi mumkin deb qoʻrqishgan. Kosmonavtning oʻzi esa deyarli maneken rolida boʻlgan. Skafandr maxsus kresloga biriktitilgan boʻlib, pastga tushuvchi qurilma kerakli balandlikka yetganda kreslo otilib, kosmonavt yerga parashyut bilan qoʻnishi kerak edi. Keyinchalik, kosmik texnika ancha rivojlanganda kosmonavtlar kosmik kemalar ichida erkin harakatlanish va ochiq kosmosga chiqish imkoniga ham ega boʻldi.
Keyinchalik, kosmik texnika ancha rivojlanganda kosmonavtlar kosmik kemalar ichida erkin harakatlanish va ochiq kosmosga chiqish imkoniga ham ega boʻldi.
Lekin Gagarin bilan bogʻliq vaziyatda hammasi birinchi marta edi. Kemani havoga koʻtarish uchun dvigatellarning kuchi yetadimi, tormozlanish tizimi kosmonavtning yerga qaytishini taʼminlay oladimi — bu noma’lum edi. Har doimgidek, aynan yangi narsalar oʻziga jalb qilib, harakatga chorlaydi. 1961-yil 12-aprelda “Vostok” kosmik kemasi Qozogʻiston choʻllaridagi Baykonur kosmodromidan uchiriladi. U soatiga 28 000 km tezlikni yigʻib, kosmosga chiqadi.
Gagarin Yerni 302 km balandlikda bir marta aylanib chiqadi. Bu sayohatga esa 1 soat-u 9 daqiqa sarflangan. 12-aprel tongida tushuvchi qurilma Saratov yaqiniga qoʻngan. Bu parvoz inson nafaqat kosmosga chiqishi mumkinligini, balki Yerga, belgilangan nuqtaga shikastlanmasdan qaytishi mumkinligini ham isbotlagan edi.
Gagarinning parvozi haqidagi xabar butun dunyoga tarqaydi. Kosmonavtni tantanali kutib olish umumxalq bayramiga, Gagarin esa butun dunyo qahramoniga aylanadi. Hamma ilk kosmonavtni koʻrishni xohlagani uchun u bir necha davlatlarga borib, koʻplab chet el mukofotlariga sazovor boʻlgan. Ona yurtida u eng oliy maqom – Sovet ittifoqi qahramonining “Oltin yulduz” mukofotiga sazovor bo‘ladi. Ilk parvoz kuni kosmonavtika kuni sifatida nishonlana boshlanadi.
Gagarindan soʻng kosmosga ikkinchi kosmik kema “Vostok-2” koʻtariladi. Gagarinning dublyori, German Titov bilan boʻlgan bu parvoz bir sutkadan ortiqroq vaqt davom etib, kosmosga nafaqat yashash, balki ishlash imkoni borligini isbotlaydi.