2
Ulashish
1018 marta koʻrilgan
1882–1945
Tolstoy Nikolayevich
Bugungi kunda Aleksey Tolstoyga boʻlgan munosabatni biroz gʻalati deyish mumkin. Rus tarixiy romanchiligining asoschisi, rus ziyolilari taqdiri haqidagi doston ijodkori, bilimdon, zukko kishi — Tolstoyni faqat yuqori lavozimdagi odamlarning koʻnglini olish, zamon talablarini qondirish uchungina qalam tebratuvchi tilyogʻlama yozuvchi boʻlgan deb bilishadi. Tolstoy qadimgi zodagonlar avlodiga mansub edi.
Onasi Aleksandra Leontyevna Turgeneva taniqli yozuvchi, “Iroda” qissasining muallifi boʻlib, turli poytaxt jurnallarida A.Bostrom taxallusi bilan ijod qilgan. Keyinchalik u bolalar, jumladan, kichkintoylar uchun hikoyalar muallifi sifatida tanildi. Uning 1892-yilda nashr etilgan “Dugona” hikoyalar toʻplami Belgiya jahon koʻrgazmasida faxriy maqtovga sazovor boʻldi. “Yura hayvonlar hayoti bilan qanday tanishadi?“ nomli boshqa toʻplamini esa taniqli noshir I. Sitin bolalar uchun ilmiy ommalashtirish namunasi deb atagan.
A.Turgeneva, shubhasiz, adabiy isteʼdod egasi edi. U sinchkov kuzatuvchi boʻlib, tabiat, hayvon va odamlarni hayotiy, juda qiziqarli tasvirlay olardi. Aleksandra Leontyevna N.Chernishevskiy va N.Dobrolyubovlarning gʻoyalarini yaxshi koʻrardi. Shuning uchun oʻz davrining qaysar va murosasiz xarakterga ega boʻlgan odami graf Tolstoy bilan turmush qurishi uning uchun aziz boʻlgan hamma narsadan voz kechishni anglatar edi. Toʻgʻri, dastlab chuqur sevgi tuygʻusi er-xotin oʻrtasidagi qarama-qarshiliklarni yumshatib turdi va bu nikohdan 3 farzand tugʻildi.
Ammo shunga qaramay, Aleksandra Leontyevna romantik niyatda boʻlgan A.Bostromni sevib qolganida, toʻrtinchi farzandiga homilador boʻlsa-da, u bilan ketishga qaror qildi. Shunday qilib, Aleksey oʻgay otasiga tegishli boʻlgan Samara yaqinidagi Sosnovka dasht fermasida tugʻildi. Keyinchalik u “Nikitaning bolaligi” hikoyasida bolalik taassurotlarini aks ettirdi. Avvaliga u qandaydir kasb-hunarga ega boʻlishni niyat qildi, shuning uchun Samara real maktabini tugatdi va Peterburg texnologiya institutiga oʻqishga kirdi. Biroq Y. Rojanskaya bilan erta turmush qurgani, adabiy ijodkorlik bilan shugʻullanishi unga xalaqit berdi. Chunki Alekseyning onasi farzandining ijodkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlardi. Oʻzini oʻrtacha yozuvchi deb hisoblab, oʻgʻli esa isteʼdodini rivojlantirishiga ishonardi.
Keyinchalik “Logutka” hikoyasi va “Nikitaning bolaligi” qissasida Tolstoy oʻz onasi obrazi haqida batafsil bayon qilgan. Tolstoy uchun onasi oʻziga xos ibratga, inson hayotidagi ayollik obrazining boshlanishiga aylandi. 1906-yilda Aleksandra Leontyevna vafot etganida Tolstoy oʻzini juda yolgʻiz his qildi. 1907-yilda Aleksey badiiy muhitda rassom Sofya Dimshitsni uchratdi. Shu paytdan boshlab Tolstoy hayotining yangi bosqichi boshlandi: “Muhabbat — inson hayot yoʻlining boshlanish nuqtasi”, — deb yozadi avtobiografiyalaridan birida.
Darhaqiqat, oʻsha 1907-yilda uning birinchi kitobi — “Lirika” sheʼrlar toʻplami nashr etildi. Ushbu toʻplamdagi koʻplab sheʼrlar qiziqarli va isteʼdod bilan yozilganiga qaramay, yetarlicha nodir namunalar emas edi. Chunki Tolstoy ijodiga turli anʼanalar taʼsir qilar, ammo u yoʻnalishini hali aniqlamagan edi. Tez orada uning sheʼriyatga boʻlgan ishtiyoqi oʻtib ketdi va yozuvchi bu yoʻnalishga boshqa qaytmadi. Shu bilan birga rasm chizishga boʻlgan ishtiyoqi ham soʻndi. Keyinchalik S. Dimshits eslaganidek, mashhur rassom L.Bakst Tolstoyning isteʼdod bilan chizilgan va oʻziga xos asarlariga nohaqlik bilan baho berib, unga adabiyot bilan shugʻullanishni maslahat bergan.
Oʻsha paytda Tolstoy hayotida birdaniga bir nechta noxush voqealar sodir boʻldi: birinchi xotini Y. Rojanskaya u bilan ajrashdi. Chunki farzandining oʻlimidan soʻng ularni hech narsa bogʻlab turmas edi. Bundan tashqari, Tolstoyning otasi vafot etib, unga graf unvoni va 30 ming rubl boylik meros qoldi. Tolstoy endi taqdirini adabiyot bilan abadiy bogʻlashga qatʼiy qaror qildi. U 1910-yilda nashr etilgan “Hakka ertaklari” toʻplami ustida ishlay boshladi. Toʻplamning ichiga oʻzining asl asarlari bilan birga rus xalq ertaklarining qayta ishlanmalarini ham kirgizdi. Oddiy va ishonchli intonatsiya, dinamik syujet toʻplamni boshqa yosh yozuvchilar — S. Gorodetskiyning “Yar” va “Perun”, A. Remizovning “Limonar” va “Ertaklar” asarlari bilan bir qatorda adabiy doiralarda moʻjizalarga aylantirdi.
Oʻz madaniyatiga boʻlgan bunday katta qiziqish oʻsha paytda odatiy hol edi. Shunga qaramay, Tolstoyning yozuvchi sifatida tanilishi kichik zodagonlar hayoti haqidagi asarlari yozilganidan keyin sodir boʻldi. 1911-yilda u “Zavoljye” asarlari silsilasi va “Gʻalatilar” romanini, 1912-yilda esa “Oqsoq xoʻjayin” romanini nashr etdi. Tolstoy istehzoli shaklda Gogol bir vaqtlar “Mirgorodda” toʻplami va “Eski dunyo yer egalari” qissasida yozgan mehr va ishqiy darajada yuksak tasvirlanganlar haqida gapiradi. Tolstoy endi shunchaki masxara qilmadi, oʻzining “Rastyeginning sarguzashtlari” asaridagidek yorqin karikaturali taʼrif berdi.
U Moskva va Peterburgning adabiy-badiiy muhitiga kirdi, koʻplab yozuvchi va rassomlar bilan doʻstlashdi, kecha, klub, adabiy kafe, restoranlarda qatnashdi. Uni haqiqiy rus voqeligini tasvirlay olgan istiqbolli yosh yozuvchi deb hisoblay boshlashdi. Birinchi jahon urushi arafasida Tolstoy oʻzini dramaturgiyada ham sinab koʻrdi va 1913-yilda Kichik teatrda uning “Zoʻravonlar” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtdi. Bir necha yil davomida u 7 ta pyesa yozdi, “Nopok kuch” komediyasi (1916), “Kasatka” pyesasi va boshqalar shular jumlasidandir.
Birinchi jahon urushi yillarida Tolstoy harbiy muxbir boʻlib ishladi. Urush haqida ichkaridan soʻzlab berishga, oddiy odamlarning hayotini koʻrsatishga harakat qilib, ocherk va hikoyalar yozdi. U Oktabr inqilobini qiyinlik bilan qabul qildi. Yozuvchi nima boʻlayotganini tushunishga harakat qilish uchun turli mavzu va muammolarga eʼtibor qaratdi. 1922–1925-yillarda Tolstoy Marsdagi inqilob haqida hikoya qiluvchi “Aelita” ijtimoiy-fantastik romanini yozdi. Bu asarda Rossiya tarixida sodir boʻlayotgan voqealarga izoh topishga harakat qilib, Pyotr mavzusida 1918-yilda “Vasvasa” va “Pyotr kuni” hikoyalarini nashr ettirdi. Keyin u Rossiyani bir muddat tark etib, rus muhojirligi haqida yozdi (“Opa-singillar” romanining birinchi nashri).
Aynan “Opa-singillar”, “18-yil” va “Qovogʻi solingan tong” romanlarini oʻz ichiga olgan “Azoblardan oʻtib” trilogiyasi ustidagi ishlarning boshlanishi unga bugungi kunga yuzlanib, tarixning burilish nuqtalarida ziyolilarning ogʻir taqdirini koʻrsatish imkonini berdi. Biroq trilogiyaning optimistik yakuniga qaramay, yozuvchining pozitsiyasi aniq boʻlgan deb aytib boʻlmaydi. U hali ham boʻlayotgan voqealarga noaniq munosabatda edi. 1925–1927-yillarda yozgan “Muhandis Garinning giperboloidi” romanida kapitalizmni fosh etsa, 1931-yilda chop etilgan “Qora oltin” romanida muhojirlikni tanqidiy ruhda tasvirladi. Mazkur asar keyinchalik “Emigrantlar” nomi bilan chop etildi.
Tolstoy yana boshqa muammoni yengishi ham kerak edi: u doimo oʻz nuqtayi nazarini va sodir boʻlayotgan voqealarga qarashlarini himoya qilishdan qaytmasdi. Yozuvchi 1928-yilda nashr etilgan “Ilon” qissasida inqilobdan keyingi davrda shaxs mavjudligining murakkabligini bosh qahramon obrazi orqali koʻrsatdi. Tolstoyning shaxsiy hayotida yana oʻzgarishlar yuz bera boshladi. 17 yoshli balerina M. Kandaurova bilan qisqa ishqiy munosabatdan soʻng noshir va shoiraning qizi N. Krandiyevskayaga turmush qurishni taklif qildi. S. Domshits oʻz xotiralarida shunday yozgan edi: “Aleksey Nikolayevich ijodiy va kundalik ehtiyojlari toʻliq tushunilishi kerak boʻlgan, adabiy oilaga qadam bosayotgan edi. Ayriliqning achchiqligiga qaramay (bu ogʻir edi, shuncha yillik turmushdan keyin ogʻir boʻlmasligi mumkin emas edi), bu holat menga taskin berdi va xotirjam qildi”.
Krandiyevskaya Tolstoy farzandlarining haqiqiy doʻsti va onasi boʻldi. S. Dimshitsning qizi Marina, oʻzining birinchi turmushidan oʻgʻli Fyodor va Tolstoy bilan farzandlari Dmitriy va Nikitani chin dildan tarbiyaladi. Toki uchinchi rafiqasi L. Tolstaya yozuvchi hayotiga kirib kelguniga qadar ular 20 yil baxtli hayot kechirishdi. Nikita Tolstoyning qizi Yekaterina xotiralariga koʻra, Nikita — Tolstoyning katta farzandi bu ajrimdan juda xafa boʻlgan, hatto otasi Aleksey Tolstoyning oʻlimidan keyin ham noroziligi oʻtib ketmagan.
Shunday qilib, 1929-yillar Tolstoy uchun asosan adabiy guruhlardan olisda oʻtdi, uni hatto tasodifiy hamroh deb ham atashdi. Biroq 1934-yilda Sovet yozuvchilari uyushmasi tashkil topib, M. Gorkiy vafotidan keyin vaziyat keskin oʻzgardi. Stalinga Tolstoy kabi yangi yetakchi kerakligi ayon boʻldi. Yozuvchi vaziyatga boʻysunishga majbur edi, bu, shubhasiz, uning ijodiga taʼsir qildi. U bir qator ochiq-oydin zamonaga mos narsalarni yozdi — fuqarolar urushi davrida Saritsinni himoya qilishda Stalinning rolini koʻklarga koʻtaruvchi “Non” romani va tarixga yangi nigohni aks ettiruvchi Ivan Grozniy haqidagi pyesa shular jumlasidandir.
Rassomning oʻz davri meʼyorlari bilan ochiq kurashi uning 1929–1945-yillarda yozgan “Pyotr I” tarixiy romanining uchinchi qismida oʻz aksini topdi. Shunga qaramay, muallifning tarixga alohida qarashining ustunligi, tarixiy faktlarni sinchkovlik bilan tanlab olish va ularning tarixiy voqelikka mos kelishi, tafsilotlar va yorqin obrazli xususiyatlarning yozilishi Tolstoy ijodini ushbu janrning etaloni qildi.
Oʻtgan davrni yaxshiroq his qilish uchun u oʻz uyini oʻziga xos muzeyga aylantirdi. Yozuvchi Pyotr davridagi mebel va uy-roʻzgʻor buyumlarini sotib oldi, turli hujjatlarni toʻpladi. Urush davri jurnalistikasida uning ehtirosli va ayni paytda gʻayrioddiy obrazli taʼriflari paydo boʻlishiga rassomlik va fuqarolik burchi sabab boʻldi. Tolstoy shoshardi, shuning uchun bir vaqtning oʻzida bir nechta ish ustida ishlardi. Ammo 1945-yilda tomoq saratoni tufayli bevaqt oʻlim uning oʻylagan ishlarini amalga oshirishiga yoʻl qoʻymadi.
A.Tolstoy avlodlarining taqdiri ham qiziq edi. U amalda butun bir sulolaning poydevorini qoʻygandi, chunki Nikita Tolstoyning yetti farzandi bor edi. Adib avlodlarining hammasi ham sanʼatga qiziqish bildirmadi, biroq ularning koʻpchiligi turli sohalarda boʻlsa-da, oilaviy anʼanani davom ettirdi. Dmitriy Alekseyevich bastakor, teatr tomoshalari va filmlar uchun musiqa muallifi boʻldi. Rassomning geni vaqt oʻtib Yekaterina Nikitichna Tolstoyda aks etdi. U kasbi boʻyicha biolog boʻlsa ham doimo chizishga qiziqqan. Chunki Natalya Krandiyevskaya nafaqat juda qiziqarli lirik sheʼrlar yozar, balki rassom ham edi. Uning akasi rassom, singlisi esa taniqli haykaltarosh edi.
Tatyana Nikitichna Tolstaya (1951-yilda tugʻilgan) yozuvchilik anʼanasini davom ettirdi. Uning boshqa bobosi Mixail Lozinskiy juda mashhur shoir-tarjimon edi. Tolstaya 1983-yilda asarlarini bosib chiqara boshladi, 1987-yilda u 13 ta hikoyasini “Oltin ayvonda oʻtirishardi” toʻplamida birlashtirdi. Yozuvchining rus hayoti haqidagi sodda va oddiy hikoyalari bir qator Yevropa mamlakatlaridagi kitobxonlarning ham eʼtiborini tortdi. Tolstaya hatto bir muddat AQShda nasr sanʼatidan dars ham berdi. Amalda V. Tokareva va L. Petrushevskaya bilan birgalikda kundalik dunyoni oʻrganishga asoslangan ayol nasrining asoschisi boʻldi. Hozirgi kundagi uning soʻnggi asari “Kis” (2000) romanidir.
Muqova suratlari: wikipedia.org / culture.ru