2
Ulashish
659 marta koʻrilgan
VII asr
Syuanszan Xitoydan Hindistonga sayohati
Syuanszan — Ueyd Jaylz romanizatsiyasi boʻyicha Syuan-Szan, asl ismi Chen Yi, faxriy epiteti San szang, shuningdek, Muchatipo deb ham ataladi. Sanskritchada Mokshadeva yoki Yuanzang — buddaviylik rohibi, Xitoydan Hindistonga sayohat qilgan ziyoratchi. 602-yili Xitoyda, Luochjoudagi Yanshi shaharchasida (hozirgi Xenan provinsiyasining Yanshi tumanida) tugʻilgan, 664-yili Changʻanda (hozirgi Xitoyning Sian shahrida) vafot etgan. U buddaviylikning muqaddas bitiklarini sanskrit tilidan xitoy tiliga tarjima qilgan va Xitoyda buddaviylikning ong maktabiga asos solgan.
Syuanszan Xitoydagi ustozlaridan oʻz savollariga yechim topa olmaganidan soʻng Hindistonga — taʼlim olish uchun “buddaviylik bulogʻiga” borishga qaror qiladi. Sayohat uchun ruxsatnoma ololmagach, 629-yilda Changʻandan yashirincha chiqib ketadi. U oʻz safari davomida Turfon, Qorashar, Kuchar, Toshkent va Samarqand kabi voha markazlaridan oʻtib, Taklamakon choʻlining shimoliga yoʻl oladi, temir darvozalardan oʻtib, Baqtriyaga keladi, Hindukush togʻini kesib, Kapisa, Gandhara va Hindistonning shimoli-gʻarbidagi Kashmirga sayohat qiladi. U yerdan Ganga daryosi orqali Mathuraga suzib oʻtadi, soʻngra 633-yilda buddaviylikning muqaddas yurti boʻlmish Ganganing sharqiy qismiga yetib keladi.
Syuanszan budda hayoti bilan bogʻliq Hindistondagi barcha muqaddas qadamjolarga tashrif buyuradi, subkontinentning shimoliy va gʻarbiy qirgʻoqlari boʻylab sayohat qiladi. Biroq u vaqtining asosiy qismini buddaviylikni oʻrganish markazi — Nalanda monastirda oʻtkazadi. U yerda Syuanszan sanskrit tili, budda falsafasi hamda hind gʻoyalarini oʻrganadi. U Hindistondaligida olim sifatida obroʻsi shu qadar yuksalgan ediki, hatto Shimoliy Hindistonning qudratli qiroli Harsha ham u bilan uchrashib, hurmatini joyiga qoʻyishni istagan edi. Aynan shu qirolning homiyligi tufayli Syuanszanning 643-yilda boshlangan Xitoyga qaytish safari osonlashdi.
Syuanszan 16 yillik sayohatdan soʻng, yaʼni 645-yilda Tang poytaxti Changʻanga qaytib keldi. Poytaxtda uni iliq kutib olishdi va bir necha kundan keyin imperator qabuliga kirishga musharraf boʻldi. Imperator uning begona yurtlar haqidagi hikoyalariga maftun boʻlib, buddist rohibga vazir lavozimini taklif qildi. Biroq u oʻz diniga xizmat qilishni afzal koʻrdi, shuning uchun imperator taklifini hurmat bilan rad etdi.
Syuanszan umrining qolgan qismini buddizm oyatlarini tarjima qilish bilan oʻtkazdi.U bu oyatlarni 520 ta qutida Hindistondan olib kelgan va ularning umumiy soni 657 tani tashkil etgan. U bu ulkan jildning faqat kichik bir qismini — 1 335 bob, 75 ta bandni tarjima qilgan boʻlsa-da, uning tarjimalari eng muhim Mahayana muqaddas diniy kitobining baʼzi qismlarini oʻz ichiga olgan.
Syuanszanning asosiy qiziqishi Yogakara (Mahayan buddizmi maktabi) falsafasiga qaratilgan boʻlib, u oʻz shogirdi Kuidji (632–682-yillar) bilan birga Xitoyda Veyshi maktabining (“Faqat ong” maktabi) shakllanishiga masʼul edi. Uning taʼlimoti Yogakara asosiy asarlarining tarjimasi boʻlgan Syuanszanning “Chengveyshilun” — “Faqat ong haqidagi taʼlimotni oʻrnatish toʻgʻrisida risola” va Kuidji bildirgan fikrlarida ochib berilgan. Bu maktabning asosiy qarashi shundan iboratki, butun dunyo faqatgina aqlning aksidir.
Syuanszan va Kuidji hayotligida maktab maʼlum darajada shon-shuhrat va mashhurlikka erishdi, ammo ikki ustozning ketishi bilanoq, inqirozga yuz tutdi. Dosho ismli yapon rohibi 653-yilda Syuanszan qoʻl ostida taʼlim olish uchun Xitoyga kelgan va oʻqishni tugatgandan soʻng Yaponiyada “Faqat gʻoya” maktabining taʼlimotlarini joriy etish uchun qaytib ketgan.
VII–VII asrlarda yaponlar Xosso deb ataydigan ushbu maktab Yaponiyadagi barcha buddist maktablari ichida eng nufuzlisiga aylandi. Syuanszan tarjimalardan tashqari sayohatlari davomida tashrif buyurgan mamlakatlari haqida katta hajmdagi “Datang-Xiyu-ji” (“Buyuk Tan sulolasining gʻarbiy hududlari haqidagi yozuvlar”) asarini yozdi. Tang imperatori bu qoʻrqmas va taqvodor buddist rohib va ziyoratchiga hurmat koʻrsatib, Syuan Szang vafotidan keyin 3 kun davomida barcha rasmiy qabullarni bekor qildi. Syuanszan hayotiga oid ikkita tadqiqot Artur Ueylining jonli va qiziqarli uslubda yozilgan mashhur — “Haqiqiy Tripitaka”, 11–130-betlarda (1952) va Rene Groussetning “Budda izidan” (1929) tarjimayi holida yanada kengroq yoritilgan. Bu asarlarda Tang tarixi va buddist falsafasi asosida xitoylik ziyoratchining hayoti oʻrganiladi.
Manba: britannica.com Muqova surat: wikipedia.org