Orqaga

87 marta koʻrilgan

1955–2011

Stiv Jobs

Apple kompaniyasining yaratuvchisi, XX asrning eng buyuk insonlaridan va Amerikaning eng muvaffaqiyatli tadbirkorlaridan biri Stiv Jobs 1955-yilda San-Fransisko shahrida, ikki aspirant oilasida tugʻilgan.

Stivning haqiqiy otasi suriyalik Abdulfattoh Jandaliy ismli kishi boʻlib, Viskonsin (AQSh) universitetida oʻqituvchi yordamchisi vazifasida faoliyat yuritgan. Onasi esa Joan Shible boʻlib, shu universitetning magistratura boʻlimida taʼlim olgan. Joanning ota-onasi bu nikohga qatʼiy qarshilik bildirgan va munosabatlariga toʻsqinlik qilgan. Shuningdek, Joandan Abdulfattoh bilan aloqani uzishini talab qilishgan. Agar u bilan aloqasini uzmasa, merosdan mahrum qilish bilan qoʻrqitishiga qaramay ular turmush quradi.

Abdulfattoh va Joan puli koʻp boʻlmagani, iqtisodiy jihatdan qiynalgani hamda farzand koʻrishni rejalashtirmagani uchun bolani boshqa oilaga berib yuborishga qaror qiladi. Shu tariqa Joan San-Fransiskodagi xususiy shifokor huzurida chaqaloqni dunyoga keltiradi va uni oddiy, mehribon, kamtarin Jobslar oilasiga — Pol va Klara Jobsga topshiradi. Stiv Pol va Klarani oʻzining haqiqiy ota-onasi deb bilardi. Keyinchalik u oʻzining biologik ota-onasini qidirib topdi. Biroq umr boʻyi ulardan nafratlanib oʻtdi, farzandidan voz kechganini unuta olmadi.

Pol Jobs oliy maʼlumotga ega boʻlmagan, avtomexanik boʻlib ishlagan. Klara esa hisobchi edi. Stiv koʻp narsani otasidan oʻrganardi. Ota oʻgʻliga stolining bir chetidan joy berib, uni juda qiziqtirgan elektronika bilan tanishtirishga erinmaydi. Jobs asrab olgan ota-onasini juda yaxshi koʻrgan. Ularni shunchaki tutingan ota-onasi yoki qarindoshi deb koʻrsatishlarini yoqtirmagan. Pol va Klara Stivdan asrab olingan farzand ekanini yashirmagan, balki bu holatni yanada ijobiyroq tushuntirishga harakat qilgan. Stivga tashlab ketilgan farzand emas, Pol va Klara aynan tanlab olgan oʻgʻil sifatida tushuncha berilgan. Ota-ona farzandiga doimo qattiq ishonch bildirgan, undan zoʻr odam chiqishiga ishongan.

Stivning oʻzgacha ekanini tushunishgach, ular farzandiga barcha zarur narsani sotib olishga, eng yaxshi maktabga joylashtirishga, umuman, salohiyatidan toʻliq foydalanishiga yordam berishga harakat qiladi. Shu tariqa Stiv Jobs ota-onasining doimiy ishonchi koʻmagida mustaqil shaxs boʻlib voyaga yetadi. Stiv atrofdagilardan oʻzining mustaqilligi, qaror qabul qila olishi va oʻziga ishonishi, shuningdek, qatʼiyati bilan ajralib turardi.

Stiv maktabga borishidan oldin onasi unga oʻqishni oʻrgatdi. Maktabga borgan Stiv darslarda juda zerikib qolib, eng yaqin doʻsti bilan juda qattiq hazillar oʻylab topadi. Hatto bir kuni oʻqituvchisining stuli ostiga bomba joylashtirib qoʻyadi. Maktab maʼmuriyatining Stiv haqida aytgan shikoyatlariga Pol Jobs oʻgʻlining qobiliyatli ekanini, faqat ular darsga qiziqtira olmayotganini bildiradi. Maktabda qilgan shoʻxliklari uchun otasi Stivni biror marta ham jazolamagan. Maktabdagi yuragida oʻti bor insonlardan biri, matematika oʻqituvchisi Imojen Xill Stivni oʻqitishning yoʻlini topadi.

Shu tariqa Stiv oʻqituvchisi va matematika fanini yaxshi koʻrib qoladi, maktab darslariga qiziqa boshlaydi. 4-sinf paytida 10-sinf oʻquvchilari bilishi kerak boʻlgan barcha narsalardan xabardor boʻladi va maktabdagilar ham uning qobiliyatli ekaniga amin boʻladi. Stivni 2—3 sinf yuqoriga koʻtarib, oʻqishini 7-sinfdan davom ettirishini maslahat berishadi, biroq ota-onasi bunga koʻnmaydi.

Faoliyati

Keyinchalik yigit noqonuniy moddalarga qiziqib qoladi, hippi (sochini oʻstirib, rang-barang kiyinib yuruvchilar)larga ergashib, sevgan qizi bilan uydan chiqib ketadi, bir soʻz bilan aytganda, u ota-onasini juda koʻp tashvishga qoʻyadi. Jobs maktabda oʻqib yurganidayoq oʻzidan katta boʻlgan Stiv Voznyak bilan tanishadi. Yigitlarning umumiy qiziqishi — texnologiya edi, shuning uchun ular Jobsning garajida yigʻilib, u yerda oʻzining ixtirolari ustida ishlaydi. Jobs oʻqish uchun Amerikaning eng qimmat universitetlaridan biri — Oregon shtatining Portlend shahridagi shaxsiy gumanitar Rid universitetini tanladi. Biroq keyinchalik Stiv Riddan ketishga qaror qildi: u shunchaki pul toʻlab, unga qiziq boʻlmagan darslarga qatnashni xohlamadi. Ota-onasi bir umr yiqqan pulni keraksiz narsalarga sarflashni istamadi. Jobs sanʼatga va texnologiyalarga qiziqardi, raqs toʻgaragiga qatnardi, sheʼrlar oʻqirdi.

U har xil badiiy asarlar mutolaasi bilan mashgʻul boʻlardi. Ridda bir yarim yil oʻqib, 1974-yilning fevralida Jobs ota-onasining oldiga, Los-Altosga qaytib, ishga kirishga qaror qildi. Stiv videooʻyinlar ishlab chiqaradigan Atari kompaniyasiga bordi va ular uni ishga olmaguniga qadar hech qayerga ketmasligini aytadi. Shu tariqa u ishga qabul qilinadi. U yerda qisqa muddat ishlab, ruhiy xotirjamlik izlab Hindistonga boradi. U endi giyohvandlikni tashlaydi. Uning oʻrnini buddizm va vegetarianizm egallaydi. Jobs Hindistonda Sharq falsafasi, induizm va dzen-buddizmga qiziqadi, fikrni ravshanlashtirish borasida izlanishlar olib boradi. 1975-yilning boshida Stiv Hindistondan qaytib keladi.

Apple

Sayohatdan soʻng Jobs va Voznyak 1976-yil 1-aprelda oʻz kompaniyasiga asos soladi. Bu tarixiy voqea Jobsning garajida sodir boʻladi. Jobs va Voznyak sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish uchun Atari kompaniyasidagi muhandislardan biri boʻlmish Mauntin-Vyudagi Ueyn Ronning uyiga boradi. Ueyn bir vaqtlar shu kabi “yuridik safsata” yozganini aytadi va uch varaq hujjatni oʻzi yozib, shirkatdagi uchinchi sherigiga aylanadi.

Biroq u koʻp oʻtmay, avval oʻz kompaniyasi kasodga uchragani tufayli bu ishga qoʻshilishdan qoʻrqqani uchun shartnomadan chiqish istagini bildiradi. Ikkala Stiv shaxsiy kompyuter yaratish gʻoyasini oʻylab topganda, loyihani moliyalashtirish uchun baʼzi buyumlarini – Volkswagen avtomobili va Hewlett Packard kalkulyatorini sotadi. Shunday qilib kompaniyaning birinchi mahsuloti Apple I kompyuteri dunyoga keladi. Atariʼdagi ish tajribasi Jobsga biznes va dizaynga boʻlgan oʻz yondashuvini ishlab chiqishda yordam berdi, chunki Atari oʻyinlarining oddiyligi va qulayligi uning didiga mos kelardi. U esa bu oddiylikni oʻz mahsulotlariga singdirdi.

Voznyak va Stiv asos solgan kompaniyasi mahsulotlariga yangi nom oʻylab topishi kerak edi. Har xil nomlarni qoʻllab koʻrgandan soʻng oddiygina Apple (olma) computer soʻzi tanlanadi, chunki bu nom oddiy va original yechim boʻlib, tabiatga qaytish maʼnosini ham bildirardi.

Har doim boshlash qiyin boʻladi deganlaridek, kompaniya mahsulotlarini reklama qilgandan soʻng faqatgina bir kishi ulardan sotib olishini aytadi va 50 ta kompyuterga buyurtma beradi. Ularni yasash uchun Jobs va Voznyak qattiq harakat qiladi, bank kredit bermagani uchun qarzga pul olib, kerakli uskunalar sotib oladi va oddiy garajda ishning uddasidan chiqadi. Ikki tadbirkor ishlab chiqargan 200 ta modelning taxminan 88 foizini sotishga muvaffaq boʻladi. Shundan soʻng ular keyingi yaratiladigan yangi kompyuter haqida oʻylay boshlaydi. Yangi va takomillashtirilgan Apple II yaratilganidan soʻng Jobs va Voznyak Apple Iʼni ishlab chiqarishdan voz kechadi.

Apple II kompaniyaning eng muvaffaqiyatli mahsulotlaridan biriga, shuningdek, dunyodagi birinchi shaxsiy kompyuterga aylanadi. Shundan keyin ularning biznesi rivojlana boshlaydi. Ular IBM kabi gigant kompaniya bilan raqobatlasha boshlaydi va Apple III, Apple Lisa va Macintosh kabi yangi mahsulotlar yaratiladi. 1978-yilda Stiv Jobsning boyligi bir million dollarga baholangan boʻlsa, ikki yildan soʻng u 250 million dollarga yetadi.

Biroq 1985-yilda IBM oʻzining shaxsiy kompyuterini chiqargandan soʻng Appleʼda muammolar paydo boʻla boshlaydi. Jobs oʻsha paytdagi Apple bosh direktori Jon Skalli bilan juda koʻp ziddiyatlarga boradi — ular Appleʼning rivojlanishi borasida turlicha qarashlarga ega edi va bu tafovutlar Jobs hamda Voznyak kompaniyani tark etishiga olib keladi. Ammo bu muvaffaqiyatsizlik Jobsni sindira olmaydi — u Next deb nomlangan yana bir kompaniyaga asos soladi. Kompaniya investorlarga maʼqul keladigan, bozorda talabgir boʻlgan mahsulotlarni yaratadi. Bundan tashqari, tadbirkor keyinchalik Disneyʼning Pixar animatsiya studiyasiga sarmoya kiritadi.

Jobs oʻzining asosiy gʻoyasiga, yaʼni “dunyoni texnologiya yordamida oʻzgartirish”ga qatʼiy amal qiladi. Bir necha yil ichida Next shu qadar muvaffaqiyatli boʻladiki, Apple oxir-oqibat uni sotib olishni xohlaydi va bunga erishadi ham. 1997-yilda Stiv Jobs Apple kompaniyasiga maslahatchi sifatida qaytadi, keyinchalik kompaniyaning bosh direktori boʻladi. Jobs ishiga qaytganida, Apple kompaniyasiga yangi hayot olib keladi. Avvalgi bosh direktor davrida korporatsiya yillar davomida katta yoʻqotishlarga uchragan boʻlsa-da, Jobs kompaniyani deyarli bir oʻzi oʻzgartiradi. Uning strategiyasi texnologiya sanoatining stereotiplarini buzish edi. 2001-yilda kompaniya birinchi iPadʼni chiqaradi, 2007-yilda birinchi iPhone dunyo yuzini koʻradi, bir yildan keyin MacBook Air taqdim etiladi.

Apple — dunyonining eng qimmat kompaniyasi boʻlib, Stiv Jobs ota-onasining garajida boshlangan startap edi. Jobs tinim bilmay ishladi, natijada oʻttiz yil ichida u bir nechta sanoatni oʻzgartirib yuborgan qator mahsulotlar yaratdi: Apple II yordamida Voznyakning platasi (kompyuter sxemalari joylashgan qism) odamlarni xobbidan ham koʻproq qiziqtira olgan birinchi shaxsiy komyuterga aylandi. Choʻntakda olib yurish mumkin boʻlgan kichik musiqa pleyeri — iPod yaratilib, Tunes Store orqali sifatli musiqa bozoriga asos solinadi.

iPhone mobil telefonga musiqa, fotosurat, video, elektron pochta va internetni qoʻshdi. Bundan tashqari, kontent yaratishning yangi industriyasi — App Storeʼni va raqamli gazeta, jurnal, kitob va video uchun platforma taqdim etgan internet-planshet — iPadʼni yaratdi. Eng asosiysi, u dunyoning eng yirik texnologiya kompaniyasi — Appleʼga asos soldi. Kompaniya boʻylab ijodiy ilhom uchun boy muhit va ixtirolarni amalga oshirish barcha sharoitlar yaratilgan, buning sharofati bilan u dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi.

Oilasi

Rassom Kris Brennan Stiv Jobsning birinchi muhabbati boʻlgan, ular 1972-yilda Kupertinodagi oʻrta maktabda tanishgan. Kris bir guruh doʻstlari bilan multfilm ishlash bilan shugʻullangan. Tez orada Stiv unga eʼtibor qaratib, yordam bera boshlaydi. Ular togʻli hududdan ijaraga uy olgan. Kris Brennanning oilasidagi sharoit nosogʻlom boʻlgan, otasi koʻpincha safarda boʻlar, onasi esa ruhiy jihatdan nosogʻlomligi sabab qizi bilan yomon munosabatda boʻlar edi. Birinchi sevgilisi Kris-Enn Brennan bilan Jobs bir necha yil yashaydi. 1978-yilda ularning qiz farzandi dunyoga keladi va unga Liza deb ism berishadi.

Shunga qaramay, Jobs bolani tan olmaydi. Biroq DNK testi qizning otasi Apple kompaniyasi asoschisi ekanligiga hech qanday shubha qoldirmaydi. Oxir-oqibat, Jobs Kris bilan ajrashadi, lekin moliyaviy yordam berib, keyinchalik qizi Liza bilan munosabatlarini tiklaydi. 1991-yilda Jobs Loren Pauell bilan turmush quradi, ular Rid ismli oʻgʻilning ota-onasi boʻladi. Keyinchalik juftlikning ikki qizi dunyoga keladi. Biznesmenning kenja qizi hozirda modellik karyerasini muvaffaqiyatli qurmoqda.

Vafoti

2003-yil Stiv Jobsning oshqozon osti bezida saraton paydo boʻladi. Davolanganidan keyin avvaliga oʻzini ancha yaxshi his qiladi, lekin butunlay tuzalib ketmaydi. 2009-yil jigarini transplantatsiya qildiradi. Ammo sogʻligʻi yaxshilanmagach, 2011-yil avgust oyida Appleʼning bosh ijrochi direktori (BID) lavozimidan tushadi. U boshqaruv komitetining yetakchisi qilib tayinlanadi, boshqaruvni Tim Kukkaga topshiradi. Stiv Jobs 2011-yil 5-oktabrda 56 yoshda saraton tufayli nafasi toʻxtab dunyodan koʻz yumadi.



Manbalar: daryo.uz / wikipedia.org / Ayzekson Uolter. 2019-yil. “Stiv Jobs”. Toshkent: “Hilol” nashriyoti. 
Muqova suratlar: filearchive.cnews.ru / ichef.bbci.co.uk