Orqaga
Apple haqida ma'lumot.

583 marta koʻrilgan

XX asr

Apple

Apple Inc. (sobiq Apple Computer, Inc.) – shaxsiy kompyuter, smartfon, planshetli kompyuter, kompyuter uchun tashqi qurilmalar va kompyuter dasturiy taʼminoti ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng taniqli Amerika brendlaridan biri. Apple shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqaradigan ilk muvaffaqiyatli kompaniyaga aylanadi. Kompaniyaning bosh ofisi AQShning Kaliforniya shtatidagi Kupertino shahrida joylashgan. Apple 2 trillion dollardan oshiq bozor qiymatiga ega dunyodagi eng katta kompaniyalardan biridir.

Apple mahsulotlari

Apple koʻplab mahsulot va xizmatlar taklif etadi. Uning bugungi kundagi baʼzi asosiy takliflari quyidagilardan iborat.

Mac kompyuterlari

The Macintosh yoki Mac kompyuterlari Apple kompaniyasining shaxsiy kompyuterlari qatori hisoblanadi. Uning asosiy mahsulotlari sirasiga iMac monobloklari, Mac mini standart kompyuterlari, mediaga yoʻnaltirilgan Mac Studio kompyuteri, Mac Pro professional ish stansiyalari, MacBook Air noutbuklari va MacBook Pro professional noutbuklari kiradi. Barcha Mac kompyuterlari macOS operatsion tizimiga ega.

Kompyuterlar 2020-yildan beri Apple tomonidan loyihalashtirilgan hamda ARM arxitekturasiga asoslangan “M” seriyadagi protsessorlar bilan taʼminlanmoqda. Bu turdagi chiplar yuqori salohiyat va quvvat samaradorligi tufayli eʼtirofga sazovor boʻldi. Mac kompyuterlari talaba va ijod bilan bogʻliq mutaxassislar orasida mashhurdir. Bundan tashqari, Mac kompyuterlarining operatsion tizimi Unixʼga asoslangani va POSIXʼga mos kelgani uchun dasturchilar ham bu kompyuterlardan foydalana oladi. Markaziy boshqaruv tizimi oʻrnatilmagani va qimmatligi sababli ish joylarida Mac kompyuterlari unchalik ommalashmagan.

Biroq kompyuterlarga Zero Trust arxitekturasi va BYOD (Bring Your Own Device – inglizchadan “Oʻz qurilmangizni olib keling”) tizimi hamda Jamf kabi uchinchi tomon vositalarining joriy etilishi Macʼlarning axborot texnologiyalari sohasidagi administratorlarga ham maʼqul kelishiga sabab boʻldi.

iPhone va iPad

iPhone — Apple kompaniyasining smartfonlari, iPad esa planshetlari. Foydalanishga qulayligi, ilovalar doʻkoni oʻrnatilgani va sigʻimli Multi-touch sensorli ekrani iPhone smartfonlarining ommaviy bozorda keng qabul qilinishiga sabab boʻldi.

iPhone smartfonlarida “A” seriyadagi mobil protsessorlaridan foydalanilgan, soʻnggi iPadʼlar esa xuddi Mac kompyuterlari singari “M” seriyadagi protsessorlar bilan taʼminlangan. Smartfon va planshetlarning operatsion tizimlari – iOS hamda iPadOS macOS kabi Unix yadrosiga asoslangan boʻlsa-da, sensorli interfeysga ega.

Apple Watch

Apple Watch bu — aqlli soat va fitnes treker. U EKG, qondagi kislorod miqdori va yurak urish tezligi kabi salomatligimizga oid signallarni nazorat qila oladi. Bundan tashqari, Apple Watch shuningdek raqamli kalit vazifasini bajara oladi va mashinalarni ochish, qulflash va oʻt oldirishda kabi buyruqlarni bajarishi mumkin. Apple Watch watchOS operatsion tizimida ishlaydi.

Apple TV

Apple TV televizor pristavkasi va media qurilmasi va u ovozli boshqaruv imkoniyatiga ega. Shuningdek, Airplay protokoli orqali Appleʼning boshqa qurilmalari bilan integratsiya qila oladi. Apple TVʼda videokonferensaloqa funksiyalari va Siri masofadan boshqarish pultini aniqlash xususiyati mavjud. Apple TV tvOS operatsion tizimida ishlaydi.

Apple Airtag

Apple Airtag kichik treking qurilmasi boʻlib, odamlar uni oʻzlari kuzatishni istagan narsalariga biriktirib qoʻyadi va Find My dasturi orqali buyumlarining qayerda ekanini koʻra oladi. Airtag joylashuvni aniqlash uchun Find My tarmogʻida Bluetooth yordamida boshqa qurilmalar bilan aloqa oʻrnatadi.

Vision Pro

Apple Vision Pro aralash reallik garniturasi hisoblanadi. U orqali nafaqat toʻldirilgan reallik, balki virtual reallik vizualizatsiyasini ham koʻrish mumkin. Vision Pro ilk marotaba 2023-yilda Apple tomonidan har yili oʻtkaziladigan Butunjahon dasturchilar konferensiyasida namoyish etildi.

Keng jamoatchilikka esa 2024-yilning boshlarida taqdim etilishi kutilmoqda. Garnitura dasturlarni fazoviy muhitda aks ettiruvchi visionOS operatsion tizimida ishlaydi. Foydalanuvchi interfeysi koʻz, qoʻl va ovoz yordamida boshqariladi. Foydalanuvchilar uch oʻlchovli kamera yordamida videokonferensiya qilishi, mediani uzatishi va suratga tushirishi mumkin. Unga autentifikatsiya va xavfsizlik maqsadida Optic ID deb nomlangan ilgʻor koʻz treking tizimi va optik tanib olish funksiyalari oʻrnatilgan. Vision Pro Microsoft Word, Excel va Teams dasturlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Xizmatlar

Apple, shuningdek, mahsulotlari bilan muammosiz ishlaydigan bir qancha xizmatlar ham koʻrsatadi. Masalan, Apple iCloud shaxsiy fayl ombori va sinxronlash xizmati hisoblanadi. Apple Pay esa toʻlov tizimi va kredit kartasi provayderidir. Apple TV+ film va TV dasturlarini oqimli uzatish xizmati sanaladi. Apple, bundan tashqari, iTunes store, Apple Music, Apple Books va boshqa xizmatlar yordamida boshqa turdagi medialarni taqdim etadi. iMessage Apple qurilmalariga xos tezkor xabar almashish xizmati boʻlib, iPhone smartfonlari uchun SMSning kengaytirilgan koʻrinishi deyish mumkin.

Apple Computer kompaniyasiga 1976-yilda Stiv Jobs va Stiv Voznyaklar tomonidan asos solinadi. Uchinchi asoschi boʻlmish Ronald Ueyn esa egalik huquqini oʻsha vaqtdayoq Jobs va Voznyakka sotib yuboradi. Ularning eng birinchi mahsuloti Jobsning oilaviy garajida yasalgan Apple I mikrokompyuteri edi. Mikrokompyuter klaviatura va monitor singari asosiy komponentlarsiz faqatgina protsessor va RAM (tezkor xotira)ga ega plata sifatida sotilgan.

1977-yilda Apple II taqdim qilingan. Foydalanishga qulayligi, rangli grafikasi va VisiCalc elektron jadval dasturi tufayli Apple II tijoriy muvaffaqiyatga erishadi. Uning mashhurligi Apple kompaniyasining Amerikadagi yetakchi kompyuter ishlab chiqaruvchi boʻlishiga olib keladi. Apple oʻz davrining eng yirik IPO (birlamchi ommaviy taklif) laridan biriga aylanadi.

Stiv Jobs Xeroxʼning Alto tizimini koʻrganidan soʻng GUI (grafik foydalanuvchi interfeysi)ga oʻta qiziqib qoladi. Bu qiziqish tufayli ular Appleʼning keyingi tizimi – Apple Lisaʼga GUI qoʻshadi. Jobsning rahbarligi ostida Apple Lisaʼni ishlab chiqish keragidan ortiq vaqt va byudjet talab qiladi. Shuning uchun ham u loyiha rahbari lavozimidan chetlatiladi. Nihoyat 1983-yilda Apple Lisa ommaga havola etiladi. Ammo narxining yuqoriligi va dasturiy taʼminoti yoʻqligi tufayli tizim unchalik koʻp sotilmaydi.

Jobs Macintosh kompyuterlarini ishlab chiquvchi loyiha boshligʻiga aylanadi. 1984-yilda antiutopik “1984” mavzusidagi Superboul (amerikacha futbolda Milliy futbol ligasining final oʻyini) davomida Macintoshʼning eʼlon qilinishi bilan bogʻliq reklama chiqadi. Bu reklama oʻsha vaqtdagi bozor yetakchisi IBMʼga bevosita daʼvat boʻlgan edi. Reklama televideniyeda koʻrsatilgan eng buyuk reklamalardan biri sifatida tan olinadi. Biroq shunga qaramay Macintosh qimmat ekani va yetarlicha yaxshi ishlamagani uchun mahsulotning dastlabki savdosi yomon boʻladi.

Stiv Jobs hamda Appleʼning oʻsha vaqtdagi bosh direktori Jon Skalli oʻrtasida Macintoshʼning chiqishi boʻyicha bir qancha nizolar paydo boʻladi. Mojarolar sababli Jobs direktorlar kengashidagi barcha vazifalaridan ozod qilinadi. Shuning uchun Jobs Appleʼni tark etib, yangi NeXT computers kompaniyasiga asos soladi. Oʻsha vaqtlarda Stiv Voznyak ham shaxsiy sabablar tufayli Apple kompaniyasining rahbarlik lavozimini tark etishiga toʻgʻri kelgan edi.

Taʼsischilarini yoʻqotishiga qaramay, Apple 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshida yaxshi ishlashda davom etadi. Bunga asosan Apple II sotuvining davom etishi hamda yangilangan Macintoshʼning ijodiy bozordagi muvaffaqiyati sabab boʻldi. Shu vaqt davomida Photoshop va Publisher kabi Adobe kompaniyasining mahsulotlari, shuningdek, boshqa yuqori sifatli raqamli nashriyot dasturlari faqatgina Macintoshʼda mavjud edi.

1990-yillarning oʻrtalarida bir qancha omillar Appleʼning rentabelligini yoʻqotishga va deyarli bankrotga uchrashiga olib keladi. Apple isteʼmolchilar uchun boshqa maishiy elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tajriba qilib koʻradi. Shunday mahsulotlarning eng omadsizi sifatida Newton planshetlarini aytish mumkin. Apple, shuningdek, arzonroq turadigan Microsoft Windowsʼga asoslanuvchi shaxsiy kompyuterlar bilan qattiq raqobatga duch keladi. Ayniqsa, Windows 95ʼning chiqarilishi bu kurashni yanada kuchaytiradi. Macintosh operatsion tizimi ham eskirib, bir vaqtning oʻzida koʻp vazifa bilan shugʻullana olmay qolgan edi.

Rentabellikka qaytish va kompyuterlarga yangi operatsion tizim topish niyatida Apple 1997-yilning boshida Stiv Jobsning yangi NeXT kompaniyasini xarid qiladi. 1997-yilning oʻrtalarida Appleʼning sobiq rahbari lavozimidan chetlatilganidan soʻng Jobs muvaqqat rahbar etib tayinlandi. U Appleʼni asosiy kompyuter biznesiga yoʻnaltirib, kompaniyani bankrotlikdan qutqara oldi. 1998-yilda iMac kompyuteri omma eʼtiboriga havola etildi. iMac Jonatan Ayv tomonidan loyihalashtirilgan edi. Kompyuter samimiy hamda rang-barang marmeladsimon shakli uchun ommalashib ketadi. Apple, bundan tashqari, video tahrirlash hamda CD/DVD yozish dasturini chiqarib, Macintoshʼning raqamli media ishlab chiqish sohasidagi oʻrnini mustahkamlab qoʻyadi.

2001-yilda Mac OS X operatsion tizimi ishlab chiqariladi. U NeXT operatsion tizimi ishiga asoslangan, shuningdek, barqaror va xavfsiz BSD Unix yadrosidan foydalanilgan. Oʻsha yili Apple iPod ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyadi. iPod koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Shundan soʻng Apple maishiy elektronika bozorida trendni belgilovchi oʻrnini egalladi.

2007-yilda iPhone taqdim etildi va ilk mashhur smartfonlardan biriga aylandi. Kelasi yili esa App Store dasturlar doʻkoni ishga tushirildi. App Store orqali uchinchi tomon dasturchilari oʻzlarining dasturlarini foydalanuvchilarga sotish imkoni paydo boʻlgan edi. iPhoneʼdan soʻng 2010-yilda mashhur iPhone 4 smartfoni hamda iPad plansheti taqdim etildi.

2011-yilning boshida Stiv Jobs Tim Kukni Appleʼning yangi rahbari sifatida tayinlab, oʻzi taʼtilga chiqadi. Oʻsha yilning 5-oktabrida Stiv Jobs bu dunyoni tark etadi. Soʻnggi yillarda Apple yangi mahsulotlar va kengaytirilgan xizmatlar taqdim etishda davom etmoqda. Apple avvaliga iPhone smartfonlarida, keyinchalik Macintosh kompyuterlarida oʻzi ishlab chiqqan protsessorlardan foydalanishga oʻtdi. Bundan tashqari, Apple TV+ hamda Apple Music yordamida mediani oqimli uzatish xizmatini ham taklif qiladi. Kompaniya virtual reallik/kengaytirilgan reallik garniturasi hamda endi ishlab chiqilishi kutilayotgan oʻziyurar avtomobillar orqali yangi bozorlarga ham kirib borishi kutilmoqda.



Manba:  www.techtarget.com / www.britannica.com
Muqova surat: unsplash.com