Orqaga
Sting biografiyasi, bolaligi, ta'lim, hayoti, karyerasi, yutuqlari, o'limi va oilasi haqida.

547 marta koʻrilgan

1951-yil

Sting

Elvis Presli va “Bitlz” guruhi musiqasi ostida tarbiyalangan, 1960-yillar avlodining oʻrniga sahnaga Sting keldi. U mashhur Elton Jonning yosh zamondoshi edi, baʼzi paytda mashhurligi boʻyicha undan hatto oʻtib ham ketdi. Bundan tashqari, Sting moddiy jihatdan koʻplab hamkasblariga qaraganda ancha oʻziga toʻq edi. Uning Shimoliy Angliyada mulki, Kaliforniya va Italiyada villalari va Nyu Yorkda kvartirasi boʻlgan. Sting hayotining boshlanishi juda oddiy edi.

Otasi Erik Sammer Angliyaning Nyukasl shahridan boʻlib, oddiy sutchi edi. Oʻgʻlining tugʻilish davrida biznesi shu qadar rivojlandiki, sut doʻkonini ochishga muvaffaq boʻldi. Shu tufayli Gordon oilaning eng katta farzandi sifatida nufuzli katolik oʻrta maktabiga oʻqishga bordi, lekin hech qachon eng yaxshi oʻquvchilar qatorida boʻlmadi. Ammo u maktabda bir oʻquv yilining oʻzida 42 marta jazolangani haqida dalillar mavjud.

Harqalay Gordon maktabni tugatdi.Aynan shu vaqtda musiqaga qiziqib, amakisining gitarasini chalishni oʻrganadi. Sting 14 yoshida mahalliy klublardan birida musiqa chalishni boshladi. Maktabni tugatgach, yosh musiqachi oʻqishni davom ettirishga qaror qildi va Midlend universiteti (AQSh)ga oʻqishga kirdi. Biroq u yerda bir yil ham oʻqimay, uyiga qaytib keldi. Bu jarayon 1969-yilda sodir boʻldi. Gordon kun oʻtkazish uchun koʻpincha ishini, kasbini oʻzgartirishga majbur boʻldi. Quruvchi, avtobus haydovchisi va hatto davlat amaldori boʻlib ham ishladi. Gordon katta ishtiyoq bilan avliyo Pavl boshlangʻich katolik maktabida oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritdi. Bolalar uni yaxshi koʻrardi va u bilan tez-tez futbol ham oʻynab turardi. Tez orada u hatto maktab futbol jamoasining rasmiy murabbiyiga aylandi.

Biroq uning haqiqiy sevgan mashgʻuloti musiqa boʻlib qoldi. Uyga kelgach, sevimli gitarasini qoʻliga olib, jazz klubiga borishda davom etardi. Asta-sekin u ansambllarga taklif qilina boshladi. 17 yoshida mahalliy kollejning “Koʻtarilish” guruhi aʼzosiga aylandi. Keyin “Fenikslik jazmenlar” ansamblida ishtirok etdi. U yerda xonandani butun dunyoga mashhur qilgan taxallusga ega boʻldi.

Taxallus juda oddiy taʼrifga ega. Bir kuni Gordon mashgʻulotga sariq va qora chiziqli kiyim kiyib keldi. Musiqachilardan biri yigitning asalariga oʻxshab qolganini koʻrib, “Sting” laqabini oʻylab topdi. Ingliz tilida bu soʻz “nashtar” maʼnosini anglatadi. Musiqachining shon-shuhrati 1976-yilda barabanchi Styuart Kouplend “Politsiya” guruhiga taklif qilganidan soʻng boshlandi. Sting ansambl bilan butun dunyoni kezib chiqdi.

Uning jamoadagi faoliyati 5 ta Gremmy mukofoti bilan belgilandi. Biroq 1984-yil boshida navbatdagi konsert safari tugagandan soʻng guruh tarqalib ketdi. Sting yakkaxon xonanda boʻlishga qaror qildi. U baʼzan lirik, baʼzan esa romantik rokning eng yorqin vakillaridan biriga aylandi. Keyinchalik “Politsiya” musiqachilari faqat 2 marta: 1986-yilda huquqni himoya qilish “Xalqaro amnistiya” tashkilotiga mablagʻ topish uchun konsert berishda hamda 1992-yil avgust oyida Stingning toʻyida yigʻila oldi.

Musiqachining birinchi nikohi zamonasining mashhur aktrisasi Frensis Tomelti bilan 1976-yilda boʻlib oʻtdi. Ammo ularning turmushi oʻxshamadi va ikki farzand boʻlganiga qaramay ular 1982-yilda ajralishdi. Sting Trudi Stayler bilan tanishmagunga qadar 10 yil boʻydoq yurdi. Trudi qoʻshiqchining murakkab sahna karyerasida haqiqiy yordamchiga aylandi. Bundan tashqari, u 4 ta farzand ham tugʻib berdi. Qizigʻi shundaki, Trudi homilador boʻlsa ham Rossiyaga gastrol paytida Sting bilan birga kelgan.

Sting koʻplab xayriya ishlari bilan shugʻullanadi. U Amazon selvasi ( nam ekvatorial oʻrmonlar)ni saqlab qolishda kurashish uchun maxsus jamgʻarma tuzdi. Avvaliga bu shunchaki chalgʻish vositasi edi, chunki musiqachi ota-onasining oʻlimi tufayli qattiq azob chekayotgandi, keyin esa bu mashgʻulot hayotining muhim qismiga aylandi.

Sting Elton Jon asos solgan OITS jamgʻarmasiga katta miqdorda xayriya qildi. Bundan tashqari, Sting va Elton Jon bir qator xayriya konsertlar berdi. Aytgancha, musiqachining oʻzi aslida unchalik ham “oppoq”emas: u “politsiya” tarkibida ijro etib yurgan chogʻida giyohvand moddalar, ayniqsa, kokainga berilganini bir necha bor tan olgan.

Ammo ulgʻaygach, giyohvand moddalar qanday zarar yetkazishini tushunib, faol qarshilik koʻrsata boshladi. Umuman, Sting sogʻlom turmush tarzini olib borishga harakat qiladi va boshqalarni ham bunga undaydi. U birinchi navbatda oʻzi ibrat boʻlishga harakat qildi, komillikka intilib, haqiqiy vegetarian boʻldi.



Muqova suratlar : dune.fandom.com / ria.ru