Orqaga
Satton Hu qabristoni haqida.

570 marta koʻrilgan

XX asr

Satton Xu kemasidagi qabr

Satton Xu — Angliyaning Saffolk okrugidagi Vudbrij shaharchasi yaqinidagi mulk. U oʻrta asrlarga tegishli qadimgi qabriston boʻlib, u yerda anglo-saks qirolining qabri yoki kenotafi joylashgan. Yevropada topilgan eng boy german qabrlaridan biri boʻlgan bu qabr kelgusi hayot uchun toʻliq jihozlangan (murdasiz) kema boʻlib, qadimgi anglo-saks qirollarining davlati hamda aloqalariga oydinlik kiritgan. Angliyada kemani dafn qilish noanʼanaviy deb qaralgani uchun 1939-yilda Satton Xuʼning kashf etilishi gʻayrioddiy hisoblangan.

Satton Hu qabristoni haqida.

Sutton Hoo kemasi dafn marosimiga tayyorlash jarayoni, Britaniya muzeyi, illyustrator Kreyg Uilyams / wikipedia.org

7,6 m chuqurlikdagi qum, xandaqdagi chirigan yogʻochlari va qolgan mixparchinlari kemaning klinkerdan yasalgan, machtasiz 27 m uzunlikdagi eshkakli qayiq ekanini koʻrsatadi. U yerdan topilgan tangalar sanasi, ularda xristian hamda majusiylik elementlarining mavjudligi nasroniylikni qabul qilgan va keyinchalik majusiylikka qaytgan Shimoliy Angllar qiroli Redvaldning (624/625-yilda vafot etgan) kenotafi boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Biroq qirolning shaxsiyati hanuz soʻroq ostida qolmoqda, yana bir nomzod sifatida 654-yildagi Vinvaed jangida Penda uchun kurashib oʻlgan Mersiyaning Pagan qiroli Etelher koʻrsatiladi. Kemaning dafn marosimi hamda qabrdagi baʼzi buyumlar nusxalari Shvetsiyada ham boʻlib, Sharqiy Angliya qirollik sulolasi hozirgacha shubhasiz shvedlardan kelib chiqqanini koʻrsatadi.

Satton Hu qabristoni haqida.

Sutton Hoo kemasi qabrini qazish jarayoni, 1939-yil / wikipedia.org

Dafn qilingan joyda 41 ta sof oltindan yasalgan (hozirda Britaniya muzeyida saqlanadi), shuningdek, import qilingan koʻplab kumush buyumlar bor edi. Bitta katta kumush idishda Vizantiya imperatori — Anastasiy I ning (491–518-yillar) nazorat tamgʻasi tushirilgan. Bundan tashqari, yunon tilida oʻyib yozilgan kumush qadah, kosa va qoshiqlar hamda Oʻrta Sharqdan keltirilgan bronza qadah qirollikning aloqa doirasini namoyish etadi. Qirolning qabri va qabrdagi buyumlar Beovulf tomonidan tasvirlangan sivilizatsiyaga oydinlik kiritadi.

Satton Hu qabristoni haqida.

Hamyon ichidan oltin tangalar topilgan / wikipedia.org

Kema-qabrdagi jasad

Kemadan jasad topilmagani sababli kema dafn etilgan joy dastlab kenotaf¹ deb taxmin qilingan, ammo 1967-yilda oʻtkazilgan tuproq tahlillari fosfat² izlarini topdi va bu jasad kislotali tuproqda gʻoyib boʻlgani haqidagi fikrni tasdiqlaydi. Kema ichida taxminan 2,7 m uzunlikdagi platforma (yoki katta tobut) mavjudligi koʻrsatilgan. Temir bilan bogʻlangan yogʻoch chelak, asal mumi solingan temir chiroq va shimoliy kontinental ishlab chiqarish shishasi yaqin edi. Tana atrofidagi narsalar uning boshi yogʻoch strukturaning gʻarbiy uchida yotganini koʻrsatadi. Jasad yoniga qoʻyilgan tarixiy buyumlarga qabr qirolga tegishli ekanini koʻrsatuvchi regaliya (qirollikni belgilovchi belgi va buyumlar, masalan toj, muhr) sifatida qaralgan. Kema Randlesham (Angliyada joylashgan) yaqinidan topilgani sababli dafn etilgan qirol Sharqiy ingliz qiroli ekani taxmin qilinadi.

1940-yildan boshlab, ingliz professori Gektor Manro Chedvik, birinchi boʻlib, kema Anglo-Sakson davlati qiroli Redvaldning qabri boʻlishi mumkin, degan fikrni ilgari surgan paytda ilmiy qarashlar, yaʼni qabr Redvaldga tegishlimi yoki uning oʻgʻli (yoki oʻgay oʻgʻli) Sigebertgami degan mazmunda, ikkiga boʻlindi. Qabr ostiga dafn etilgan odamni aniqlashning ilojisi yoʻq, ammo olimlar uning Redvald ekanini maʼqullaydi. Vaqti-vaqti bilan boshqa nomzodlar ham ilgari surilgan, jumladan, Redvaldning oʻgʻli sharqiy angliyalik Eorpvald boʻlib, u taxminan 624-yilda otasining oʻrnini egallagan. Biroq olib kelingan materiallarning yuqori sifati va kemani tayyorlash uchun zarur resurslar, oltin olib kelish uchun vakolat zaruriyati, elita qatlamga ajratilgan qabristonda marosim oʻtkazish uchun kerak boʻlgan jamoat ishtiroki, Sutton Hooʻning Rendleshamga yaqinligi va taxminiy sananing barchasi boshqalardan koʻra Redvald nomzodini aniqroq koʻrsatadi.

2019-yil holatiga koʻra, oʻsha joydagi taʼmirlangan muzey jasad Redvaldniki ekanini koʻrsatadi, Britaniya muzeyida esa ismi eslatilmasdan, shunchaki, “Sharqiy Angliya qiroli” deb yozib qoʻyilgan. Britaniya muzeyining ilk oʻrta asr tangalari boʻyicha masʼul xodimi Garet Uilyams tomonidan meroving tangalari tahlili dafn sanasini 610-yildan 635-yilgacha qisqartirdi. Bu esa 637-yilda vafot etgan Sigebert nomzodligi ehtimolini kamaytiradi.

Garchi Eorpvald 627–628-yillarda vafot etgani uchun vaqt shkalasiga mos kelsa-da, Redvald hanuzgacha asosiy nomzodligicha qolmoqda. Qabrdan topilgan qilich dastasini sinchiklab koʻzdan kechirish marhum chapaqay boʻlganini koʻrsatadi, chunki dastaning egiluvchan tilladan yasalgan qismi oʻng qoʻl egasi ishlatgandek emas, balki qarama-qarshi tomondan eskirgan (yedirilgan) edi. Qilichning gʻayritabiiy ravishda jasadning oʻng tomoniga joylashtirilgani ham bu nazariyani qoʻllab-quvvatlaydi, chunki boshqa anglo-sakson dafnlarida qilich tananing chap tomoniga qoʻyilgan.


[1] Kenotaf — boshqa joyda dafn etilgan shaxs yoki bir guruh shaxslarga qoʻyilgan, baʼzan qabr koʻrinishidagi yodgorlik.
[2] Rendlesham — Sharqiy angllar qiroli hukumatining hokimiyat markazi.


Manba: britannica.com
Muqova surat: futurecdn.net