Orqaga
Galba milodiy 68-yilda Luzitaniya gubernatori Oto hamrohligida Rim tomon yurish qiladi va Senat tomonidan imperator deb eʼlon qilinadi va bor-yoʻgʻi 7 oy hukmronlik qiladi.

933 marta koʻrilgan

69-yil

Rim imperatori Galbani qatl qilinishi

Lotin tilidagi toʻliq ismi Serviy Galba Sezar Avgust, asl ismi esa Serviy Sulpitsiy Galba boʻlgan imperator Galba (miloddan avvalgi 3-yilning 24-dekabr kunida Rimda tugʻilgan va milodiy 69-yilning 15-yanvar kunida vafot etgan) Rim imperiyasida yetti oy davomida (milodiy 68–69-yillar) imperatorlik qilgan. Maʼlumotlarga koʻra, uning hokimiyati qattiqqoʻl boʻlgan boʻlsa-da, maslahatchilari goʻyoki oʻta oʻgʻri va muttahamlardan tashkil topgan edi.

Galba konsul Gay Sulpitsiy Galba va Mumiya Axaikaning oʻgʻli edi. U, shuningdek, ixtiyoridagi katta boylikka egaligi va qadimiy ildizga ega nasl-nasabga mansubligidan tashqari, imperatorlar Avgust va Tiberiylarning nazariga tushishga erishgan. U oʻz senatorlik faoliyatini ushbu lavozim uchun belgilangan meʼyordagi yoshga yetmasdan boshlagan. Shuningdek, u milodiy 33-yilda konsul boʻlgan. Bundan tashqari, Galba milodiy 40–42-yillarda Yuqori Germaniya armiyasiga qoʻmondonlik qilgan va milodiy 40–45-yillarda Afrikada prokonsullik qilgan.

Galba milodiy 60-yilda Yaqin Ispaniyaning gubernatori etib tayinlangan va gubernatorlik lavozimida sakkiz yil mehnat qilgan. Galba milodiy 68-yilda imperator Neron uni oʻldirishga buyruq bergani haqida gumonga borib, Neronga qarshi qoʻzgʻolonga yetakchilik qilish uchun Galliyadagi Lugdunensis gubernatori Vindeksning taklifini qabul qilgan (ehtimol, qoʻzgʻolon koʻtarishga Galbaning oʻzi undagan boʻlishi ham mumkin).

Galba milodiy 68-yilda Luzitaniya gubernatori Oto hamrohligida Rim tomon yurish qiladi va Senat tomonidan imperator deb eʼlon qilinadi va bor-yoʻgʻi 7 oy hukmronlik qiladi.

Toʻrt imperator yili (milodiy 69-yil): yuqoridan chapdan soat yoʻnalishi boʻyicha: Galba, Oto, Vitellius, Vespasian / wikipedia.org

Keyin u Ispaniyada qoʻshimcha yangi legion toʻplashga erishdi va imperiyaning boshqa mintaqalaridagi koʻplab odamlarni ortidan ergashtirdi. Bu vaqtda Vindeks Reyn armiyasi bilan boʻlib oʻtgan jangda magʻlubiyatga uchragan edi. Pretorianlar prefekti Gay Nimfidiy Sabin imperator qoʻriqchi gvardiyasini (pretorianlar gvardiyasi) katta moddiy mukofot evaziga Neronni tark etishga koʻndirdi va oqibatda 68-yil 9-iyunda Neron oʻz joniga qasd qildi.

Luzitaniya gubernatori Oto hamrohligida Galba Rim tomon yurish qildi va senat tomonidan imperator deb eʼlon qilindi. Galbaning Neron oʻrganib qolgan ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirishga urinishi, shuningdek, Neron tomonidan yollangan qoʻshinlarni, bundan tashqari, sobiq imperatorning raqibi boʻlmish Lutsiy Klodiy Matserni qatl etilishi omma tomonidan yaxshi kutib olinmadi. Avvalroq aynan Matser boshchiligidagi Neronga qarshi qoʻzgʻolon Afrikadan keladigan don taʼminotini toʻxtatib qoʻygan edi. Galba pretorianlarga vaʼda qilingan pul mukofotini toʻlashdan bosh tortdi. Bu esa uning ittifoqchisi boʻlmish Nimfidiyning qatl qilinishiga sabab boʻldi.

Imperator Galba Vindeksni qoʻllab-quvvatlagan Galliyadagi ayrim boʻlinmalarni mukofotladi, u bu harakati bilan Vindeksni magʻlub etgan Yuqori Germaniya legionlarini gʻazablantirib yubordi. Milodiy 69-yil 1-yanvarda Yuqori Germaniya legionlari Galbaga sodiqlik haqidagi odatiy ovoz berish jarayonida qatnashishdan bosh tortdi va tez orada Quyi Germaniya legionlari bilan birlashib, Vitelliyni imperator deb eʼlon qildi. Galba senatorlarning qoʻllab-quvvatlashiga erishish uchun imperatorning merosxoʻri sifatida sodiq ittifoqchisi boʻlmish Oto oʻrniga obroʻli Rim xonadonininig oʻgʻli hisoblanmish Lutsiy Kalpurniy Pizon Frugi Litsinianni tanladi.

Galba milodiy 68-yilda Luzitaniya gubernatori Oto hamrohligida Rim tomon yurish qiladi va Senat tomonidan imperator deb eʼlon qilinadi va bor-yoʻgʻi 7 oy hukmronlik qiladi.

(Chapdan oʻngga) Oto, Galba, Vitellius, Vespasian / wikipedia.org

Oto esa pretorianlarga mukofot pulini berishga vaʼda berdi va ular 15-yanvar kuni Rim forumida Galba va Pizoni qatl qildi. Tarixchi Tatsit Galba haqida shunday yozgan edi: “ Galba hech qachon hukmronlik qilmaganida ham, barcha odamlar uni imperiyani boshqarishga qodir deb oʻylagan boʻlardi”.



Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org