0
Ulashish
967 marta koʻrilgan
1889–1944
Ralf Fauler
Ralf Govard Fauler (inglizcha Sir Ralph Howard Fowler) — angliyalik fizik nazariyotchi, astrofizik, matematik. U nazariy astrofizikaga tamal toshini qoʻygan ilk olimlardan biri sanaladi. Uning ilmiy ishi asosan statik mexanika, kvant nazariyasi, matematika hamda termodinamika fanlariga bagʻishlangan. Ralf Fauler 1889-yil 17-yanvarda Buyuk Britaniyaning Esseks grafligidagi Roydon yerida, ishbilarmon va sportchi oilasida tugʻilgan. U boshlangʻich taʼlimni 10 yoshgacha uyida, yollanma murabbiy nazoratida olgan. Keyinchalik esa Horris Hill oʻrta maktabida oʻqigan. Oʻrta taʼlimni 1902–1908-yillar davomida Vinchester maktabida olgan.
Ralf Faulerning isteʼdodi maktab yillaridayoq yuzaga chiqqan boʻlib, u Vinchester maktabidagi oʻquvchilik davrida tabiiy fanlar ayniqsa matematika boʻyicha nufuzli mukofotlarni qoʻlga kiritgan. U 1906-yilda Kembrij universiteti maxsus stipendiyasiga sazovor boʻlib, universitetda oʻqish uchun yoʻllanmaga ega boʻlgan. Fauler 1908-yilda maktabni bitirgach, Kembrij universiteti matematika yoʻnalishiga oʻqishga kirdi va 1911-yilda mazkur oliygohning bakalavr darajasini tamomladi. U 1913-yilda matematika fanidagi ilmiy yutuqlari uchun Relay mukofoti bilan taqdirlandi va universitet qoshidagi Triniti kollejiga ishga qabul qilindi. Fauler 1915-yilda Kembrij universiteti magistri diplomiga ega boʻldi. U bu vaqtda 2-darajali differensial tenglama yechishning oʻziga xosliklari masalasida ilmiy izlanish boshlagan edi.
1916-yilda Britaniyaning Birinchi jahon urushiga qoʻshilishi munosabati bilan Ralf Fauler Qirollik dengiz artilleriyasiga xizmatga chaqirildi. Dardanell boʻgʻozidagi jangda yelkasidan ogʻir yaralangan olim front ortiga, olim va muhandis Archibald Hill qoʻl ostidagi harbiy muhandislik ishlanmalari guruhiga borib qoʻshildi va aeroplan uchishini kuzatish, tahlil qilishga moʻljallangan, maxsus radar asboblarini loyihalashda ishtirok etdi. Shuningdek, u bu vaqtda havo hujumiga qarshi lokator va snaryadlarni tayyorlash boʻyicha bir qancha amaliy ishlarni olib borgan. Xususan, uning ballistik snaryadlar samaradorligini oshirish borasidagi hisob-kitobi Britaniya armiyasi uchun Birinchi jahon urushi davomida katta amaliy ahamiyatga ega boʻlgan. 1918-yilda Fauler mazkur xizmatlari uchun Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlangan. Urush yakunlangach, Ralf Fauler 1919-yilda Kembrijga qaytdi va Triniti kollejida matematikadan maʼruza oʻta boshladi. U urush boshlanishidan oldin yassi egriliklar geometriyasi boʻyicha katta ilmiy ish boshlab qoʻygan edi.
U 1920-yilda mazkur sohaga oid bir necha risolalar nashr ettirgan boʻlib, biroq urush yillarida Hill bilan olib borilgan hamkorlik Faulerning qiziqishlarini nazariy matematikadan fizika tomonga burib yuborganini olim oʻz qaydnomalarida xotirlab oʻtgan. Xususan, u gazlar nazariyasi bilan jiddiy shugʻullana boshlagan va kvant nazariyasiga qattiq qiziqib qolgan. Shu vaqtda mashhur Kavendish laboratoriyasiga Faulerning yaqin doʻsti, yadroviy parchalanishlar “otasi” boʻlmish mashhur olim — Ernest Rezerford rahbarlik qila boshladi. Rezerford Faulerni oʻz laboratoriyasiga matematika boʻyicha maslahatchi lavozimiga taklif etdi va ularning uzoq yillik samarali ilmiy hamkorligi boshlandi. 1921-yilda Ralf Fauler doʻsti va ustozi Rezerfordning qiziga uylandi. U 1922-yildan eʼtiboran, Kembrij universiteti ilmiy noziri lavozimiga tayinlandi. Aynan shu yili u Charlz Galton bilan hamkorlikda oʻzaro taʼsirlashmaydigan zarrachalarning mumtoz statistikasiga bagʻishlangan ilmiy ish bilan shugʻullanishni boshlagan. Mazkur tadqiqotlar samarasi oʻlaroq, statistik integralni yechishning Darvin-Fauler uslubi ishlab chiqildi.
Keyinchalik Fauler mazkur uslubni gazlarda yuqori haroratda sodir boʻlgan kimyoviy dissotsiatsiya hamda ionlanish jarayoni uchun tatbiq etib, bu orqali moddaning ekstremal holatini ham statik mexanika uslubi orqali ifodalash mumkinligini koʻrsatib berdi. Bu esa unda yulduzlar atmosferasidagi gazning ionlashgan holatda ekanligi haqidagi gʻoya paydo boʻlishiga olib keldi. Shunga koʻra, u Oq karliklarning toʻlaligicha ionlashgan gazdan iborat boʻlishini ilmiy taxmin qilgan edi. Olim bu ishi orqali keyingi rivojlanish bosqichida yulduzlarni tashkil qiluvchi moddaning ideal gaz qonuni va ionlanish jarayonidan ogʻishini eʼtiborga olgan holdagi yondashuvi bilan ochib berishga uringan. Uning Oq karlik haqidagi ishi zamonaviy “Oq karlik” nazariyasining boshlangʻich asosi boʻlib xizmat qilgan. Shuningdek, Faulerning statik mexanika uslubini tatbiq etgan boshqa bir sohasi fizika va kimyo fanlari tutashgan sarhadda joylashuvchi kuchli elektrolitlar nazariyasi boʻlgan. Olim matematika sohasida ham Riman R funksiyasining kubik oʻzgartirilishi borasidagi ilmiy tadqiqoti bilan mashhur boʻlgan edi. Faulerning qator ilmiy ishlari qotishma, eritma va magnitlardagi faza oʻtishi masalasiga bagʻishlangan.
Bundan tashqari, olimning yadro fizikasi sohasidagi ogʻir elementlarda gamma-nurlanish yutilishi, vodorodni elektrolitik usul bilan parchalash kabi yoʻnalishdagi qator ilmiy tadqiqoti oʻz davri uchun eng ilgʻor ilmiy yutuqlar sirasida boʻlgan. Shuningdek, u zaryadlangan zarrachaning mass-spektrografdagi fokuslanishi nazariyasini (Frensis Aston bilan birgalikda) rivojlantirgan hamda avtoelektron emissiya hodisasi haqida tushuntirish berib, oʻz nomi bilan ataluvchi Fauler-Nordgeym tenglamasini keltirib chiqargan. Ralf Fauler kvant nazariyasining ashaddiy tarafdorlaridan biri sifatida ushbu nazariyaning Britaniyada rivojlanishi uchun katta ilmiy saʼy-harakatlar olib borgani tahsinga sazovordir. Chunonchi, u kvant nazariyasi mohiyatiga oid bir necha asosiy maqola va risolalarni nemis tilidan ingliz tiliga oʻgirib nashr ettirgan va Olmoniyaning koʻzga koʻringan, yetuk kvantchi olimlarini Britaniya universitetlariga taklif qilgan. Undan tashqari, Fauler kvant kimyosining shakllanishida asosiy poydevorni qurgan olimlar qatoriga kiradi.
U 1932-yilda Kavendish laboratoriyasida yangi taʼsis etilgan unvon va lavozim — nazariyot boʻlimi professori oʻrniga ishga oʻtdi. Shu yilda u oʻzining eng katta ilmiy yutuqlaridan biri — termodinamikaning nolinchi bosh qonunini shakllantirdi va ilm-fan jamoatchiligiga eʼlon qildi. 1932-yildan boshlab, olim suvning molekulyar struktura tuzilishi borasidagi ilmiy izlanishlarini olib bordi (Jon Bernal bilan hamkorlikda). Uning suv molekulasining tetraedr shaklida tuzilishi va undagi vodorod bogʻlanishlarining oʻzaro bogʻliqligi haqidagi gʻoyalari, suv va muzning koʻplab xossalari mohiyatini anglashga katta yordam bergan. Oʻsha yillari Faulerning ion eritmalarning termodinamik xossalari, xususan, suvdagi vodorod ionlarining harakatlanishiga oid fundamental ilmiy maqolalari eʼlon qilingan.
1938-yilda Ralf Fauler Teddingtondagi Milliy fizika laboratoriyasiga rahbarlikka tayinlandi. Lekin Fauler salomatligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra lavozimdan voz kechdi. 1939-yilda Ikkinchi jahon urushining boshlanishi tufayli u harbiy qoʻmondonlik va dengiz admiralligi bilan hamkorlikni tikladi, artilleriya boshqarmasi uchun qator yangi ishlanmalari bilan yordam berdi. Xususan, u havo hujumidan himoya masalalarida, radarlarni takomillashtirish boʻyicha katta amaliy samara bergan ishlanmalarini yetkazib berdi. Bu borada u Britaniyaning okean ortidagi ittifoqdoshlari — AQSh va Kanada olimlari bilan ham faol ilmiy-texnikaviy hamkorliklar olib bordi, ularning yutuqlarini ham oʻz ishlanmalari uchun tatbiq etdi.
1942-yilda Faulerga mamlakat harbiy qudratini oshirish yoʻlida qilgan xizmatlari uchun qirollik tomonidan ritsarlik maqomi va “Ser” unvoni berildi. U umrining soʻnggi kunlarigacha artilleriya uchun yangi ishlanmalarni tatbiq etish va ballistika masalalarida mavjud masalalarni takomillashtirish boʻyicha jiddiy ishlagan. Ralf Govard Fauler oʻz ilmiy faoliyati davomida katta ilmiy maktabga asos solgan boʻlib, keyingi davrlarda ilm-fan uchun ulkan xizmat qilgan olimlar, xususan, Pol Dirak, Duglas Hartri, Lennard-Jons kabilar shular jumlasidandir. Faulerning koʻplab shogirdlari oʻz sohalarida Nobel mukofotlarini qoʻlga kiritgan. Ralf Govard Fauler 1944-yilning 28-iyulida Kembrijda vafot etgan. Uning nomini abadiylashtirish maqsadida, Oyning teskari tomonidagi kraterlardan biriga Fauler nomi berilgan hamda Antarktida yaqinidagi orollar guruhi “Fauler arxipelagi” deb nomlangan.
Muqova suratlar: cudl.lib.cam.ac.uk / wikipedia.org