3
Ulashish
1024 marta koʻrilgan
1940–2022
Pele
Pele (haqiqiy ismi — Edson Arantes du Nasimentu) nomi butun erkak aholisi futbol oʻynaydigan Braziliya uchun shunchaki timsol emas, balki topinish va faxrlanish obyektidir. Pele oʻz xalqining bunday cheksiz mehriga toʻlaqonli loyiq shaxs boʻlib, aynan u Braziliya terma jamoasini 3 ta jahon chempionatida gʻalabaga olib chiqqan. “Pele Braziliyaning Tres Korasayes nomli kichik shahrida tugʻilgan. Uning otasi professional futbolchi boʻlgan, lekin Diko (oilada Peleni shunday chaqirishardi) tugʻilganidan bir necha yil oʻtgach otasi oyogʻidan jiddiy jarohat olib, karyerasini toʻxtatishga majbur boʻladi. U shahar kasalxonasida sanitar boʻlib ishlay boshlaydi, baʼzida esa mahalliy futbol jamoada oʻynab ham turadi.
Diko futbol oʻynashni bolaligidan (faqat boʻsh vaqti boʻlganida) boshlagan. U ota-onasiga yordam berish uchun bir vaqtning oʻzida ham maktabda oʻqib, ham poyabzal tozalashga majbur boʻlgan. Pele futbol karyerasini oʻz shahrining oʻsmirlar jamoasida oʻynashdan boshlagan. Jamoa Avalon kubogi uchun nufuzli futbol musobaqasida gʻolib chiqqach, yosh iqtidorli futbolchi Bauru shahri yoshlar jamoasiga taklif qilinadi (bu paytda u oilasi bilan mazkur shaharga koʻchib kelgan edi). Jamoa murabbiyi mashhur futbolchi Voldemar do Britu boʻlgan.
Aynan oʻsha yerda Pele professional futbol bilan shugʻullana boshlaydi. Klub nomi ham shahar nomi kabi “Bauru” deb atalib, shu yerda yosh futbolchi “Pele” laqabini oladi. Portugal tilidan tarjima qilinganda bu “moʻljalga urolmaydigan” degan maʼnoni anglatib, Pelega nisbatan bu laqab hazil tariqasida ishlatilgan. Yigit shunchalik istiqbolli futbolchi boʻlib chiqadiki, 1956-yil 16 yoshida mashhur “Santos” futbol klubi u bilan ilk shartnomani imzolaydi. Shuning uchun Pele boshqa shaharga koʻchib oʻtib, mustaqil hayot boshlashiga toʻgʻri keladi va u haqiqatan ham ota-onasi uchun tayanch boʻlib, matchdan topgan pulining katta qismini ularga yubora boshlaydi. Birinchi xalqaro matchda Argentina terma jamoasi bilan oʻynashga toʻgʻri kelgani uchun oʻyin jiddiy sinovga aylanadi. Biroq aynan Pele 2 ta gʻalaba golini kiritib, jamoaning jahon chempionatida gʻalaba qozonishiga sababchi boʻladi.
Oʻsha paytda Pele jahon chempionatining 3 ta gʻalabali oʻyinida qatnashgan yagona futbolchi edi, uning saʼy-harakatlari tufayli Braziliya terma jamoasi 1958-, 1962- va 1970-yillarda jahon chempioni boʻladi. 1970-yil Pelening karyerasi uchun juda muvaffaqiyatli keladi, chunki oʻsha yili u oʻzining 1000-golini urib, jahon futbol tarixidagi eng muvaffaqiyatli oʻyinchiga aylanadi. Bungacha u 1958-yilda mavsum davomida 53 ta gol urgan edi. Pelening futbol karyerasi ancha uzoq — taxminan 1970-yillarning oʻrtalariga qadar davom etadi. U bir necha bor sportni tark etib, yana qaytib kelar, faqat 1974-yilga kelibgina Braziliya terma jamoasida oʻynashni yakunlagan.
Pelening natijalari hayratlanarli, u “Santos” klubi safida 1 114 ta oʻyinda ishtirok etib, 1 088 ta gol urgan isteʼdodli futbolchi boʻlgan. Umumiy hisobda esa 1 282 ta oʻyin oʻtkazib, 1 364 ta gol urgan Pele Braziliya terma jamoasi safida 100 marta maydonga tushgan va bu uchrashuvlarda 97 ta gol kiritib, tom maʼnoda mamlakat milliy qahramoniga aylangan. “Santos” klubi bilan shartnoma muddati tugagach, Pele Nyu-Yorkning “Kosmos” klubida oʻynay boshlaydi. 1977-yilda u Shimoliy Amerika milliy futbol ligasining gʻalaba qozonishiga sabab boʻladi. “Kosmos” klubi bilan tuzilgan shartnoma tufayli Pele oʻz zamonasining eng yuqori maosh oluvchi sportchisiga aylanadi. Shu bilan birga, u Pepsi-Cola kompaniyasi tashabbusi bilan oʻsmirlarga dars bera boshlaydi.
1977-yilda Pele oxir-oqibat sportni tark etishga qaror qiladi va katta futbolni tark etgach, keyingi hayotni taʼlimsiz amalga oshirib boʻlmasligini anglab yetadi. Avval oʻrta maktabni, keyin universitetning iqtisod fakultetini tamomlaydi. Shundan soʻng uning jamoat oldidagi vazifalari doirasi asta-sekin kengayib boradi. Dastlab u yoshlar futbol lageri tarmogʻining rahbari va tashkilotchisiga aylanadi. Keyin unga AQSHda futbolni targʻib qilish vakolati beriladi, soʻng sportning xalqaro elchisi sifatida faoliyat yuritib, sport foyda koʻrish uchun emas, balki xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro tushunishni rivojlantirishga xizmat qilishini targʻib etadi. Pele BMTning yaxshi niyat elchisi hisoblanib, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha konferensiyalarda ishtirok etadi. Shu tarzda oʻzining ulkan mehnati, isteʼdodi va albatta, ambitsiyasi tufayli savodsiz braziliyalik boladan oliy maʼlumotli mashhur siyosatchi darajasiga koʻtariladi.
Pele uzoq vaqt AQSH va Angliyada yashaganiga qaramay, braziliyaliklar oʻz sevimli futbolchisini qoʻyib yuborishni istamaydi. Braziliya hukumati unga sport vaziri lavozimini taklif qilganida Pele roziligini bildiradi. Bu vaqtda AQSH prezidentining sport boʻyicha maslahatchisi lavozimini esa yana bir mashhur sportchi va aktyor Arnold Shvartseneger egallaydi. Ularning oʻxshashlik tomoni shundaki, ikkalovi ham yaxshi jismoniy holatda boʻlishga harakat qilgan. Misol uchun, Pele baʼzan Braziliya terma jamoasi mashgʻulotlarida ishtirok etib turgan.
Pele tomoshabinlarni juda yaxshi his qilardi, shuning uchun 1970-yilda Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionati finalida oʻz oʻyinining bir nechta qiziqarli lahzalarini aniqlik bilan muxlislari uchun takrorlagan. Oʻshanda Braziliya terma jamoasi Italiya terma jamoasini 4:1 hisobda magʻlub etib, uchinchi bor jahon chempioni boʻlgan edi. Qizigʻi shundaki, keyinroq Jahon chempionatida braziliyaliklar finalda yana italiyaliklar bilan uchrashib, gʻalaba qozonib, toʻrt karra chempion boʻlgan. Pele, shubhasiz, koʻp qirrali isteʼdodli shaxs.
1980-yillarda u hatto filmlarda ham muvaffaqiyatli rol oʻynagan, uning ishtirokida “Gʻalaba sari sakrash”, “Asosiy moʼjiza” va “Qutulib boʻlmas zarba” filmlari suratga olingan. Bundan tashqari, u samba uslubida bir necha qoʻshiq yozib, 1988-yilda hatto sport mavzusida “Jahon kubogidagi jinnilik” deb nomlangan roman ham yozishga ulgurgan. Buyuk futbolchi oilaviy hayotda ham baxtga erishgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Avval 26 yoshida Rozmari Chopbiga uylanib, uch farzand (ikki qiz va bir oʻgʻil) li boʻlgan. Biroq keyinchalik taqdir taqozosi bilan ajrashib, Pele ikkinchi bor Assiriya Lemos Seyshasga uylangan. Uning yosh rafiqasi boy va mashhur turmush oʻrtogʻiga egizaklar — oʻgʻil va qiz tugʻib bergan.
Bu ham qiziq: Muhammad Ali
Muqova surat: wikipedia.org