10
Ulashish
930 marta koʻrilgan
1886-yil
Ozodlik haykali
Ozodlik haykali Fransiya davlatidan Amerikaga hadya qilingan doʻstlik sovgʻasi boʻlib, u butun dunyo boʻylab demokratiya va ozodlikning eng mashhur ramzlaridan biri hisoblanadi. Rasman 1886-yilda ochilgan haykal 92,99 metr balandlikda boʻlib, oʻng qoʻlida mashʼala va chap qoʻlida toʻrtburchak taxta koʻtarib turgan Rim ozodlik maʼbudasi — Libertasni tasvirlaydi. Ushbu taxta boʻlagida esa Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan sana Rim raqamlarida “4-iyul 1776-yil” (JULY IV MDCCLXXVI) bitilgan. Haykalning pastki etaklari ostida parchalanib yotgan kishanlar barcha turdagi qullik va zulmning tugaganini anglatadi.
Oʻnlab yillar davomida haykalning ramziy ruhi Qoʻshma Shtatlarga immigrant sifatida kelganlarga umid bagʻishladi, ammo uning mashhur yozuvi ozodlik timsoliga nisbatan ehtirosli tuygʻularni uygʻotishda davom etmoqda. Haykalning asl nomi “Dunyoni yorituvchi ozodlik haykali” boʻlib, u 1865-yilda fransuz tarixchisi Eduard de Labulye tomonidan fuqarolar urushi tugaganidan bir necha oy oʻtgach, Qoʻshma Shtatlarning yangi demokratik ideallarini va mamlakatdagi barcha qullarning ozod etilishini sharaflash uchun sovgʻa sifatida yaratilgan.
Taklifni qizgʻin qoʻllab-quvvatlagan va rassom sifatida tanlangan fransuz haykaltaroshi Frederik-August Bartoldi 1871-yilda haykalni amerikalik siyosatchilar bilan muhokama qilish va uni oʻrnatish joyini bilish uchun AQShga yoʻl oldi. U Nyu York bandargohidagi Bedlou orolini koʻzladi, chunki shaharga kelayotgan barcha kemalar uning yonidan oʻtar edi. Oradan toʻrt yil oʻtgach, de Labule AQShning oʻsha paytdagi prezidenti Ulissess S.Grantdan Bedlou orolidan haykalning rasmiy joylashuv oʻrni sifatida foydalanishni soʻradi.
Yodgorlikni qurish uchun pul toʻplash maqsadida de Labule va Bartoldi Franko-Amerika ittifoqini tuzdi. Fransuzlar haykal uchun, amerikaliklar esa oʻz navbatida poydevori uchun mablagʻ yigʻishga rozi boʻldi. Bartoldi 1875-yilda haykalni yasash jarayonini boshlagan, uning tugallanishi uchun deyarli 10 yil kerak boʻlgan. Ichki temir tayanch qism va tashqarisi esa mis plitalardan yasalgan murakkab tuzilma birinchi marta muhandis Yevgeniy-Emmanuel Viollet-le-Duk tomonidan va u 1879-yilda vafot etgach oʻzining nomi berilgan mashhur minorani qurgan fransuz muhandisi Aleksandr-Gustav Eyfel tomonidan ishlab chiqilgan.
Ogʻirligi 225 tonnaga teng tugallangan haykal 1884-yil 4-iyul kuni Parij shahrida Amerika vaziri Frans Levi Parsons Mortonga taqdim etildi. Kelasi yili haykal mayda boʻlaklarga ajratilgan holda, paroxod bortida Fransiyadan Nyu York shahriga “sayohat”ga otlandi, oʻsha paytda yoʻq boʻlgan tagsupasi esa keyinroq qurib bitkazilgan. Haykal 1886-yil 28-oktabr kuni prezident Grover Klivlend raisligida va 300 ga yaqin kemalarning suv paradi bilan birga tantanali ravishda ochildi. Klivlend haykaltarosh Bartoldiga “Amerikaning ayni paytdagi eng buyuk odami” deb hurmat bajo keltirdi.
Haykal yillar davomida koʻplab oʻzgartirish va takomillashtiruv jarayonlariga uchradi. Haykalning ichkarisiga 1907-yilda dastlabki lift oʻrnatildi va 1916-yilda u elektr energiyasi ulanganidan soʻng birinchi marta yoritildi. Ikkinchi Jahon urushi davrida qorongʻilik qoidalari tufayli ikki yil mobaynida yoritilmadi. Mashʼal 1980-yillarda butkul almashtirildi. Ozodlik haykali 1924-yilda milliy yodgorlik etib belgilandi. 1984-yilda esa YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi. Kongressning 1956-yidagi qoʻshma qarori bilan Bedlou oroli “Ozodlik oroli” deb qayta nomlandi.
“Yangi Koloss”, yaʼni poydevorga kiraverishda yozilgan sonet 1883-yilda shoir Emma Lazarus tomonidan loyihaning qolgan qismidan ortda qolgan poydevor qurilishiga pul yigʻish orqali toʻplangan mablagʻlar hisobidan yaratilgan. Poydevor 3 yildan soʻng qurib bitkazildi va prezident Grover Klivlendga 1886-yilda Ozodlik xonimini rasman ochishga imkoniyat boʻldi. 1903-yilda unga ramziy sonet bitilgan bronza lavha qoʻshildi va xuddi parchalangan kishanlar singari, u ham erkin jamiyat timsoliga aylandi. Yillar davomida Nyu York orqali Qoʻshma Shtatlarga kirgan muhojirlar toʻlqini haykalni imkoniyatlarga toʻla yangi hayotga “xush kelibsiz” belgisi sifatida koʻrdi, bu esa Libertas xonimga oʻzining laqablaridan biri boʻlgan — “Surgundagilarning onasi” nomini berdi va “Yangi koloss”dagi mashhur satrlar ramziy ruh boʻldi.
Shuningdek, ushbu yodgorlik boshidagi tojda 354 ta pogʻona va 25 ta deraza ham mavjud. Haykal tojidagi yettita nur esa dunyoning mavjud yetti dengiz va qitʼalarini ifodalaydi. Haykal tarkibidagi misning umumiy ogʻirligi 31 tonna, poʻlatning hissasi esa 125 tonnaga teng. Haykalning beton asosi massasi esa 27 000 tonnani tashkil etadi. Yerdan boshlab mashʼalning uchigacha boʻlgan balandlik — 92,99 metr.
Tashrif buyuruvchilar paromga chiqishdan oldin aeroport tipidagi xavfsizlik tekshiruvidan oʻtadi. Ulardan yodgorlikka kirish uchun ikkinchi darajali skrining (boshlangʻich skrining tekshiruvidan keyingi bosqich tekshiruvi boʻlib, rentgen nurlari yordamida xavfsizlik choralari uchun portlovchi va shubhali holatlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan tekshiruv) talab qilinadi. Ozodlik oroli atrofidagi suvlar cheklangan suv zonasi hisoblanadi. Qoʻshma Shtatlar politsiyasi Ozodlik oroliga tashrif buyurgan paromlar (yoʻlovchilarni dengiz yoki daryoning bir qirgʻogʻidagi punktdan ikkinchi qirgʻogʻidagi punktga olib oʻtib qoʻyish uchun moʻljallangan kema, qayiq va sol kabilar) xavfsizligini taʼminlaydi.
Manba: cnn.com Muqova surat: unsplash.com