Orqaga

826 marta koʻrilgan

1832–1923

Gyustav Eyfel

XIX asr oxirlarini haqli ravishda muhandislik sohasi tarixidagi oltin davr deyishadi. Mashhur inshootlarni yaratgan insonlar nomi haqiqatan ham arxitekturaning rivojlanish tarixida oʻziga xos muhim bosqich boʻlib xizmat qiladi. Ehtimol, shu sababdan Eyfel keng ommaga faqat Parijdagi minora yaratuvchisi sifatida tanilgandir. Aslida, u uzoq umri davomida bundan boshqa yana koʻplab inshootlarni barpo qilgan.

Boʻlajak konstruktor Burgundiyaning Dijon shahrida tugʻilgan boʻlib, otasining shaharda katta uzumzorlari bor edi. Lekin u qishloq xoʻjaligiga qiziqmagani tufayli gimnaziyani tugallagach Parijdagi mashhur politexnika maktabiga oʻqishga kiradi. U yerda uch yil tahsil olgach, Sanʼat va hunarmandchilik markaziy maktabiga oʻtadi va bu maktabni 1855-yilda tugatadi. Oʻsha davrda muhandislik ishi yordamchi soha hisoblangani bois u mashinasozlik firmalaridan biriga ishga qabul qilinadi.

Eyfel oʻzining ilk koʻprigini 1858-yilda loyihalashtiradi. Tirgaklar mustahkamroq boʻlishi uchun ularni qoqishni emas, balki chuqurlikka gidravlik press orqali kiritishni taklif qiladi. Bugungi kunda bu usul murakkab texnik tayyorgarlik talab qilgani bois kam qoʻllanadi. Eyfel uchi 25 metr chuqurlikda joylashishi kerak boʻlgan tirgaklarni yuqori aniqlikda oʻrnatish uchun maxsus moslama yaratishiga toʻgʻri keladi. Koʻprik muvaffaqiyatli oʻrnatilgandan soʻng Eyfel koʻprik quruvchi muhandis sifatida eʼtirof etila boshlaydi va keyingi 20 yil davomida u koʻplab boshqa qurilmalarni yaratadi, bular qatoriga Portugaliyadagi Doru va Sent Luis (AQSh)dagi Missisipi daryolari ustidagi koʻprik kiradi.

Eyfel ilk koʻprigining qurilishida yogʻoch iskanalardan foydalanishni istamaydi va qirgʻoqlardan birida ulkan poʻlat arkani yigʻib, daryoning ikki qirgʻogʻi orasida tortilgan bitta tros bilan birlashtirib qoʻyadi. Bu usul 50 yil oʻtgachgina keng qoʻllana boshlaydi. Eyfelning eng original loyihasi Fransiya janubidagi Tyuyer daryosi boʻylab oʻtgan viaduk (transport harakatlanishi uchun togʻ, adir, jarlik tomonda tosh, temir-betondan qurilgan koʻprik) boʻldi. Bu loyihaning murakkab jihati kengligi 165 metr keladigan chuqur togʻ jarligini yopishga toʻgʻri kelishidan iborat edi. Bu taklifni bir nechta muhandislarga berishadi, lekin faqat Eyfel taklifni qabul qiladi. U butun jarlikni ikkita beton ustunga tayanib turadigan, bitta ulkan arka bilan yopishni taklif qiladi. Arkani qurishda barcha hisob-kitoblar shunchalik aniq olinadiki, montaj jarayonida uning ikki qismi millimetrning oʻndan bir qismigacha aniq tushadi. Bu koʻprikning qurilishi Eyfel uchun yaxshi maktab boʻldi. U tanlagan kasbida rivojlanishga yordam beradigan bir qancha koʻnikmalarga ega boʻldi.

Muhandislar jamoasi bilan istalgan konfiguratsiyadagi poʻlat inshootlar loyihasining original metodikasini ishlab chiqadi. Koʻprik qurilishidan soʻng Eyfel Parijda 1878-yilda oʻtkaziladigan ishlab chiqarish koʻrgazmasining bezatish ishlarida qatnashadi. Eyfel va mashhur fransuz muhandisi Dion birgalikda uzunligi 420 metr, kengligi 115 metr va balandligi 45 metr kattalikdagi ʻʻMashinalar zaliʼʼ loyihasini ishlab chiqadi. Uning karkasi naqshli metall qoplamalardan qilingan boʻlib, original konstruksiyaga ega, shisha bogʻlamlardan iborat edi.

Qurilish firmasining rahbariyati Eyfelning loyihasi bilan tanishib, uni amalga oshirishni imkonsiz deb topadi, chunki oʻsha davrlarda bu hajmdagi binolar umuman mavjud emasdi. Shunga qaramay “Mashinalar zali” quriladi. Eyfel olamshumul texnik ishi uchun oltin medal bilan taqdirlanadi. Afsuski, 1910-yilda bu ajoyib inshootni metallolom uchun buzib tashlashadi. Qizigʻi shundaki, u kichik beton ustunchalarga tayanib turgandi xolos. Bu usul konstruktorga gruntning tabiiy parchalanishi oqibatida kelib chiqadigan koʻngilsizliklardan qutulish imkonini bergandi. Keyinchalik Eyfel bu usulni keyingi inshootlari qurilishida ham qoʻllaydi.

1889-yildagi Parij koʻrgazmasi uchun shaharning arxitektura sohasida peshqadam inshootiga aylanishi koʻzda tutilgan metall minora qurishni taklif qiladi. Bunda ham yangicha muhandislik usulidan foydalanadi. 300 metr balandlikdagi minora nozik metall elementlardan yigʻilib, perchin bilan birlashtirilgandi. Uning yarimshaffof koʻrinishi xuddi shahar ustida uchib turgandek tasavvur uygʻotardi. Lekin hozir Parijda bu mashhur minorani koʻrmasligimiz ham mumkin edi. 1888-yil fevralida, minora qurilishi eʼlon qilinganiga bir oy boʻlganida koʻrgazma komiteti raisiga bir guruh yozuvchi va rassomlar tomonidan imzolangan norozilik xati keladi. Ular minora shahar qiyofasini buzadi, deya qurilishni rad etishni talab qilardi. Lekin mashhur fransuz arxitektori T. Alfan adolatli tarzda minora nafaqat koʻrgazmada, balki butun shahar uchun ham eng yaxshi inshootga aylanishini taxmin qiladi. Darhaqiqat, uning taxminlari yigirma yil oʻtib amalga oshadi. Minorani Eyfel sharafiga nomlashadi va u Parijning timsoliga aylanadi.

Eyfel minorasining qurilish jarayoni / wikipedia.org

Minora qurilishida Eyfel koʻrgazmada Amerika pavilyonini bezatayotgan mashhur amerikalik arxitektor T. Bartoldi bilan tanishib qoladi. Amerika pavilyonining markazida ozodlikni ifodalaydigan bronza haykal qad rostlagandi. Koʻrgazma tugagach, bu haykalning hajmi 93 metrgacha kattalashtirilib, Fransiya tomonidan AQShga sovgʻa qilinadi. Lekin uni moʻljallangan joyga yetkazib berishganda, uning montaji uchun poʻlat karkas kerakligini bilib qolishadi. Bu karkasni Eyfel ishlab chiqa boshlaydi, chunki bu vaqtda u inshootlarning shamolga qarshi tura olish xususiyati boʻyicha tajribaga ega yagona muhandis edi. U yaratgan karkas shunchalik mukammal chiqadiki, haykal mana yuz yildan ortiqroq vaqt davomida okeanning kuchli shamollariga qarshi turmoqda. Bir necha yil avval uni qayta taʼmirlashganda Eyfelning hisob-kitoblari kompyuter yordamida tekshirib koʻriladi. Eyfel yaratgan karkas mashina taklif qilgan karkas bilan toʻla mos keladi.

Ikki xalqaro koʻrgazmadagi gʻalabadan soʻng Eyfel oʻzini ilmiy faoliyatga bagʻishlaydi. Kichik Otel shaharchasida shamolning turli inshootlarga taʼsirini tadqiq qiladigan dunyodagi birinchi laboratoriyani tashkil qiladi. Eyfel oʻz inshootlari modelini aerodinamik quvurga joylagan ilk arxitektor edi. Eyfel tom maʼnoda muhandislik sanʼati ensiklopediyasi desa boʻladigan seriyali tadqiqotlarida oʻz ishlari natijasini tasvirlab beradi.



Muqova surat: wikipedia.org