9
Ulashish
827 marta koʻrilgan
1840–1926
Oskar Klod Mone
Klod Mone uzoq umr kechirdi va shu umri mobaynida tasviriy sanʼatda yangi oqim yetakchisiga aylanishga ulgurdi. Mashhurlikka erishishdan avval u qashshoqlik, tan olinmaslik va mazax alamini totib koʻrdi. Afsuski, rassom oʻz mashhurligini boshidan oʻtkazib boʻlgandi: umri davomida oʻz gʻoyalarining eskirishiga guvoh boʻlsa-da, ularga umrining oxirigacha sodiq qoldi.
Mone Parij shahri, baqqol oilasida tugʻilgan. Tugʻilganidan soʻng oilasi Fransiya dengiz kuchiga mahsulot yetkazib berish bilan shugʻullana boshlagan. Klod oʻn yoshga toʻlgach, oila Gavr shahriga koʻchib oʻtadi. Maktabda uning rassomlikka qobiliyati borligi ayon boʻladi, avvaliga unda karikatura yoʻnalishida iqtidor namoyon boʻladi. Klod maktabni yoqtirmasdi va darsda ustozlarining sharj (masxaraomuz) rasmlarini chizish bilan kayfiyatini koʻtarardi.
Ilk karikaturasini oʻz ustozining galereyasida sotishga muvaffaq boʻlgan. 16 yoshida u bir zumda tayyor boʻluvchi portretlar chizish orqasidan oʻz choʻntak xarajatlari uchun pul topa boshlagandi. Maktabni bitirgach, Mone tasviriy sanʼatni oʻrganishda davom etdi va Ejen Budendan rassomchilik sabogʻini ola boshladi. Tez orada ota-onasi uni Syuisa Parij akademiyasiga kiritadi, u yerda boʻlajak rassom koʻzga koʻringan Kamila Pissarro bilan birga tahsil oladi. Parijliklarning ijtimoiy hayoti koʻpincha qahvaxonada oʻtardi. Aynan oʻsha yerda uchrashuv belgilanar, eski qadrdonlar yigʻilardi.
Mone Parijga oʻrnashib olgach, qahvaxonalarga tashrif buyura boshlaydi va tez orada u yerda Sharl Bodler, Alfons Dode, Gyustav Kurbe, Emil Zolya, Edgar Dega, Paul Sezani va shu kabi mashhur rassom, shoir, yozuvchilar bilan tanishadi. Ularning baʼzilari bilan umrining oxirigacha aloqani saqlab qoladi.
1860-yilda Mone majburiy harbiy xizmatni Shimoliy Afrikada joylashtirilgan togʻ ovchilari rotasida oʻtay boshlaydi. Lekin ikki yil oʻtgach, u jiddiy xastalikka yoʻliqadi. Ota-onasi oʻgʻlini harbiy xizmatdan pul toʻlab boʻshatib oladi. 1862-yilda Mone Parijga qaytadi va Sharl Gleyr studiyasida shugʻullana boshlaydi. Bu vaqt davomida Pyer Renuar, Alfred Sisley va Frederik Bazil uning sanʼatdagi doʻstlariga aylanadi.
1865-yili ota-onasi Monega koʻmaklashishni toʻxtatgan vaqtda u Renuar va Bazil bilan birga ijaraga studiya oladi. Ular birgalikda “Impressionistlar ilk koʻrgazmasi” nomini olgan galereyada oʻz suratlarini taqdim qiladi. Mone ogʻir damni boshdan kechiradi, hatto yaqin kishilari ham uning kelajagiga shubha bilan qaray boshlaydi. Oxir-oqibat unga muvaffaqiyat nasib qiladi. Rassomning ikki surati Salon koʻrgazmasiga qabul qilinadi. Lekin u 1866-yilda oʻzining 200 asarini kreditorlar qoʻliga tushmasligi uchun yoqib yuborishga majbur boʻladi.
Avvaliga Mone ijodi tanqidchilarning keskin salbiy munosabatiga sabab boʻladi. Uni hatto telbaga ham chiqarishadi. Lekin u oʻz maqsadi tomon qatʼiyat bilan harakat qiladi. Rassom salkam 50 yoshga kirganida yangi oqim — impressionizmning tan olingan yoʻlboshchisiga aylangan. Oskar tabiat plenarida chizish texnikasini ishlab chiqqan ilk rassomdir. U hatto bir necha kun va haftani qayiq yoki qirgʻoqda oʻtkazar, kunning turli qismida tabiatning kichik oʻzgarishini ilgʻab olish uchun harakat qilardi.
“Tabiatdan olingan uch qoralama studiyada molbert (rasm chizish uchun doska) bilan ishlangan ikki kunga teng”, — deb aytgan edi Mone. U tabiat oʻzgaruvchanligi bilan qiziqar va ayni bir joyning yoz, qish, kuz va bahordagi holatini tasvirga muhrlab, bir qator seriyalar yaratgan. 90-yillarda yaratilgan “Ruana sobori” va Londondagi Temza daryosiga bagʻishlangan seriyalar shular jumlasidandir.
Rasomning ajoyib bogʻli uyi Normandiyadagi Jiverni qishlogʻida joylashgan. Keyinchalik bu yerda muzey tashkil etilgan. Jiverni qirq yil davomida rassomga ilhom manbai boʻlib xizmat qilgan. Klod Monening nilufar gullarni tasvirlagan seriyasi — koloristika jihatidan juda mashhur. Bundan tashqari, rassom Fontenblo oʻrmoni va Monfler xiyobonida ham chizishni yoqtirgan.
Mone original texnikani yaratadi: u yorqin, toza va ancha mayda ajratilgan surtmadan foydalanar, ular ham xolst (tabiiy mato) da aralashmasdan namoyon boʻlardi. Ular muallifning bevosita tasavvurini aks ettiradi. Monening “Taassurot. Kun chiqishi” (1872) peyzaji dasturiy deb sanaladi. Aynan shu suratdan impressionizmning nomi kelib chiqqan (inglizcha “impression” — taassurot).
Mone doim yorqin rangni xush koʻrgan. Suratlarining orqa foni ham boshqa rassomlarniki kabi toʻq boʻyoqda emas, aksincha rangli, masalan, koʻkish boʻlgan. U ijodda qora rangdan foydalanmagan, chunki rassom hatto soya ham qandaydir rangga boʻyalgan boʻladi, deb hisoblagan. Uning ilk suratidan biri boʻlgan Sen-Lazar vokzalining tutun chiqib turgan paravozlari bilan tasvirlangan asari ham qiziqarlidir. U uchun asosiysi suratning tomoshabin tomonidan qabul qilinishi edi. Shu sababli u peyzajlarida bir holatning turli vaqtdagi koʻrinishini yetkazib berishga urinardi. Yangicha yoritilgan predmetlar unga qoʻshimcha ilhom manbai boʻlib xizmat qilgan.
Shuningdek, u boshqa bir mashhur rassom — Eduard Mane tomonidan boshlangan yorugʻlik bilan oʻyinni davom ettirib, nur va havo tebranishini yetkazib berishga erishdi. Shunday qilib, Mone atrofni oʻrab turgan olamdagi har bir oʻzgarishni aks ettirishga harakat qilardi. Rassomning asosiy ijod janri peyzaj boʻlib qolaverdi. Uning “Parijdagi Kaputsinok xiyoboni” (1873), “Bel-Ildagi qoya” (1886), “Qizgʻaldoqlar dalasi” (80-yillar) suratlari Shukin va Morozov kabi mashhur kolleksionerlar tufayli hozirda Rossiyaning Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.
Monening goʻzal rafiqasi odatda rassom uchun model boʻlib xizmat qilgan. Unga xos xususiyatni Monening mashhur “Ayollar bogʻda” suratida tasvirlangan toʻrt ayol qomatidan ham topsa boʻladi. Kamilla Donsyening portreti boʻlgan “Yashil koʻylakli ayol” surati Emil Zolya eʼtirofiga tushgan.
XX asr boshlarida Mone suratlarida yanada yorqinroq ixtiro koʻzga tashlana boshlangan. Kompozitsiya deyarli bezakli, muayyan predmetlar shakli esa faqat dogʻlar bilan koʻrsatila boshlangan. Masalan, Jivernadagi hovuz tasviri asta-sekinlik bilan mavhum rang kompozitsiyasiga aylanib borgan. Rassom 1914-yildan 1922-yilgacha ishlagan mashhur “Nilufarlar“ suratida ham shu hol koʻzga tashlanadi. Bu pannoni fransuz siyosiy arbobi Klemanso Tyuilri bogʻida joylashgan Oranjeri muzeyi uchun sotib olgan.