5
Ulashish
1031 marta koʻrilgan
1832–1883
Eduard Mane
Edgar Dega va Ogyust Renuar bilan bir qatorda Eduard Manening ijodi ham Buyuk uygʻonish va yangi zamon madaniyati oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini bajardi. U birinchilardan boʻlib, yorugʻlik va kompozitsiya borasida tajriba qilishni boshladi, bu bilan oʻzining mashhur zamondoshi — Klod Mone uchun asosiy ixtiro yoʻllarini ochib berdi.
Mane oʻziga toʻq oilada dunyoga kelgan boʻlib, bogemacha (betartib) hayot tarzida yashaydigan rassom haqidagi tasavvurlarga mos kelmasdi. Tashqi koʻrinishidan u koʻproq obroʻli jentelmenga oʻxshardi.
Eduard Mane (1850–1856-yillar davomida qisqa tanaffuslar bilan) fransuz rassomi va akademigi — Toma Kutyurdan taʼlim olgan. Bundan tashqari, oʻzi mustaqil tarzda Jordjone, Titsian, Diyego Velaskes, Fransisko Goyi, Ejen Delakrua kabilarning ijodini oʻrgangan va ularning taʼsiriga tushgan. Keyinroq baʼzi zamondoshlari kabi yuqorida sanalgan rassomlarning suratlari asosida oʻz kompozitsiyalarini yarata boshlagan.
Mane 1860-yillardan keyingina keng ommaga tanila boshladi. Albatta, bu mashhurlik janjalsiz kechmagandi. 1863-yilda u “Oʻtloq ustida nonushta” va “Olimpiya” suratlarini yaratadi, ammo bu suratlar anʼanaviy maktab namoyondalarining keskin tanqidiga uchraydi. Ular rassom koʻrgazma uyushtirmasligi uchun qoʻlidan kelganini qiladi. Xoʻsh, nega Manening suratlari bunchalar salbiy tarzda kutib olingan? Gap faqat Manening yalangʻoch naturani tasvirlashida emasdi (bunday suratlar avval ham koʻrgazmalarga chiqardi).
Mane allaqachon tanilgan va yaxshi qabul qilingan syujetlarga ega akademizm (taʼlim berishda quruq nazariyaga berilib ketish) uslubiga qarshi chiqqan edi. Shu sabab ham rassom did bilan kiyingan erkaklar oʻrtasida yalangʻoch naturachi (ayol) ni tasvirlab qoʻyadi (“Oʻtloq ustida nonushta”).
Shuningdek, Titsian va Jordjonening mashhur “Koʻzgudagi Venera” suratidagi syujetning Mane tomonidan yangilangan shakli ham kuchli hayratga sabab boʻlgan edi. Naturachi ayol tanasining goʻzalligini taʼkidlash va ranglarning oʻziga xos oʻyinini namoyon qilish uchun rassom avval oʻzaro mos kelmaydi deb hisoblagan xarakterlar — oq va qora tanli ayollarni uygʻunlashtirgan holda tasvirlaydi. Bundan tashqari, Mane oʻz suratlarida ayol tanasining goʻzalligiga nisbatan oʻz qarashini ifodalaydi, bu qarash maʼbudaning anʼanaviy ideal obraziga toʻgʻri kelmasdi.
10 yillikning oxiriga kelib, Mane tasvir usulini keskin oʻzgartiradi va toʻq hamda kontrast ranglardan yorqin va chegarasiz tasviriy sanʼatga oʻtadi. Shu paytdan boshlab, u tabiatda ishlashni boshlaydi. “Arjantey” (1874-yil), “Arjanteydagi Sena qirgʻogʻi” (1874-yil), “Kroket partiyasi” (1873-yil), “Qayiqda“ (1874-yil) suratlari shular jumlasidan edi.
Oddiy Parij hayotidan sahnalar Mane suratlarining asosiy mazmuniga aylanib boradi — “Nana” (1877-yil), “Latyuil otaning qovoqxonasida” (1879-yil). Izdoshlari kundalik hayot mavzusida maishiy sahnalarni yaratish sanʼatini aynan Manedan oʻrganadi. Xuddi rassom bir lahzaga oʻsha insonni toʻxtatib, shu zahotiyoq uning portretini chizgan, ular diqqat qilgan gʻaroyib holatni tasvirlagandek tuyulardi.
Mane oʻz asarlarini kontrast (biron narsani qarama-qarshi qoʻyish, masalan, toʻq rang bilan yorqin rangni ishlatish) da ifodalardi: qahramonni oʻrab turgan yorqin muhitni tasvirlay turib, model silueti aniqligi haqida oʻylab ham oʻtirmas, koʻpincha uni toʻq tuslarda tasvirlardi. Misol uchun, “Foli-Berjerdagi bar” (1881–1882-yillar) suratida u xuddi shunday yoʻl tutgan.
Ijodiy gʻoyasini yetkazib berish uchun Mane keng va alohida joylashtirilgan surtmalar bilan chizishni maʼqul koʻrgan. Shunday boʻlsa ham u ikki reallik: aniq va xayoliy reallikni ajratib koʻrsatgan. Eduard predmetlar va siluet (shakl va narsalarning tekis yuzada yaratilgan bir tusdagi tasviri) ni doim beqaror, miltillab turuvchi va almashuvchan muhitda tasvirlagan.
Mane ijodi xilma-xillikka boy edi. U biror bir janrga ustunlik bermasdi, portretlarni ham, natyurmortlarni ham osonlik bilan chizar, sangvin (oq gildan tayyorlangan qalam) bilan ham ijod qilar va hatto litografik va oʻyma uslubdagi rasmlar yaratardi. Eduard Mane ofort (oʻyma) va litografik (boʻyoqni bosma shakl orqali bosim bilan rasmga tushirish) usulda 1862-yildan ishlay boshlagan.
U deyarli 70 ta oʻyma va 20 ga yaqin litografik surat, yogʻoch oʻymakorligi uchun bir nechta rasm yaratgan. 1862–1874-yillarda yaratilgan oʻyma suratlar seriyasi sotilmay qolgan. Shunga qaramay, Mane grafika tarixida qiziqarli rassom va illyustratsiyalar seriyasi muallifi sifatida qolgan. Ulardan eng mashhurlari Sharl Kro poemasiga qilingan oʻyma va Edgar Poning “Qargʻa” asariga litografik usulda tayyorlangan illyustratsiyalardir.
Mane Stefen Mallarmening “Favnning tushdan keyingi hordigʻi” poemasi uchun ksilografiya (yogʻochga naqsh berish turi) ga suratlar yaratgan. Oʻymada u toʻq rangli keskin siluetga asoslangan sevimli kompozitsiyasini ishlatadi. Bunda siluetning ichida kechayotgan harakatlarni yetkazib beradigan chiziqlar ritmi asosiy oʻrinda edi. Boshqa asarlaridagi kabi rassom avvalo harakat dinamikasini yetkazib berishga qiziqqan, bunga nafaqat asosiy — toʻq va yorqin ranglarni qarshi qoʻyish orqali, balki dogʻlar harakati orqali ham erishgan. Tomoshabin rassomning oʻzgaruvchan moʻyqalami ortidan kuzatarkan, asardagi mantiqni topishga urinadi.
Manening eng qiziqarli oforti (oʻymasi) — “Goʻsht rastasidagi navbat” ham xuddi shu uslubda edi. Rassom ogʻir xastalik tufayli kresloga “mixlanib qoladi” va shunda natyurmortlar uning asosiy ijod janriga aylanadi. Uning natyurmortlari ranglarga boyligi va hayot kuchining kutilmagan tarzda anglanishi bilan hayratda qoldiradi. Bu holat “Billur idishdagi atirgul” (1882–1883-yillar) asarida yaqqol namoyon boʻladi.
Chaplangan hoshiyalardan foydalanish kabi impressionizm (reallikni tabiiy usulda yetkazib berish) uslubi rassomga ranglarning gʻaroyib koʻrinishi va zamondoshlarining ajoyib ifodali portretlarini yaratishga yordam beradi. Mane asarlari guldasta qabul qilish jarayonidagi yuz ifodasini saqlab qolgan. Shuni taʼkidlash kerakki, ijodiy yoʻlining oxiriga kelib, tanqid uning suratlaridagi keskin ifodaviylikka koʻnikdi. Mane hayotligidayoq munosib taqdirlangan. 1881-yilda unga Fransiyaning oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni beriladi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / wikimedia.org