16
Ulashish
571 marta koʻrilgan
1966-yil
Mayk Tayson
Zamonamizning eng mashhur odamlaridan biri, professional bokschi, afsonaviy Mayk Tayson 1966-yil 30-iyun kuni Nyu Yorkning Bruklin shahri, Braunsvill hududida Lorna Mey Smit (1927–1982) va Jimmi Kirkpatrik (1924–1992) oilasida tugʻiladi. Biroq Maykning haqiqiy otasi Jimmi emas, balki yamaykalik Pursel Tayson boʻlib, u bola tugʻilmasidan oldin Lornani tashlab ketgan. Bu haqida Mayk Tayson 38 yoshida xabar topadi, biroq Jimmiga boʻlgan munosabati oʻzgarmaydi, uni oʻz otasidek koʻrishda davom etadi.
Mayk Tayson bolaligida juda ham yuvosh, boʻsh bola boʻlgan, sinfdosh va mahalladagi bolalar ustidan kulsa ham, haqoratlasa ham ularga nisbatan hech qanday norozilik bildirmagan, oʻzini himoya qila olmagan. Biroq 9–11 yoshlarida Maykning tabiatida oʻzgarishlar yuzaga keladi va avvalgi yuvosh boladan kuchli va qoʻrqmas yigitchaga aylanadi. Bir kuni u koʻchada ketayotganida bezori toʻdalardan birining aʼzosi Maykning sevimli kaptarini olib qoʻyib, boshini uzib tashlaydi. Oʻziga nisbatan qilingan bunday hurmatsizlikni koʻrgan Mayk nihoyatda dargʻazab boʻladi va bolaga tashlanadi, uni shafqatsizlarcha doʻpposlaydi.
Shundan soʻng Maykning mahalla oʻsmirlari orasida obroʻyi koʻtarilib ketadi va kichik jinoiy toʻdalardan biriga qabul qilinadi. U bezorilar bilan birgalikda choʻntakkesarlik, mayda oʻgʻirlik va doʻkonlarni talon-toroj qiladi. Koʻp oʻtmay qilgan ishlari uni politsiya va axloq tuzatish muassasalariga yetaklab boradi. Biroq bu hayotining qoʻrqinchli yakuni emas, balki boshlanishi edi. Bir kun axloq tuzatish muassasiga tushib qolgan Mayk u yerda muammoli oʻsmirlar bilan muloqot qilishga kelgan bokschi Muhammad Ali bilan uchrashadi va u bilan suhbatlashadi. Shundan soʻng unda bokschi boʻlish orzusi tugʻiladi.
Bezorilik qilgani uchun Nyu York shimolidagi maxsus maktabga joʻnatilgan Mayk 13–14 yasharlik paytida juda ham chayir va baquvvat boʻlib yetishadi. Bu vaqtda maxsus maktabda sobiq bokschi Bobbi Styuart jismoniy tarbiya fanidan mashgʻulot olib borar edi. Tayson u bilan koʻrishishga muvaffaq boʻladi hamda mashhur bezori boʻlish istagini bildirib, undan alohida shugʻullantirishini soʻraydi. Vaziyatdan foydalangan Styuart Taysonni faqat bir shart bilan, yaʼni tartib-qoidalarni buzmasligi evaziga shugʻullantirishga rozi boʻladi. Shundan soʻng Taysonning xulqi yaxshi tarafga oʻzgara boshlaydi.
Mashgʻulotlar davomida shogirdining oddiygina koʻcha bezorisi emas, balki haqiqiy kuch sohibi va qobiliyat egasi ekanini anglagan Styuart unga yanada kuchliroq ustoz kerak ekanini tushunib yetadi va uni afsonaviy murabbiy Kas DʼAmato bilan tanishtiradi. DʼAmato Mayk bilan muntazam ravishda shugʻullanadi, uning mashhur sportchi boʻlib yetishishi uchun atrofiga professional odamlarni yigʻadi. Yana bir qiziqarli jihati shundaki, DʼAmato Maykning faqatgina oʻqituvchisi boʻlib qolmagan.
Maykning ota-onasi vafot etganidan soʻng DʼAmato va rafiqasi Kamila Evald uni asrab olishga qaror qiladi. Shundan soʻng Mayk ularning uyida yashay boshlaydi, biroq dastlab unga toʻsatdan berilgan erkinlik avvalgi yashash tarziga qaytishiga sabab boʻladi. Lekin DʼAmatoning unga juda qattiq ishonishi sabab oʻzini nazorat qiladi va bezoriliklardan tiyiladi. DʼAmatoning aytishiga qaraganda, Mayk kutubxonadagi boksga oid barcha kitoblarni oʻqir va foydali deb hisoblaganlarini oʻzlashtirishga harakat qilardi. Shu tariqa bruklinlik ashaddiy koʻcha bezorisi dunyo tanigan mashhur sportchi va jahon chempioniga aylanadi.
Faoliyati
Mayk Tayson boksga oʻzgacha imij bilan: musiqasiz, yopinchiqsiz, oddiy kalta ishton va koʻylakda, yalangoyoq koʻrinishda kirib keldi. Dastlab havaskor boksda faoliyatini boshlagan Mayk ogʻir xarakteri va saralash bahslarida 2 bora magʻlubiyatga uchragani uchun 1984-yilgi Olimpiada oʻyinlarida qatnasha olmaydi. Yana 4 yil Olimpiadani kutishni istamagan Mayk professional boksga qadam qoʻyishga qaror qiladi.
Mayk Tayson professional boksdagi ilk jangini 18 yoshida boshlagan boʻlib, 1985-yil 6-mart kuni puerto-rikolik bokschi Ektor Mersedesga qarshi ringga tushgandi. Gʻalabadan soʻng Mayk shu yilning oʻzidayoq yana 15 ta jang oʻtkazadi va ularning barchasida gʻoliblikka erishadi. Endi Maykning oldida eng asosiy vazifa — chempionlik kamarini qoʻlga kiritish turardi. 27 marta ringga chiqqan va ularning barchasida gʻolib boʻlgan Mayk chempionlik kamarini qoʻlga kiritish uchun 1986-yil 22-noyabr kuni Las-Vegas shahrida Trever Berbikka qarshi jangga tushadi.
Trever Berbik juda ham kuchli raqib boʻlib, u mashhur bokschi va qaysidir maʼnoda Taysonning “ilhom parisi” Muhammad Alini 5 yil avval boksdan ketishiga sabab boʻlgandi. Biroq Mayk Tayson ham havaskor bokschilardan emas edi, uning shiddati va kuchi raqibini 30 soniyadayoq qulatishga yetar edi. Jang deyarli shunday yakunlandi ham, ikkinchi raundga chiqqan Trever Maykdan juda kuchli zarbani qabul qilib oldi va oʻrnidan qaytib turolmadi. Shu tariqa Mayk Tayson ogʻir vazn toifasida eng yosh chempion boʻldi va WBS chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi. Berbikning magʻlubiyatidan soʻng Mayk boshqa kategoriyadagi kamarlarni olishga harakat qiladi. WBA kamari uchun super ogʻir vazn toifasida 1987-yil 7-mart kuni Jeyms Smit, 1-avgustda ogʻir vazn boʻyicha IBF chempionligi uchun Toni Takkerga qarshi jangga chiqadi va ularni magʻlub etadi.
Shu tariqa Mayk Tayson 21 yoshida ogʻir vazn boʻyicha mutlaq jahon chempioniga aylanadi. U boksda shiddat bilan harakatlandi, uning jangini koʻrish uchun minglab odamlar turli joylardan oqib keldi. Mayk Tayson boks tarixiga 2 yil-u 5 oy ichida jahon chempioniga aylangan birinchi bokschi sifatida muhrlandi va bu rekordni hozirgacha hech kim yangilay olmadi.
1985-yil 4-noyabr kuni Maykning tutingan otasi, maʼnaviy rahnamosi va ustozi Kas DʼAmato 77 yoshida olamdan oʻtadi. Ogʻir judolikdan soʻng Maykning oʻzini tiklashi qiyin boʻladi. U alkogol va giyohvand moddalarga berilib ketdi, tungi klublarga qatnadi, sport bilan shugʻullanishni esa ortga surdi. Shundan soʻng bu harakatlar oʻz mevasini bera boshladi. 1990-yil 11-fevral kuni Jeyms Duglasga qarshi boʻlib oʻtgan jangda Mayk 8-raundda nokautga uchradi. Bu uning karyerasidagi birinchi magʻlubiyati edi va shu tariqa u barcha kamarlaridan ayrilishga majbur boʻldi. Magʻlubiyatdan soʻng ogʻir ruhiy holatga tushgan Mayk nojoʻya xatti-harakatlarini toʻxtatish, betartib hayotini iziga tushirishga urinmadi. Yana tungi klublar, yana alkogol va yana oʻsha mayda bezoriliklarni davom ettirdi.
Bu hodisalar esa boksdagi faoliyati pasayishiga yetaklab borayotgan edi. 1991-yilda Mayk voyaga yetmagan qizga tajovuz qilishda ayblandi, uni oqlashning ilojisi yoʻq edi. Shu sababdan sobiq jahon chempioni 1992-yil 10-fevralda 6 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi. 3 yil oʻtganidan soʻng qamoqdan chiqqan Mayk obroʻ-eʼtiborini tiklashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi va boks olamiga yana bir bora qayta qadam qoʻyadi. WBA chempioni Bryus Seldon bilan boʻlib oʻtgan jangda gʻolib, Evanderd Holifild bilan boʻlib oʻtgan ringda magʻlub boʻlgan Mayk Tayson juda ham asabiy va gʻazab oʻtida yonar edi.
Chunki u oʻz mavqeyini tiklab olishga juda qattiq kirishgan va buni uddalay olmayotgan edi. Shundan soʻng 1997-yil 28-iyun kuni Evanderd Holifild bilan Mayk Taysonning oʻrtasida revansh (magʻlub tarafning gʻoliblik uchun qayta jang qilishi) jangi boʻlib oʻtadi. Raqibini nokaut qila olmayotganidan gʻazablangan Mayk raqibining qulogʻini 2 marotaba tishlab oladi va bir parchasini uzib oladi ham (voqeadan soʻng tishlangan quloq shaklidagi shirinliklar keng tarqalib ketgan). Hakamlar bu harakatni sezib qolganlaridan soʻng Mayk sportchilik litsenziyasidan ayriladi va uni 1999-yildagina qaytarib olishiga erishadi. Tabiat oʻz qonunlarini koʻrsatganidek, Maykning yoshi ham oʻtib borayotgan edi, shuningdek, uning nosogʻlom turmush tarzi yillar davomida uning sogʻligʻiga taʼsir ham koʻrsatardi.
Asta-sekin u janglarda magʻlub boʻla boshladi, 2005-yilda esa Kevin Makbraydga yutqazib qoʻyganidan soʻng faoliyatini yakunlashga qaror qildi. U otashin sportchi edi, faqatgina yoshlikdagi xatolar uning hayotini biroz qora sahifalarga boyitdi. Uning janrlari takrorlanmas, shiddatli va zavqli edi. Faoliyatini yakunlagandan soʻng bokschi oʻzining yoshlik paytlarini quyidagicha yodga olgan: “Oʻsha paytda bamisoli maxluq boʻlganman. Qoʻlqoplarni kiyib, ringga chiqqanimda shaxsiyatim oʻzgarardi. Mayk Tayson boks tushmasdi, bu boshqa odam edi. Oʻshanda zarbam bilan odamlarni oʻldirib qoʻyishim mumkinligini oʻylamaganman ham, chunki bu qoʻlimdan kelardi. Gavda jihatidan oʻzimdan kattaroq yigitlarga qarshi chiqardim, lekin bunga ahamiyat bermaganman. Meni gʻazab boshqarardi”. Mayk Tayson faoliyati davomida 56 ta jang oʻtkazdi, ularning 50 tasida (44 ta nokaut bilan) gʻolib, 6 tasida esa (5 ta nokaut) magʻlub boʻldi.
Oilasi
Mayk Tayson hayoti davomida 3 marotaba uylangan va bir necha farzandlarga otalik qilgan. U 1988-yil 7-fevral kuni amerikalik aktrisa va model Robin Given bilan turmush quradi. Biroq Maykning turmush oʻrtogʻiga zoʻravonlik qilishi oqibatidan oila 1989-yil fevral oyida ajralib ketadi. Bokschining ikkinchi ayoli amerikalik mashhur pediatr Monika Tyorner boʻlib, ular 1997-yildan 2003-yilgacha nikohda boʻlgan va 2 farzand koʻrgan.
Uning uchinchi ayoli Lakiya Spayser (amerikalik sotsialist) boʻlib, bokschi 2009-yildan beri u bilan birga umr kechirib kelmoqda. Lakiya sobiq jahon chempionining giyohvand moddalardan voz kechishiga yetarli hissa qoʻshdi. Mayk ham bunda ayolining hissasi kattaligi va uni topganidan xursandligini doimo aytib keladi.
Manbalar: wikipedia.org / malumot.ru / daryo.uz Muqova suratlar: globalmsk.ru / assets.gq.ru