2
Ulashish
1046 marta koʻrilgan
1925–2013
Margaret Tetcher
Margaret Tetcher Margaret Roberts ismli baqqol oilasida tugʻilgan. 1944—1947-yillarda Oksford universitetida organik kimyo boʻyicha tahsil olgan. Birmuncha vaqt u kimyo korxonalarida ishlagan, keyin huquqshunoslik kursida oʻqigan. Advokatlik unvonini olish uchun imtihondan oʻtgan va advokatlik faoliyatini boshlagan. U 1959-yilda parlamentga saylangan. Dastlab 1961—1964-yillarda Tetcher Pensiya va milliy sugʻurta vazirligining parlament kotibi boʻlgan.
1970–1974-yillarda u Edvard Xit hukumatida Taʼlim va fan vaziri boʻlib faoliyat yuritgan. 1975-yilda Tetcher konservativlar partiyasi rahbari sifatida Edvard Xitning oʻrnini egallagan va parlament muxolifati yetakchisi boʻlgan. Uning partiyasi 1979-yilgi umumiy saylovda gʻalaba qozongach, Tetcher Britaniyaning birinchi ayol bosh vaziri boʻlgan. U darhol soliqlarni kamaytirgan, biznes ustidan hukumat nazoratini zaiflashtirgan. Keyinchalik Telekom kabi davlat korxonalari xususiy mulkdorlarga sotilgan. Tetcher siyosatining falsafasi va amaliyoti “Tetcherizm” deb nomlangan.
Tetcher 1982-yilda Argentinaning Folklend (Malvin) orollarini bosib olishiga qatʼiy javob qaytargan. Argentina bu yerlarga oʻz huquqlarini daʼvo qilgandan soʻng ingliz qoʻshinlari orollarni egallab olgan. Toʻqnashuv paytida koʻplab Britaniya va Argentina askarlari halok boʻlgan. 1983-yilda Tetcher yana konservatorlarni hokimiyatga olib kelgan va 1987-yilda uchinchi marta saylangan birinchi bosh vazir boʻlgan. Uning tashqi siyosatdagi qattiqqoʻlligi “Temir xonim” laqabini olishga sabab boʻlgan. 1990-yillarning oxirida uning mashhurligi pasaya boshlagan. Tetcher muhim qarorlar qabul qilishda oʻta avtoritar munosabatda boʻlganlikda ayblana boshlagan, shuning uchun u konservatorlar partiyasi rahbari etib saylanmagan va isteʼfoga chiqqan. Uning oʻrnini Jon Meyjorga bergan.
Keyin uning asosiy mashgʻuloti — memuarlar ustida ishlash boʻlib, birinchi nashri allaqachon millionlab nusxalarda chop etiladi. M.Tetcherning taqdiri, birinchi navbatda, Angliya kabi konservativ mamlakatda ayol oʻzi uchun siyosiy martaba yarata olgani uchun qiziqish uygʻotadi. U muvaffaqiyatli tadbirkor Denis Tetcherga turmushga chiqqan va ikki egizak, yaʼni bir oʻgʻil va bir qizni dunyoga keltirganiga qaramay, uy yumushlari bilan shugʻullanmagan. Margaret Tetcher Qirollik jamiyati aʼzosi, Somervill kollejining faxriy professori, Qirollik kimyo institutining faxriy professori boʻlgan. Isteʼfoga chiqqanidan keyin u zodagonlik unvonini ham olgan.
Margaret Hilda Roberts 1925-yil 13-oktabr kuni Angliyaning Grantem shahrida tugʻilgan. Uning otasi Alfred Roberts doʻkonda sotuvchi, onasi Beatris Itel esa tikuvchi boʻlgan. Otasi oʻzining katta maqsadlari bilan ajralib turgan, shuningdek, kuchli irodali xarakter va gʻayrioddiy aql egasi boʻlgan. U oʻz faoliyatini sotuvchilikdan boshlab, bora-bora doʻkon egasiga aylangan, soʻngra shaharning hurmatli fuqarosi sifatida eʼtirof etilgan, keyinchalik hatto shahar meri lavozimigacha koʻtarilgan. Oilada muloyimlik, mehr-muhabbatga oʻrin yoʻqligi Margaretning odamlar bilan munosabatlarda sovuqqon va vazmin boʻlishiga olib kelgan, biroq bu kelgusida uning karyerasiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. “Margaret oilasida ikki qiz boʻlib, ularning ikkalasiga ham otasi “foydasiz” deb hisoblagan mashgʻulotlar, xususan, raqs va yugurish kabilar bilan shugʻullanish taʼqiqlangan.
Margaret besh yoshga toʻlganida uni pianino mashgʻulotlariga berishgan va bu borada yosh qizaloq katta muvaffaqiyatlarga erishgan: u bir nechta mahalliy tanlovlarda gʻolib boʻlgan, shuningdek, Metodist cherkovida akkompaniatorlik qilgan. U otasi tanlagan xususiy maktabda oʻqigan. Yosh qiz oʻqituvchilar orasida hurmat qozongan boʻlsa-da, ularning sevimli oʻquvchisi boʻlmagan. Boʻlajak siyosatchi mehnatsevar, intizomli va tirishqoq boʻlib, aniq mantiqiy fikrlash qobiliyatiga ega boʻlgan. Oʻzining ajoyib xotirasi tufayli matnning hamma qatorlarini yodlab olishi mumkin edi va hattoki faktlarni toʻxtovsiz ravishda keltirib bera olgan. Biroq hech kim unda begʻubor “toʻgʻrilik”dan boshqa biror-bir oʻziga xos xususiyatni koʻra olmagan. Bundan tashqari, sinfdoshlari uni umuman yoqtirmagan, chunki Margaretda bolaligidanoq suhbatdoshi taslim boʻlguncha qatʼiy ohangda gapirish va oʻz nuqtayi nazarini isbotlashdek yoqimsiz bir odat boʻlgan. Shu tariqa boʻlajak siyosatchidagi yetakchilik qobiliyati maktab davridanoq namoyon boʻla boshlagan. Bu yerda u oʻzining oʻtkir zehni va oʻtkirlikda undan kam boʻlmagan tili sababli “tishkovlagich” degan laqab olgan.
1947-yilda Oksford universitetini tugatgach, Margaret kimyo boʻyicha bakalavr darajasini olgan va bir yil oʻtib, 23 yoshida u birinchi marta parlamentga kirishga urinib koʻrgan. Aynan oʻsha paytda u sanoatchi Dennis Tetcher bilan tanishgan, 1951-yilda esa ular oila qurgan. Koʻp oʻtmay, oilada egizaklar Mark va Kerol tugʻilgan, ammo bu Margaretni katta siyosat yoʻlidan toʻxtatmagan: u qoʻlida 4 oylik bolalari bilan huquqshunos diplomini olishga muvaffaq boʻlgan. Keyinchalik u oʻz xotiralarida: “Men toʻliq 9 oy vaqtimni, yaʼni faqat homiladorlik davrimnigina bolalarimga bagʻishladim”, – deb yozgan.
1950-yilda konservatorlar partiyasidan nomzod sifatida siyosiy karyerasini boshlashga boʻlgan birinchi urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan va faqatgina 9 yil oʻtgach, parlamentning Pensiya va milliy xavfsizlik qoʻmitalari raisi lavozimini egallash bilan Tetcher siyosat olamiga kirib kelgan. 70-yillarning birinchi yarmida Margaret hukumatdagi yagona ayol sifatida Taʼlim va fan vaziri lavozimini egallagan. U faoliyatining dastlabki oylaridayoq sohadagi xarajatlarni kamaytirishga urinib, yetti yoshdan oʻn bir yoshgacha boʻlgan maktab oʻquvchilariga bepul sut tarqatish tartibini bekor qilgan va shu tufayli jamoatchilik eʼtiboriga tushgan. Tetcherning bu siyosati koʻplab tanqidlarga sabab boʻlgan va oxir-oqibat Margaret “sut oʻgʻrisi” degan nom olgan. Keyinchalik bu holat haqida u oʻz tarjimai holida shunday deb yozgan: “Men qimmatli saboq oldim. Minimal siyosiy manfaat uchun maksimal siyosiy nafratga duchor boʻldim”.
1975-yil 5-fevralda Londonning The Daily Mirror gazetasida Margaret Tetcher haqida “Temir xonim” nomli maqola chop etilgan. Bu ibora nemischa qiynoq asbobi nomidan olingan boʻlib, ichi poʻlat mixlar bilan oʻralgan temir quti shaklida boʻlgan. Ammo bu ibora birinchi marta Sovet Ittifoqining “Krasnaya Zvezda” gazetasidagi Tetcherning oʻz yurtida “temir xonim” deb atalishi haqidagi maqoladan olingan boʻlib, 1976-yil yanvar oyida inglizlarning The Sunday Times gazetasida chop etilgan. Maqola “ʼTemir xonimʼ qoʻrqitmoqda…” deb nomlanib, bu Tetcherning nutqlaridan birida “ruslar dunyo hukmronligiga intilmoqda” degan bayonotiga nisbatan ularning munosabati boʻlgan. Koʻp oʻtmay, bu taxallus keng tarqalib, ingliz matbuotida tez-tez koʻzga tashlangan, hattoki Margaret Tetcherning oʻzi ham buni qabul qilgan.
1979-yilda konservatorlarning yirik gʻalabasi Margaret Tetcherni Buyuk Britaniyaning birinchi va 2022-yilgacha yagona ayol bosh vaziriga aylantirgan. Tetcher hokimiyatga kelganidan soʻng oldida katta kuch-qudratni koʻrmagan: oʻsha paytlarda mamlakatda inflyatsiya kuchayib, poyezdlar uchun kechikish odatiy holga aylangan, taksofonlar har doim buzuq boʻlib, ish tashlashlar hamma joyda: konchi, port ishchisi, bosmaxonachi, axlat yigʻuvchi va hatto qabriston ishchilari orasida ham tez-tez takrorlangan. Margaret keyinchalik Tetcherizm nomi bilan mashhur boʻlgan yangi iqtisodiy yoʻnalishni amalga oshirish orqali bularning barchasiga chek qoʻyishga qaror qildi. Bu yoʻl pul muomalasini qatʼiy nazorat qilish, byudjetlar mutanosibligi va moliyaviy xarajatlarga “oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib yashash” tamoyiliga muvofiq aql bilan yondashishni oʻz ichiga olgan. Bu inflyatsiyani pasaytirish uchun zarur boʻlib, hukumat oldida turgan asosiy vazifalardan biri boʻlgan.
Ammo ushbu vazifalarni amalga oshirish oqibatida ishsizlikning ortib borish xavfi eʼtibordan chetda qolgan. Uning davrida vazirlik soliqlarni kamaytirish, barcha sohalarda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat xarajatlarini (ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojlar uchun) qisqartirish, korxonalarni xususiylashtirish va kasaba uyushmalari huquqlarini cheklash kabi yoʻnalishlarda ish olib borgan. Garchi inflyatsiya bir maromda ushlab turilgan boʻlsa-da, ammo bu siyosat tez orada ishlab chiqarishning pasayishi, inqirozlar, koʻplab korxonalarning yopilishi va 30-yillarda kuzatilgan Buyuk depressiya darajasidagi ommaviy ishsizlikka olib kelgan. 1981-yilning yozida bir qancha shaharlarda tartibsizliklar boshlanib, buning ortidan Tetcherning mashhurligi keskin pasaya boshlagan.
Ammo 1982-yilda Argentina bilan Folklend orollari uchun mojarodagi muvaffaqiyat uning obroʻsini saqlab qolgan. Harbiy toʻqnashuvdagi gʻalaba jamiyatda konservativ kayfiyatning tarqalishiga hissa qoʻshibgina qolmay, Tetcher “Temir xonim” laqabini bekorga olmaganini ham isbotlagan. Natijada konservatorlar saylovlarda gʻalaba qozonib, oʻzining asosiy “ichki” dushmani — kasaba uyushmalarini magʻlub etishga kirishgan. Shu tariqa kasaba uyushmalarining siyosiy qudrati va ish tashlash darajasini sezilarli darajada zaiflashtiruvchi yangi mehnat qonunlari qabul qilingan. Hal qiluvchi toʻqnashuv davlatga tegishli koʻmir konlarini yopish rejalariga qarshi chiqqan konchilarning ish tashlash harakati boʻlgan.
Bir yil davom etgan ish tashlash 1984-yilda ishchilarning toʻliq magʻlubiyati bilan yakunlangan, chunki hukumat choralaridan qoʻrqqan boshqa kasaba uyushmalari ularga yordam berishga jurʼat eta olmagan. Kasaba uyushmalari qarshiligi ustidan qozonilgan gʻalaba tadbirkorlarning iqtisodiyotni rivojlantirishga sarmoya kiritish istagini yanada oshirgan. Yangi firmalar va ish oʻrinlari, asosan, Angliyaning janubiy tumanlarida yaratilgan, mamlakatning sanoatlashgan shimol va markaziy qismi xarobaga aylangan. U yerdagi eski sanoat korxonalari yopilib, qashshoqlik tez surʼatlar bilan oʻsib borgan, ustiga-ustak ijtimoiy xarajatlarning doimiy qisqarishi tufayli vaziyat yanada ogʻirlashgan.
1987-yilgi saylovlarda shimolliklar konservatorlarga qarshi ovoz bergan boʻlsa-da, ammo ular baribir hokimiyatda qolishga muvaffaq boʻlgan, bu Tetcherga oʻz islohotlarini davom ettirishga imkon bergan. Biroq iqtisodiy oʻsishning toʻxtab qolishi fonida taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlaridagi bozor oʻzgarishlari, shuningdek, ijtimoiy nafaqalarni yanada qisqartirish bosh vazirning obroʻsiga salbiy taʼsir qildi. Natijada 1990-yilda fuqarolarning ommaviy qarshilik harakatlari va zamonaviy Britaniya tarixidagi eng yirik norozilik namoyishlari boshlangan. Oqibatda 1990-yil 22-noyabrda Margaret Tetcher isteʼfoga chiqishga qaror qilgan.
Isteʼfodan soʻng yana ikki yil davomida u Palata aʼzosi boʻlib kelgan, ammo keyinchalik 66 yoshida u parlamentni butunlay tark etgan. 1992-yilda Margaret Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II tomonidan taqdim etilgan Baronessa unvonini olish sharafiga muyassar boʻlgan. Keyingi yillarda u oʻz faoliyatini yozuvchi sifatida davom ettirgan, bir nechta kitoblar, xotiralar nashr etgan, ammo uni xotirjam nafaqaxoʻr deb atash qiyin boʻlgan. Margaret hech qachon oʻz qarashlarini yashirmagan, hukumatni, davlat boshqaruvidagilarni tanqid qilishda davom etib, baʼzi siyosatchilarni ochiqdan-ochiq harakatsizlikda ayblagan. Tetcher hayotining soʻnggi yillarida ogʻir kasal boʻlgan. U 2012-yilda qovuq oʻsimtasini olib tashlash operatsiyasini boshidan kechirgan. Oradan bir yil oʻtib, 2013-yil 8 aprel kuni erta tongda London markazidagi Ritz mehmonxonasida buyuk siyosatchi 88 yoshida insult oqibatida vafot etgan.
Margaret asosan erkaklar egallab kelgan hokimiyat elitasining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan. Buning uchun u butun hayotini qatʼiyat bilan kurashga bagʻishlagan. U imkonsiz ishni amalga oshirgan: kambagʻal doʻkon egasining hatto ichimlik suvi tizimi boʻlmagan uyida oʻsgan qiz erkaklar hokimiyatining yaxshi himoyalangan qalʼasiga bostirib kiribgina qolmay, Buyuk Britaniyaning Bosh vaziri boʻlishga jurʼat eta olgan. Masalaning tub mohiyatini koʻra olish va maqsad sari intilish Tetcherga Angliya konservativ partiyasining yuqori pogʻonasiga koʻtarilishga yordam bergan boʻlsa, qatʼiyat va maqsadlari unga XX asrdagi boshqa Britaniya yetakchilaridan koʻra uzoqroq hokimiyatda qolish imkonini bergan.
Britaniyaning birinchi ayol bosh vaziri sifatida Tetcher kutilganidek koʻp narsaga erisha olmagan, oʻz yoʻlida doimo toʻsiq va qarshiliklarga duch kelgan. Ammo tez orada maʼlum boʻldiki, Tetcher qonunchilikdan ijodiy foydalanish orqali oʻzidan oldingi uchta vazirdan koʻproq narsaga erisha olgan. U davlat iqtisodiyotining tobora choʻkib borayotgan kemasi rulini uning tarafdorlari yoki muxoliflari tasavvur qilganidan ham tezroq va samaraliroq boshqargan. Margaret buni oʻziga boʻlgan mustahkam ishonch, oldindan koʻra bilish qobiliyati, haqiqat va yaxshilikka tayangan holda amalga oshirgan. Baʼzilar uchun Margaret Tetcher bir vaqtlar qudratli Britaniya kasaba uyushmalarini shafqatsizlarcha magʻlub etgan “temir xonim” boʻlsa, boshqalar uchun mamlakatni yaqinlashib kelayotgan inqirozdan qutqargan, liberal gʻoyalar vataniga shaxsiy erkinlik va tadbirkorlarning mustaqilligini qaytargan konservativ bosh vazir boʻlgan. Margaret oʻz mamlakati tarixida oʻchmas iz qoldirdi va butun Britaniya jamiyatining fikrlash tarziga taʼsir koʻrsatdi. Ehtimol, u qoldirgan eng katta meros uning izidan borishni xohlaydigan yosh lider ayollar uchun oʻrnak boʻlganidir. Bu Margaret Tetcherning umr hikoyasi edi.
Muqova suratlar: forbes.ru / kino.24tv