Orqaga

836 marta koʻrilgan

1961–1997

Malika Diana

Malika Diananing hayoti uni xalq malikasi deb tan olgan millionlab kishilar koʻz oʻngida kometa singari nur sochib, oʻtib ketdi. Bu ayolning taqdiri koʻplarga Kuloyim (Zolushka) haqidagi ertakni eslatardi, lekin ertakdagi qahramondan farqli ravishda Diana hikoyasining yakuni fojiali boʻldi.

Diana Frensis Spenser qirol Georg VI va keyin qirolicha Yelizaveta II davrida faxriy qorovul lavozimida ishlagan 8-graf Spenser, Eltorp vikonti (unvon turi) ning 3-qizi edi. Diananing ona tomondan buvisi – Rut Ferma qirolichaning dugonasi va kamer-freylina (saroyga tez-tez tashrif buyurishga yoʻl ochuvchi, obroʻli shaxs qizlariga beriladigan unvon) si edi.

Diana Sandringem nomli ingliz shaharchasi yaqinidagi Park House oilaviy mulkida tugʻilgan. Ota-onasining uyi Buyuk Britaniya qirolichasiga tegishli boʻlgan Norfolk mulki bilan qoʻshni edi. Anʼanaga koʻra, Norfolkda ingliz qirollarining balogʻatga yetmagan farzandlari yashardi. Ota-onasi ajrashganda Diana 6 yoshda boʻlgan va onasi Eltorp vinkontessasi 2-marta tadbirkor P.Kidd bilan turmush qurgan. Bolalar esa otasining qaramogʻida qolgan. Bu ajrim bilan bogʻliq voqea Diananing xotirasida butun umrlik iz boʻlib qolgan.

Tez orada Dianani Yangi Angliya yopiq xususiy maktabiga berishadi, uni bitirgach esa Fransiyada bir necha yil davomida pedagogika va psixologiyani oʻrganadi. Diana Yevropada togʻ changʻisida uchishni oʻrganadi, hamshiralik kurslarini tamomlaydi. Vataniga qaytgach esa oʻzi bitirgan Yangi Angliya maktabida tarbiyachi boʻlib ishlay boshlaydi. Ayni shu davrda u Spenserlar mulkida ov qilib yurgan shahzoda Charlz bilan tanishib qoladi.

Charlz va Diana nikoh marosimi / tch.ru

Bu vaqtda Charlz yetuk shaxs, ingliz taxti vorisi boʻlib, yuqori nasabli oiladan rafiqa tanlashi kerak edi, chunki uning rafiqasi vaqti kelib monarxning ayoliga aylanardi. Diana esa qirollik oilasi uchun eng mos keladigan nomzodlardan biri boʻldi. Oʻz navbatida, u eskicha qarashga ega koʻringan bu yigitga biroz qiziqib qoladi.

Diana romantik tabiatli qiz boʻlib, oʻz uyi va oilasi boʻlishini orzu qilardi. Qiz ota-onasining xatosini takrorlamaslik uchun har qanday qurbonlikka tayyor edi. Vaqt oʻtishi bilan esa u Charlzni chin dildan sevib qoladi. Ularning munosabati rivojlanib boradi, unashtiruv haqida eʼlon qilinadi, 1981-yil 29-iyulda esa Avliyo Pavel cherkovida dabdabali nikoh marosimi boʻlib oʻtadi.

Uels malikasi soʻnggi 300 yilda taxt vorisiga turmushga chiqqan ilk ingliz ayoli edi. Odatda ingliz qirollari chet davlatlardan rafiqa tanlagan. Ammo birgalikdagi turmushning ilk kunlaridanoq Uels shahzodasi va malikasining chiroyli ertagi asta-sekinlik bilan barbod boʻla boshlagandi. Buning bir qancha sabablari boʻlgan. Shahzoda Charlz rafiqasidan 12 yosh katta boʻlib, uning qiziqishi bilan hisoblashmasdi.

Diana sevgi haqida orzu qilar va turmush oʻrtogʻidan ham shunday munosabat kutardi. Lekin qatʼiy qoidalar bosimi ostida ulgʻaygan shahzoda Diana kutganidek hissiyotlarni toʻsatdan namoyon qilishga oʻrganmagan edi. Bundan tashqari, chiroyli, samimiy, oqkoʻngil malika Britaniya qirollik oilasi aʼzolariga xos qattiqqoʻllik xususiyatidan butunlay mahrum edi. Bu haqida malikaning oʻzi ham oʻzini etiket qoidalariga boʻysundirilgan qirolicha rolida koʻrmasligini tan olgan.

Toʻydan keyin Diana tez orada turmush oʻrtoqlik burchini ado qilib, xalqqa merosxoʻr shahzoda – Uilyamni taqdim qiladi. Lekin 2-oʻgʻli – Garri tugʻilgandan soʻng Charlz malla sochli oʻgʻil farzandni emas, qiz farzand xohlaganini aytadi. Farzandlarini qattiq yaxshi koʻradigan Dianaga bu gap ogʻir botadi. Shunday qilib, er-xotin orasidagi “yoriq” kattalashib boradi.

Diana va 2 nafar farzandi / vokrug.tv

Tez orada ingliz matbuoti Charlz va Kamilla Parker Boulz munosabati qayta tiklangani haqida yoza boshlaydi, Charlzning oʻzi Kamillani “hayotimdagi yagona muhabbatim” deya taʼriflaydi. Diana turmush oʻrtogʻi va Kamillaning xatlarini topib olgani ham maʼlum. Bu orada Diananing mashhurligi ortib boradi.

Asta-sekinlik bilan u omma oldiga chiqishga oʻrganadi, nozik didini namoyon qilgan holda talab qilinganidek kiyinishni boshlaydi. Shu bilan birga, malika oʻz qobigʻiga oʻralish, oʻziga ishonchsizlikdan qiynalishni boshlaydi. Bu nevroz oqibatida bulimiya kasalligi – ovqat yeyishga qaramlik shakllanib qoladi. Keyinchalik Diana yordam soʻragani, ammo hech qanday javob olmaganini ham tan oladi.

Bu yillar davomida u bir necha marta oʻz joniga qasd qilishga urinib koʻradi. Oʻz muammolari bilan yolgʻiz oʻzi kurashishiga toʻgʻri keladi, chunki ingliz oilalarida kasallik va yoqimsiz holatlar haqida aytish odat tusiga kirmagandi. Qirollik oilasi esa istisno boʻlishi mumkin emasdi. Millionlab insonlar qalbining malikasi bu oilaga yosh qiz vaqtida kelgan boʻlib, uning tabiati Bukingem saroyida qabul qilingan qatʼiy qoidalarga umuman mos kelmasdi.

Diananing oldida ikki yoʻl bor edi: shu hayot tarziga koʻnish yoki oʻz shaxsiyatini namoyon qilishga harakat qilish. U ikkinchisini tanladi. Diana shahzoda Charlz bilan oʻziga berilgan vazifalarni bajarishda davom etadi, rasmiy tashrifga birga boradi, lekin Diana boshqa tomondan yosh, mustaqil ayol hayotini yashashni ham boshlagan edi.

Bulimiyani yengish uchun u Xarbor sport klubining doimiy mijoziga aylanadi. Bundan tashqari, Diana oʻgʻillariga namuna boʻlishni xohlardi va shu sababdan ham oʻzining ajoyib qomatini saqlardi. Shahzoda Charlz esa yaqindagina oʻgʻillari bilan taʼtilni birga oʻtkazish, changʻida uchib, birgalikda ov qilishni boshlagan edi. Bungacha faqatgina Diana akasi – graf Spenser bilan birgalikda oʻgʻillarining tarbiyasi bilan shugʻullangan edi.

Bolalari ulgʻaygach, Diananing boʻsh vaqti paydo boʻlgandi. Bu vaqtdan malika unumli foydalanadi. 1987-yilda butun dunyo gazetalarida Diananing OITS bilan kasallangan bemorning qoʻlidan tutib turgan rasmi chop qilinadi. Malika OITSʼga qarshi kurash fondining milliy homiysiga aylanadi. Xalqaro Qizil xoch jamiyati oʻtkazgan har bir tadbirda qatnashadi.

Diana va OITS bilan kasallangan bemor / insider.com

Baʼzilar qirollik oila aʼzolari Dianaga oʻzi shugʻullanishni xohlamagan sohalarni topshirgani haqida gapira boshlagandi. Shunday boʻlgan taqdirda ham malika har doim bemorlarga nisbatan samimiy boʻlgan edi. Tez orada u lepra (moxov) ga qarshi kurashish fondiga asos soladi. Ingliz malikasining oʻziga xos taʼsirchanligini birinchi boʻlib oʻzini insonlarga bagʻishlagan, mashhur xayriyachi – Tereza ona payqaydi.

Diananing mashhurligi ortishi bilan Charlzning undan uzoqlashishi kuchayib boradi. U rafiqasi nima xohlayotganini tushunmasdi va uning faoliyatida faqatgina mashhurlikka intilishni koʻrardi xolos. Barchaga sevimli malika uni turmush oʻrtogʻidan tashqari hamma yaxshi koʻrishini tan olishga majbur edi.

Turmush oʻrtogʻining xayrixohligidan umidini uzgan Diana turli kishilar bilan aloqa oʻrnata boshlaydi, ular esa ochiq-oydin undan foydalanadi. Gazetalar qirollik oilasi janjallari haqidagi xabarga toʻlib-toshgandi, chunki 1981-yildan boshlab, er-xotin doimo bir-birini xiyonatda ayblab kelardi.  Oʻz uyida tartib oʻrnatish maqsadida qirolicha Yelizaveta II Charlz va Dianaga ochiq murojaat yoʻllaydi.

Bu ularni yarashtirish yoʻlidagi soʻnggi qadam boʻladi, aslida Bukingem saroyida yashovchilar Dianani ochiq-oydin xushlamasdi. Qirollik oilasi uning ortib borayotgan mashhurligini qabul qila olmadi, aslida Diana nikoh vaqtida unga qoʻyilgan vazifalarni bajarayotgan edi xolos. Diana qirollik sulolasiga eʼtibor olib kelishi kerak edi va u bunga erishdi.

Ammo bu eʼtibor markazida Yelizaveta va uning farzandlari emas, Diananing oʻzi boʻldi. Uning koʻzni qamashtiruvchi tabassumi, chiroyi, qomati fotograflar eʼtiborini tortardi. Malikaning nomi butun dunyo gazetalaridan tushmasdi. Uning doʻstlari qatorida mashhur siyosatchi, kinoyulduz, mashhur modelyer, musiqachi va sportsmenlar bor edi. U prezidentlik saroyi va kasalxonalarning sharafli mehmoni edi.

Nihoyat, 1993-yilda Bukingem saroyi shahzoda va malikaning alohida yashashi haqida rasmiy bayonot berdi. Shu yilning dekabr oyida esa Diana ham oʻz rasmiy burchini kamaytirib, shaxsiy hayotiga eʼtibor qaratishini maʼlum qiladi. Lekin u xayriya va homiylik loyihalaridan voz kechmaydi. Oʻshanda malika Tereza ona bilan shaxsan tanishib, doʻstlashadi, bir necha marta uning yoniga — Kalkuttaga tashrif buyuradi. 3 yildan keyin ajrim jarayoni boshlanadi.

Diana ajrimga qarshi boʻlsa-da, yon berishga majbur boʻladi. 1996-yil 29-avgustda ular rasman ajrashadi. Britaniya qirollik oilasi bilan tuzilgan shartnomaga koʻra, Diana 28 mln dollar oladi va “malika zoti oliyalari” nomidan mahrum boʻladi. Lekin uning oʻgʻli Uilyam taxtga vorislikni saqlab qoladi.

Malikaning yashash joyi sifatida Kensington saroyi belgilanadi. Lekin Diananing mashhurligi zarracha kamaymaydi. Insonlar u haqida hamma narsani bilishni xohlar, jurnalistlar esa deyarli uning har bir qadamini taʼqib qilardi. Bir safar esa Diana ijtimoiy faoliyatini matbuotning nomaqbul harakati sababli toʻxtatishini maʼlum qilishga majbur boʻladi. U hayotini oʻz oʻrniga qoʻyishga bor kuchi bilan harakat qilar va hatto Nyu Yorkdan uy olish fikriga ham kelgandi.

Lekin taqdir u uchun boshqa “tuhfa” ni tayyorlab qoʻygandi. Diananing soʻnggi muhabbati, kelib chiqishi misrlik boʻlgan, ingliz tadbirkorining oʻgʻli – Dodi al-Fayed boʻldi. Malika va uning bolalari bilan birga Fransiyadagi Moviy qirgʻoq boʻyidagi taʼtildan soʻng Dodi qarindoshiga malika unga turmushga chiqishga rozilik bildirgani va yaqin kunlarda unashtiruvni eʼlon qilishini aytadi. Dodi banklardan biridagi seyfga umumiy miqdori 200 mln dollar boʻlgan qimmatbaho buyumlarni qoʻyadi va oʻzi vafot etgan taqdirda bu boylik Diana farzandlariga oʻtishi haqida vasiyatnoma yozadi.

Diana esa bolalariga oʻz qarorini Fransiyadan qaytgach aytmoqchi edi. Parij — sobiq malikani tirik holda koʻrgan soʻnggi shahar. Kechki ovqatdan keyin Diana va Dodi “Mersedes” rusumli mashinada al-Fayedlar oilasining Parijdagi uyiga borish uchun yoʻlga chiqadi. Koʻcha gazetalari uchun ishlovchi fotograflar juftlikni mehmonxona kirishida poylab, ularni mototsiklda taʼqib qilishga oʻtadi. Yuz bergan fojianing bir versiyasiga koʻra, ular taʼqibdan qochish uchun tezlikni oshirgan va Alma tunnelida mashina tayanch ustunga borib urilgan. Zarba shunchalik kuchli boʻlganidan, avtomobil parchalangan metall uyumiga aylanadi. Dodi va haydovchi voqea joyida vafot etadi, Diananing hayotini saqlab qolish uchun esa shifokorlar 6 soat kurashadi. Bu vaqtda Charlz bolalari bilan Shotlandiyada boʻlib, ertalab yetib kelmoqchi boʻladi, ammo ulgurmaydi.

Diana halok bo‘lgan avtomobil / nzherald.co.nz

Diananing dafn qilinishi ham Britaniya qirolligida yangi janjalga sabab boʻlgan edi. Qirollik oilasi sobiq oila aʼzosini avvalgi mavqeiga muvofiq dafn qilishga ancha kech rozilik beradi. Jamoat fikrining bosimi ostida qirolicha Yelizaveta II yon berishga majbur boʻladi. Millionlab insonlar yuragi malikasining tobuti ortidan qirolichaning turmush oʻrtogʻi – Flipp Mauntbetten, shahzoda Charlz va 2 oʻgʻli, shuningdek, Diananing otasi – lord Spenser yurgandi.

Diananing dafn marosimi / gsritual.info

Malika Diananing soʻnggi iltimosiga koʻra, uni Nortgemptonshirdagi Eltorplar oilaviy mulkida, koʻl oʻrtasidagi yakka orolda dafn qilishadi. Xizmat davrida bosh vazir Toni Bler va Diananing singlisi uning xotirasiga madh oʻqiydi, malikaning notigʻi esa butun xalq yuragiga yetib borgan nutq bilan chiqish qiladi. Spenserlar oilasi Diananing hayoti shaxsiy manfaat va mansab ketidan yugurishdan iborat boʻlmaganini koʻrsatib beradi. U oʻz hayotini baxtli va hech qanday etiket meʼyorlarisiz yashashni xohlaydigan, har qanday yosh ayol singari yashab oʻtadi.

Shuningdek o’qing: Mariya Antuaneta

Qo’shimcha manba: Диана, принцесса Уэльская



Muqova suratlar: wikipedia.org / focus.ua