34
Ulashish
1194 marta koʻrilgan
1452–1519
Leonardo da Vinchi
Leonardo da Vinchi koʻplab ajoyib suratlar chizgan, cherkov va saroylarga freskalar bilan bezak berib, bir qancha ilmiy kashfiyotlar qilgan. Agar u faqatgina oʻzining mashhur “Mona Liza” asarini yaratganda ham uni barcha zamon va xalqlarning eng buyuk rassomi deb tan olishgan bo‘lar edi. “Mona Liza” yoki “Jokonda” Parijdagi Luvr muzeyida saqlanadi va sayyohlar uning sirli tabassumini bir bora bo‘lsa ham koʻrish uchun dunyoning har yeridan keladi.
Leonardo da Vinchining asosiy oʻrganish predmeti tabiat edi. Uygʻonish davrida qabul qilinganidek, bu tushunchaga u dunyoni bor boʻyi bilan singdirishga harakat qilgan. U qayd daftarlaridan biriga “Oʻzimga ustoz qilib barcha muallimlarning muallimi — tabiatni tanladim” deb yozgan.
Leonardo kichik Vinchi shaharchasida tugʻilgan, lekin uning bolaligi Florensiyada, florensiyalik amaldorning kotibi boʻlib ishlaydigan otasi Pyetro da Vinchi va unga juda yaxshi munosabatda boʻlgan oʻgay onasining xonadonida oʻtgan. Oʻgʻlining qobiliyatlarini payqagan otasi uni 14 yoshida mashhur rassom va haykaltarosh Andrea Verrokkoga shogirdlikka beradi. Boshqa shogirdlar singari u ustoziga rasmlarni chizishda yordam berib yurgan. Verrokkoning “Choʻqintirish” asaridagi choʻqintiruvchi Ioanning boshi Leonardoning moyboʻyoqdagi ilk ishi ekanligi maʼlum.
1481-yilda Leonardo Milan hokimi Lodoviko Moroning xizmatiga kiradi. Gersog unga suv oʻtkazish va kanalizatsiya tizimining qurilishini nazorat qilishni topshirgani uchun shu yerda ilk marta muhandislik muammolari bilan tanishadi. Shu bilan birga, Leonardo anatomiyaga ham qiziqib qoladi. Mashhur anatom olim Marko Antonio della Torre bilan tanishgach, uning anatomik atlasiga bir nechta suratlar chizib beradi. Rassomning qalamda chizgan suratlari inson tanasining eng kichik qismlarini ham yuksak aniqlikda ifodalagani bilan hayratlantiradi.
Santa Mariya delle Gratsiye monastiridagi “Sirli kecha” freskasi Leonardoning shu davrga oid yirik asari hisoblanadi. Bu asar ustida ishlash jarayonida rassom freska texnikasini mukammal oʻzlashtiradi. Bu suratda Leonardo oʻzini Isoning shogirdlari yuzidagi kayfiyat va xavotirlarni ustalik bilan yetkazib berolgan, diqqatli kuzatuvchi va psixolog sifatida namoyon qiladi.
Milanda u birinchi haykalini — Lodoviko Moroning otasi Franchesko Sfortsaning otdagi portretini yasaydi. Haykalning qanday koʻrinishda boʻlganini Leonardoning suratidan bilib olamiz, chunki haykal fransuz bosqini davrida vayron qilingan edi. Milan fransuz armiyasi tomonidan ishgʻol qilingach, rassom uni tark etadi. Italiya shaharlarining biridan ikkinchiga oʻtib, hech birida uzoq yashab qolmaydi.
1513-yilda Rim Papasi Lev X Leonardoga Rimdagi Belveder saroyiga rasm tushirish taklifini beradi. Rassom oʻsha yerdan Florensiyaga koʻchib oʻtadi. Florensiyada u Palasso Vekkoning katta zaliga rasm chizadi. Uning devorlarida “Angyardagi jang” freskasi joylashgan. Uni yevropacha batalistikaning ilk namunasi deb hisoblashadi.
1516-yildan boshlab, Leonardo qirol Fransisk I taklifi bilan Fransiyada yashay boshlaydi. U Ambuaz shaharchasidan uncha uzoq boʻlmagan Klu qirollik qasrida yashab, 1519-yil 2-mayda vafot etadi. Bu davrda Leonardo mexanika va surat chizishga alohida eʼtibor qaratgan. Aynan Kluda u oʻzining san’atdagi universal til konsepsiyasi ifodalangan, rang-tasvir haqidagi risolasining asosini yaratgan.
Fransiyadagi ijodining eng mashhur namunasi “Choʻqintiruvchi Ioann” asari va Injil tematikasidagi tasvirlar seriyasi hisoblanadi. Shu davrda Leonardo shamol kuchini va kema tezligini oʻlchash asboblarini ixtiro qiladi. Uning koʻplab ixtirolari, jumladan, temirga ishlov beruvchi qurilma, yer qazuvchi mashina, suvosti kemalari, uchuvchi qurilmalar kabi loyihalari oʻz davridan ancha ilgarilab ketgan ixtirolardan edi. Qizigʻi, Leonardo Kopernikning Yer Quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikriga qoʻshilardi.
Masofaga qarab predmet rangining oʻzgarishini kuzatgan Leonardo “Jokonda” (1503-yil) suratidagi peyzaj ustida ishlash jarayonida havo perspektivasi haqidagi nazariyasini ilgari surdi. Unda rassom yosh ayolni tasvirlagan boʻlib, uning qiyofasi bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan tuygʻu va kayfiyat – oʻychanlik hamda orzumandlikni ifodalaydi. Uning lablarida qandaydir sirni biladigan kishining sirli tabassumi namoyon. Florensiyalik badavlat bankir Franchesko delle Jokondoning rafiqasi Mona Lizaning portretini yaratish bilan Leonardo rassomlarning nafaqat tashqi oʻxshashlikni, balki insonning ichki dunyosi goʻzalligini namoyon qilishdek azaliy orzusini amalga oshirdi.
Leonardo qilgan ishlardan koʻpchiligi uning zamondoshlariga maʼlum boʻlmagan. Chunki taʼqiblardan xavotirlangan Leonardo oʻz qaydlarini noodatiy tarzda shifrlagan. Bizning davrimizga kelib, olimlar ularni koʻzgu aksi yordamida toʻla oʻqishga va bu shaxsning insoniyat madaniyatiga qoʻshgan hissasini baholashga muvaffaq boʻldi.
Qoʻshimcha manba: Леонардо да Винчи
Muqova suratlar: terra.com.br / thanhnien.vn