Orqaga

1017 marta koʻrilgan

1896–1968

Konstantin Rokossovskiy

Ulugʻ vatan urushi tarixida Sovet Ittifoqi marshali Rokossovskiy (haqiqiy ismi — Rokossovskiy Konstantin Konstantinovich) nomi koʻplab hujum operatsiyalarini ajoyib tarzda amalga oshirgani sababli saqlanib qolgan. U 1945-yil 24-iyunda Moskvadagi Gʻalaba paradini boshqargan isteʼdodli harbiy qoʻmondon hisoblanadi. Paradni marshal G.K.Jukov qabul qilib olgan va bu 2 ta eng mashhur qoʻmondonlarni birlashtirgan eng yorqin lahzalardan biri edi. Rokossovskiyning hayot yoʻli doimiy koʻtarilish va tushishlardan iborat. Boshqa koʻplab harbiy rahbarlar singari, u Velikiye Luki shahridagi oddiy mashinist oilasida tugʻilgan. U oʻz harbiy yoʻlini Birinchi jahon urushi davrida boshladi: unter-ofitserlar maktabini tugatib, jasorat bilan jang qildi.

1918-yildan Rokossovskiy Qizil armiya safida xizmat qildi. Boʻlajak marshal u yerga ongli ravishda eskadron komandiri sifatida kelgan edi. Ofitserlikdan marshalgacha boʻlgan uzoq yoʻlni bosib oʻtishi uchun unga yarim asrdan sal koʻproq vaqt kerak boʻldi. Fuqarolar urushi tugagandan soʻng Rokossovskiy harbiy islohotlarda faol ishtirok etdi. Keyin esa Frunze nomidagi harbiy akademiyaga oʻqishga yuborildi. U yerda Vatan urushining boʻlajak qoʻmondonlari — G.Jukov va I.Bagramyan bilan tanishish baxtiga muyassar boʻldi. Malaka oshirish kurslarini tugatgandan soʻng Rokossovskiy yana harbiy xizmatga yuborildi va qoʻshin turini oʻzgartirib, otliq brigada komandiri boʻlishga qaror qiladi.

1936-yilda niyatiga yetib, u otliqlar korpusining birinchi komandirlaridan biriga aylandi. Yangi turdagi harbiy qismning rahbarligida koʻp vaqt ishlash nasib qilmadi, chunki 1937-yil avgust oyida u noqonuniy ayblov bilan hibsga olindi va 4 yil qamoqda oʻtirishiga toʻgʻri keldi. Stalin shu yoʻl bilan Birinchi jahon va fuqarolar urushi, Sharqiy Xitoy temiryoʻlidagi janglarda jangovar tajribaga ega boʻlgan harbiy xizmatchilardan qutulayotgan edi. Biroq koʻp vaqt oʻtmay yangi urush tahdidi boshlandi va bu koʻplab taniqli harbiy rahbarlar, shu jumladan, Rokossovskiyni ozod qilish uchun sabab boʻldi.

1940-yil iyun oyida u hibsdan ozod qilindi, partiya safiga qayta tiklandi va general-mayor harbiy unvonini oldi. Rukossovskiy urushning birinchi kunlaridanoq frontda boʻlib, 1941-yil iyul oyida 16-armiya qoʻmondoni etib tayinlandi. Rokossovskiy urushda juda koʻp jasorat koʻrsatdi. Shulardan biri 1941-yilgi Smolensk jangi hisoblanib, u Qizil armiya nafaqat hujum qila olishini, balki dushmanning jangovar tuzilmalarini ham yoʻq qila olishini isbotladi. 16-armiya boʻlinmalari armiya generali Jukov tomonidan ishlab chiqilgan operatsiyani, yaʼni Yelnin toʻsigʻini yoʻq qilishni ajoyib tarzda amalga oshirdi. 16-armiya jangchilari va qoʻmondonlari Moskva mudofaasini tashkil etishda hamda 1941–1942-yillardagi Moskva operatsiyasini muvaffaqiyatli oʻtkazishda asosiy oʻrinni egalladi.

Rokossovskiyning Don fronti qoʻmondonligi ostida Stalingrad gʻalabasiga qoʻshgan hissasi ham kam emas. Biroq nomaʼlum sabablarga koʻra, Stalinning qatʼiy qarori bilan qoʻmondon qamal qilingan dushman guruhini yoʻq qilishdan chetlashtirildi. Shunday boʻlsa-da, kelajakda u strateg sifatida oʻzining ajoyib isteʼdodini Kursk jangida, Belorussiya, Sharqiy Prussiya va urushning boshqa yirik operatsiyalarida koʻrsata oldi. Rokossovskiy urushning soʻnggi bosqichida Birinchi Belorussiya frontiga qoʻmondonlik qildi, u Berlinga bostirib kirishi kerak edi. Ammo Stalin operatsiya boshlanishidan biroz oldin Berlin operatsiyasini tashkil etish va oʻtkazishni Jukovga buyurdi. Natijada Rokossovskiy Ikkinchi Belorussiya fronti qoʻmondoni etib tayinlandi. Shunga qaramay, u Ulugʻ vatan urushining soʻnggi jangida oʻzini aʼlo darajada koʻrsatdi va qilgan xizmatlari uchun Suvorov hamda Kutuzov ordeni, shuningdek, ikkinchi raqamli Gʻalaba ordeni bilan taqdirlandi.

Urushdan keyin Rokossovskiy Shimoliy kuchlar guruhiga qoʻmondonlik qildi, bu aslida sharafli surgunni anglatardi. Keyinroq 1949-yil oktabrida Polsha hukumatining iltimosiga binoan Polshaga yuborildi va Milliy mudofaa vaziri hamda mamlakat Vazirlar kengashi raisining oʻrinbosari etib tayinlandi. Aslida Rokossovskiy uchun bu juda qiyin lavozim edi, chunki u eski Polsha armiyasi zobitlariga qarshi repressiv (jazolovchi) siyosat olib borishi kerak edi. Biroq Rokossovskiy ogʻir sinovli sudya va jallod taqdiridan qutulish yoʻlini topdi. Shunday ogʻir vaziyatda ham ushbu madaniyatli va oʻqimishli shaxs polshalik harbiy va siyosatchilar bilan til topisha oldi. Faqat 1956-yildagina u SSSRga qaytishga muvaffaq boʻldi va deyarli darhol Mudofaa vazirining oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu paytda vazir lavozimini uning eski hamkasbi G. Jukov egallab turgan edi.

Biroq 1957-yilda Jukov hukumat noroziligiga uchragach, Rokossovskiyning taqdiri yana keskin oʻzgardi. U vazir oʻrinbosari lavozimidan chetlashtirilib, Kavkazorti harbiy okrugi qoʻmondoni etib tayinlandi. Koʻp vaqt oʻtmay uni yana Moskvaga chaqirib olishdi va avvalgi lavozimiga tiklashdi. Ammo endi sogʻligʻi sababli u bu lavozimda uzoq vaqt ishlay olmadi va Mudofaa vazirligining bosh inspektorlari guruhiga oʻtishga majbur boʻldi. Bu buyuk sarkarda, haqiqiy askar va isteʼdodli strategning harbiy tarjimai holi mamlakat tarixi, sovet armiyasining shakllanishi va harbiy fan bilan chambarchas bogʻliqligi diqqatga sazovordir.



Muqova suratlar: wwii.space / mir24.tv