
5
Ulashish
97 marta koʻrilgan
1904–1967
Robert Oppengeymer
Julius Robert Oppengeymer (1904-yil 22-aprelda AQShning Nyu York shahrida tugʻilgan, 1967-yil 18-fevralda Nyu Jersidagi Prinstonda vafot etgan) — amerikalik nazariy fizik va ilm-fan maʼmuri, atom bombasini yaratish paytida Los Alamos labaratoriyasining rahbari (1943–1945-yillar) va Prinston shahridagi Istiqbolli tadqiqotlar instituti direktori (1947–1966-yillar) sifatida faoliyat yuritgan. Davlatga xiyonat qilish haqidagi ayblov sabab u xafvsizlik ruxsatnomasi va AQSh hukumatining eng yuqori boʻgʻinidagi maslahatchi lavozimidan mahrum etiladi. Bu ish olimlarning hukumatdagi roli bilan bogʻliq siyosiy va axloqiy masalalarga taalluqli boʻlgani uchun ilm-fan olamida shov-shuvga aylandi.
Dastlabki hayoti va taʼlim
Oppengeymer Nyu York shahrida toʻqimachilik mahsulotlarini import qilish orqali boylik orttirgan nemis muhojirining oʻgʻli edi. U Garvard universitetining bakalavriatida oʻqiyotgan payti lotin va yunon tillari, fizika hamda kimyo boʻyicha yuksak natijaga erishgan, sheʼrlari chop etilgan, Sharq falsafasini ham oʻrgangan. 1925-yilda oʻqishni tamomlagach, u Kembrij universiteti qoshidagi Kavendish labaratoriyasida atom tuzilishi boʻyicha oʻzining kashshof tadqiqotlari bilan xalqaro miqyosda shuhrat qozongan Ernest Ruterford boshchiligida tadqiqot oʻtkazish uchun Buyuk Britaniyaga joʻnab ketdi. Oppengeymer Kavendishda Britaniya ilm-fan hamjamiyati bilan atom boʻyicha izlanishlar maqsadini ilgari surish boʻyicha hamkorlik qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Maks Born Oppengeymerni Gottingen universitetiga taklif qiladi va u oʻsha yerda Nils Bor va Pol Adrien Mauris Dirak kabi boshqa taniqli fiziklar bilan uchrashadi. Universitetdagi faoliyati davomida Oppengeymer doktorlik darajasini ham qoʻlga kiritdi. Leyden va Syurixdagi ilmiy markazlarga qisqa tashriflardan soʻng u Kaliforniya texnologiyalar instituti va Berkeleydagi Kaliforniya universitetida fizikadan dars berish uchun AQShga qaytdi.
1920-yillarda kvant fizikasi va nisbiylik nazariyasi ilm-fan diqqatiga tushdi. Massa energiyaga ekvivalent boʻlib, u toʻlqinsimon hamda korpuskulyar shaklda boʻlishi mumkinligi oʻsha paytda aniq emas edi. Oppengeymerning dastlabki tadqiqotlari, xususan, atomdan ham kichik boʻlgan zarralar, jumladan, elektron, pozitron va kosmik nurlarning energiya jarayoniga bagʻishlangan edi. U neytron yulduzlar va qora tuynuk ustida ham yangicha tadqiqotlarni amalga oshirdi. Kvant nazariyasi bir necha yil avval taklif qilingandi. Shu sababli uning universitetdagi lavozimi butun faoliyatini shu nazariyaning toʻliq ahamiyatini oʻrganish va rivojlantirishga bagʻishlash uchun ajoyib imkoniyat berdi. Bundan tashqari, u amerikalik fiziklarning butun bir avlodiga taʼlim berdi va uning yetakchilik fazilati va intellektual mustaqilligi ularga katta taʼsir koʻrsatdi.
Oppengeymer va “Manhetten” loyihasi
Germaniyada Adolf Gitler kuchayishi, Oppengeymerda siyosatga nisbatan qiziqish uygʻotadi, U 1936-yili Ispaniyada boʻlgan fuqarolar urushi paytida respublikachilar tarafida boʻlib, u yerda kommunistik talabalar bilan tanishdi. 1937-yilda yuz bergan otasining oʻlimi Oppengeymerga fashizmga qarshi tashkilotlarni subsidiyalash imkonini beradigan boylik qoldirgan boʻlsa-da, Iosif Stalinning rus olimlariga yetkazgan fojiali iztiroblari uni kommunistik partiya bilan aloqalarini toʻxtatishiga sabab boʻldi. Aslida u hech qachon partiyaga qoʻshilmagan edi. Ayni paytda undagi liberal, demokratik falsafa mustahkamlanib ulgurgandi. 1939-yilda Oppengeymer Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetida botanika boʻyicha bitiruvchi talaba Katerina Puening bilan ishqiy munosabat boshlaydi. 1940-yilda esa Puening eri bilan ajrashadi va Oppengeymerga turmushga chiqadi.
1939-yilda fashistlar Polshani bosib olgach, Albert Eynshteyn, Leo Szilard va Evgeniy Vigner kabi fiziklar AQSh hukumatini fashistlarning birinchi boʻlib yadroviy bomba yasashi butun insoniyatga tahdid soladigan xavfga aylanishi haqida ogohlantirdi. Keyin Oppengeymer uran-235 ni tabiiy urandan ajratish va bunday bomba yaratish uchun zarur boʻlgan uranning kritik massasini aniqlash jarayonini izlay boshladi. 1942-yil avgust oyida unga AQSh armiyasiga britan va amerikalik fiziklarning atom energiyasidan harbiy maqsadlarda foydalanish yoʻlini izlash boʻyicha saʼy-harakatlarini tashkillashtirish masʼuliyati yuklandi. Bu harakat “Manhetten” loyihasi deb nomlandi. Oppengeymerga ushbu topshiriqni bajarish uchun labaratoriya tashkil etish va uni boshqarish topshirildi. 1943-yilda u Nyu Meksiko shtati markazi — Santa Fe yaqinidagi Los Alamos tepaligini tanladi.
1942-yilda nomaʼlum sabablarga koʻra, Oppengeymer harbiy xavfsizlik agentlari bilan munozaralar boshladi, buning natijasida Oppengeymerning baʼzi doʻst va tanishlari sovet hukumati agentlari boʻlib chiqdi. Bu Kaliforniya universiteti fakultetidagi yaqin doʻstini ishdan ketishiga olib keldi. U 1954-yildagi xavfsizlik boʻyicha bir kengashida ushbu munozaralarga aralashuvini “uydirma” deb atagan.

Lesli Groves, Manhetten loyihasining harbiy rahbari, Oppengeymer bilan 1942-yilda/wikipedia.org
Los Alamosdagi taniqli olimlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari Germaniyaning taslim boʻlishidan soʻng 1945-yil 16-iyulda Nyu Meksiko shtati, Alamogordo yaqinidagi Trinity maydonida birinchi yadroviy portlash bilan yakunlandi. Xuddi shu yilning oktabr oyida Oppengeymer oʻz lavozimidan boʻshadi. 1947-yilda u Istiqbolli tadqiqotlar institutining rahbari boʻldi va 1947-yildan 1952-yilgacha Atom energiyasi boʻyicha komissiyaning bosh maslahat qoʻmitasi raisi lavozimida ishladi, 1949-yil oktabr oyida esa vodorod bombasi ishlab chiqishga qarshilik qiladi.

1945-yil 16-iyulda Nyu Meksiko shtati, Alamogordo yaqinidagi Trinity maydonida birinchi yadroviy portlash/wikipedia.org
Xavfsizlik boʻyicha eshittirish va keyingi yillar
U 1953-yil 21-dekabrda oʻtmishda kommunistlar bilan aloqada boʻlganlikda, sovet agentlari ismini oshkor etishni kechiktirganlikda va vodorod bombasini yaratishga qarshi chiqqanlikda ayblanadi. Keyingi yili xavfsizlik mahkamasi uni davlatga xiyonat qilmagan deb eʼlon qildi, ammo u harbiy, maxfiy maʼlumotlarga kirish huquqiga ortiq ega emasligi haqida qaror chiqarildi. Natijada uning AQSh Atom energiyasi komissiyasining maslahatchisi sifatidagi shartnomasi bekor qilindi. Amerikalik olimlar federatsiyasi sud jarayoniga qarshi norozilik bilan darhol uning himoyasiga chiqdi. Oppengeymer ilmiy kashfiyotlardan kelib chiqadigan axloqiy masalalarni yechishga urinib, “jodugar ovi”ning qurboniga aylangan olimning dunyo miqyosidagi ramziga aylandi. U umrining soʻnggi yillarini fan va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarga oid gʻoyalar ustida ishlab oʻtkazdi.
1963-yilda AQShning 36-prezidenti — Lindon Beyns Jonson Oppengeymerga Atom energiyasi komissiyasining Enriko Fermi mukofotini topshirdi. Oppengeymer 1966-yilda Istiqbolli tadqiqotlar institutidan nafaqaga chiqdi va keyingi yili tomoq saratonidan vafot etdi. 2014-yilda, yaʼni Oppengeymerning karyerasini “samarali” yakunlagan sud jarayonidan 60 yil oʻtgach, AQSh Energetika vazirligi sud majlisining toʻliq, maxfiylashtirilgan stenogrammasini (ogʻzaki nutq turi) ning stenografiya usulidagi soʻzma-soʻz yozuvidan iborat matn eʼlon qildi. Koʻplab tafsilotlar allaqachon maʼlum boʻlgan boʻlsa-da, yangi nashr etilgan material Oppegeymerning sodiqlik borasidagi daʼvolarini mustahkamladi va ajoyib olim hasad va makkartizmning byurokratik qorishigʻi tufayli qulagan degan fikrni kuchaytirdi.
2022-yilda Energetika departamenti Oppengeymerning xavfsizlik ruxsatnomasidan mahrum etish haqidagi qarorni rasman bekor qildi. Energetika vaziri Jennifer Granholmning taʼkidlashicha, “notoʻgʻri jarayon” ning “xatoligi va adolatsizligi” uning yadroviy ishlab chiqarishdan chetlanishiga olib keldi. Kristofer Nolanning “Oppengeymer” (2023) filmida Killian Myorfi Oppengeymerning atom bombasini yaratishdagi roli va 1954-yilda xavfsizlik boʻyicha sud jarayoniga sabab boʻlgan voqealarni yorituvchi filmda bosh rolni ijro etgan.
Muqova suratlar: wikipedia.org / kcrw.com





























































































































































































































