3
Ulashish
805 marta koʻrilgan
XIX asr
Jinsi matosi tarixi
Denim (dagʻal ipli gazlama turi) jinsi shimlar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi, shuning uchun koʻpchilik sevimli jinsilarimiz qayerdan kelgani, qanday ishlab chiqarilgani va tarixi haqida savol berishdan toʻxtamaydi. Mavjud innovatsion (yangicha, noodatiy) materiallar assortimentiga qaramay, denim bozorda eng koʻp qirrali, chidamli va juda talabgir matolardan biri boʻlib qolmoqda. Jinsilar yosh, jins va ijtimoiy sinflar orasidagi chegarani buzib oʻtmoqda. Koʻpchilik odamlarda haftaning kunlaridan koʻra garderobida koʻproq jinsi kiyimlari mavjud. Ularning jozibadorligi doimo abadiy boʻlib qoladi, lekin dizayn va mato texnologiyasi zamon bilan birga rivojlanadi.
Serge de Nimesʼning tugʻilishi
Tarixchilar denimning paydo boʻlgan joyi haqida hali ham bahslashayotgan boʻlsa-da, u bitta rangli ip va bitta oq ipdan foydalangan holda toʻqilgan mato sifatida tasniflanadi. Keng tarqalgan fikrga ko‘ra, u Fransiyaning Nimes shahrida “tugʻilgan”.
Bu ajoyib ish tasodifan sodir boʻlgan edi. Jeane (Italiyaning Genuya shahri nomi bilan atalgan) nomli dagʻal kiyiladigan paxta matosini ishlab chiqarishda qaytadan muvaffaqiyatsizlikka uchragan Nimes mato toʻquvchilari hech narsaga oʻxshamaydigan noyob va mustahkam mato ishlab chiqqanligini anglaydi.
Bu gazlama vertikal-gorizontol uslubda toʻqilgan boʻlib, bunda dastgoh ipi toʻqima ip ostidan oʻtadi. Toʻquvchilar dastgoh ipini koʻk rangga boʻyash uchun indigo (loviyalar oilasiga mansub, asosan toʻq koʻk rang boʻyogʻini olish uchun oʻstiriladigan oʻsimlik turi, oqmiya) dan foydalangan. Lekin ular toʻqim arqon (mato oʻrimi bilan koʻndalangiga kesishuvchi iplari) iplarini tabiiy oq rangda qoldirgan. Bu jarayon matoga bir tarafiga oʻziga xos koʻk rang, ikkinchi tomoniga esa oq rang berdi. Ular buni Serj de Nimes deb atagan (Nimes dimi (dim — boʻrtiq chiziqli qattiq mato) deb tarjima qilinadi).
Denim jinsining klassik tasviri bilan maʼnodosh boʻlgan indigo toʻqimachilik sohasida boʻyashda ishlatiladigan eng qadimgi boʻyoqlardan biri boʻlib, ramziy koʻk rang uchun javobgardir. Oʻziga xos koʻk rangga ega boʻlgan organik boʻyoqdan tayyorlangan indigo dastlab yunon-rim davrida Hindistonda (unga oʻsha yerda nom berilgan) ishlab chiqarilgan va eksport qilib olib kelingan.
Baʼzi oʻsimliklar bargidan olingan tabiiy boʻyoq iqtisodiy jihatdan muhim edi, chunki koʻk boʻyoqlar bir paytlar kamdan kam uchrardi. Dastlab mato indigofera tinctoria deb nomlangan oʻsimlikdan olingan va juda qimmatli tovarga aylangan. Bu esa fors, levantin va yunon eksportchilariga ogʻir soliq toʻlovini oʻrnatishga olib keldi. Shunday qilib, bu klassik koʻk rang Yevropada noyob hashamat ramziga aylandi.
Portugaliyalik tadqiqotchi Vasko da Gama 1497-yilda Hindistonga boradigan dengiz yoʻlini kashf etganidan keyingina indigofera tinctoria boshqa koloniyalar bozoriga kirib bordi. Importchilar katta bojdan qutulishi mumkin edi va shuning uchun Yevropa kiyim ishlab chiqarishida indigodan foydalanish sezilarli darajada o‘sdi.
Nemis kimyogari Adolf fon Bayer 1865-yilda tabiiy indigo sintezi (sodda kimyoviy birikma yoki elementlardan murakkab birikmalar hosil qilish jarayoni) ustida ishlay boshladi. Nihoyat u 1883-yilda jarayonni amalga oshirishga muvaffaq boʻldi. Bu esa 1897-yilda sintetik indigoning ilk marta sanoatda ommaviy ishlab chiqarilishiga yoʻl ochdi. Ishlab chiqarish sezilarli darajada arzonroq boʻlgan sintetik indigo ham uzoq muddat davomida saqlanib turadigan rangi tufayli ishonchliroq edi, bu doimiylik va chidamlilikni taʼminlardi.
Levis Strauss & Co kompaniyasining kelib chiqishi
Levi Stross 1853-yil Kaliforniyadagi “oltin vasvasasi” paytida oilasining quruq mahsulotlar biznesi gʻarbiy filialini ochish uchun San-Fransiskoga yoʻl oladi. U AQSHga nemis muhojiri boʻlib borib, 1851-yilda esa ukasi bilan ishlash uchun Nyu Yorkka koʻchib oʻtgan. Levi koʻplab mahsulotlar sotdi. Ulardan biri import qilingan pishiq paxta matosi — denim edi. Uning mijozlaridan biri Jeykob Devis ismli tikuvchi edi.
Kelib chiqishi Nevada shtatining Reno shahridan boʻlgan Devis oʻz biznesi uchun Levining denim matolaridan sotib olgan, u yerda chodir, otlar uchun yopinchiq va vagon qoplamalari kabi qoʻpol buyumlar ishlab chiqargan. Unga oltin qazib oluvchi kompaniya tomonidan mustahkam va mashaqqatli mehnatga bardosh bera oladigan shimlar yaratish ishi topshirilgan.
Devis metall parchin (boʻlakcha) yordamida denim ish kiyimining mustahkamligi va chidamliligini oshirdi; Levining matolari juda muhim boʻlgani sababli unga hamkorlik taklif qildi. Ular sherik boʻlishdi va 1873-yil 20-mayda bu ikki kishi Amerika Qoʻshma Shtatlari Patent va savdo belgilari idorasidan 139,121 AQSH patentini oldi.
Patentli parchin keyinchalik kompaniyaning jinsi dizayni va reklamalariga kiritilgan. Denim kombinezonlarini ishlab chiqarish 1870-yillarda boshlangan va kompaniya 1890-yillarda birinchi jinsi shimlarini yaratgan. Faqat XIX asrdan keyin jinsi bozorida raqobatchilar paydo boʻla boshladi. Bular Wrangler (1905-yil) va Lee (1911-yil) kompaniyalari edi.
Jinsi soʻzi qayerdan kelib chiqqan?
Jinsi soʻzi boʻrtiq chiziqli qattiq paxta matosining “Genoa fustian” deb nomlanishidan kelib chiqqan. Bu mato koʻpincha chidamli ish kiyimlarini tayyorlash uchun ishlatiladi. Qoʻshma Shtatlardagi ishchilar oʻzining ish kiyimini dastlab mato toʻqilgan Genuya shahriga ishora qiluvchi nom bilan — “jinsi” deb atagan.
Denim haqidagi faktlar
- Jinsi shimlar 50-yillarda koʻpchilik tomonidan isyon koʻrinishi sifatida qabul qilindi, bu uning maktab, teatr va restoranlarda taqiqlanishiga olib keldi.
- Jinsilar Amerikada paydo boʻlgan, ammo xizmatdan tashqaridagi harbiy askarlar chet elda jinsi shimni kiyib yurganda mashhur boʻlib ketgan.
- Bir toy paxtadan 325 ta jinsi shim ishlab chiqarish uchun yetarli boʻladigan xomashyo olinadi.
- Jinsilar dastlab amaliy ish kiyimi sifatida yaratilgan va uning indigo rangi konchi va ishchilar kiyganda kirni yaxshiroq yashirishi uchun tanlangan.
- “Jinsi” atamasi 50-yillarda mashhurlikka erishdi. Undan oldin u odatda bel kombinezoni deb atalardi.
- Levi Stross oʻz gʻoyasini 1873-yil 20-mayda patentladi va bugungi kunda bu sana koʻk jinsilarning “tugʻilgan kuni” hisoblanadi.
- Jinsi tikishda eng keng tarqalgan ip rangi bu toʻq sariq boʻlib, u dastlab Levi jinsi shimini yaratishda ishlatilgan mis parchinlarga mos kelish uchun tanlangan edi.
- Jinsi shimning old choʻntagi ichidagi kichikroq choʻntak dastlab choʻntak soati uchun moʻljallangan. Hozirgi vaqtda qoʻl soati juda mashhur, ammo soat choʻntagi koʻpchilik jinsi shimda stilistik yondashuv va uning tarixiga ishora sifatida saqlanib qoldi.
Qoʻshimcha maqola: Jinsi kimlarning kiyimi?
Manba: hawthornintl.com Muqova surat: pexels.com