Orqaga

1089 marta koʻrilgan

1460–1524

Vasko da Gama

1492-yili Kolumbning Atlantika okeani orqali Hindistonga dengiz yoʻlini ochish maqsadida qilgan tarixiy sayohati Portugaliya hukumatini tashvishga solib qoʻyadi. Ular Ispaniyaning hind boyliklari va Hindiston bilan savdo-sotiqda daromad koʻrish imkoniyatidan foydalanishiga qarab turolmasdi. Kolumb oʻzining uchinchi ekspeditsiyasini boshlagan vaqtda, Portugaliya oliy nasabli dengizchi Vasko da Gama boshchiligida Afrikadan Hindistonga dengiz yoʻlini topish uchun ekspeditsiya joʻnatadi.

U Portugaliyaning janubi-gʻarbiy provinsiyasi Algarvada, dengiz boʻyidagi Sinish shaharchasidagi dvoryan oilasida tugʻilgan. Bolaligidanoq dengizni sevib, yelkan ostida suzish va harakatlanishni oʻrganib olgandi. Taʼlimni yakunlagach, Vasko da Gama qirol Juan II saroyida ishlay boshlaydi va xizmatlarni sidqidildan bajarish bilan qirolning nazariga tushadi. Qirol Hindistonga dengiz yoʻlining ochilishini muhim ish sifatida koʻradi, ammo buni yakunlashga ulgurmaydi. Uning ishini merosxoʻri, qirol Manuel davom ettiradi. Taxtga chiqishi bilanoq ekspeditsiyani tayyorlay boshlaydi.

1497-yil 8-iyulda uch asosiy va bir taʼminot kemasidan iborat eskadra yoʻlga chiqadi. Lissabon aholisi sayohatchilarni kuzatish uchun bandargoh atrofida toʻplanadi. “San-Gabriel” admirallik kemasida Vasko da Gamaning shaxsan oʻzi suzayotgan edi. Tajribali dengizchilar unda kuchli iroda va aniq maqsadga ega kishini koʻrdi. “San-Rafael” kemasida Vaskoning akasi Paul da Gama, “Berriu” kemasida Nikolau Kuelyu kapitan edi. Ekspeditsiyaning asosiy boshqaruvchisi Peru Alenker boʻlib, u 1488-yilda Afrikaning janubiy qismini aylanib chiqib, Bur burnini kashf etgan Bartolomeu Diash bilan birgalikda suzgan. Portugaliya qiroli keyinchalik uni “Yaxshi umid” burni deb qayta nomlashni buyurgan.

Dengizga chiqqach, eskadra “Yashil” burun oroli tomonga yoʻl oladi. Undan oʻtgach, ekspeditsiya Afrika qirgʻoqlari boʻylab ularga qarab kelayotgan dengiz oqimidan qochish uchun janubi-gʻarbga yoʻl oladi. Ming kilometrdan ortiqroq masofani suzib oʻtgach, eskadra sharqqa buriladi va avliyo Yelena koʻrfazi tomondan Afrikaga yaqinlashadi. Atlantika okeani boʻylab suzishda hech qanday hodisa yuz bermaydi.

1497-yilning noyabrida kemalar “Yaxshi umid” burnidan aylanib oʻtadi va Diash ochgan buxtada dam olish uchun Afrikaning sharqiy qirgʻogʻida toʻxtaydi. 1498-yil yanvari oxirida eskadra Zambezi daryosi ogʻziga kiradi. Uning qirgʻoqlari tropik oʻsimliklarga boy edi. Vasko da Gama bu hududlarni Portugaliya mulki deb eʼlon qiladi. Jamoa mehmondoʻst qora tanli qabila orasida bir oy yashaydi. Ekspeditsiyaning koʻplab aʼzolari singa kasalidan aziyat chekar, kemalar esa taʼmirga muhtoj edi. Koʻplab dengizchilar mahalliy aholi odatda arab savdogarlari sotadigan matodan qilingan kiyimda yurishganini va koʻplab arabcha soʻzlarni tushunishini sezib qoladi. Vasko da Gama Arabiston bu yerdan uzoqda emasligini anglaydi.

Bir qancha vaqt oʻtgach, eskadra yoʻlda davom etib, Afrikaning sharqiy qirgʻoqlari boʻylab shimolga qarab ketadi. Yoʻlda ularga arab kemalari uchraydi. Maʼlum boʻlishicha, arablar allaqachon Sharqiy Afrika bilan savdo aloqalarini yoʻlga qoʻygan boʻlib, u yerdan qul, tilla va fil suyaklarini sotib olardi. Arab savdogarlari portugaliyaliklarni dushman kayfiyatida kutib oladi. Ular kemalarini yoʻq qilib, dengizchilarni asirga olishni rejalashtiradi. Buni qilish qiyin ham emasdi, chunki koʻplab dengizchilar singa bilan kasallangan, qoʻllarida xarita boʻlmagani uchun qulayroq dengiz yoʻlini ham bilmasdi.

Sharqiy Afrikaning dengizoldi shaharlarida yashaydigan arab savdogarlari bilan bir necha toʻqnashuvlardan keyin portugaliyaliklar Malindi porti (Keniya) ga boradi. Bu shaharni boshqaradigan shayx ekspeditsiya aʼzolarini yaxshi kutib oladi. U Vasko da Gamaga Hindiston yoʻlini biladigan tajribali lotsman (hududdagi qirgʻoqlarning joylashuvini yaxshi biladigan dengizchi) Ahmad ibn Majidni tavsiya qiladi. Lotsman yoʻl-yoʻlakay chiqqan mussonlardan foydalanib, kemalarni uch hafta ichida Hindistonning tropik oʻsimliklar bilan qoplangan, togʻli qirgʻoqlariga olib keladi. Keyingi uch kun davomida eskadra qirgʻoq boʻylab, janubga suzadi va 1498-yil 20-mayda gavjum Kalikut shahar-portiga yetib keladi.

Ertaknamo mamlakatga 11 oy davom etgan uzoq sayohat yakunlandi. Tabiat ofati, singa kasalligi bilan kurash, afrikalik va arablar bilan toʻqnashuv koʻplab dengizchilar sogʻligiga zarar yetkazadi. Ular Hindiston sohillariga yetmay halok boʻladi. Tirik qolganlar esa oʻzini gʻolib deb hisoblashga toʻla haqli edi.

Vasko da Gama dengizchilarga kemaga yuklash uchun ziravorlar sotib olishni buyuradi. Lekin portugaliyaliklarda raqib siymosini koʻrgan arab savdogarlari mahalliy hukumatni ularni qaroqchilar sifatida hibsga olishga koʻndiradi. Portugaliyalik dengizchilar hibsga olinganda Vasko da Gama ularni ozod qilish uchun Yevropa kemalarining jihozlanishini koʻrishga kelgan shaharning ziyoli aholisini sudna( transport, tijorat, harbiy va boshqa maqsadda mo‘ljallangan suzuvchi tuzilma) da ushlab turadi. Kalikut rojasi buni eshitib, oʻsha zahotiyoq portugaliyalik dengizchilarni ozod qilishni buyuradi. Vasko da Gama ushlab turgan aholisini qaytarish uchun qayiqlar yuboradi. Vasko kemaga oʻz hamrohlarini chiqaradi, ammo asirlarni qoʻyib yubormaydi va kemalarga qimmatbaho ziravorlarni yuklab, ortga yoʻl oladi. 1499-yil avgustida kemalar vataniga qaytariladi.

Gama boshqaruvidagi ekspeditsiya ikki yil-u ikki oy davom etadi. Ortga faqat 55 kishi qaytadi. Yuzlab insonlar yoʻlda singa kasalidan halok boʻladi. Hindistonga suzib borish muhim ahamiyatga ega edi, chunki bu ekspeditsiya ilk bor Osiyo janubiy davlatlariga dengiz yoʻlini ochib bergandi. Shuningdek, yevropaliklarning Afrika janubiy qirgʻoqlari haqidagi bilimlari ham kengaygandi. Hindiston uchun Kalikut portida portugaliyalik dengizchilarni kutib olish notoʻgʻri qaror boʻlgandi. Aynan shu davrdan boshlab yevropaliklar Hindistonni, keyinroq Hindixitoy va Molukka orollarini egallash hamda talashga boʻlgan ilk qadamini tashlagandi. Vasko da Gamaning sayohatidan keyin Hindistonga har yili Portugaliya kemalari yuboriladigan boʻldi. Hindiston yarimorolining bir qismi Portugaliya koloniyasiga aylandi.

Hindistonga boʻlgan dengiz yoʻlini Portugaliya 90 yil atrofida qoʻlda ushlab turadi. Keyinchalik bu yoʻldan Sharq xalqlari bilan savdo aloqalarini Angliya va Fransiya kabi qudratli dengiz kuchlari olib boradi. Suvaysh kanali qurilguncha, Afrika atrofidagi dengizdan 1869-yilgacha foydalanilgan. Keyinchalik Vasko da Gama yana Hindistonga boradi va Portugaliya yerlarining vitse-prezidentiga aylanadi. U 1524-yili Hindistonda vafot etadi.

 



Muqova suratlar: wikipedia.org / history.com