7
Ulashish
913 marta koʻrilgan
1876–1916
Jek London
Jek London (haqiqiy ismi — Jon Griffit) ning bolaligi Kaliforniyada oʻtgan. U farzandi tugʻilmasidan avval ayolini tashlab ketgan otasini tanimasdi. Yozuvchini butun umr fermer boʻlishni xohlagan boʻlsa-da, duradgorlikni kasb qilgan oʻgay ota tarbiyalagan. Oʻgay otasi bir necha marta pul yigʻib yer sotib olgan boʻlsa ham, har safar ishi chippakka chiqib, barini qaytadan boshlashiga toʻgʻri kelgan.
Oila tobora kambagʻallashib borgan va Jon mustaqil hayotga erta qadam qoʻygan. U yoshligidan koʻp kasblarni sinab koʻrgan: gazeta sotgan, koʻmirchi boʻlib ishlagan, qovoqxonalarga muz yetkazib bergan, kegelban (boulingga oʻxshash, keglili yoʻlakcha) da ishlagan, taqiqlangan hududlarda ustritsa sotgan. Maktabni bitirishi bilan 14 yoshli oʻsmir konserva fabrikasiga ishchi boʻlib kirgan. Lekin uzoq soatli ish kuni unga juda ogʻirlik qilgan. Jon chiday olmasdan fabrikadan ketadi. Kaliforniya boʻgʻozida ustritsa ovlovchisi, oʻsha davrda aytilganidek “ustritsa qaroqchisi” ga aylanib, ishlay boshlagan. Bu mashgʻulot yaxshi daromad keltirsa ham, qamoqqa tushish xavfi bor edi.
Lekin koʻplab yigitchalar singari u ham dengiz sarguzashti haqida orzu qilardi. “Yovvoyi va erkin” port hayotining romantikasi yosh yigit xayolini oʻgʻirlaydi va u Yaponiya sohili hamda Bering dengiziga dengiz mushuklarini ovlash uchun ketayotgan kemaga matros boʻlib yollanadi. Yozishni esa tasodifan boshlaydi. Onasining maslahati bilan mahalliy gazetalardan biri tashkillashtirgan tanlovda qatnashadi hamda kutilmaganda birinchi oʻrinni oladi. “Yaponiya sohillaridagi tayfun” ocherki esa shahar gazetasida chop etiladi. Shundan soʻng u daromad topish ilinjida butun Amerikani kesib oʻtib, poytaxtga yoʻl oladi. Lekin endi Vashingtonga yetdim, deganida boʻlajak yozuvchi sargardonlikda ayblanib, qamoqqa tushadi va ona shahriga qaytarib yuboriladi. Keyinroq London oʻz sargardonligini “Yoʻl” (1907) ocherklar kitobi va “Martin Iden” (1909) romanida tasvirlab beradi.
1895-yilda u Sotsial ishchilar partiyasiga aʼzo boʻladi va siyosiy chiqishi uchun hibsga olinadi. 1916-yili esa “revolyutsion ruhdan mosuvolik” sabab partiyadan ketadi. 1896-yildan boshlab Jek kuniga 15 soatlab ishlab, yozuvchilik bilan shugʻullana boshlaydi. Lekin u oʻziga taʼlim yetmayotganini his qiladi hamda maktab kursi uchun imtihon topshirib, Kaliforniya universitetiga qabul qilinadi. Shunga qaramay, oliy maʼlumot olish unga baribir nasib etmaydi. Yashash uchun mablagʻ yoʻq edi, bundan tashqari onasini ham taʼminlash uchun bir yilgina taʼlim olgan Jek 1897-yilda “oltin vasvasasi” davrida Klondaykka yoʻl oladi. Bu yerda u Douson qishloqchasida deyarli bir yil yashaydi.
Alyaskaning qorli hududida Jek London oltin izlovchilarning dramatik taqdiri va oltin uchun kurash bilan toʻqnashadi. Chunki bu yerga AQSh sharqidan koʻplab tavakkalchi kishilar olib kelingandi va mazkur hududda inson hayotidan ham qadrsizroq narsa yoʻq edi. U uyga bir tiyinsiz qaytib kelsa ham, bir olam taassurot va yozuvchi boʻlish degan qatʼiy qarorga ega edi. Salkam och yashasa ham u jurnallar hikoyalarini bosishiga, keyinchalik esa “Boʻri bolasi” (1900), “Otalar xudosi” (1901), “Izgʻirin bolalari” (1902), “Erkak sadoqati” (1904) toʻplamlari nashr etilishiga erishadi. Ilk hikoyalariga olgan gonorari juda kam boʻlgani uchun London bir vaqtning oʻzida boshqa kunlik ishlarni ham qilishga majbur edi.
Faqatgina 1900-yilda chiqqan “Boʻri bolasi” toʻplamidan keyin u oʻzini butunlay adabiyotga bagʻishlash imkoniga ega boʻldi. Shimol hikoyalari bu — klondayk epopeyalarining katta fragmenti. Ular orqali yozuvchi shafqatsiz kundalik hayot romantikasini tasvirlab, adabiyotda yangi yoʻnalishga asos soldi. Uning qahramonlari yovvoyi tabiat qoʻynida tirik qolish uchun harakat qilishiga toʻgʻri kelardi. Koʻpincha shaxsiy tajribasiga asoslanib, u hayvonlar va tabiat bilan toʻqnashuvda faqat kuchlilar omon qolishini koʻrsatib bergan. Inson nafaqat jasur va kuchli boʻlishi, baquvvat muskul va tiniq tafakkurga ega boʻlishi, balki xuddi shu darajada adolat, mardlik va nomus fazilatiga ham sohib boʻlishi kerakligini koʻrsatadi.
London Shimol qanday qilib odamlarni oʻzgartirishini: odamlarda xudbinlik hissi yoʻqolishi, shafqatsizlikdan xalos boʻlishi, birodarlik, yaqin insonlarga nisbatan masʼuliyat kabi tanish tuygʻuning yuksak ifodasini anglagan holda bir-biriga koʻproq ishonishni boshlashini koʻrsatib beradi. Adibgacha hayvonlar haqida yozadigan kam sonli mualliflar boʻlib, ular qatorida mashhur amerika-kanadalik yozuvchi Ernest Seton Tompson ham bor edi. London nafaqat hayvonlar olami haqida hikoya qilgan, balki shimoliy fauna olami vakillarining yorqin xarakteristikasini yaratib, ularni asarlarning teng huquqli qahramoniga aylantirdi. Masalan, uning mashhur “Yovvoyilik chaqirigʻi” (1903) qissasi xuddi shu xususiyatga ega.
London amerikancha animalistik adabiyotning asosida turadi, deb bemalol aytish mumkin. 1902-yilda u harbiy muxbir boʻlib ishga kiradi. U Afrikadagi anglo-bur jangini yoritishi kerak edi. Biroq yozuvchi Angliyaga yetib kelganida urush tugaganidan xabar topadi. Londonda qolgach, yozuvchi bir muddat Ist End shaharchasidagi xarobada yashaydi. Kambagʻal qiyofasiga kirib olgan Jek Ist End xarobasiga kirib, dunyoning eng boy mamlakatlaridan birining yigitlari hayotini oʻrganishga kirishadi va haqiqatga asoslangan “Tubsizlik kishilari” kitobini yozib, xoʻrlangan va nafratga uchragan insonlar himoyasi uchun qadam tashlaydi. Yozuvchi insonlar hali “asosida insonga boʻlgan muhabbat turadigan yangi va yuksak sivilizatsiya” qurishi kerakligiga ishonch hosil qiladi. Qizigʻi shundaki, asarning rus tiliga tarjimasi “Tubsizlikda” nomi bilan nashr qilinadi.
Tasodifni qarangki, shu yili esa Maksim Gorkiyning shu nomdagi pyesasi ham dunyo yuzini koʻradi va rus kitobxonlari uning ingliz xarobalari bilan yaqin ekanini his qiladi. “Dengiz boʻrisi” (1904) sarguzasht romanida yozuvchi nitshechilikdagi yuksak inson gʻoyasini muhokama qiladi. “Ruh” kemasi kapitani Boʻri Larson oʻzini alohida shaxs deb hisoblaydi. Jamoasi hamda yoʻlovchilarga behurmat va shafqatsiz munosabatda boʻladi. Boʻri Larson — murakkab xarakter egasi. Mard, aqlli, oʻz kasbining ustasi, u — dengiz xudosidek edi. Uning falsafasiga koʻra, kuchli boʻlish ezgulik, kuchsiz boʻlish esa yovuzlik edi. U axloqsiz va uyatsiz edi.
Jek London uning xarakteridagi ibtidoiy kuch, qoʻpollik, hatto sadizmga urgʻu beradi. Larsenning yelkasida och bolalik, kaltaklanish, dengiz xizmati turar, u bu darajagacha oʻzi yetib kelgan va shu sababdan faqat oʻz aqli hamda kuchiga ishonardi. Shafqatsiz sharoit xudbin insonni shakllantirdi. Yozuvchi kitobxonni zamonaviy jamiyat yo insonni sindirib, qulga aylantiradi, yo komil insonni tarbiyalaydi, degan xulosaga olib keladi. Larsenning metin irodasi va baquvvat mushti jamoasi va yoʻlovchilarni unga boʻysundiradi. Bunday “komil insonlar” qatoriga Amerikada gullab-yashnash uchun qulay joy topgan sanoat magnati, moliyaviy “kattakonlar”, turli darajadagi “yirtqichlar” kirar edi.
Adib ijodiy biografiyasidagi boshqa hodisa “Oq soʻyloq” (1906) — dono va jasur hayvonga aylangan boʻri haqidagi roman boʻldi. “Oq soʻyloq” tajribaning toʻrt bosqichidan oʻtadi, bular: hayvonot olami, hindular, kelishgan Smitning shafqatsiz dunyosi va nihoyat tafakkur hamda muhabbat dunyosi. Boʻri bolasi faqatgina tabiat ato qilgan kuch, sogʻliq, moslashuvchanlik qobiliyati sababli omon qoladi, bu esa London fikricha, dunyo qonuni tushunish bilan teng edi. Odam xoʻjayin mavzusi butun roman davomida insonning hayvonlardan ustunligi, uning ongi kuchi va odamlar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan insonparvarlik, adolatga asoslangan qonunlarda namoyon boʻlishi bilan ifodalanib boriladi. Muhabbat kuchi haqidagi gʻoya yozuvchining butun ijodiy faoliyatida namoyon boʻladi.
1904-yilda u muxbir sifatida rus-yapon urushiga joʻnaydi. U kichik qayiqda dengiz jangi ketayotgan hududga ayni “Varyag” rus kreyseri va “Koreys” kanoncha qayiqlari jamoalari oʻz kemalarini yaponlarga topshirmaslik uchun choʻktirib yuborayotgan damda yetib keladi. 1905-yilda Jek London amerikaliklarni rus revolyutsiyasini qoʻllab-quvvatlashga chaqiradi. U sotsialistik harakat bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, oʻz xatlariga “revolyutsiya nomi bilan sizning Jek London” deya imzo chekardi.
1906-yilda London nihoyat oʻz adabiy faoliyatining boshida niyat qilgan orzusiga erishadi. Uning kitoblari butun Amerika boʻylab oʻqilar, chet el tillariga tarjima qilinardi. Doʻsti, sotsialist qiz Anna Strunskaya unga juda koʻp gapirib bergan, dunyodagi ishchilar harakatini rivojlantirish va rus revolyutsiyasiga chaqiriq sifatida Jek London “Temir tovon” (1907) romanini yozadi. Bu monopolistik kapital zulmi va temir tovondagi moliyaviy oligarxiyaga qarshi xalq kurashi haqidagi fantastik roman edi. Kurashga chogʻlangan xalq magʻlubiyatga uchrasa ham, roman qahramoni — revolyutsioner Evergard kelajakda revolyutsiya gʻalaba qilishiga ishonadi. Asardagi qahramon nutqi Jek Londonning maqola va maʼruzalaridagi fikrini ifoda etadi. Bu davrda London bir necha 10 yildan keyin oʻz gapi amalga oshishini kutmagan ham edi.
1907—1909-yillarda Jek London “Snark” yaxtasida dunyo boʻylab sayohatga yoʻl oladi. Uni keyinchalik “Snarkdagi sarguzasht” (1911) kitobida tasvirlaydi. U Rossiyaga tashrif buyurishni reja qiladi, ammo Avstraliyadagi tropik isitma kasalligi sabab kasalxonaga tushib qoladi. Sayohat davomida Jek London orolliklarning maishiy hayoti bilan tanishadi va ularning oʻzga yerlik kishilarga nafratini his qiladi. “Moxov Kulau” hikoyasida qabila sardori soʻnggi tomchi qonigacha oq tanli istilochilar bilan kurashadi.
1907-yil yozida “Snark” yaxtasi Gavayi orollarida boʻlgan vaqtda, yozuvchi “Martin Iden” romanini yozishni boshlaydi. Bu oddiy ishchi yigitning jamiyatda oʻz oʻrnini topishga boʻlgan kurash tarixi edi. Roman koʻp jihatdan avtobiografik boʻlib, uning qahramoni eng tuban oʻrindan shuhrat choʻqqisiga murakkab yoʻl bilan yetib boradi. Bu roman bir vaqtning oʻzida ham ijtimoiy, ham muhabbat haqidagi asardir. Aynan Ruf Morzga boʻlgan muhabbat Martinni sanʼatning yuqori “zinapoyasi” ga chiqishga, mashhur yozuvchi boʻlishga ilhomlantiradi. Martin insonlarga haqiqatni aytishni xohlaydi. Lekin moddiy qaramlik uni past adabiy didga moslashishga majburlaydi, ijtimoiy talablar uning qalbi va hayotini iztirobga soladi. Kurashda oʻz ideali, magʻrurligini yoʻqotgan Martin manfaat, tubanlikka asoslangan dunyo bilan natijasiz kurashda charchagach, shuhrat bilan birga sanʼatga boʻlgan cheksiz nafratga ham ega boʻladi. U illyuminatorni ochib, okean tubida halok boʻladi. Roman har bir kishi muvaffaqiyatga erishishi va boyib ketishi mumkinligi haqidagi “amerikancha istisno” gʻoyasini ilgari suradi.
Jek London inson moliyaviy qudratiga qarab qadrlanadigan dunyoning ikkiyuzlamachiligi, yolgʻonchi va hissiz bechoraligini ochib beradi. London koʻp va tinimsiz mehnat qiladi. Asta-sekinlik bilan avantyur-sarguzasht roman uning ijodidagi asosiy janrga aylanadi. Muallif oʻz qahramonlarini Lotin Amerika junglilari, kimsasiz orol, janubiy dengiz qaroqchilari huzuriga yoʻllaydi. Dinamik syujet yorqin va kuchli shaxslar faoliyati bilan boyitilgan boʻlib, ularga taqlid qilish hissini hosil qiladi. Asar qahramonlari mard, adolatparvar va yovuzlik ustidan gʻalaba qozonuvchi qiyofasida namoyon boʻladi.
Jek London asarlari oʻtkir, noodatiy syujetga va yodda qoladigan obrazlarga boyligi tufayli koʻp davlatlar kinematograflari eʼtiborini tortgan. Uning koʻplab qissa va romanlari ekranlashtirilgan, ulardan baʼzilari, jumladan, “Uch qalb”, “Oq soʻyloq”, “Jonni va Kish”, “Yovvoyilik chaqirigʻi” kabilar bir necha marta sahnalashtirilgan. Yozuvchi butun dunyo mashhurligiga erishsa ham, baxtga erisha olmadi. Uning ijodiy kuchi, jismoniy kuchidan koʻra yuksakroq boʻlib chiqdi.
Jek London yoshligida boshdan kechirgan qiyinchilik va ogʻir mehnat uning sogʻligini izdan chiqardi. U kundan kunga ogʻirlashib borayotgan uremiyadan aziyat chekardi. Tutqanoqlarning birida London morfiyning oʻlimga olib boradigan dozasini qabul qilib, oʻz joniga qasd qiladi. Yozuvchi oʻshanda 40 yoshda edi. U “Oy vodiysi”dagi tepalik qiyaligida dafn qilingan. Qabrda yozuvchi mana shu vodiyda qurgan va toʻsatdan yonib ketgan uydan qolgan qoyatosh boʻlagi ham bor. Qoyatoshga faqat ikki soʻz — “Jek London” deb yozilgan. Yozuvchining romanlari dunyoning 68 tiliga tarjima qilingan. Uning farzandi yoʻq edi, shu sabab yozuvchi jiyanini asrab olgandi. Yozuvchi vafotidan keyin u adibning Glen Ellen shaharchasidagi uyida muzey ochadi.
Muqova suratlar: sanoma.com / wikipedia.org