Orqaga

551 marta koʻrilgan

1964-yil

Jeff Bezos

Dunyoning eng boy va taniqli shaxslaridan biri, amerikalik biznesmen, Amazon kompaniyasining asoschisi Jeff Bezos 1964-yil 12-yanvar kuni Nyu Meksika shtatidagi Albuberk shahrida dunyoga keladi. Otasi Teodor Yorgensen doʻkonda ishlardi, biroq keyinchalik oilani tebratishga qurbi yetmagani uchun ichkilikka ruju qoʻyadi. Oxir oqibat, oilada kelishmovchiliklar yuzaga kelib, Jaklin Giz (Jeff Bezosning onasi) bolani olib ota-onasining uyiga ketadi va ular ajrashadi.

Jaklin bir necha yildan soʻng Nyu Meksika universitetining talabasi, asli kubalik boʻlgan Migel Bezosni uchratib qoladi. Bir-biriga koʻngil qoʻygan yoshlar turmush qurganidan soʻng Migel Jeffga oʻz familiyasini beradi. Keyinchalik oilada bir qiz va bir oʻgʻil — Kristina va Mark tugʻiladi, Jeff esa oʻzining haqiqiy otasi kim ekanidan 17 yoshida xabar topadi.

Hyustondagi River Oaks maktabida taʼlim olishni boshlagan Bezos oilasi bilan Mayamiga koʻchib oʻtganidan soʻng oʻqishini Palmetto maktabida davom ettiradi. Bezos maktabda fanlarni yaxshi oʻzlashtiradi va aʼlo baholarga oʻqiydi, shuning uchun ham bitiruv marosimida xayrlashuv soʻzini aytish unga topshiriladi. Jeff Bezos oʻz kelajagini informatika va fizika sohalarida koʻrgani uchun Prinston universitetiga oʻqishga kiradi va u yerni 1986-yilda imtiyozli diplom bilan tamomlaydi.

Shundan soʻng u optik tolali kabellar ishlab chiqaradigan Fitel kompaniyasiga ishga kiradi, keyinchalik Bankers Trust tashkiloti va D.E.Shou fondida faoliyat yuritadi. D.E.Shou kompaniyasi bozorni boshqarishda matematik usullardan foydalanishi bilan boshqa raqobatchilaridan farq qilardi. Shu bois kompaniyaga kompyuter texnologiyalari, matematika hamda informatikadan yaxshi xabardor boʻlgan mutaxassislar zarur boʻlgan. Jeff esa ana shunday talabga javob beradigan eng yaxshi mutaxassislardan edi va u tirishqoqligi tufayli kompaniyada 1993-yili vitse-prezident darajasiga koʻtarilishga erishadi.

Faoliyati

1990-yillarda Amerikada internet keng ommalasha boshlagan edi, shu sababdan ham Jeff Bezosda onlayn-doʻkon ochish gʻoyasi tuziladi. Gʻoyasini amalga oshirish uchun ishdan boʻshagan Jeff oilasi bilan Sietl shahriga koʻchib oʻtadi. U barcha narsa sotiladigan hamda har qanday tovarni toʻgʻri xaridorning uyiga yetkazib beruvchi internet-doʻkon yaratishga qaror qiladi va oʻz sayti konsepsiyasi (biror sohaga oid ilmiy qarashlar, tamoyillar tizimi) ni ishlab chiqadi.

Endi uning oldida kompaniyasini nomlash va uni roʻyxatdan oʻtkazish ishlari turardi va u oʻz kompaniyasiga “Kadabra” nomini tanlaydi va 1994-yilda Sietl shahrida roʻyxatdan oʻtkazadi.

Biroq kompaniya nomi talaffuz qilinganida “cadaver” soʻzini (ingliz tilida “oʻlik tana”) eslatib yuborardi. Bu hol kompaniyaning faoliyat yuritishiga salbiy taʼsir koʻrsatish ehtimoli borligi uchun Bezos yangi nom topishga majbur boʻladi va Oksford lugʻatini varaqlab chiqadi. Shu tariqa Jeff Bezos oʻz kompaniyasiga dunyodagi eng katta daryo nomini berishga qaror qiladi, bu eng yaxshi variant boʻlib, internetga sayt nomi qidiruvga berilganda birinchi boʻlib chiqar edi.

“Amazon.com” 1994-yilning noyabrida roʻyxatdan oʻtkaziladi va tarmoqda 1995-yilda paydo boʻladi. Jeff Bezos ishni oddiy narsalardan boshlagan boʻlib, dastavval internet orqali yaxshi sotilishi lozim boʻlgan tovarlarni 20 guruhga boʻlib chiqadi. Ularning orasida kompyuter dasturi, film, musiqa, ofis anjomlari boʻlib, kitoblar eng yaxshi sotilgan tovar sifatida qayd qilinadi. Internet-doʻkonning afzalligi tanlovning koʻpligi va yetkazib berish xizmatining mavjudligida edi, shuningdek, mahsulotlarni uydan turib sotib olish mumkin boʻlgan.

Amazon

Loyihani amalga oshirish uchun dastavval yetarlicha mablagʻ topilmaydi va Bezos oʻz ishini Sietl shahridagi garajlardan birida boshlaydi. Ofis eshikdan qoʻlbola qilib tayyorlangan eski stollar hamda bir necha kompyuter bilan jihozlangandi, hatto bugun ham kompaniya ofisida xodimlarga tejamkorlik haqida eslatib turish uchun eshikdan yasalgan stollardan foydalaniladi. Ish boshlash uchun dastlab ota-onasidan 300 000 dollar mablagʻ olgan Jeff uzoq mushohadadan soʻng kitob odamlar uchun eng kerak boʻlgan va yetkazib berish oson boʻlgan mahsulot ekaniga amin boʻladi va oʻz ishini kitob sotishdan boshlaydi.

Saytda birinchi boʻlib 1995-yilning 3-aprelida dasturlash boʻyicha qoʻllanma sotiladi. Bu paytda saytdagi rasmlar oq-qora fonda boʻlib, kitoblarning suratlari hali joylashtirilmagan boʻlsa ham, odamlar birin-ketin saytda buyurtma qoldira boshlaydi.

Kompaniya xodimlari esa kun boʻyi buyurtmalarni qabul qilar, kechasi esa ularni yetkazib berish uchun tayyorlab chiqardi. Kompaniyaning Sietldagi omborida dastlab 2 000 dona kitob mavjud boʻlib, zaxira faqat buyurtma berilgan kitoblardan iborat boʻlgan, qolganlari esa toʻgʻridan toʻgʻri hamkor oflayn-doʻkonlardan sotib olingan va yetkazib berilgan. Vaqt oʻtib internet-doʻkon haftasiga qariyb 20 000 dollarlik kitob sota boshlaydi va 1997-yilda Amazon.com tarmoqlari AQSHning barcha shtatlari hamda dunyoning 160 ta mamlakatiga kitob yetkazadigan yirik kompaniyaga aylanadi.

Amazon kompaniyasining ilk koʻrinishi (Jeffrey Bezos kompyuter qarshisida, 1998-yil) / dzen.ru

Kitob savdosidan yetarlicha foyda koʻrgan Jeff Bezosning oldida kompaniyani kengaytirish va rivojlantirish, tarmoqlar qoʻshish kabi juda koʻplab vazifalar turardi. Shundan soʻng kompaniya nafaqat kitoblar, balki “DVD”ga yozilgan musiqalarni ham sota boshlaydi. 1998–2000-yillarda saytda oʻyinchoqlar va elektronika boʻlimi ochiladi. Shundan soʻng birin-ketin kiyim-kechak, taqinchoq, gadjet va smartfonlar sotuvi ham yoʻlga qoʻyiladi.

Kompaniya yillar davomida oʻsib boradi, bankrotga uchrayotgan internet-kompaniyalarni sotib olish evaziga kengayib boradi. Bugungi kunga kelib Amazon.com sayti dunyodagi eng yirik istagan narsangizni topishingiz mumkin boʻlgan onlayn-doʻkonlardan biriga aylandi. Kompaniyaning Yevropa, Osiyo va Amerikaning koʻplab davlatlarida filiallari mavjud va siz dunyoning istalgan yeridan turib Amazon.com dan buyurtma qilish imkoniyatiga egasiz.

Jeff Bezos oʻz gʻoyasini muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirgan, irodasi bilan dunyo tarixida oʻchmas iz qoldirgan jahonning eng boy odamiga aylandi. U birgina Amazon.com bilan cheklanib qolmadi, 2000-yilda Texas shtatida Blue Origin aerokosmik kompaniyasiga asos soldi, 1998-yilda Google kompaniyasiga 250 mln dollar sarmoya kiritib, uning yirik aksiyadorlaridan biriga aylandi.

Yevropada joylashgan kompaniyaga tegishli idoralardan biri / devby.io

2013-yilda esa 250 mln dollar evaziga The Washington Post nashriyot-uyini sotib oladi va 2021-yilda esa Yuriy Milner (mail.ru asoschisi) bilan birgalikda Altos Labs nomli biotexnologik kompaniyaga asos soladi. Jeff Bezos bolaligidan kosmosga uchishni orzu qilar edi va 2021-yilning 20-iyulida 5 yoshidan beri koinotga chiqishni rejalashtirgan Jeff Bezos oʻzining Blue Origin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan New Shepard raketasida kosmik parvozni amalga oshirdi.

Oilasi

Amazon asoschisi Jeff Bezos D.E.Shouʼda ishlab yurgan vaqtlarida amerikalik yozuvchi Makkenzi Skott ismli qiz bilan tanishib qoladi va ular 1993-yilda Nyu Yorkda turmush quradi. Oilada 3 oʻgʻil farzand tugʻiladi va bir xitoylik qiz asrab olinadi, shunday qilib, Bezos va Makkenzi 4 nafar farzandning ota-onasiga aylanadi. Makkenzi Bezosning hayot yoʻlida maʼlum iz qoldiradi, uni doimo qoʻllab-quvvatlaydi, ilhomlantirib turadi. Bezos ham erishgan muvaffaqiyatlarida ayolining oʻrni boʻlak ekanini taʼkidlab kelgan.

Bezos va uning sobiq ayoli Makkenzi Bezos / aif.ru

Biroq 25 yillik turmushdan soʻng Bezosning kompaniyasidagi ayollardan biri bilan munosabatlari sabab juftlik ajralishga qaror qiladi. Uzoq yillik turmushdan soʻng juftlik 2019-yil 5-iyul kuni Vashingtonda rasman ajrashadi va Makkenzi Skott 38,3 mlrd dollar boylikka ega boʻladi. Bugungi kunda Makkenzi AQSHning eng boy ayollari roʻyxatida 3-oʻrinda turadi.



Manbalar: xabar.uz / kun.uz / wikipedia.org
Muqova suratlar: wikipedia.org / trenasia.com