Orqaga

1053 marta koʻrilgan

1744–1829

Jan Batist

Jan Batist Pyer Antuan de Mone Shevalye de Lamark Fransiya shimolidagi Bazanten shahrida tugʻilgan. Jan serfarzand mayda yer egasi oilasida eng kenja farzand edi. Ota-onasining orzu-havasiga koʻra Lamark ruhoniy boʻlishi kerak edi, shuning uchun ham uni iyezuit maktabiga berishadi. Biroq otasi vafotidan soʻng 1761-yilda Lamark taqdirini oʻzgartirishni xohladi va maktabni tugatgach, armiya safiga qoʻshiladi. U yerda katta jasorat koʻrsatib, yosh boʻlishiga qaramay ofitser unvonini oldi. Urush tugagach, Lamark harbiy karyerani qoldirib, Parijga Sorbon kollejining tibbiyot fakultetiga oʻqishga kiradi.

Oʻqish davrida tabiiy fanlarga, ayniqsa, botanikaga qattiq qiziqib qoladi. Koʻp yillik mashaqqatli mehnatdan soʻng u oʻzining birinchi yirik asari – uch jildlik “Fransuz florasi”ni nashr etadi. Bu ilmiy izlanish unga shuhrat keltiradi va Lamark Parij Fanlar akademiyasi aʼzosi etib tayinlanadi. 50 yoshida Lamark Fransiyadagi eng yirik botaniklardan biri sifatida shon-shuhratga sazovor boʻlishga ulgurgan edi. 1793-yilda Qirollik botanika bogʻi tabiiy fanlarni oʻqitish uchun 6 kafedrali tabiiy tarix muzeyiga aylantiriladi va Lamark umurtqasizlar zoologiyasi kafedrasi rahbari lavozimini egallaydi. Olim hayotida yangi davr – umurtqasizlar zoologiyasi sohasidagi klassik tadqiqotlar davri boshlanadi.

Shu vaqtga qadar umurtqasizlar tizimida faqatgina shved tabiatshunosi Linney tavsifi mavjud boʻlib, olim ularni 2 sinfga ajratgan edi. Ammo Lamark jiddiy va mashaqqatli mehnati natijasida oʻzining koʻp jildli “Umurtqasizlarning tabiiy tarixi” asarida organizmlarning oʻsha davrda maʼlum boʻlgan barcha tur va avlodlarini tavsiflab beradi, ular orasidan 10 dan ortiq sinflarni aniqlaydi. Mazkur asarida olim hayvonot dunyosi evolyutsiyasi haqidagi fikrlarini keng bayon qiladi. 60 yoshida Lamark zamonasida fanga maʼlum boʻlgan oʻsimlik va hayvonlar haqida deyarli hamma narsani bilar edi. Endi olim oʻz oldiga alohida organizmlarni tasvirlabgina qolmay, balki tirik tabiatning rivojlanish qonuniyatlarini tushuntirib beradigan kitob yozish vazifasini qoʻyadi.

Lamark oʻzining yangi asarida hayvon va oʻsimliklar qanday paydo boʻlgani, vaqt oʻtishi bilan qanday oʻzgargani hamda hozirgi holatiga qay tariqa yetib kelganini koʻrsatishga qaror qiladi. U tirik tabiat evolyutsiyasi haqidagi yangi taʼlimot (lamarkizm)ni yaratadi va uni “Zoologiya falsafasi” (1809) asarida bayon qiladi. Ilmiy tadqiqot nafaqat hayvonlar, balki barcha yovvoyi tabiat haqida ham edi. Lamark nazariyasining mohiyati, hayvon va oʻsimliklar har doim ham biz koʻrgandek boʻlmaganini taʼkidlashdan iborat edi. Uning fikricha, hayvon va oʻsimliklarning shakllanish jarayoni juda sekinlik bilan yuz bergani uchun inson koʻzi bu jarayonni ilgʻay olmaydi.

Lamark organizmlarning evolyutsion rivojlanish yoʻlini quyidan yuqori organizmgacha — pillapoya koʻrinishida tizimlashtirish kerak deb hisoblagan. Olim shu tarzda hayvonlarni umurtqali va umurtqasizlarga ajratib, ularni 6 ta darajaga taqsimladi. Eng quyi darajada infuzoriya va poliplar joylashtirildi. Keyingi darajalar esa asosiy organ tizimlari – asab va qon aylanish tizimining murakkabligiga qarab taqsimlandi. Lamark eng yuqori bosqichga qush va sutemizuvchilarni joylashtirdi. Ushbu tartibni olim gradatsiya (yuksalish) deb nomladi.

Ammo Lamark butun evolyutsiya jarayonini boshqaradigan asosiy kuch – avvaldan Yaratuvchi tomonidan tirik materiyaga kiritilgan, organizmlarga tabiatan xos boʻlgan mukammallikka intiluvchi ichki kuchdir deb yanglish fikr yuritgan. Shu tarzda evolyutsion rivojlanish sababi haqidagi eng muhim savol – hayotga moslashishning asl sababini olim ilmiy izohlab bera olmagan. U buni bir tomonlama: yuqori hayvonlarning oʻz organlarini mashq qilishi va mashq qilmasligi deb tushuntiradi. Masalan, suvda suzuvchi qushlarning barmogʻi orasidagi suzuvchi parda, olimning fikricha, terining choʻzilishi tufayli hosil boʻlgan. U ilonlarda oyoq yoʻqligini esa mavjudotning yerda tanasini choʻzib sudralib yurishi bilan izohlagan.

Ammo Lamarkning boshqa kuzatuvi tahsinga sazovor edi. Muntazam ravishda kuzatish orqali u organizmlardagi oʻzgarish tashqi muhitning taʼsiri tufayli sodir boʻladi degan xulosaga keladi. Misol uchun, soyada oʻstirilgan oʻsimlik yorugʻlikda oʻstirilgan oʻsimlikka oʻxshamaydi. Turli xil iqlim zonalarida oʻsadigan bir xil turdagi oʻsimliklar ham bir-biridan farq qiladi. Lamark faqat flora va faunani oʻrganish bilan cheklanib qolmagan, uning geofizika hamda meteorologiyaga oid ishlari ham fanga salmoqli hissa qoʻshgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Olim “Gidrogeologiya” asarida ilk marta yer yuzi yogʻingarchilik, shamol va quyosh taʼsirida asta-sekin oʻzgarib borishini koʻrsatadi. Qizigʻi shundaki, hayot haqidagi fan – biologiya nomining yaratilishiga ham Lamark hissa qoʻshgan.

Albatta, zamonaviy biologiya nuqtayi nazaridan Lamark nazariyasining aksariyati eskirgan boʻlishi mumkin. Ammo birinchi boʻlib u tomonidan qoʻyilgan tashqi muhitning organik dunyoga taʼsiri muammosi zamonaviy biologiya tomonidan ham eʼtirof etilgan. Lamark taʼlimotidagi asosiy narsa, evolyutsiya sabablarini tushuntirishda emas, balki Darvindan yarim asr oldin birinchi boʻlib organik dunyoning tabiiy kelib chiqishi va rivojlanishi haqidagi nazariyani ilgari surganida edi. Uning evolyutsion taʼlimoti yetarli darajada dalili boʻlmagani uchun zamondoshlari orasida keng eʼtirof etilmadi. Shunda Lamark Napoleonning qoʻllab-quvvatlashiga ishonib, unga oʻz ishlarini yashirincha taqdim etishga qaror qiladi. Ammo oʻzini fan homiysi deb bilgan imperator ham olimni omma oldida masxara qiladi.

Lamark umrining soʻnggi yillarida juda ham qashshoqlikda kun kechirgan. Koʻr boʻlib qolganiga qaramay, asarlari ustida ishlashda davom etar, bunga qizi Korneliya yaqindan yordam berardi. Olim 1829-yil 18-dekabrda vafot etadi. Keyinchalik 1909-yilda Parijda Jan Batist Lamarkga “Zoologiya falsafasi” asari nashr etilganining 100 yilligi munosabati bilan haykal oʻrnatiladi. Kechroq boʻlsa-da, fransuz tabiatshunosi vafotidan koʻp yillar oʻtgach, avlodlar uning mehnatini qadrladi va buyuk olim sifatida eʼtirof etdi. Charliz Darvin esa oʻzining mashhur “Turlarning tabiiy tanlanish yoʻli bilan kelib chiqishi” asarida Lamark nazariyasining toʻgʻriligini isbotladi. Shu asnoda organizmlarning tarixiy rivojlanishi gʻoyasi yana jonlandi va biologiya fanidan mustahkam oʻrin egalladi.



Muqova surat: wikipedia.org