Orqaga
Islohot davri (552–710-yillar).

843 marta koʻrilgan

552–710

Islohotlar davri

Qirollik oilasining bir asr davomida qilgan saʼy-harakati natijasida Yamato saroyi qayta tiklanadi hamda mamlakatdagi hokimiyatni isloh qilish va yangi davrga mos, markazlashgan davlat qurish sari ilgarilaydi. Bu davr baʼzida qirollik saroylari joylashgan hudud, hozirgi Naraning janubiy oʻlkasi sharafiga Asuka davri deb ham ataladi. Bu harakatga shahzoda Shotoku tomonidan bayon etilgan ideal hukumat taʼlimoti taʼsir koʻrsatgan.

Shotoku oʻzining ammasi, imperator ayol — Suiko (592—628-yillar) uchun muvaqqat hukmdor boʻladi. Suiko oʻzidan avvalgi imperator Sushunning qatl etilishidan soʻng taxtga oʻtirgan edi. Aynan Suikoning hukmronligida “tenno”, yaʼni imperator atamasi muomalaga kirib keladi. Shotoku buddaviylikning barcha mavjudotlar uchun tinchlik va najot tamoyillarini qoʻl ostidagi hokimiyatning oliy maqsadi etib belgilaydi. U hatto Sushunning qotiliga qarshi hech qanday harakat amalga oshirmaydi, shunchaki buddaviylik gʻoyasi orqali sekin-astalik bilan jinoyatchini notoʻgʻri ish qilganiga ishontiradi.

Biroq shahzodaning siyosiy qarashi toʻgʻridan toʻgri Xitoy konfutsiylik idealiga asoslangan edi. Shahzodaning eng koʻzga koʻrinarli yutugʻi sifatida 603-yilda 12 saroy martabasidan iborat tizimni hamda 604-yilda 17 moddadan iborat konstitutsiyani joriy etgani eslab oʻtiladi. U birinchi oʻrinda saroy amaldorlariga turli rangdagi bosh kiyimlar taqdim etib, ularning nisbiy mavqeyini aniq koʻrsatish orqali qobiliyatli kishilar tayinlanishini ragʻbatlantirish edi. Bu orqali saroyga oʻziga xos tartib berishni maqsad qiladi. Martaba turli darajadagi konfutsiylik qadriyatlari: yuksak axloq, insoniylik, xushxulqlik, eʼtiqod, adolat va bilim kabi fazilatlar bilan nomlangan. Konstitutsiyada davlatning ideallari hamda inson xulq-atvor qoidalari belgilab qoʻyilgan. Bu esa hukmdor, vazirlar va aholini uchta inson unsuri sifatida ajratib, har birining huquq va burchini aniq belgilab qoʻyadi. Shu tariqa yagona hukmdor boshqaradigan markazlashgan davlat idealini oʻrnatib, millatning oʻziga xos asosiy qonunini taʼminlaydi.

Hujjat nafaqat Yaponiyadagi ilk targʻibotchisi shahzoda boʻlgan buddaviylikning taʼsiri haqida, balki Xitoyda uzoq vaqt ilgari tashkil etilgan hamda keyinchalik Koreya yarimorolidagi qirolliklarda ham qoʻllanilgan konfutsiylik hukumatining etnik va siyosiy taʼlimotini ham oʻzida mujassam etgan. Materikdagi hukumat g‘oya va atamalarini o‘zlashtirgan Shotoku yirik sulola qoʻlida kichrayib ketgan qirollik saroyining qonuniyligini mustahkamlashga urinadi. Xitoydagi Suy sulolasi (581–618-yillar) bilan hamkorlik aloqasi Shotokuning tashqi munosabatlardagi asosiy muvaffaqiyati boʻlgan. V asrda Yaponiya va Xitoy oʻrtasidagi almashinuvda Yaponiya oʻlpon toʻlovchi davlat oʻrnini egallagan edi. Shahzoda Shotoku Suy sulolasi bilan teng huquqli munosabatlarni yoʻlga qoʻyadi va Xitoy imperatorini hayratda qoldirib, unga “Quyosh botadigan xalq hukmdori” deb, oʻziga esa “Quyosh chiqadigan xalq hukmdori” deb murojaat etishni joriy qiladi. Bu ikki davlat oʻrtasida elchilar almashiladi. U, shuningdek, bevosita Xitoy madaniyatini oʻrganishi uchun yapon talabalarini Xitoyga yuboradi. Bu maʼlumotlar shu paytgacha Koreyadagi davlatlar orqali yetib kelar edi.

Shotokuning oʻzi ham Buddaviylikni chuqur oʻrganardi, muqaddas bitik haqida maʼruzalar berib, ularga izoh yozardi. Shahzodaning “Lotus Sutra” ga qoldirgan sharhi uning oʻzi tomonidan yozilgan 4 jildli qoralamada saqlanib qolgan. Bu sharh Yaponiyadagi eng qadimiy mualliflik ishi boʻlishi mumkin.

Buddaviylik keng tarqala boshlagach, xitoycha uslubda ibodatxonalar qurila boshladi. Koʻpincha bir necha qavatli, ulkan plita tomdan iborat bunday ibodatxonalar ilgarigi past, somon va suvoqli uylar yonida hayratlanarli koʻringanini tasavvur qilib koʻrishingiz mumkin. Deyarli bir kechada Yaponiyaga yangi tamaddun kirib keldi. Oʻsha davrdagi ibodatxonalarning faqatgina poydevorlari saqlanib qolgan boʻlsa-da, 601–607-yillar oraligʻida hozirgi Nara oʻlkasining Ikaruga shaharchasida qurilgan Horyu bodatxonasining qadimiy yogʻoch inshooti hozirgacha saqlanib qolgan. VII asrning oxiri, VIII asr boshlariga tegishli bu binolar dunyodagi eng qadimiy yogʻoch binosi hisoblanadi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: pexels.com