Orqaga

1202 marta koʻrilgan

1971-yil

Ilon Mask

Toʻliq ismi — Ilon Riv Mask. U 1971-yil 28-iyunda Janubiy Afrika Respublikasining poytaxti Pretoriyada dunyoga kelgan. Shuningdek, u SpaceXʼning asoschisi, bosh direktori va bosh muhandisi, Tesla kompaniyasining investori, bosh direktori va mahsulot arxitektori, The Boring Company asoschisi, Neuralink va OpenAI asoschilaridan biri, shuningdek, Twitter tarmogʻining egasi hisoblanadi. 2021-yilning 7-yanvarida u 185 mlrd dollarga teng boyligi bilan Amazon asoschisi Jeff Bezosni ikkinchi oʻringa siqib chiqarib, birinchi marta sayyoradagi eng boy odamga aylangan. U 2021-yilning 1-noyabrida tarixda 300 mlrd dollarlik koʻrsatkichga erishgan birinchi shaxs boʻldi.

Tesla avtomobil shassisi S va X modellarida qoʻllaniladi / wikipedia.org

Ilon Mask oʻzi tugʻilgan jonajon shahri — Pretoriyada ulgʻayadi. Bir muddat Pretoriya universitetida tahsil olgach, 17 yoshida Kanadaga koʻchib oʻtgan. U 1989-yilda Kingstonning Kuins universitetiga oʻqishga kirgan. 2 yildan soʻng Pensilvaniya universitetiga oʻtib, u yerda iqtisodiyot va fizika boʻyicha bakalavr darajasini olishga erishgan. 1995-yilda u Stenford universitetida oʻqish uchun Kaliforniyaga koʻchib oʻtadi, lekin fikrini oʻzgartirib biznes bilan shugʻullanishga qaror qiladi va ukasi Kimbal bilan birgalikda Zip2 internet-dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi kompaniyaga asos soladi. 1999-yilda bu kompaniya Compaq tomonidan 307 mln dollarga sotib olingan. Oʻsha yili Mask X.com onlayn bankining asoschilaridan biriga aylandi, mazkur bank 2000-yilda Confinity kompaniyasi bilan birlashib, keyinchalik PayPalʼni shakllantirgani barchaga maʼlum. 2002-yilda bu kompaniya eBay tomonidan 1,5 mlrd dollarga sotib olingan.

2002-yilda Mask SpaceX — aerokosmik texnika va kosmik transport xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyaga asos soladi, uning bosh direktori va bosh muhandisiga aylanadi. 2004-yilda u elektr avtomobillarni ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasiga boshqaruv kengashi raisi va loyiha arxitektori sifatida qoʻshilib, 2008-yilda uning bosh direktori lavozimini egallaydi. 2006-yilda u Tesla tomonidan sotib olingan va keyinroq Tesla Energyʼga aylangan quyosh energiyasi xizmatlarini koʻrsatuvchi SolarCity kompaniyasini yaratishga yordam beradi. 2015-yilda u sunʼiy intellektni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi OpenAI nodavlat tadqiqot kompaniyasining asoschilaridan biriga aylanadi. 2016-yilda Mask “miya-kompyuter” interfeyslarini ishlab chiquvchi Neuralink neyrotexnologiya kompaniyasining asoschilaridan biriga aylanib, tunnel qurilishi bilan shugʻullanuvchi The Boring Company kompaniyasiga asos soladi. Mask Hyperloop — yuqori tezlikda harakatlanuvchi vakuumli poyezd gʻoyasini bergan muhandis hisoblanadi. 2022-yilda u 44 mlrd dollarga Twitter egasiga aylangan. 2018-yil 9-mayda fanga qoʻshgan ulkan xizmatlari uchun London Qirollik jamiyati aʼzoligi bilan taqdirlangan. 2021-yil dekabr oyida Time jurnali Ilon Maskni “Yil odami” deb tan olgan.

Otasi Errol Mask muhandis, onasi Mey Mask (qizlik familiyasi Xaldeman) esa model boʻlgan. Otasi Tanganika koʻli yaqinidagi Zambiya zumrad konlarining qisman egasi edi. Ota-onasi unga 1872-yilda tugʻilgan bobosi Jon Ilon Xaldemanning ismini qoʻygan. Xaldemanlar – ona tomondan ota-bobosi boʻlib, Shveytsariya nemislaridan boʻlgan. Ular Amerika ozodlik urushi paytida Yevropadan Nyu Yorkka koʻchib oʻtgan va u yerdan AQShning Oʻrta Gʻarb boʻylab tarqalib ketgan. 1948-yilda Maskning bobosi Joshua Norman Xaldeman kanadalik raqs oʻqituvchisi Uinnifred Jozefin Fletcherga (Uin)ga uylanadi. Shu yilning oʻzida juftlikning egizak qizlari – Key va Mey (Maskning onasi) dunyoga keladi. Maskning bobosi oʻzining bir dvigatelli samolyotida butun oilasi bilan Shimoliy Amerika boʻylab sayohat qilgan ishtiyoqi baland uchuvchi boʻlgan. 1950-yilda sarguzashtlarga chanqoqlik oilani Kanadani tark etishga va Janubiy Afrikaga koʻchib oʻtishga undaydi. U yerda Mey 15 yoshida modellik maktabiga oʻqishga kirib, podiumda yurishni boshlaydi, jurnallar uchun suratga tushadi va hatto “Miss Janubiy Afrika” tanlovida finalga chiqadi.

Mey va uning boʻlajak turmush oʻrtogʻi — Ilonning otasi Errol Mask bir mahallada unib-oʻsgan. Errol quruvchi-muhandis boʻlib ishlagan boʻlsa, Mey amaliyot oʻtovchi diyetolog boʻlgan. Oilada Ilondan tashqari yana 2 farzand — Maskning ukasi Kimbal va singlisi Toska bor. Ilon bolaligidan kamgap boʻlib oʻsgan, kitob oʻqishni yaxshi koʻrgan va fotografik xotiraga ega boʻlgan. 2 ta ensiklopediya toʻplamini oʻqib, hamma narsani biladigan bilagʻonga aylangan. Qanchalik aqlli boʻlmasin, Ilon maktabda tengdoshlari tomonidan zoʻravonlikka duchor boʻlgan, hatto bir marta kaltaklangandan soʻng singan burnini tuzatishga ham toʻgʻri kelgan. Bu ham yetmaganday ota-onasi ajrashishga qaror qilib, ona oʻz bolalarini Janubiy Afrikaning Durban shahriga olib ketadi, ammo 2 yil oʻtgach Ilon otasi bilan yashashga qaror qiladi, keyinchalik Kimbal ham unga ergashadi. Errol oʻgʻir xarakterli, talabchan odam boʻlgani uchun u bilan yashash oson emasdi, shunga qaramay yigitlar otalaridan koʻp narsani oʻrganganini tan oladi. Ular otasining ishxonasiga gʻisht terish, santexnikani oʻrnatish, deraza romlarini sozlash, elektr simlarini yotqizish uchun tez-tez kelib turgan.

10 yoshida Ilon oʻzining birinchi Commodore VIC-20 kompyuterini sovgʻa sifatida olganida mustaqil ravishda dasturlashni oʻrgangan. 12 yoshida esa oʻzining birinchi dasturini ishlab chiqib, mazkur Space Invaders uslubidagi Blastar nomli video oʻyinini 500 dollarga sotishga muvaffaq boʻlgan. Bu oʻyinda oʻyinchi oʻzga sayyoraliklar safiga lazerli toʻpdan oʻq uzishi kerak edi. Yosh boʻlishiga qaramay, Mask farmatsevtika kompaniyasining aksiyalarini gazeta orqali kuzatib borar va unga sarmoya kiritardi. Sarmoya miqdori bir necha ming dollarga yetgach, u aksiyalarini sotishdan tushgan daromad bilan ota-onasi norozi boʻlsa ham Kanadaga joʻnab ketadi. Ontario viloyatining Kingston shahrida uning qarindoshlari mavjud boʻlib, to universitetga kirgunigacha ular bilan yashab turadi.

Ilon Kingstondagi Kuins universitetiga oʻqishga kiradi va u yerda 1989–1991-yillarda tahsil oladi. Keyin Pensilvaniya universitetiga biznes va fizikani oʻzlashtirish uchun oʻtib ketadi hamda u yerda iqtisodiyot va fizika boʻyicha bakalavr darajasini oladi. Soʻng amaliy fizika va materialshunoslik fanlari boʻyicha PhD olish uchun 1995-yilda Stenford universitetiga oʻqishga kiradi. Biroq uning universitetga qabul qilinishi Internetning avj olish davriga toʻgʻri keladi va unda ishtirok etish uchun oʻqishga kirganidan 2 kun oʻtib Mask Stenfordni tark etadi. Universitetni tashlagach, 1995-yilda Mask ukasi Kimbal va Greg Kouri ishtirokida investor mablagʻi evaziga internet-dasturiy taʼminot ishlab chiquvchi birinchi kompaniya — Zip2ʼga asos soladi. Ular oʻz korxonasini Palo Altodagi ijaraga olingan kichik ofisda ishga tushiradi.

Kompaniya gazeta sanoati uchun xarita, yoʻnalishlar va sariq sahifalar bilan toʻldirilgan onlayn shahar qoʻllanmasini ishlab chiqish, sotish bilan shugʻullanardi. Maskning aytishicha, kompaniya muvaffaqiyatli boʻlishidan oldin uning kvartira sotib olishga qurbi yetmagan. Buning oʻrniga ofisni ijaraga olib, divanda uxlagan, YXU (yosh xristianlar uyushmasi)da dush qabul qilgan va ukasi bilan bitta kompyuterdan navbat bilan foydalangan. Mask baʼzan Kimbal bilan biror ish masalasi boʻyicha bir toʻxtamga kela olmaganida kurash tushish orqali buni hal qilgan. Maskning soʻzlariga koʻra, sayt kunduzi ishlagan. Biroq u saytni kechasi, haftada 7 kun, toʻxtovsiz ishlab chiqish bilan mashgʻul boʻlgan.

Aka-uka Masklar The New York Times va Chicago Tribune gazetalari bilan shartnoma tuzishga muvaffaq boʻlgan va hatto direktorlar kengashini CitySearch kompaniyasi bilan birlashish rejasidan voz kechishga koʻndirgan. Ammo Maskning direktorlar kengashi raisi Rich Sorkinning oʻrnini egallashga boʻlgan urinishlari kengash tomonidan maʼqullanmagan. 1999-yilning fevral oyida Compaq kompaniyasi Zip2ʼni 307 mln dollarga naqd pul hisobida sotib oladi, Mask esa oʻzining 7 foiz ulushi uchun 22 mln dollar oladi. 1999-yil mart oyida Mask X.com asoschilaridan biriga aylanadi.

2000-yilda X.com Confinity kompaniyasi bilan birlashadi, uning omixta mahsulotlaridan biri — PayPal shaxsiy pul oʻtkazmalari xizmati edi. Mask kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy taʼminotni UNIXʼdan Windows operatsion tizimiga oʻtkazishni qatʼiy yoqlaydi. Bu esa kompaniyaning texnik direktori Maks Levchin va boshqa rahbarlar bilan kelishmovchilikka sabab boʻladi, natijada Mask CEO lavozimidan isteʼfoga chiqishga majbur boʻladi (ammo Direktorlar kengashi aʼzosi boʻlib qoladi). Biroq Ilonning ikki kompaniyani birlashtirish haqidagi strategik qarori hamda elektron toʻlov tizimini internet auksionlarida (birinchi navbatda eBayʼda) faol ilgari surish gʻoyasi 2001-yilda korxonaning tez surʼatlarda oʻsishiga olib keldi va PayPal nomini oldi. Bunday katta muvaffaqiyat kompaniyaga 2002-yil fevral oyida oʻz aksiyalarini birjaga qoʻyish, shu bilan birga 2001-yil 11-sentabr teraktidan soʻng birinchi dot-kompaniyaga aylanish imkonini berdi. 2002-yil oktabr oyida PayPal eBay tomonidan 1,5 mlrd AQSh dollariga sotib olindi. Sotish vaqtida Maskning kompaniya aksiyalarining 11,7 foiziga egalik qilganligi unga 180 mln dollar daromad keltiradi.

2002-yil may oyida Mask oʻzining uchinchi kompaniyasi — SpaceXʼga asos soladi. SpaceX — bir qator tashuvchi xususiy raketalar ishlab chiqaruvchisi va kosmik tizimlarning tijorat operatori hisoblanadi. 2008-yil dekabr oyida NASA kompaniya bilan 1,6 mlrd dollarlik shartnoma imzoladi. Unga koʻra, Falcon 9 tashuvchi raketani 12 marta va Dragon kosmik kemasini XKS (Xalqaro kosmik stansiyasi)ga 2011-yilda uchirish dasturi tugatilganidan keyin Space Shuttle oʻrniga uchirishga kelishildi. SpaceX oʻta ogʻir Falcon Heavy (2019-yildan beri ishlaydi) va Starship (sinovning yakuniy bosqichidan oʻtmoqda) raketalarini ishlab chiqmoqda. Bu tashuvchi raketalar qisman yoki toʻliq qayta foydalanish mumkin boʻlgan modullardan foydalanish hisobiga ogʻirligi 100–120 tonna boʻlgan yuklarni orbitaga yetkazish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu esa oʻz navbatida Oy va Mars kosmik dasturlari uchun keng istiqbollarni ochishi ehtimoldan xoli emas.

Kompaniyaning bosh qarorgohi, Kaliforniya, Aqsh. Uning yonida Falcon 9 raketa bosqichi joylashgan / wikipedia.org

Ilonning gapiga koʻra, unga amerikalik yozuvchi Ayzek Azimovning “Poydevor” ilmiy-fantastik romanlar toʻplami va muallifning koinotni oʻrganish insoniyatni rivojlantirish, asrab qolishga katta taʼsir qilishi haqidagi qarashlari taʼsir qilgan. Shu bois u bir nechta sayyoralarda hayot borligining kashf etilishi insoniyatni yoʻq boʻlib ketish xavfidan himoya qilishi mumkinligini taʼkidlaydi. Ilon Mask oʻz oldiga kosmik parvozlar xarajatini 10 barobarga kamaytirishni maqsad qilib qoʻygan tadbirkordir. Buning uchun u SpaceX kompaniyasiga asos solib, unga avvalgi kompaniyalar sotuvidan tushgan 100 mln dollar sarmoyani kiritgan.

2016-yil yanvar oyida Gonkongdagi investitsiya forumida Mask kompaniyasi 2020–2025-yillarda Marsga uchishni umid qilayotganini maʼlum qilgan edi. 2016-yil 27-sentabr kuni Meksikaning Gvadalaxara shahrida boʻlib oʻtgan 67-Xalqaro astronavtika kongressida Mask sayyoralararo transport tizimi loyihasini taqdim etadi. Loyiha qayta foydalanish mumkin boʻlgan kosmik transportda odamlarni Marsga yetkazish va u yerda oʻz-oʻzini qoʻllab-quvvatlovchi koloniyalarni tashkil qilish haqida edi.

2017-yil sentabrida Ilon Mask SpaceX raketalaridan foydalanish boʻyicha yangi gʻoya haqida Instagramʼga video joylashtiradi. Videoda samolyot oʻrniga Yerning istalgan nuqtasiga yetish uchun raketa va kosmik kemalardan foydalanishni yoʻlga qoʻyish gʻoyasi ilgari suriladi. 2020-yil 30-may kuni Ilon Maskning Crew Dragon nomli kosmik kemasining parvozi amalga oshirildi. Falcon 9ʼning birinchi bosqichi Yerga muvaffaqiyatli qaytdi va havoga koʻtarilganidan 10 daqiqa oʻtib Atlantika okeanidagi suzuvchi platformaga qoʻndi. Kosmik kema esa orbitaga muvaffaqiyatli chiqib, XKS bilan tutashdi.

SpaceX’ning Falcon 9 raketasi ABS-3A va Eutelsat 115 West B sun’iy yo‘ldoshlarini 2015-yil mart oyida Florida shtatidagi Cape Canaveral havo kuchlari stansiyasidagi 40-sonli kosmik parvoz majmuasidan uchirilgan supersinxron uzatish orbitasiga yetkazdi / wikipedia.org

2021-yil yanvar oyida Mask Marsda avtonom shahar qurish niyati jiddiyligini koʻrsatish uchun mulkini sotmoqchi ekanligini eʼlon qildi. Elektromobil va (oʻzining shoʻba korxonasi SolarCity orqali) elektr energiyasini saqlash yechimlarini ishlab chiqaruvchi Amerika kompaniyasi aksiyadorlari 2018-yilda Ilon Maskning maoshini yiliga 3 mlrd dollarga oshirish uchun ovoz berdi va unga maosh oʻrniga kompaniya aksiyalaridan kompensatsiya toʻlanadigan boʻldi. Kompensatsiyani toʻlash esa kompaniya maʼlum moliyaviy koʻrsatkichlarga erishganida amalga oshiriladi.

2019-yil oktabr oyida Ilon Mask Tesla foydaga chiqqanini, kompaniya aksiyalari narxi esa 20 foizga oshganini eʼlon qildi. San-Fransiskoda joylashgan Notijorat sunʼiy intellekt tadqiqot kompaniyasining maqsadi ochiq, doʻstona sunʼiy intellektni rivojlantirishdir. Uning asoschilardan biri ham Ilon Mask hisoblanadi. 2018-yilning 20-fevralida Ilon Mask manfaatlar toʻqnashuvi sababli OpenAI direktorlar kengashidan isteʼfoga chiqadi.

2016-yilda Mask Neuralink neyrotexnologiya sohasidagi startap asoschilaridan biri boʻladi. Startap inson miyasini sunʼiy intellekt (SI) bilan integratsiyalashga bagʻishlangan boʻlib, uning mashinalar bilan uygʻunlashuvini osonlashtirish uchun inson miyasiga oʻrnatiladigan qurilmani yaratish bilan shugʻullanadi. Qurilmalar oʻz dolzarbligini yoʻqotmasligi uchun soʻnggi takomillashtirilgan sunʼiy intellekt bilan mos kelishiga erishiladi. Bunday takomillik xotirani yaxshilashi yoki qurilmalarga dasturiy taʼminot bilan samaraliroq oʻzaro taʼsir qilishga imkon berishi mumkin.

2020-yil avgust oyida boʻlib oʻtgan jonli namoyishda Mask oʻzining dastlabki qurilmalaridan biri — “Fitbit bosh chanogʻingizda”ga taʼrif berib, tez orada falaj, karlik, koʻrlik va boshqa kasalliklarni davolay olishini taʼkidlaydi. Koʻpgina nevrolog va nashriyotlar buni qabul qila olmay, tanqid qilishga tushadi. Xususan, MIT Technology Review nashriyoti uni “juda mavhum” va “nevrologiya teatri” deb atadi. 2016-yilda Ilon Mask infratuzilma va tunnel qurish kompaniyasiga asos solgan. Kelajakda 240 km/soat tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi avtomobillar uchun metropoliten. Maskning fikricha, u anʼanaviy metroga qaraganda ancha arzon, tez va qulay boʻladi hamda shahar tirbandligiga qarshi kurashda ajoyib yechim boʻlib xizmat qiladi. Los-Anjeles okrugidagi 1,83 km uzunlikdagi sinov tunneli 2018-yil 19-dekabrda ochilgan.

2022-yil 14-mart holatiga koʻra, Ilon Mask Twitterʼda 9,2 foiz aksiyaga ega (73,48 mln aksiya). 1-apreldagi birja narxiga koʻra, Maskning ulushi 2,8 mlrd dollardan oshiq edi. Uning Twitter aksiyalarining 9,2 foizni sotib olgani haqidagi xabar aksiya narxini premarket savdolarida 25 foizdan koʻproqqa oshirib yuborgan. Maskning kompaniyani 44 mlrd dollarga sotib olish taklifi Twitter direktorlar kengashi tomonidan 2022-yil 25-aprelda qabul qilinadi. Biroq iyun oyida Mask kelishuvdan voz kechadi, bunga sabab Twitter soxta akkaunt maʼlumotlari boʻyicha “bir nechta soʻrovlarga javob bermagani yoki javob berishdan bosh tortgani” edi. 2022-yil avgustida Delaver Kansler sudi Twitterʼga Ilon Maskga ijtimoiy tarmoqdagi bot va spam-akkauntlar ulushini hisoblash boʻyicha qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etishni buyurdi.

2022-yil 11-oktabrda Ilon Mask Twitterni dalillarni yoʻq qilgani uchun jazolanishini talab qildi. Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, ijtimoiy tarmoq rahbariyati ishdan boʻshatilgan xavfsizlik direktori Piter Zatkoni kompaniya rahbariyati tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yozuvlarni yoʻq qilishga majburlagan. Nihoyat 2022-yil 28-oktabrda Mask bitimni yopib, kompaniyani qabul qilib oladi. Shundan soʻng 2022-yil noyabr oyida kompaniyada keng miqyosda xodimlarni qisqartirish islohotini oʻtkazdi. Bloomberg agentligining maʼlumotiga koʻra, Mask kompaniya xodimlarining 50 foizini qisqartirishni rejalashtirgandi. The Verge nashrining yozishicha, Ilon Mask kompaniya xodimlari sonini 7,5 mingdan 2,7 minggacha kamaytirishga erishgan rahbardir. Katta qisqartirishdan soʻng kompaniyaga yangi xodimlarni asosan dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va savdo boʻlimi bilan bogʻliq xodimlarni yollash boshlanadi.

2022-yilning 15-dekabrida Ilon Mask bir akkaunt egasi ustidan sudga daʼvo qiladi, bunga sabab tadbirkorning parvoz maʼlumotlari chop etilgani edi. Shundan soʻng multimilliarder odamlarning qayerdaligini ochib beradigan akkauntlar bloklanishini maʼlum qildi, sababini esa bu odamlar hayotiga tahdid solishi bilan izohladi. 2022-yil 19-dekabrda Maks Twitterʼda oʻzini bosh direktor lavozimidan ketish-ketmasligi borasida soʻrov oʻtkazdi. Soʻrovda jami 17,5 mlndan ortiq kishi ishtirok etib, ularning 57,5 ​​foizi isteʼfo uchun ovoz bergan boʻlsa, 42,5 foizi bunga qarshi chiqdi. Mask qanday natija boʻlishidan qatʼi nazar soʻrov natijalariga sodiq qolishga vaʼda berdi. Ilon Mask doim butun dunyo diqqat-eʼtiborida boʻlib kelmoqda. 2022-yilning 20-dekabr kuni CNBC telekanali Maskning oʻrinbosar topish rejalari haqida xabar bergan boʻlsa, 2023-yilning bahorida The Wall Street Journal Mask X.AI nomli sunʼiy intellekt kompaniyasiga asos solgani haqida xabar tarqatdi.

Financial Timesʼning taʼkidlashicha, tadbirkor ChatGPTʼga raqobatchi yaratadigan startap yaratish niyatini maʼlum qilgan boʻlib, SI muhandislari va tadqiqotchilarini yollamoqda. Mask Fox News telekanali bilan suhbatda uning chatboti TruthGPT deb nomlanib, koinotni tushunishga qaratilishini aytadi. 2023-yil 11-may kuni Mask soʻrov natijasiga binoan 6 hafta ichida Twitter bosh direktori lavozimini tark etishini eʼlon qildi. Bunda u faqat ijrochi rais va texnik direktor sifatidagina qoldi.



Muqova surat: wikipedia.org