4
Ulashish
1140 marta koʻrilgan
1920–1992
Ayzek Azimov
Ilmiy-ommabop va fantastik asarlar yozuvchilari orasida eng mashhuri va taʼbir joiz bo‘lsa, “janr Shekspiri” hisoblangan, atoqli amerika yozuvchisi, biokimyo mutaxassisi, fan doktori Ayzek Azimov 1920-yil 2-yanvar sanasida Rossiyaning Mogilyov guberniyasi (hozirda Smolensk viloyati), Petrovichi shahri, tegirmonchi oilasida tug‘ilgan.Unga ona tomondan bobosining xotirasiga atab, Ayzek deb ism qoʻyishgan.
1923-yilda Azimovlar oilasi AQShga muhojir boʻlib ketadi. U o‘zi haqida hazil aralash: “ota-onam meni chamadonda olib kelgan”, — deydi. Ular Bruklinda joylashib, qandolatchilik do‘konini ochadi. Ayzek Azimov 5 yoshidan Bedford–Stuyvesant maktabiga boradi. 1935-yili 15-yoshli Azimov maktabni tamomlab, Set-Lou kollejiga oʻqishga kiradi. Lekin u o‘qishga kirganidan keyingi 1 yil ichida mazkur kollej butunlay yopiladi va u o‘qishni boshqa taʼlim muassasasi – Kolumbiya universitetining Nyu Yorkdagi kimyo fakultetida davom ettirishga qaror qiladi. 1939-yilda u ushbu universitetning kimyo fakulteti bakalavr, 1941-yilda esa magistr diplomini qo‘lga kiritgan. Kimyo bo‘yicha ilmiy ishini davom ettirish uchun aspiranturaga kirgan Ayzek Azimov 1942-yilda Filadelfiyadagi harbiy kemasozlik korxonasiga kimyogar mutaxassisligi bo‘yicha ishga jalb qilinadi.
1945-yilda esa uni AQSh armiyasi harbiy xizmatga chaqiradi. 1946-yilning iyuligacha armiya safida bo‘lgan Azimov shu yili xizmatni o‘tab, Nyu Yorkka qaytadi va aspiranturani davom ettiradi. 1948-yilda u aspiranturani muvaffaqiyatli yakunlab, biokimyo doktori (PhD) darajasiga erishgan. 1979-yilda Ayzek Azimov Kolumbiya universiteti professori maqomigacha ko‘tarilgan. Ayzek Azimov ijod olamiga juda erta kirib kelgan. Uning ilk asari kichik bir shaharchada yashovchi bolakayning sarguzashtlari haqida bo‘lib, bu vaqtda atigi 11 yoshda bo‘lgan bo‘lajak yozuvchi kitobni 8-bobgacha yozib, so‘ngra tashlab qoʻygan. Lekin undagi voqealarni doʻstiga hikoya qilib beradi. Asarga astoydil qiziqib qolgan doʻsti hikoyaning davomini yozib berishini iltimos qilgan. Bu esa unda yozuvchilik iqtidori bor ekanligini anglashiga turtki boʻlgan.
Azimovning matbuotda qilgan ilk chiqishi “Ajabtovur voqealar” (Amazing Stories) jurnalining 1939-yil yanvar sonida nashr etilgan “Vestaning changalida” nomli hikoyasi bo‘lgan edi. Yozuvchiga haqiqiy shuhrat keltirgan ijod mahsuli – “Tun kirishi” nomi ostida 1941-yil eʼlon qilingan fantastik hikoya bo‘lib, unda 6 ta yulduzga ega sayyoralar tizimida aylanuvchi va faqat har 2049-yildagina tun og‘ushiga kiradigan sayyora haqida yozilgan. Ushbu hikoya okean ortida juda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, turli antologiya (turli mualliflarning tanlangan asarlari toʻplami) larda 20 marotaba qayta-qayta chop etilgan va 2 marta ekranlashtirilgan. Azimov mazkur hikoyasini o‘zining ijodga kirib kelishidagi “muqaddima bo‘limi” sifatida baholagan.
britannica.com
Umuman olganda, Azyekning deyarli barcha ilk ishlari ilmiy-fantastika janriga taalluqli bo‘lgan. Xususan, u o‘zga sayyoralardagi hayot yoki fikrlash qobiliyatiga ega robotlar haqida ko‘plab xayoliy hikoyalar yozgan. Uning fantastikasi ishonarsiz oldi-qochdi syujetdan holi ekanligi va zamona ilm-fanining real holatiga tayanib bayon qilinishi bilan ajralib turgan. 1939-yilda u o‘zining robotlarga bag‘ishlangan ilk hikoyalarini yoza boshlaydi.
Chunonchi, “Robbi” (1939-yil), “Yolg‘onchi” (1941-yil) asarlari bilan amalda robototexnika va robotshunoslik sohalariga asos solgan. Uning mazkur asarlardan boshlab shakllantirib borgan fikrlari robot texnikasi uchun o‘ziga xos qonuniyat sifatida yoyila boshlagan. Xususan, “Yolg‘onchi” hikoyasi odam fikrini o‘qiy oladigan robot haqida bo‘lib, u zamonaviy yolg‘on detektorlari va sunʼiy intellekt sohalari paydo bo‘lmasidan ancha avval ushbu kasb taraqqiyotidan insoniyat uchun kutilayotgan naf va zarar haqida maʼlumot bergan.
Ayzek Azimovni o‘z mamlakati chegarasidan tashqarida, butun dunyoda katta shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgan asari ham aynan robotlar haqida bo‘lgan. “Men – Robot” deb nomlangan ushbu asar undan avvalgi boshqa yozuvchilar qalamiga mansub bo‘lgan robotlar haqidagi asarlardan tubdan tafovut qiladi. Asosan, odamzotga qarshi kurashuvchi mexanik “maxluqlar” haqida hikoya qiluvchi boshqa mualliflardan farqli o‘laroq, Azimov robotlarni odamzotning yaqin doʻsti, og‘irini yengil qiluvchi ko‘makchi sifatida tasvirlaydi va robot texnikasi bilan shug‘ullanuvchilarga ko‘plab amaliy g‘oya ulashadi. Azimov asarlaridagi robotlar, aytish mumkinki, baʼzi o‘rinlarda o‘z xo‘jayinlaridan ko‘ra insonparvar va odamiyroq bo‘ladi. Barchamiz sevib tomosha qilgan “Ikki yuz yoshli odam” filmi ham Azimovning shu nomli asari asosida suratga olingan.
Ilmiy-fantastika janrida anchayin barakali ijod qilgan Ayzek Azimov 1958-yildan boshlab, asosiy eʼtiborini ilmiy-ommabop yo‘nalishga qaratadi. U o‘z professional sohasi bo‘lmish kimyoga oid “Uglerod dunyosi”, “Azot dunyosi”, “Kimyoning qisqacha rivojlanish tarixi” kabi ilmiy-ommabop asarlar, shuningdek, astronomiya, dinshunoslik, tarix, geografiya, atamashunoslik, genetika, biologiya va shunga o‘xshash, xullas, ilm-fanning turli-tuman yo‘nalishlariga oid bir necha kitoblarni nashr ettiradi.
forbes.com
Azyek Azimov jami bo‘lib 500 dan ziyod turli nomdagi asarlarning muallifidir. U ilmiy-fantastika va ilmiy-ommabop adabiyotlar vositasida zamonaviy dunyodagi insonparvarlik va bag‘rikenglik masalalariga urg‘u berib, odam, millat, xalq va mamlakatlar orasida adovatni yo‘qotish, o‘zaro ishonch va do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishga chorlaydi. Jumladan, yozuvchi shunday degan edi: “Insoniyat tarixi shunday nuqtaga yetib keldiki, bundan buyog‘iga odamlarning o‘zaro adovat qilishlariga mutlaqo haqqi yo‘q. Yer yuzidagi barcha insonlar o‘zaro do‘stona yashashi lozim. Men doimo o‘z asarlarimda shunga urg‘u berishga intilaman… Albatta, men barcha odamlarni bir-birini yaxshi ko‘rishga majburlash mumkin, deb o‘ylamayman, lekin men odamlar orasidagi hasad va adovatning butunlay yo‘qolishini istar edim. Men o‘ta jiddiy asos bilan shunday oʻylaymanki, shubhasiz, ilmiy-fantastika – odamlarning o‘zaro birlashishi yo‘lida yordam beradigan muhim vositalardan biri. Biz ilmiy-fantastik asarlarda ko‘tarib chiqadigan muammo, aslida butun insoniyat masalasi. Shu tarzda fantast-yozuvchi, fantastika mutolaachisi va fantastikaning o‘zi ham insoniyatga xizmat qiladi”.
Ayzek Azimov Amerika, jahon ilmiy-fantastik va ilmiy-ommabop adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun ko‘plab mukofot va sovrinlar bilan taqdirlangan. Xususan, u 6 bora “Xyugo” mukofoti, 2 karra “Nebyull” sovrini va 3 marta “Lokus” jurnali mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning ko‘plab asarlari asosida mashhur kinofilmlar ishlangan. Yozuvchining asarlari jahonning o‘nlab tillariga tarjima qilingan va millionlab adadda, qayta-qayta nashr etilgan.
Jumladan, jahonga mashhur ushbu fantast-yozuvchining asarlari orasida o‘zbek tiliga tarjima qilinganlari ham bor. Uning “Koinot oqimlari” romani hamda qator hikoyalari o‘zbek fantast yozuvchisi – Ozod Mo‘min tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bundan tashqari, O‘znet tarmog‘ida Azimov ijodidan yana ko‘p havaskor tarjimalarni uchratish mumkin. Ajoyib fantast va ilmiy-ommabop asarlar yozuvchisi – Azyek Azimov 1992-yil 6-fevralda Nyu Yorkda vafot etgan. Uning sharafiga 1981-yilda kashf etilgan kichik sayyora (asteroid) ga (5020) Asimov nomi berilgan.
Muqova surat: wikipedia.org