22
Ulashish
1334 marta koʻrilgan
1909–1944
Hamid Olimjon
Hamid Olimjon (asl ismi Azimov Hamid Olimjonovich) 1909-yil 12-dekabrda Jizzaxda tugʻilgan. Onasi va buvasi unga yoshligidan ko‘plab xalq ertaklari, dostonlari va qo‘shiqlarini aytib berishgan. Keyinchalik yozuvchi boʻlgach, u folklor yoʻnalishiga ham yigʻuvchi, ham tadqiqotchi sifatida yondashgan. Olimjon 1918-yil Jizzaxda ochilgan oʻrta maktabga, keyin esa Samarqandga oʻqishga kiradi. 1928-yildan 1931-yilgacha o‘zbek pedagogika akademiyasida tahsil oladi va tugatadi.
1928-yil Hamid Olimjonning “Bahor” nomli ilk sheʼriy toʻplami chiqdi. Bir necha yillardan so‘ng oʻzbek shoiri va yozuvchisi Oybek o‘zining Hamid Olimjon haqidagi maqolasida ushbu to‘plam nomlanishining ramziyligiga alohida toʻxtaladi. “Bahor” nomli to‘plam shoir ijodining aynan “bahor pallasi”ga toʻgʻri kelganini alohida izohlaydi Oybek.
Samarqandda oʻqishni tugatgach, Olimjonning Toshkentga kelishi uning hayotidagi yangi va muhim qadam tashlanganini anglatardi. Shoir Uygʻunning xotiralaridan: “Hamid Toshkentga mening ketimdan keldi. Oʻsha paytlar nochorlik hukm surardi, qog‘ozlar tanqis edi, shu sababli biz nashriyotlardan qolgan uzun qogʻoz boʻlaklariga yozardik, balki shunga boʻlsa kerak, men ham, Hamid ham uzun qog‘oz tasmalariga yozishni boshqacha yaxshi koʻrardik”. Olimjon gazeta va jurnallarda jurnalist hamda muharrir sifatida ishlaydi, lekin o‘zining adabiy faoliyatini ham davom ettiradi. 1930-yil u “Oygul bilan Baxtiyor” va “Semurgʻ” kabi baxshilar ijrosidagi dostonlardan ilhomlanib, yirik asarlar yaratadi. 1939-yil Olimjon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining masʼul kotibi lavozimiga tayinlanadi va umrining oxirigacha shu lavozimni egallaydi.
Ijodi
Hamid Olimjonning she’riy ijodiga rus shoiri va yozuvchilari Maksim Gorkiy va Vladimir Mayakovskiylar sezilarli taʼsir koʻrsatgan. U zamonaviylikni kengroq ochib berishga jurʼat qilgan ilk o‘zbek shoirlari qatoriga kirgan. Birinchi she’riy to‘plami “Bahor” 1926-yil nashrdan chiqqan boʻlsa, muallifning isteʼdodi “Semurgʻ” (1939-yil), “Oygul bilan Baxtiyor” (1938-yil), “Diyor” (1939-yil) va “Baxt” (1940-yil) kabi dostonlarida namoyon boʻldi.
Yana bir sara asarlaridan biri — o‘zida 1930-yillar o‘zbek she’riyati xususiyatlarini bog‘lay olgan “Zaynab va Omon” dostoni. Ikkinchi Jahon urush yillari “Qoʻlingga qurol ol” (1942-yil) sheʼriy toʻplami, “Muqanna” (1942—1943-yillar) tarixiy tragediyasi hamda “Roksananing ko‘z yoshlari” (1944-yil) dostoni kabilar olam yuzini ko‘radi, “Sharqdan gʻarbga ketayotgan doʻstga“, “Qamal qilingan shahar tepasidagi oy” va boshqa asarlar esa koʻpchilik tomonidan yuksak mahorat bilan yozilganligi taʼkidlanadi.
Muallifning adabiyotshunoslikka oid maqolalarida o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyot muammolari ko‘tarilardi, rus va o‘zbek adabiyoti oʻzaro bogʻliqligiga alohida urgʻu berilardi. “Muhammad Amin Muqimiy” (1938-yil), “Navoiyning „Farhod va Shirin“ dostoni haqida” (1939-yil), “Navoiy va bizning davrimiz” (1940-yil), “Salom, Pushkin!” (1937-yil), “Tolstoy va o‘zbek xalqi” (1938-yil) shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Olimjon “Kuychining xayoli”, “Ofeliyaning oʻlimi”, “Holbuki tun”, “Ishim bordur oʻsha ohuda”, “Oʻrik gullaganda”, “Tinimsizdir yolgʻiz shabboda”, “Shodlikni kuylaganimning sababi” va “Oʻzbekiston” kabi lirik sherlar muallifi hisoblanadi. Aleksandr Pushkinning “Kavkaz asirasi” va “Suv parisi” dostoni, Mixail Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” qissasi va “Bela” hikoyasi, Maksim Gorkiyning “Chelkash” asari, Nikolay Ostrovskiyning “Poʻlat qanday toblanadi” romani va Aleksandr Korneychukning “Platon Krechet” pyesasi aynan Hamid Olimjon tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Vafoti
Hamid Olimjon 1944-yil 3-iyulda avtomobil halokati natijasida vafot etgan. U 34 yoshda edi.
Xotira
Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri va Qarshi davlat pedagogika institutiga Hamid Olimjon nomi berilgan. Qolaversa, Toshkent shahrida, Hamid Olimjon nomi bilan atalgan maydonda 1990-yil uning sharafiga haykal oʻrnatilgan.
Manbalar: wikipedia.org / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi Muqova surat: sirlar.uz