Orqaga

831 marta koʻrilgan

1884–1972

Garri Trumen

Trumen bir necha yil senator boʻlib ishlaganidan keyin (1934–1944-yillar) prezident lavozimiga oʻtirdi. Ikkinchi jahon urushi boshida u “Betaraflik qonuni”ning bekor qilinishi hamda Britaniya va Fransiyaga qurol eksportiga qoʻyilgan embargo (taqiq)ning bekor qilinishini qoʻllab-quvvatladi. Trumen bu Amerika iqtisodiyotini depressiyadan chiqarishga yordam beradi deb ishonardi.

Fashistik Germaniyaning SSSRga hujumidan ikki kun oʻtgach u shunday dedi: “Agar Germaniya gʻalaba qozonayotganini koʻrsak, Rossiyaga yordam berishimiz kerak. Agar Rossiya gʻalaba qozonayotgan boʻlsa, biz Germaniyaga yordam berishimiz kerak. Shunday qilib ular imkoni boricha koʻproq odam oʻldiraversin”. 1945-yil yanvar oyida Garri Trumen Demokratik partiya tomonidan vitse-prezident etib saylandi. Biroq atigi 43 kun oʻtib, AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt vafot etdi va Trumen qudratli davlatni boshqarishiga toʻgʻri keldi.

Potsdam konferensiyasi ishtirokchilari: Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill (chapda), AQSh Prezidenti Garri Trumen (markazda), Bosh kotibi Stalin (oʻngda) / ria.ru

Trumen uch davlat rahbarlarining Berlin (Potsdam) konferensiyasida AQSh delegatsiyasiga boshchilik qildi. Bu vaqtda AQShda allaqachon atom quroli bor edi va 1945-yil avgust oyida Trumen AQSh kongressiga murojaat qildi. Murojaatnomada SSSRga bosim oʻtkazish uchun bu sohada ustunligidan foydalanish kerakligini taklif qildi. Shunda u Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlarini bir necha yuz ming kishining oʻlimiga olib kelgan atom bombasi bilan bombardimon qilishni buyurdi. Oʻsha paytda bu harakat harbiy emas, balki siyosiy maqsadlarni koʻzlagandi – sentabr oyi boshida Yaponiya taslim boʻlish toʻgʻrisidagi aktni imzoladi. Shundan soʻng Trumen va hukumatning eʼtibori Yevropaga qaratildi, urush paytida vayron qilingan mamlakatlarni tiklashga yordam berdi.

Yaponiyaning Nagasaki shahriga tashlangan atom bomba / history.co.uk

Trumen asosiy vazifa Yevropa va Osiyoda kommunizm tarqalishining oldini olishda deb bildi. Prezident oʻz dasturini 1947-yil 12-martda Amerika kongressining har ikki palatasining qoʻshma majlisida bayon qildi.  Gretsiya va Turkiyaga yaqinlashib kelayotgan “kommunistik xavf”ga ishora qilib, Trumen kongressga “AQSh milliy xavfsizligi” manfaatlaridan kelib chiqib, 1948-yil 30-iyulgacha Gretsiya va Turkiya hukumatlariga zudlik bilan 400 mln dollar yordam ajratishni taklif qildi.

Trumen ilgari surgan dastur qonunning asosiga aylandi, unga muvofiq Amerika-Grek va Amerika-Turkiya shartnomalari imzolandi. Amerika bu davlatlarga har tomonlama yordam berish majburiyatini oldi, ularning bajarilishini nazorat qilish uchun Gretsiya va Turkiyada Amerika missiyalari tashkil etildi. Bu kelishuvlarga muvofiq Turkiya va Gretsiyada Amerika harbiy bazalari joylashtirildi. Trumen dasturi “sovuq urush” davridagi birinchi amaliy qadamlardan biri boʻlib, AQSh tashqi siyosatining asosiga aylandi. Bu shuni anglatadiki, AQSh yangi turdagi qurollarni birinchi navbatda yadroviy qurollarni ishlab chiqish, kuchli harbiy bloklar va oʻzining asosiy dushmani SSSR atrofida harbiy bazalarning butun tarmogʻini yaratish, kommunizmga qarshi kurashni kuchaytirish hamda boshqalar orqali harbiy qudratni mustahkamlashni oʻzining ustuvor vazifasi sifatida belgiladi.

Stalin ham oʻz navbatida oʻz tashabbusi bilan “temir parda” siyosatini qabul qildi, bu ikki davlat oʻrtasidagi turli aloqalarni cheklash, hatto uzib qoʻyishni anglatardi. Trumen boshqa prezidentlardan farqli oʻlaroq Sovet Ittifoqiga nisbatan qattiqroq pozitsiyani egalladi. Shuning uchun davlatlar oʻrtasida Gitlerga qarshi koalitsiya doirasida boshlangan hamkorlikni davom ettirish imkonsiz boʻlib qoldi. Aynan 1949-yil Trumen davrida Shimoliy Atlantika shartnomasini tashkil etish bloki tuzildi. Unga AQShning boʻlajak prezidenti general D.Eyzenxauer boshchilik qildi. U NATO maqsadlariga toʻliq qoʻshilardi va Gʻarb davlatlari kommunistik mafkuraning tarqalishiga qarshi turuvchi, kuchli harbiy-siyosiy blok yaratishi kerak deb hisoblardi.

1948-yilda Trumen hukumati Janubiy Koreya hukumati rahbari Li Sin Man bilan amerikalik harbiy maslahatchilar va Janubiy Koreya armiyasini birlashtirish toʻgʻrisida maxfiy shartnoma imzoladi. 25-iyun kuni Janubiy Koreya armiyasi KXDR hududida harbiy amaliyotni boshladi. 1950-yil 27-iyunda esa Trumen AQSh harbiylariga urushda qatnashishni buyurdi. Boshqa tomondan u KXDRni Sovet Ittifoqi va boshqa sotsialistik mamlakatlar kuchli qoʻllab-quvvatlab, yordam berib turdi. Shunday qilib, 1950–1953-yillarda davom etgan Koreya urushi boshlandi. Bu Amerika uchun xuddi bir necha yil oʻtib tugatilgan Vetnam urushi kabi yakunlandi. Jahon jamoatchiligi va Amerika fuqarolarining bosimi ostida AQSh muzokaralar olib borishga majbur boʻldi hamda bu urush 1953-yilda sulh imzolanishi bilan yakunlandi.

Trumen hukumati oʻz mamlakatida, ayniqsa, turli kommunistik tashkilotlarga nisbatan qattiq siyosat olib bordi. Trumen davrida antiamerika faoliyatini tekshirish uchun koʻplab komissiyalar tashkil etildi. Uning milliy harakatlarga nisbatan siyosati ham shunga yarasha javob oldi. 1951-yilda unga nisbatan puertorikoliklar tomonidan suiqasd uyushtirildi. Lekin ular maqsadiga erisholmadi — Trumen omon qoldi. Shundan soʻng u keyingi muddatga nomzodini qoʻymadi va siyosatda ishtirok etmadi.



Muqova suratlar: calend.ru / rossaprimavera.ru / wikipedia.org