Orqaga

1031 marta koʻrilgan

1874–1965

Uinston Cherchill

Uinston Cherchil — 1940–1945, 1951–1955-yillarda Buyuk Britaniya Bosh vaziri. Uinston otasi Randolf Cherchill tomonidan Malboro gersoglarining zodagon va qadimgi ingliz oilasiga mansub edi. Uning onasi Jenni Jerom amerikalik millioner Leonard Jeromning qizi edi. Zodagonlik va boylik Uinstonga katta afzalliklar berdi. U oʻz doirasidagi odamlar uchun munosib boʻlgan sifatli taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlgan.

Uinston Cherchil, (oʻngda) onasi Jenni Cherchil (markazda) va ukasi Jon (chapda) bilan / wikipedia.org

Biroq Uinston bolaligidan gʻayrioddiy qaysarlik va oʻziga ishonch bilan boshqalardan ajralib turardi. U barcha bolalar kabi oʻqishni istamadi, faqat oʻzi yoqtirgan fanlarnigina oʻrgandi. Fanlar orasida ingliz tili va adabiyoti ham bor edi. Albatta uning bilim olishida katta kamchiliklar bor edi. U hatto harbiy maktabga ham bir urinishdayoq kira olmadi, faqat 3-urinishda bunga muvaffaq boʻldi, lekin uni eng yaxshilar qatorida tugatdi. Bu Angliya faol tashqi siyosat olib borgan davrga toʻgʻri keldi va Cherchill ingliz armiyasining harbiy korpusi tarkibida Hindiston va Sudanga ketdi. Bu vaqtga kelib u bilimi yetishmasligini anglab yetdi va shahd bilan ilmini kuchaytirish uchun shugʻullana boshladi. Shu paytdan boshlab Uinston yozishni boshladi.

Adabiy faoliyat unga yaxshigina daromad keltirdi, hayratda qolganidan nafaqaga chiqdi va bular (Janubiy Afrika va Namibiyadagi subetnik guruh) ga qarshi urushga muxbir sifatida bordi. U yerda uni qoʻlga olishdi, lekin u qochishga muvaffaq boʻldi.  Vaqt oʻtishi bilan Cherchill tarixiy tadqiqotlarning juda mashhur muallifiga aylandi. U boshqa tadqiqotchilarga “yopiq” boʻlgan maxfiy hujjatlarga ega boʻlgan. Bundan tashqari, oʻzi ham urush qatnashchisi boʻlgani uchun koʻpni koʻrgan, voqealarni, ularning oqibatini boshqa tarixchilarga qaraganda yaxshiroq tushunib, baholay olgandi. Uning ajoyib adabiy qobiliyati ham muhim rol oʻynadi. Cherchillning “Ikkinchi jahon urushi”, “Angliya tarixi”, “Jahon inqirozi” kitoblari mutaxassislarda ham, oddiy kitobxonlarda ham katta qiziqish uygʻotdi.

Ammo adabiyot va ilm-fan ham uni butun umrini shu masalaga bagʻishlaydigan darajada oʻziga tortmadi. Endi Cherchill siyosatga kirishga qaror qildi. Uning siyosiy faoliyati 1900-yilda konservatorlar partiyasidan parlamentga saylanganida boshlandi. Biroq Bosh vazir Balfur uni hukumat tarkibiga kiritmaganidan keyin Cherchill konservatorlar bilan aloqani uzib, liberallar tomoniga oʻtdi. Bu kutilmagan harakat oʻz samarasini berdi, chunki liberallar keyingi 17 yil davomida hokimiyatni egalladi va Cherchillning siyosiy ambitsiyasi qondirildi. U hukumat tarkibiga kirdi.

Cherchil, 1900-yil / wikipedia.org

1908-yildan boshlab Cherchill Savdo vaziri (1908–1910), keyin Ichki ishlar vaziri (1910–1911), 1915-yilda Dengiz floti vaziri, 1919–1921-yillarda Harbiy vazir va Aviatsiya vaziri (Sovet Rossiyasiga qarshi intervensiya (boshqa davlatning ichki ishlariga qurolli aralashuvi) tashkilotchilaridan biri), 1921–1922-yillarda Koloniya ishlari vaziri, 1924–1929-yillarda Moliya vaziri kabi turli vazirlik lavozimlarini egalladi. 1920-yillarning boshidan Cherchill konservatorlar partiyasiga qaytib keldi va hatto uning yetakchilaridan biriga aylandi.

1930-yillarda uning faol siyosiy faoliyatida vaqtinchalik tanaffus boʻldi, lekin u butunlay toʻxtab qolmadi. U konservatorlar partiyasida oʻz taʼsirini saqlab qoldi va hatto mustahkamladi.  Bu Gitler boshchiligidagi fashistlar Germaniyada hokimiyatni egallab olgan yillarga toʻgʻri keldi. Cherchill birinchilardan boʻlib fashistik Germaniya dunyo uchun xavf tugʻdirishini tushunib yetdi. U Nevil Chemberlen (Britaniya davlat arbobi) ning ushbu mamlakatga nisbatan siyosatiga keskin qarshi chiqdi va agar Gitler oʻz vaqtida toʻxtatilmasa, Ikkinchi jahon urushi boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Urush boʻlishi aniq boʻlsa, Angliya undan qochib qutula olmasligini tushunib, hukumatni zudlik bilan qayta qurollanishga chaqirdi, chunki Britaniya harbiy qudrati Germaniyanikidan ancha past edi. Lekin uning barcha murojaatlari eʼtibordan chetda qoldi. Chemberlen Gitlerning tajovuzkor rejalari Angliyaga taʼsir qilmasligiga umid qilib, “xotirjamlik” siyosatini davom ettirdi. Urush boshlanganda esa Chemberlen siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchragani maʼlum boʻldi. Bu qiyin davrda hukumatni boshqarishga qodir yangi rahbar kerak edi. Bu rahbar Uinston Cherchill boʻldi.

Buyuk Britaniya qiroli — Georg VIʼning oʻzi Cherchilldan vazirlar mahkamasiga boshchilik qilishni soʻradi. Ikkinchi jahon urushi yillari uning siyosiy hayoti yuksak bosqichga koʻtarildi. Cherchillning jasorati va qizgʻin nutqi ingliz askarlari va hatto xalqni ham ilhomlantirdi. Qizigʻi shundaki, u darhol bunday buyuk notiq boʻlib qolmagan edi. Aslida Cherchill bolaligida duduqlanib gapirardi, kerakli soʻzlarni topa olmas, omma oldida gapirishga majbur boʻlganda esa oʻzini yoʻqotib qoʻyardi. Biroq Cherchill chiroyli nutq karyera uchun qanchalik muhimligini, ayniqsa, siyosatda karyera qilmoqchi boʻlsa, chiroyli va ishonchli gapirish qobiliyatiga ega boʻlish kerakligini tushundi. U oʻz nutqi ustida qattiq shugʻullana boshladi, kamchilikni bartaraf etishga harakat qildi va bunga erishdi ham.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Cherchill hukumati Gitlerga qarshi koalitsiya tuzish toʻgʻrisida shartnoma imzoladi va Sovet Ittifoqini fashistlar Germaniyasiga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatladi. Biroq aynan shu hukumat Yevropada ikkinchi front ochilishini kechiktirdi. Urushdan soʻng dunyo ikki — sotsialistik va kapitalistik tizimga boʻlinganida Cherchill 1946-yilda oʻzining mashhur Fulton nutqida ilk bora kommunizmga qarshi kurashish uchun butun Gʻarb dunyosini birlashtirish zarurligi haqida gapirdi. U Sovet Ittifoqi tomonidan keladigan yadro urushi xavfini ham birinchi boʻlib tushundi va qarama-qarshilikni iqtisodiyot, mafkura va madaniyat sohasiga burishni taklif qildi.

Stalin va Cherchil / ru.armeniasputnik.am

Cherchill 1945-yilgi umumiy saylovlargacha, yaʼni liberallar hokimiyat tepasiga kelguniga qadar Bosh vazir lavozimida qoldi. Bu urush tugashidan biroz oldin sodir boʻldi. 1951-yilda u yana Bosh vazir lavozimini egalladi va faqat 1955-yildagina siyosatdan ketdi. Cherchill umrining soʻnggi 10 yilini oʻzining Chartvell mulkida oʻtkazdi. U 1965-yil 24-yanvarda vafot etdi. 1973-yilda Angliya parlamenti binosi oldida uning sharafiga eng koʻzga koʻringan siyosiy arbob sifatida haykal oʻrnatildi.



Muqova suratlar wikipedia.org / wikiquote.org / gershanovich.ru