49
Ulashish
1139 marta koʻrilgan
V asr
Gʻarbiy Rim imperiyasining qulashi
Gʻarbiy Rim imperiyasining qulashi. Petrarkaning taʼkidlashiga qaramay, koʻpgina tarixchilar eramizning V asrida Gʻarbiy Rim imperiyasining qulashini qadimgi dunyoning intihosi va oʻrta asrlarning boshlanishi deb hisoblaydi. Oʻrta asrlarni esa koʻpincha notoʻgʻri talqin qilgan holda qorongʻi davrlar deb atashadi. Gʻarb dunyosining katta qismi milodiy V asrning oʻrtalariga qadar allaqachon qulab boʻlgani sababli yozuvchi imperiyaning tugashi haqida gapirganda odatda Rim shahrining qulashini nazarda tutadi. Tarixchilar milodiy 476-yilda yuz bergan imperiyaning qulashi va uning gʻarb tamadduni uchun oqibatlari toʻgʻrisida umumiy fikrda boʻlsa-da, koʻpincha qulashning sabablari borasida kelisha olmaydi. Eramizning XVIII asr oxirida ijod qilgan ingliz tarixchisi Edvard Gibbon Rim imperiyasining qulashiga nasroniylikning yuksalishi va uning Rim ruhiyatiga taʼsiri sabab boʻlgan deydi. Boshqalarning fikricha, qulash qisman shimoldan va gʻarbdan “varvarlar”ning kirib kelishi bilan bogʻliq boʻlgan.
Imperiyaning qulashiga nima sabab boʻlganidan qatʼi nazar — bu xoh din boʻlsin, xoh tashqi dushman yoki shahardagi ichki tanazzul, munozaralar bugungi kungacha davom etmoqda. Biroq ushbu voqeaning sabablarini muhokama qilishni davom ettirishdan oldin bitta muhim nuqtaga eʼtibor qaratish kerak: qulash va tanazzul faqat gʻarbda yuz bergan. Oxir oqibatda Vizantiya imperiyasi deb ataladigan imperiyaning sharqiy qismi yana bir necha asrlar davomida yashab qolgan va koʻp jihatdan oʻziga xos Rim odatlarini saqlab qolgan.
Tashqi sabablar
Eng koʻp taʼkidlanadigan sabablardan biri — varvarlarning kirib kelishi boʻlsa-da, koʻpchilik qudratli, abadiy shahar boʻlgan Rim ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslari yoʻq va siyosiy boshqaruv sohasida juda oz yoki hech qanday tajribaga ega boʻlmagan madaniyat qarshisida tiz choʻkishi mumkin emas edi hisoblaydi. Ularning fikricha, imperiyaning qulashida varvarlar Rimda allaqachon mavjud boʻlgan qiyinchiliklardan — chiriyotgan shahar (jismoniy va maʼnaviy jihatdan), soliq tushumlarining kamligi yoki umuman yoʻqligi, aholining haddan tashqari koʻpligi, tajribasiz rahbarlik, eng muhimi, qoniqarli mudofaaning yoʻqligi bilan bogʻliq muammolardan foydalangan. Baʼzilarning taʼkidlashicha, imperiyaning qulashi muqarrar ravishda yuz berar edi.
Ossuriya va Fors kabi oldingi imperiyalarning qulashidan farqli oʻlaroq, Rimning qulashi uchun urushning ham inqilobning ham keragi boʻlmadi. Imperiyaning soʻnggi kunida german qabilalaridan biri Siri qabilasining namoyondasi va Rim armiyasining sobiq qoʻmondoni shaharga hech qanday qarshiliksiz kirib keldi. Bir vaqtlar Oʻrta dengiz mintaqasidagi harbiy va moliyaviy qudrat sohibi boʻlgan Rim hech qanday qarshilik koʻrsata olmadi. Odovakar oʻn olti yoshli imperator Romul Avgustalni taxtdan osongina agʻdardi. Vaholanki, oʻsha paytda u imperatorni hech qanday xavf tugʻdirmaydigan shaxs deb hisoblagan. Romul otasi Orest tomonidan imperator etib tayinlangan. Orest Rim sarkadalaridan boʻlib, yaqindagina gʻarbiy imperiya rahbari Yuliy Neposni taxtdan agʻdargan edi.
Odovakar shaharga kirishi bilan bir vaqtlar buyuk gʻarbdan qolgan yagona meros — Italiya yarimorolining boshligʻiga aylandi. U shaharga kirgan vaqtda, Rim Buyuk Britaniya, Ispaniya, Galliya va Shimoliy Afrika ustidan nazoratni allaqachon yoʻqotgan edi. Ispaniya, Galliya va Shimoliy Afrika viloyatlari got va vandallar qoʻliga oʻtgan edi. Odovakar zudlik bilan sharqiy imperator Zenon bilan bogʻlanib, gʻarbiy imperator unvonini qabul qilmasligini aytdi. Zenonda uning ushbu qarorini qabul qilishdan boshqa chora yoʻq edi. Hech qanday anglashilmovchiliklar boʻlmasligi uchun Odovakar gʻarbiy imperator kiyimlarini, diademini (monarxlar va ularning oila aʼzolari tomonidan taqiladigan bezakli bosh kiyimi) va binafsharang ridosini (ustki yopinchiq) Konstantinopolga qaytarib berdi.
Ichki sabablar
Tarixchi Gibbon kabi boshqa baʼzi tarixchilar ham qulash Rim fuqarolarining maʼnaviyatiga bogʻliq boʻlgan deb hisoblaydi. Agar qulashning sababi qisman boʻlsa-da shaharda yuz bergan maʼnaviy tanazzul degan fikr qabul qilinadigan boʻlsa, unda imperiyaning chirishi aslida respublikada bir necha asrlar avval sodir boʻlgan “pasayishni” eslatadi. Miloddan avvalgi II asrda yashab ijod qilgan yozuvchi va tarixchi Polibiy oʻz asarlarida halok boʻlayotgan respublika haqida gapirib (bu voqea uning amalda qulashidan bir necha yillar avval sodir boʻlgan), uning axloqiy fazilatlari pasayib borayotgani va ichkarida illatlar avj olayotganiga ishora qilgan.
Edvard Gibbon ham ayni shu fikrni takrorladi (u, shuningdek, varvarlarning tahdidi unchalik ahamiyat kasb etmaganini aytdi) va nasroniylikning yuksalishini imperiyaning “ayanchli hikoyasi”dagi asosiy omil ekanligini taʼkidladi. U dinni ichki boʻlinishni keltirib chiqargan va bosqinchi varvarlarga javob qaytarmaslik orqali urush mashinasini topshirishga undagan asosiy omil deya baholadi. Gibbonning daʼvosini rad etganlar esa sharqda ham mana shunday diniy fanatlarning mavjudligiga va koʻplab varvarlarning oʻzi ham xristian boʻlganiga ishora qiladi. Gibbon uchun xristian dini yalqov va “ish bermaydigan” odamlarni qadrlaydigan din boʻlgan. Gibbon oʻzining “Rim imperiyasining tanazzuli va qulashi tarixi” kitobida yozganidek, imperiya hukumati oʻz fuqarolariga nisbatan jirkanch va zulmkor munosabatda boʻlgan va shuning uchun ham varvarlar uchun jiddiy tahdid koʻrsatmagan. Biroq Gibbon xristianlikni yagona aybdor deb hisoblamaydi. Bu imperiyani tiz choʻktirgan omillardan faqat bittasi xolos. Oxir-oqibatda qulash muqarrar edi.
Boʻlingan imperiya
Gibbon imperiyaning qulashiga nasroniylikning yuksalishini asosiy sabab sifatida koʻrsatgan boʻlsa-da, haqiqiy qulash yoki ahvolning yomonlashuvi oʻn yillar muqaddam boshlangan edi. Milodiy III asrga kelib, Rim shahri imperiyaning markazi boʻlmay qolgan edi. Imperiya sarhadlari Britaniya orollaridan Dajla va Furot daryolarigacha hamda Afrikaga qadar choʻzilgan edi. Bunday katta maydonda, albatta, muammolar yuzaga kelardi va ularni tezda hal etish talab etilardi. Imperator Diokletian hukmronligi davrida mana shunday muammolarga yechim taklif qilindi. Imperatorga maslahatchi sifatida uzoq vaqt davomida xizmat qilgan senatni birov eʼtiborga olmay qoʻydi. Uning oʻrniga qudratli qurolli kuchlar asosiy oʻrin egalladi. Baʼzi imperatorlar Rimga hech qachon qadam bosmagan.
Vaqt oʻtishi bilan, Nova Roma yoki Yangi Rim deb atalgan Konstantinopol shahri bir vaqtlar Rim boʻlgan iqtisodiy va madaniy markazga aylandi. Boʻlinish oqibatida yangilangan kuchga qaramay (imperiya bir necha bor boʻlinib, birlashtirilgan), imperiya ayniqsa shimoldagi Dunay-Reyn chegarasida hujumga dosh berolmaydigan darajada edi. Varvarlarning imperiyaning shimoliy chegarasi boʻylab mavjudligi yangilik emas edi. Ular yillar davomida shu yerga joylashgan edi. Armiya varvarlar bilan Yuliy Sezar davridan boshlab janglar olib borgan. Imperiya ikkiga boʻlindi, birining poytaxti Rimda, ikkinchisi sharqiy imperiyada joylashgan Nikomediyaga joylashtirildi. Keyinchalik sharqiy imperiya poytaxti imperator Konstantin tomonidan eski Vizantiyadagi Konstantinopolga koʻchiriladi.
Baʼzi imperatorlar ularni sotib olishga harakat qilgan, boshqalari esa ularni Rim yerlariga joylashishga va hatto armiyaga qoʻshilishga taklif qilgan. Biroq ushbu yangi koʻchib kelganlarning koʻpchiligi hatto fuqarolik berilganidan keyin ham oʻzining eski madaniyatini saqlab qolgan holda, hech qachon haqiqiy rimlikka aylanmagan. Imperiyaning zaifligi shimoliy chegara boʻylab koʻp sonli german qabilalari — gotlar toʻplanganligi sababli aniqroq sezilib qoldi. Ular imperiyaga bostirib kirishni xohlamagan, ular bosqinchi boʻlishni emas, balki imperiyaning bir boʻlagi boʻlishni istagan. Imperiyada jamlangan katta boylik ushbu xilma-xil aholini oʻziga jalb qilgan. Ular yaxshiroq hayotga intilgan. Sonining koʻp boʻlishiga qaramay, ular hech qanday xavf tugʻdirmagan. Biroq Rim ularning iltimoslarini bajarmagani sababli oʻrtadagi keskinlik kuchayib ketdi. Gotlar yuzaga keltirgan xavfli vaziyat imperiyaning sharqida yangi xavf — xunnlarni ham jalb qildi.
Gotlar bosqini
IV asrda hukmronlik qilgan sharqiy imperator Valens hukmronligi davrida (milodiy 364–378-yillar) terving gotlari Dunay-Reyn chegarasi boʻylab toʻplangan. Ular tahdid sifatida emas, balki imperiya hududiga joylashish uchun ruxsat olish niyatida jamlangan edi. Joylashish talabi shoshilinch ravishda eʼlon qilingan edi, chunki oʻsha paytlarda varvar xunnlar gotlarning vataniga tahdid solib turgan edi. Imperator Valens vahimaga tushib qoldi va javobni kechiktirdi. Bu kechikish esa qish yaqinlashib kelayotganiligi sababli gotlar orasida xavotirni kuchaytirdi. Gʻazablangan gotlar daryoni kechib oʻtdi. Pistirma qoʻygan Rim qoʻmondoni tufayli tez orada urush boshlandi. Bu urush besh yil davom etgan.
Gotlar asosan nasroniy boʻlsalar ham ularga yangi qoʻshilganlarning koʻpchiligi bu din vakillari emas edi. Ularning imperiyaga kelib joylashgani imperatorga jiddiy inqiroz olib keldi. Imperator ularni yetarli oziq-ovqat va uy-joy bilan taʼminlay olmadi. Bunday murakkab vaziyat bir qancha Rim qoʻmondonlarining poraxoʻrligi va tovlamachiligi bilan birlashib, holatni yanada murakkablashtirdi. Valens gʻarbdan yordam soʻradi. Afsuski, jang borasida rimliklar butunlay ortda qolgan va yomon tayyorgarlik koʻrgan edi. Bunday ayanchli holatni Rim armiyasining uchdan ikki qismi halok boʻlgan Adrianopol (hozirgi kundagi Turkiyaning Edirne shahriga toʻgʻri keladi) yaqinidagi jang (378-yil 9-avgust) isbotladi. Qurbonlar orasida imperatorning oʻzi ham bor edi. Tinchlik oʻrnatish uchun yangi imperator Feodosiy qattiq harakat qilishiga toʻgʻri keldi.
Gotlar Rim yerlarida qolib, Rim armiyasi bilan ittifoq tuzdi. Keyinroq asli gotlardan boʻlgan sobiq Rim qoʻmondoni Rimga qarshi oyoqqa turdi. U faqatgina oʻziga vaʼda qilingan narsalarni soʻragan xolos. U sakkiz asr davomida hech kim qila olmagan ishni qildi — Rimni vayron qildi. Uning ismi Alarix edi. Alarix got boʻlishiga qaramay, Rim armiyasida tarbiya koʻrgan edi. U nasroniylikka mansub boʻlib, aqlli va qatʼiyatli inson boʻlgan. U oʻz xalqiga vaʼda qilingan yerlarni Bolqondan (Yevropaning janubida joylashgan yarimorol) qidirdi. Keyinchalik gʻarbiy imperator oʻz javobini kechiktirganligi sababli Alarix oʻz talablarini kuchaytirdi. Endi u nafaqat oʻz xalqiga don soʻradi, yana ularni imperiya fuqarolari sifatida tan olinishini ham soʻradi. Ammo imperator Gonoriy ushbu talabni doimiy ravishda rad etdi. Boshqa hech qanday yoʻl qolmagan edi. Alarix got va xunnlar, shuningdek, ozod qilingan qullardan iborat qoʻshin toʻpladi va Alp togʻlarini kesib oʻtib Italiyaga kirib bordi. Uning qoʻshini toʻda emas, yaxshi tashkil etilgan haqiqiy armiya edi.
Gonoriy qobiliyatsiz va umuman imperiyada boʻlayotgan ishlardan bexabar, boshqalar kabi “soya imperatorlari” deb ataladigan uzun qatordagi navbatdagi imperator edi. Gonoriy harbiylar soyasida qolib ketgandi. Eng hayratlanarlisi, u hatto Rimda yashamagan, yaqin atrofdagi Ravennadagi (shimoliy Italiyaning Emilia-Romagna mintaqasida joylashgan) villasida (katta bogʻ, koʻshk va favvoralari bor boʻlgan hovli-joy) istiqomat qilgan.
Alarix shahar tashqarisiga kelib, uni qamal qildi. Vaqt oʻtishi bilan shaharda oziq-ovqat va suv tobora kamayib borayotganligi sababli Rim zaiflasha boshladi. Hujum vaqti yetgan edi. U hech qachon urushni xohlamagan, balki oʻz xalqi uchun yer berilishini va tan olinishini xohlagan boʻlsa-da, Alarix ichkaridan eshiklarni ochib bergan got qulning yordami bilan milodiy 410-yilning avgust oyida Rim shahriga kirdi. U shaharda uch kun qolib, uni butunlay vayron qildi. Faqatgina Avliyo Pol va Avliyo Piter cherkovlariga tegmagan edi. Gonoriy vaziyatning jiddiyligini umuman koʻrishga qodir emas edi. Alarixning talablariga vaqtincha rozi boʻlgan boʻlsa-da, ularni bajarish niyati yoʻq edi. Gonoriy shaharni himoya qilish uchun 6000 Rim askarini yuborgan, ammo ular tez orada magʻlubiyatga uchragan. Shahar gʻaznasi deyarli boʻshagan, senat nihoyat bosqinchilar qarshisida taslim boʻlgan edi. Alarix oʻzi bilan boshqa buyumlar qatorida ikki tonna oltin va oʻn uch tonna kumush olib ketgan.
Oʻsha paytda yashagan baʼzi odamlar shaharning talon-taroj qilinishini oʻzining butlari tomonidan yuborilgan alomat deb qabul qilgan. Milodiy 430-yilda vafot etgan avliyo Avgustin oʻzining “Xudo shahrida” asarida Rimning qulashi odamlarning butini (ular shaharni himoya qilgan deb ishongan) tark etishi natijasi emasligini, balki shaharda yashovchi nasroniylarga nima uchun azob chekishi kerakligini yodga soladigan eslatma boʻlganini aytgan edi. Hammasi yaxshi edi, chunki dunyo ezgulik bilan yaratilgan, lekin u insoniyat gunohlari tufayli nuqsonga toʻlib ketgan edi. Avgustin haligacha imperiyani tinchlik va birlik ramzi deb ishongan. Avliyo Avgustinga qadar ikki shahar bor edi. Ulardan biri bu dunyoning shahri boʻlsa, yana biri Xudoning shahri edi.
Varvarlarning bosqinlari
Garchi Alarix tez orada vafot etgan boʻlsa ham, boshqa varvarlar, nasroniy yoki nasroniy boʻlmaganlaridan qatʼi nazar, shahar talon-taroj etilganidan keyin ham toʻxtamadi. Qadimgi imperiyani, boshqalar qatori, burgund, angl, saks, langobard va magyarlar vayron qildi. Milodiy 475-yilga kelib, Ispaniya, Britaniya va Galliyaning bir qismi turli german xalqlari qoʻliga oʻtib boʻldi va gʻarbda faqat Italiyagina imperiya sifatida saqlanib qoldi. Vandallar tez orada Ispaniyani kesib oʻtib, Shimoliy Afrikaga koʻchdi va Karfagen shahrini egallab oldi. Rim qoʻshini yoʻqotilgan shaharni tiklash umididan voz kechdi va chekinishga majbur boʻldi. Afrikaning yoʻqotilishi daromadning boy berilganini anglatardi. Daromadning boy berilishi esa shaharni himoya qilish uchun armiya taʼminoti kamayganini bildirardi. Ushbu katta yoʻqotishlarga qaramay, rimliklar bir qancha muvaffaqiyatlarga erishdi. Attila boshchiligidagi xunnlarning hujumi got, frank, kelt va burgundlardan iborat qoʻshin tuza olgan Rim qoʻmondoni Eliy tomonidan Shalon jangida toʻxtatildi. Hatto Gibbon ham Attilani Rim imperiyasining tez fursatda qulashiga hissa qoʻshganini tan oldi. Attila jarohatlardan sogʻayib, Italiyaning bir qancha shaharlarini vayron qildi. Keyin u oʻzining toʻy oqshomida burnidan qon ketishi tufayli vafot etadi va shu bilan xunnlar tahdidi ham nihoyasiga yetadi.
Xulosa oʻrnida bir qancha omillar keltiriladi
Rimning qulashiga olib kelgan koʻplab sabablarni keltirish mumkin. Imperiyaning qulashi faqatgina bitta sababga bogʻliq emas edi, lekin koʻpchilik shu bitta sababni izlagan. Koʻp sabablar faqat bitta joyga — Rimning oʻziga ishora qiladi. Daromadlardan mahrum boʻlish oqibatida imperiyaning gʻarbiy qismi armiyani taʼminlay olmaslik vaziyatiga tushib qoldi, allaqachon zaiflashib boʻlgan chegaralarni himoyalash uchun esa armiya juda zarur edi. Doimiy urushlar savdo aloqalarining buzilganini anglatardi. Bosqinchilar ekin maydonlarini vayron qildi, eski texnologiya bilan kam miqdordagi oziq-ovqat ishlab chiqarildi, shaharda aholi soni haddan ziyod koʻp edi, ishsizlik yuqori va bulardan tashqari shaharda doimiy ravishda epidemiyalar boʻlib turardi. Yuqoridagi omillarga tajribasiz va ishonchsiz hukumat ham qoʻshildi.
Varvarlarning imperiya ichida ham, uning tashqarisida ham joylashib olgani nafaqat tashqi, balki ichki inqirozni ham kuchaytirdi. Bu omillar imperiyani “sogʻlom” holatdan “oʻlimtik”ka oʻtishiga sabab boʻldi. Rim armiyasida zarur tayyorgarlik va jang uchun qurol-aslahalar yoʻq edi. Hukumatning oʻzi ham beqaror edi. Piter Xezer “Rim imperiyasining qulashi” asarida shunday taʼkidlaydi: “U oʻzining ʻajoyib tuzilmalariʼ tufayli emas, balki nemis qoʻshnilari uning qudratiga rimliklar hech qachon tasavvur qilmagan tarzda javob bergani uchun quladi… Cheksiz tajovuzkorligi tufayli Rim imperializmi oʻzining halokatiga oʻzi masʼul boʻldi”.
Rimning qulashi qadimgi dunyo davrini tugallab berdi va oʻrta asrlar davri boshlandi. Ushbu “qorongʻi davrlar” Rimga tegishli boʻlgan juda koʻp narsalarni ham oxiriga yetkazdi. Gʻarb tartibsizliklar ichida qoldi. Koʻp narsa boy berilgan boʻlsa-da, Gʻarb tamadduni rimliklar qarshisida qarzdordir. Garchi bugungi kunda lotin tilida juda ozchilik gaplashsa ham, ushbu til biz soʻzlashadigan tillarning bir qismi va fransuz, italyan, ispan tillarining asosidir. Huquqiy tizimimiz ham Rim huquqiga asoslanadi. Hozirgi Yevropaning koʻplab shaharlariga Rim asos solgan. Yunoniston haqidagi bilimlarimiz ham Rimdan va boshqa koʻplab uzoq davom etgan voqealar natijalaridan kelib chiqadi. Rim qulagan boʻlsa ham, u shu bugungacha butun tarixning chinakam qadimgi dunyo shaharlaridan biri boʻlib qolgan.
Manba: worldhistory.org Muqova suratlar: freepik.com / wikipedia.org