5
Ulashish
1028 marta koʻrilgan
1844–1900
Fridrix Nitsshe
Hatto Nitsshe (haqiqiy ismi — Fridrix Vilgelm Nitsshe) ham bir vaqtlar: “Musiqa tasodifan notalar bilan emas, balki so‘zlar bilan yozilgan” — deb yozgan. Musiqaga bo‘lgan ishtiyoq bolaligidanoq paydo bo‘lgan va butun hayoti bo‘ylab davom etgan. Ammo bu shunchaki yozish yoki tinglash uchun tashnalik bo‘lmagan — Nitsshe kengroq maʼnoda musiqachi edi: u uchun musiqa sanʼatdagi eng yuqori tamoyil bilan sinonim bo‘lgan. Bo‘lajak faylasuf Prussiya va Sileziya chegarasida joylashgan kichik Rekken qishlog‘ida qishloq pastori (protestant mazhabidagi ruhoniy) oilasida tug‘ilgan. Uning ajdodlari uch avlod bilan protestant ruhoniylariga mansub edi, shuning uchun diniy martaba Frederikning ham taqdirida yozilgan bo‘lishi ajablanarli emas. Besh yoshida onasi u bilan birga Naumburgga, ota-onasining uyiga ko‘chib o‘tgan. Rekkenda bo‘lganida u bir yil ichida eri va kichik o‘g‘lini dafn etgan. Ehtimol, bu uning uchun juda og‘ir kechgan.
Fridrix darhol shahar maktabining birinchi sinfiga borgan, lekin bir yil o‘tgach, u sobor gimnaziyasidagi tayyorgarlik maktabiga o‘tkazilgan. Ehtimol, unga ajoyib qobiliyatlari va onasining opa-singillari yordamida uyda yaxshi taʼlim olgani taʼsir qilgan. Aynan o‘sha yerda Fridrix musiqa bilan birinchi marta tanishgan. U musiqaga shunchalik berilib ketganki, tez orada u nafaqat yaxshi chalishni o‘rgangan, balki kichik musiqa asarlarini ham yarata boshlagan. Gimnaziyani tugatgach, Nitsshe Naumburg yaqinidagi nufuzli Pfortshulega, aristokrat oilalarning farzandlari uchun yopiq o‘quv muassasasiga o‘qishga kirgan. U yerda o‘zining “Musiqa to‘g‘risida” nomli birinchi inshosini yozgan, bu unga darhol eng yaxshi talabalar qatoriga kirishiga imkon bergan.
Shundan so‘ng u Bonn va Leypsig universitetlarida o‘qishni davom ettirgan.
Uning talabalik ilmiy ishlari mazmuni va tahlili chuqurligi jihatidan shu qadar qiziqarli ediki, bu professor-o‘qituvchilarning e’tiborini tortgan. Unga ilohiyotshunoslik darslari o‘rgatilgan, ammo Nitssheni falsafa ko‘proq jalb qilgan. U dastlab ilohiyot fakultetiga o‘qishga kirgan va tez orada klassik falsafa bo‘limiga o‘tgan. Uning Leypsig universitetining falsafa to‘garagidagi birinchi maʼruzasi alohida voqea bo‘lgan. Nitssheni eshitgan professor Richl talabadan hisobotni qayta ishlab, kitob holiga keltirishni talab qilgan. Universitetni tugatgandan so‘ng Richl Nitssheni Bazel universitetida klassik falsafa professori lavozimiga tavsiya qilgan. Ko‘p o‘tmay, yosh olimga birinchi dissertatsiya himoyasisiz, faqat jurnal maqolalari asosida fan nomzodi ilmiy darajasi berilgan. Bu nihoyatda kam uchraydigan holat. Oldinda uni ajoyib martaba kutayotganga o‘xshardi. Unga soya solgan yagona narsa bu ruhiy kasallikning tez-tez takrorlanadigan hujumi edi.
Nitsshe universitetda o‘qib yurgan chog‘ida buyuk nemis bastakori R. Vagner bilan tanishadi va tez orada ularning tanishuvi yaqin do‘stlikka aylanadi. Vagnerning musiqasi Nitssheda oʻz asarlari kabi ajoyib taassurot qoldirgan. Fridrix qadimgi falsafa va adabiyot bo‘yicha maʼruzalarni davom ettirgan va deyarli har hafta Vagnerning uyiga tashrif buyurgan. Fransiya–Prussiya urushi paytida Nitsshe frontga buyurtmachi sifatida yuboriladi, ammo kelganidan keyin deyarli darhol kasal bo‘lib, kasalxonaga yotqiziladi. Sog‘ayib ketganidan so‘ng u ortiq armiyada qolmaydi, uyga qaytadi va yana universitetda maʼruza qila boshlaydi. Biroq uning sog‘lig‘i tezda yomonlashadi. U taʼtilga chiqishga majbur bo‘ladi va singlisi bilan Luganodagi kurortga boradi.
Faylasuf o‘sha yerda ham uzoq vaqtdan beri rejalashtirgan ʻʻFojianing kelib chiqishi” kitobi ustida ishlashda davom etgan. U kitobni Vagnerga bag‘ishlaydi va bastakorning rafiqasi Kosima Vagnerga “Yangi yil sadosi” nomli ilmiy-fantastik kompozitsiyasi bilan birga yuboradi. Bunga javoban Vagner Nitsshega jo‘shqin mazmundagi maktub yuborgan va bir necha kundan keyin faylasuf Vagnernikiga tashrif buyurgan boshqa bastakor Frans Listdan ham xuddi shunday hayajonli sharh olgan. Nitsshe tez orada tuzalib, universitetga qaytishga umid qilgan. Biroq og‘ir kasallik chekinmagan.
1878-yilda olim nihoyat o‘qituvchilik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Oradan o‘n yil o‘tgach, 1888-yil dekabrda tuzatib bo‘lmaydigan voqea yuz bergan: Nitsshe falaj bo‘lib qolgan. Koʻp oʻtmay u aql xiralashishiga duchor bo‘lgan. U jismonan butunlay nochor bo‘lib qolgan va agar butun hayotini akasiga bag‘ishlagan singlisi Elizabet bo‘lmaganida, kasalxonaga yotqizilgan bo‘lar edi. Biz faylasufning barcha asarlari shu kungacha saqlanib qolgani uchun singlisidan qarzdormiz. U nafaqat akasining asarlarini yozib, saqlagan, balki ularni nashr etgan.
Nitsshe tabiatan odamovi va qo‘pol edi. Vagner va Malvida fon Veyzenburgdan tashqari uning yaqin do‘stlari boʻlmagan. Nitsshe bu ayolni yaxshi ko‘rgan, lekin hayotini u bilan bog‘lashga jurʼat etolmagan. Kasallik qanchalik kuchaymasin, Nitsshe unga qattiq qarshilik ko‘rsatgan, uning yozuv va xatlari shu qadar quvnoq bo‘lgan. Og‘ir xastalikdan aziyat chekkaniga qaramay, u gʻaroyib nomdagi “Quvnoq bilim” kitobini, undan keyin esa “Hayot madhiyasi” musiqiy kompozitsiyasini yozgan. Bu asarlar uning asosiy ijod namunalaridan biri — “Zardusht tavallosi”ning o‘ziga xos muqaddimasi edi.
Ushbu asarni yaratishda Nitsshe o‘zining ichki dunyosini qadimgi donishmandning so‘zi bilan ochib berishni xohlagan, ruh qanday qilib tuyaga, tuya esa sherga aylanganini, va nihoyat sher bolaga aylanganini so‘zlab bergan. Bu masalda chuqur ichki ma’no bor: tuya insoniyat madaniyati yukini ifodalaydi, lekin u uni cho‘l bo‘ylab sudrab yuradi va faqat o‘sha yerda erkinlikka erishish uchun sherga aylanadi, sher esa o‘z navbatida bolaga aylanadi, chunki inson uning atrofidagi dunyoda boladir. 1881-yil avgust oyida faylasufning ichki dunyosida chuqur o‘zgarishlar yuz beradi. Unga nima bo‘lganini aytish qiyin, ammo bu yildan boshlab uning taʼlimotida hokimiyat irodasi, abadiy qaytish va o‘ta qudratli odam haqidagi g‘oyalar birlashtirilgan. 1886-yilda uning “Yaxshilik va yomonlikdan tashqari” asari va birozdan keyin “Axloq geneologiyasi xususida” nashr etilgan.
Nitsshe “Hokimiyatga intilish” kitobini o‘zining asosiy dasturiy asari deb hisoblagan, lekin u o‘zi mo‘ljallagan bu katta asardan faqat ʻʻAntixristianʼʼ deb nomlangan kichik bo‘limni yakunlashga muvaffaq bo‘lgan (uning so‘zma-so‘z tarjimasi biroz boshqacha va “Dajjol” kabi eshitiladi). Faylasuf hech qachon Alloh haqidagi g‘oyani rad qilmagan, balki nasroniylikning axloqiy qadriyatlar tizimini tanqidiy ko‘rib chiqqan. Nitsshe so‘nggi to‘qqiz yil davomida boshqa ishlay olmagan va bu davrni kasallik bilan kurashib o‘tkazgan. U 1900-yilning yozida Veymarda vafot etgan.
Fridrix Nitsshe tomonidan yozilgan “Dajjol” kitobining oldingi muqovasi (chapda). “Axloq geneologiyasi xususida” (oʻrtada). “Yaxshilik va yomonlikdan tashqari” (oʻngda) kitoblarining birinchi sahifasi / wikipedia.org
Bu ham qiziq: Alfred Nobel
Muqova suratlar: wikipedia.org / livejournal.com / old.bigenc.ru