2
Ulashish
905 marta koʻrilgan
1901–1954
Enriko Fermi
Enriko Fermi temiryoʻl xodimi Alberto Fermi va Ida Degattisning uchinchi, kenja farzandi edi. Maktab paytidayoq oʻqituvchilar bolaning matematika va fizikada ajoyib qobiliyati borligini payqadi. Maktabni tugatgach, u iqtidorli bolalar uchun beriladigan stipendiya oldi. Bu unga Piza universitetining (Italiya) Oliy maktabiga qabul qilinish imkonini berdi. 1922-yilda universitetni tugatgach, Fermi oʻzining magistrlik ishini taqdim etdi, buning uchun unga doktorlik unvoni berildi. Katta yutuqlari uchun u maxsus hukumat stipendiyasi egasiga ham aylandi va Germaniyaga ketdi. U yerda bir yil davomida katta olim Maks Born rahbarlik qilgan Gettingen universitetining nazariy fizika boʻlimida ishladi. Keyin Fermi Gollandiyaga koʻchib oʻtdi va Pol Erenfest rahbarligida Leyden universitetida amaliyot oʻtadi.
U 1924-yilda Italiyaga qaytib, Florensiya universitetida ishlay boshladi. Biroq tez orada Rimga koʻchib oʻtishiga toʻgʻri keldi, chunki Benito Mussolini olim uchun maxsus Italiyadagi birinchi nazariy fizika kafedrasini tashkil qilishni buyurgandi. Fermi va uning hamkasblari Rim universitetida ishlayotib, moddalarning tubdan yangi sinfi – radioaktiv izotoplarni kashf etdi. Qizigʻi shundaki, olimning oʻzi bu kashfiyotga nisbatan tanqidiy munosabatda boʻldi. Bu kashfiyotning ahamiyati faqat 1938-yilda, uranning boʻlinishi aniqlanganda oshdi. 1934–1938-yillarda u oʻz hamkasblari bilan neytronlarni oʻrgandi va amalda neytron fizikasiga asos soldi. Birinchi marta neytronlar tomonidan bir qator elementlar, shu bilan birga, uranni bombardimon qilishda hosil boʻladigan sunʼiy radioaktivlikni kuzatdi, neytronlarning sekinlashuv hodisasini kashf etdi va bu hodisaning nazariyasini yaratdi. 1938-yilda Enriko Fermi bu ishi uchun Nobel mukofotiga sazovor boʻldi.
Shu vaqt oraligʻida uning Italiya hukumati bilan munosabati keskin murakkablashdi. Bir qator antisemit (yahudiylarga nisbatan etnik va diniy murosasizlik) qonunlar qabul qilingandan soʻng yahudiy ayolga uylangan Fermi Italiyani tark etishga majbur boʻldi. Mashhur fizik oʻz oilasi bilan birga (bu vaqtga kelib uning oʻgʻli va qizi bor edi) Nobel mukofotini olish uchun Shvetsiyaga joʻnab ketdi. Tantanali taqdimot marosimida Fermi Shvetsiya qirolini fashistik salom bilan kutib olishdan bosh tortdi, buning uchun u Italiya matbuoti tomonidan hujumga uchradi. Shuning uchun bayramdan soʻng yangi Nobel mukofoti sovrindori AQShga joʻnadi. Fermi Kolumbiya universiteti rahbariyatining taklifini qabul qilib, u yerda fizika professori lavozimini egalladi.
Fermi va uning oilasi AQShga kelganidan koʻp oʻtmay, Nils Bor (Daniya fizigi) Kopengagendan AQShga yetib keldi. Nils Bor Fermiga Otto Gan (nemis kimyogari) uranning boʻlinishini kashf qilgani haqida xabar berdi. Koʻp fiziklar zanjir reaksiyasi ehtimolini muhokama qila boshladi. Zanjir reaksiyasi ulkan energiya chiqishi bilan birga boʻlishi kerakligi aniq boʻldi. Bu vaqtda Fermi ham uran parchalanishining zanjirli reaksiyasi ehtimolini asoslash ustida ishlay boshladi. U moliyaviy subsidiya olishga muvaffaq boʻldi va boshqa italiyalik fizik Emilio Segre bilan birgalikda zanjirli reaksiya uchun eng samarali material atom ogʻirligi 239 ga teng boʻlgan element boʻlishi kerakligini aniqladi. Oʻsha paytda bunday element hali kashf etilmagan edi, ammo keyinchalik u topildi va “poloniy” deb nomlandi.
1942-yilda Fermi AQShda atom qurolini yaratish boʻyicha mashhur “Manxetten” loyihasining rahbarlaridan biriga aylandi. Birinchi bosqich yadro reaktorini yigʻish edi. 1942-yil 2-dekabrda Fermi boshchiligida yaratilgan dunyodagi birinchi yadro reaktori ishlay boshladi. Keyinchalik u Los-Alamos (Nyu Meksiko) laboratoriyasining mudiri etib tayinlandi va oilasi bilan ushbu kichik shaharchaga koʻchib oʻtdi. U Nyu Meksiko shtatidagi Alamogordo yaqinida birinchi atom bombasi portlashiga guvoh boʻldi. Ammo bu faqat sinov edi. 1945-yilning avgust oyida Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga 2 ta atom bombasi tashlandi. Urush soʻngida E.Fermi Chikago universitetining fizika professori va uning qoshida tashkil etilgan Yadro tadqiqotlari instituti rahbarlaridan biriga aylandi. U beqiyos maʼruzachi shon-shuhratiga sazovor boʻlgan buyuk oʻqituvchi edi.
1945-yilda siklotron – zaryadlangan zarrachalar tezlatkichining qurilishi tugagandan soʻng Fermi ularning oʻzaro taʼsirini oʻrganishni boshladi. Oʻsha davrda uning yuqori energiya fizikasi boʻyicha koʻplab nazariy ishlari chiqdi. Bundan tashqari, uning ilmiy ishlari hozirda umumeʼtirof etilgan kosmik nurlarning kelib chiqishi haqidagi farazni ilgari surishga imkon berdi. Oʻlim olimni ayni ijodiy kuchi avj olgan chogʻda quvib yetdi. Bu vaqtda u atigi 53 yoshda edi. Enriko Fermi dunyoning koʻplab ilmiy muassasalarining aʼzosi edi, ammo uning xizmatlari evaziga eng katta hurmatni fiziklarning oʻzi berdi, ular 100-kimyoviy elementni “fermiy” deb atadi. Bu olim vafotidan bir yil oʻtib sodir boʻldi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / spacegid.com