Orqaga

869 marta koʻrilgan

1883–1945

Benito Mussolini

Uning ismi har kuni radioda aytilar, gazetalarda katta harflar bilan yozilardi. Yevropada unga hatto sigʻinishar edi. Mussolini 1922-yil oktabrdan 1943-yil iyulgacha Italiyada hukmronlik qilgan.

Benito Mussolini 1883-yilda Forli provinsiyasidagi Dovia qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning onasi maktab o‘qituvchisi, otasi esa qishloq temirchisi bo‘lgan. Dindor ona o‘g‘lining ismini Benedetto qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq otasi uning ismini cho‘qintirish paytida Benito deb o‘zgartirgan, chunki u ashaddiy anarxist (siyosiy filosofiya tarafdori) va ateist (xudosiz) edi.

XX asr boshida Benito Shveytsariyada yashagan. U g‘isht teruvchi, temirchi, ishchi kabi ko‘plab kasblarni sinab ko‘rgan va o‘zini rivojlantirish bilan tinimsiz shug‘ullangan. U yerda sotsialistik partiyaga a’zo bo‘lib, tashviqot ishlarini boshlab yuborgan. Mussolini vataniga qaytib, jurnalistika va adabiyot bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qituvchi bo‘lib ham ishlagan. Uning shuhrati tobora ortib borgan. U sotsialistik Avanti (Oldinga) gazetasining bosh muharriri etib tayinlangan.

Birinchi jahon urushining boshlanishi uning taqdirini o‘zgartirgan. Mussolini urushni targ‘ib qilgani uchun sotsialistik partiyadan chiqarib yuborilgan. 1919-yil mart oyida u “Fashio di kompatimento” (kurash ittifoqi) ni tashkil qilgan. “Fashizm” so‘zi aynan shundan kelib chiqqan. Shu bilan birga, u parlamentni o‘zining asosiy dushmani deb e’lon qilgan. Bu shior yirik burjuaziyaning qo‘liga tushgan va ular uning partiyasiga sarmoya kirita boshlagan. Natijada 1922-yil 2-oktabrda Mussolini ko‘plab kolonna boshchiligida Rimga qarshi yurish boshlagan, shundan so‘ng Italiya parlamenti hokimiyatni unga topshirgan.

Italiya dunyodagi birinchi fashistik davlatga aylangan. Undagi barcha hokimiyat u yaratgan Katta fashistik kengashga tegishli edi. Mussolini birinchi bo‘lib o‘z rejimini totalitar deb atagan va uning mohiyatini aniq belgilab bergan. Gitlerning hokimiyat tepasiga kelishi esa unga munosib ittifoqchini bergan. Germaniyaning yordami bilan Italiya Efiopiyani bosib olgan.

1936-yilda Ispaniyada harbiy-fashistik qo‘zg‘olon uyushtirilgan. Shunday qilib, fashizmning mafkuraviy-siyosiy qudrati asta-sekin kengaya boshlagan. 1937-yilda dunyoni qayta taqsimlashni maqsad qilgan Uch tomonlama ittifoq tuzilgan. Unga Italiya, Germaniya va Yaponiya kirgan. Fashistik partiyaning boshlig‘i, Vazirlar kengashining raisi, ichki politsiya bo‘linmalari boshlig‘i Mussolini qoʻlida katta kuch toʻplangan.

1938-yil sentabr oyida u Myunxen kelishuvining tashkilotchilaridan biri bo‘lib, uning ortidan Chexiya qo‘lga kiritilgan va Ikkinchi jahon urushi boshlangan. Bu urushda Italiya Germaniya tomonida qatnashgan. 1943-yildan Mussolini va uning rejimi uchun qora kunlar kelgan. AQSh va Angliya birinchi navbatda Sitsiliya, keyin esa Italiyaning o‘zida urush boshlagan.

1943-yil 3-sentabrda Italiya qiroli Viktor Emmanuel III taslim boʻlish toʻgʻrisidagi qogʻozga imzo chekkan. Aynan shu yili sentabr oyida Mussolini hibsga olingan va Abruzzodagi kichik tog‘li hududga yuborilgan. U yerdan uni Gitler tomonidan yuborilgan Otto Skorseni boshchiligidagi terrorchilar guruhi ozod qilgan. Germaniyaga qochib, Gitler bilan uchrashgach, Mussolini Italiyaning shimoliga yo‘l olgan va u yerda “qo‘g‘irchoq” davlat Italiya Respublikasini yaratgan. U o‘z hukumatini tuzib, hokimiyatni tiklab olishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin bu uzoq vaqtga choʻzilmagan.

Amerika qo‘shinlari 1944-yilning yozida Rim, avgust oyida esa Florensiyani egallab olgan. 1945-yil bahorida ularning butun Italiya bo‘ylab hujumi boshlangan. Benitoni ittifoqchisi qoʻllab-quvvatlagan. Mussolini qochishga harakat qilgan, ammo Dongoning kichik bir shaharchasida diktator tanib qolinib, hibsga olingan. U ertasi kuni ertalab otib tashlangan. O‘limidan keyin Mussolini jasadi sharmandalik belgisi sifatida Milandagi Piazza Loretto maydonida oyogʻi osmondan qilib osib qoʻyilgan. Shunday qilib, o‘z maqsadini yangi Buyuk Rim imperiyasini yaratish deb eʼlon qilgan insonning hayotiga yakun yasalgan.

 



Muqova suratlar: rambler.ru / wikipedia.org