2
Ulashish
763 marta koʻrilgan
1918–1996
Ella Fitzjerald
Bu ayolning vafoti butun musiqa olamiga portlovchi bomba kabi taʼsir qildi. Koʻpchilik Fitzjerald dunyodagi boshqa jaz asoschilari va eng yirik ijrochilar — Lui Armstrong, Jorj Gershvin, Bing Krosbi, Glen Miller, Dyuk Ellington kabi uzoq vaqtdan beri oramizda yoʻq ekaniga ishonadi. Boshqalar, aksincha, endi “jazning birinchi xonimi” oramizda boʻlmasligiga ishongisi kelmaydi. Jaz musiqa ixlosmandlari uchun Ella Fitzjerald nomi bilan bogʻliq koʻp narsalar mavjud: u nafaqat jaz sahnasidagi birinchi ayol boʻldi, balki jaz musiqasida maʼlum bir yoʻnalish ham yaratdi. “Hech kim uning oʻrnini bosa olmaydi”, – derdi Jon Xikmen Los Angeles News gazetasi nekrolog (marhumga bagʻishlangan maqola) muallifi.
Xonanda ota-onasini eslolmasdi, chunki u Nyu Yorkdagi bolalar uyida tarbiyalangandi. U oʻsmirlik paytidan qoʻshiq kuylashni boshladi. 16 yoshida shaharning qora tanlilar kvartali – Garlem (Nyu York)dagi konsertdan soʻng Ellaning isteʼdodi eʼtiborga olindi va u oʻzining birinchi 25 dollar pul mukofotini oldi. 1934-yildan 1939-yilgacha Fitzjerald Chika Uebba orkestrida qoʻshiq kuyladi va uning rahbari vafotidan keyin baʼzan oʻzi orkestrga rahbarlik qilib turdi. Aynan shu ijod davrida 1938-yilda u oʻzining birinchi diskini yozdi. Hammasi boʻlib qoʻshiqchi 250 ta albom yozdi, shu tufayli u nafaqat Amerika jaz tarixiga kirdi, balki boshqa ijrochilar bilan birgalikda jazni jahon madaniyatining mulkiga aylantirdi.
Xonandaning dasturiy asari qora tanlilarning allasiga asoslangan “A-Tisket A-Tasket” xiti edi. Koʻp yillar davomida bu qoʻshiq Fitzjeraldning oʻzi uchun ham oʻziga xos qoʻshiq namunasiga aylandi. Jazni nafaqat plastinkalar, balki Ellaning shaxsiy chiqishlari ham mashhur qildi. 1940-yillarning oʻrtalarida amerikalik impresario (konsert, tomoshalar agent-tashkilotchisi) Norman bilan hamkorlikda u Yevropa va Osiyo boʻylab gastrollarda boʻldi va uning jaz orkestri bilan filarmoniya konsertlarida chiqish qildi. Tinglovchilarni, ayniqsa, uning betakror tiniq intonatsiyalari va xalq qoʻshiqlarini ijro etish uchun ajoyib asos boʻlib xizmat qilgan zoʻr diksiya oʻziga tortdi. Ajoyib did va mahorat bilan “skat” usulida qoʻshiq aytishi tinglovchilarni tuganmas hayratga soldi. Bu usul improvizatsiya paytida xonandaning ovozi cholgʻu asboblaridan biri sifatida yangrashiga aytiladi. Ovoz uning borligʻining ajralmas qismidek tuyulardi. Fitzjerald uchun asosiy narsa sintetik modellashtirishdan xoli toza vokal edi. Uni qoʻshiqning ruhi deb hisoblashardi.
Amerikalik jaz bastakori va qoʻshiqchisi Dyuk Ellington ham xuddi shunday mahoratga ega edi. 1958-yilda Ella Fitzjerald Nyu Yorkdagi eng nufuzli konsert zallaridan biri — Karnegi xollda aynan u bilan qoʻshiq kuylashga muvaffaq boʻldi. Uning boshqa taniqli hamkorlari orasida yevropalik musiqachi Oskar Peterson va trio ham bor edi, ular Yevropaga tashrifi davomida gastrollarda birga boʻldi. Fitzjerald hayotida konsert faoliyati har doim alohida oʻrin tutgan. Shuningdek, u jaz festivallarining tashkilotchisi ham boʻlgan. Shunday qilib, 1959-yilda Fitzjeraldning chiqishi bilan Gollivuddagi “Playboy jaz festivali” tarixi boshlandi. Xonanda vafotidan keyin mazkur festival uning xotirasiga bagʻishlangan yodgorlikka aylandi. Jahon jaz yulduzlari oʻz chiqishlarini unga bagʻishladi. Fitzjeraldning soʻnggi konsert chiqishlari orasida eng muhimi 1985-yilda Karnegi xolldagi “Cool Jaz” festivalidagi ishtiroki edi. U Kol Porter va Jorj Gershvin (Amerika kompozitorlari) kabi mashhur mualliflarning asarini ijro etdi.
1950-yillarda uning musiqasi bilan yozilgan albomlar “albom-kitoblar” deb ataldi va bu albom-kitoblar Fitzjerald qoʻshiq repertuaridagi eng yaxshisi deb tan olindi. Shuningdek, ushbu albomlardagi “Manxetten” va “Biz xayr deymiz!” qoʻshiqlari eng yaxshi talqin deb tan olindi. Fitzjeraldning oʻzi ham “Men esa bunday qilaman” va “Sen menga yoʻl koʻrsatding” kabi ajoyib kompozitsiyalarni yaratdi. Oxirgi qoʻshigʻining nomi koʻplab qoʻshiqchilar uchun ramziy maʼnoga ega boʻldi. Qoʻshiqchilarning taʼkidlashicha, aynan Fitzjerald ularning ijodiga taʼsir qilgan, xonandalarga oʻz yoʻlini koʻrsatgan va oʻziga xos ijro uslubini oʻrgatgan.
1980-yillarda qoʻshiqchi sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarga duch kelgunga qadar dunyodagi birinchi musiqachilar qatorida qoldi. Hayotining soʻnggi yillarida ayol matonati va ajoyib jasorati yana ham koʻzga tashlandi. Qandli diabetdan keyingi asoratlar Fitzjeraldning ikkala oyogʻining tizzadan pastrogʻini amputatsiya (tana aʼzosini jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash) qilishga majbur qildi. Ella Fitzjerald vafotidan soʻng uning Gollivudda mashhur “Shon-sharaf” xiyobonida abadiy qolgan oyoq iziga gulchambar qoʻyildi. U yerda Ellaning koʻplab muxlislari yigʻilib, XX asrning buyuk qoʻshiqchisini esga oldi.
Muqova suratlar: tunnel.ru / zvuki.ru