2
Ulashish
1023 marta koʻrilgan
1932–2011
Elizabet Teylor
Elizabet Rouzmond Teylor 1932-yil 27-fevralda London shahrining shimoli-gʻarbiy chekkasidagi Xampsted hududida tugʻilgan. Bu aristokratlar yashaydigan elita hudud boʻlib, har bir uy sanʼat asaridek boʻlgan. Elizabetning ota-onasi amerikalik aktyorlar Frensis Lenn Teylor va Sara Viola Vombrodt boʻlib, Angliyaga filmda suratga tushish uchun kelgan va u yerda qoʻnim topgan edi. Frensis va Sara bir-birini maktab davridan bilar edi. Oʻshanda boʻlajak oila boshligʻi Saraga darsdan keyin kitob olib yurishga yordam bergan, uni uyiga kuzatib qoʻygan, Sara esa evaziga Frensisga uy vazifasini bajarishda yordam berardi.
Keyinchalik Elizabetning otasi Amerikada juda nufuzli va muvaffaqiyatli biznesmen boʻlgan amakisi — Govard Yangning yordami bilan suratlar galereyasini ochdi. Onasi esa Sara Sozern taxallusi bilan teatrda faoliyat olib bordi. Elizabetning otasi ayolining barcha spektakllariga tashrif buyurar va har safar grim xonasiga gullar olib kelardi. Elizabet chinakam puritan (ehtiyotkorlik va tejamkorlik, mehnatsevarlik va maqsadga muvofiqlik bilan tavsiflangan turmush tarzi, masalan, oʻyinchoqlar keraksiz deb hisoblangan va bolalar yoshligidanoq kattalarga ishlarida yordam bergan) qattiqqoʻllikda tarbiyalangan, u maktabga bormagan va uning taʻlimi bilan ota-onasi shugʻullangan.
Kichkina Lizga bolaligidanoq eng yaxshi tarbiya berilgan. Onasi unga aktyorlik mahoratini oʻrgatgan boʻlsa, otasi uni tez-tez suratlar galereyasiga olib borardi. 3 yoshdan boshlab, qizaloqqa balet sabogʻi oʻrgatilgan, bu sanʼat turi uni chin dildan oʻziga maftun etdiki, hatto uyda ham Elizabet doimiy ravishda puant (balet poyabzali) kiyib yurardi. Oila Ikkinchi jahon urushi paytida Amerikaga qaytishga majbur boʻldi. Frensisning suratlar galereyasidan tushadigan daromadi keskin kamayib ketdi va oila hashamatli hayot tarzini oʻzgartirishiga toʻgʻri keldi.
Shunga qaramasdan onasi qiziga aktyorlik, aristokrat xulq-atvor, raqsga tushish va pianino chalishni oʻrgatishda davom etdi, iloji boʻlganda esa Lizni suratga olish maydonidagi kastingga ham olib kelib turdi. Aktrisalik Elizabetning qonida bor edi. U bolaligidanoq ajoyib aktyorlik mahoratini namoyon etardi: har qanday vaqtda achchiq koʻz yoshi bilan yigʻlab, shu paytning oʻzida quvnoq kulib yuborardi. Uning maftunkor tabassumi va ikki qator qalin kipriklar bilan oʻralgan noyob, binafsharang koʻzi hech kimni befarq qoldirmasdi. Ha, qizaloq kamdan kam uchraydigan genetik mutatsiya — distixiaz bilan tugʻilgan edi. Distixiaz kipriklarning 2-qatori paydo boʻlishi bilan tavsiflanadi. Mana shunday gʻaroyibot. Navbatdagi kastingda qizaloqqa omad kulib boqdi va shu paytdan boshlab Elizabet uchun hayotining yorugʻlik nuri boshlandi.
1942-yilda 10 yoshli Liz “Har daqiqada odam tugʻiladi” filmida oʻzining birinchi kichik rolini oʻynadi, biroq Universal studiyasi unga yangi shartnoma taklif qilmadi. Ammo keyingi yili yosh Teylor 2 ta bosh rolga ega boʻldi: “Lessi uyga qaytmoqda” filmidagi Prissilla hamda “Jeyn Eyr” filmidagi Elen Byorns. Shundan soʻng “Milliy baxmal”, “Sintiya”, “Ota bilan hayot” va boshqa qator filmlarda rollar ijro etdi. Biroq kinoijodkor va tanqidchilar aktrisani yoshiga qarab, uning bu yutugʻiga shubha bilan qarardi. Liz 18 yoshida Hilton mehmonxonalar tarmogʻi biznes imperiyasining vorisi — kichik Konrad Hiltonga turmushga chiqdi. Biroq nikoh bir yil ham davom etmadi.
Yaqinda turmush qurganiga qaramay, eri spirtli ichimlikka ruju qoʻygani taʼsiri ostida oʻsha paytda homilador xotinini haqoratlab, kaltaklardi. Oqibatda bu homilaning nobud boʻlishi bilan yakunlandi. Ajrim uzoq kutilmadi, 9 oydan keyin Elizabet nikoh rishtasidan xalos boʻldi. Biroz vaqt oʻtgach u oʻzidan 20 yosh katta boʻlgan aktyor Maykl Uildingni sevib qoldi. Mayklning oʻsha paytda oilali ekani Elizabetni umuman xavotirga solmas edi. Tez orada Maykl ajrashdi va juftlik turmush qurishga muvaffaq boʻldi.
Teylorni 1949-yildagi “Konspirator”, 1950-yildagi “Kelinning otasi” va 1951-yilda “Quyosh ostidagi joy” kabi filmlarda suratga tushganidan keyin eʼtirof eta boshlashdi. Nihoyat tomoshabinlar nafaqat uning jozibasi va goʻzalligi, balki isteʼdodini ham tan ola boshladi. Aytgancha, “Konspirator” filmi Teylorga nafaqat vatanida, balki butun dunyo boʻylab shon-sharaf keltirdi.
1953-yilda Elizabet va Mayklning Maykl Govard ismli oʻgʻli, 1955-yilda esa Kristofer Edvard ismli 2-oʻgʻli tugʻildi. Lekin sokin va osoyishta oilaviy hayot Elizabet uchun zerikarli edi, shuning uchun 2 yildan soʻng u erini tark etdi. Koʻp oʻtmay aktrisaning amerikalik prodyuser Maykl Todd bilan ehtirosli ishqiy munosabati boshlandi. Keyinchalik Elizabet xotirlashicha, bu uning sadoqat, sevgi va oʻzaro tushunishga asoslangan, eng baxtli nikohi boʻlgan ekan.
Keyinchalik intervyularning birida Maykl u chinakam sevgan yagona odam ekanligini tan olgan. Bu nikohdan Teylor va uning otasi ismi bilan atalgan Elizabet Frensis ismli qizi bor edi. Turmush oʻrtogʻi uchun Elizabet hatto uning eʼtiqodi — iudaizmni qabul qildi. Afsuski, nikoh uzoq davom etmadi.
1958-yil mart oyida Maykl samolyot halokatida vafot etdi. 26 yoshli Elizabet 3 nafar farzandi bilan 2 marta ajrashgan beva ayol boʻlib qoldi. Aktrisa koʻp oylar davomida erining oʻlimini qabul qila olmadi, chuqur tushkunlikka tushdi, qarindoshlari hatto uning hayoti haqida qaygʻura boshladi. Ammo 1 yil oʻtgach, Teylor yana turmushga chiqdi. Bu safar uning uchun oʻsha paytda taniqli qoʻshiqchi Eddi Fisher oilasini tark etdi, endilikda Elizabetni makkor yoʻldan uruvchi va oilalarni buzuvchi deb atay boshlashdi.
Shunga qaramay, uning karyerasi yuksalishda davom etardi va 1960-yilda Elizabet Teylor “Batterfild 8” filmidagi eng yaxshi ayol roli uchun dastlabki Oskar mukofotini oldi. Biroq ushbu mukofot topshirilishidan biroz oldin Elizabet hayot va oʻlim oʻrtasida kurash olib borganligini koʻpchilik bilmasdi. Aktrisa zotiljam bilan ogʻir kasallanib, shifokorlar traxeostomiya (nafas olish yoʻlini ochish uchun amalga oshiriladigan jarrohlik muolajasi) operatsiyasini qilishga majbur boʻlgandi. Marosimdan olingan fotosuratda aktrisaning boʻynida naycha oʻrnatilishidan qolgan chandiqni koʻrish mumkin.
1961-yilda Teylorga “Kleopatra” filmida bosh rolni taklif qilishdi. Mish-mishlarga koʻra, aktrisa unda rol oʻynashni istamagan, uni tinch qoʻyishlari uchun mln dollarlik gonorar soʻragan. Hayratlanarlisi shuki, u soʻragan pul miqdori toʻlangan va 1963-yilda film ijobiy tarzda suratga olingan. Afsuski, film byudjet xarajatini qoplamadi, kassada muvaffaqiyatsizlikka uchradi, shunday boʻlsa ham bir nechta mukofotlarga sazovor boʻldi.
Liz syomkalarning birida aktyor Richard Byorton bilan tanishdi va ular oʻrtasida ishqiy munosabat boshlandi. Oʻsha paytda ikkalasi ham oilali edi, ammo bu sevishganlarni toʻxtata olmadi va 1964-yilda ular avvalgi oilaviy munosabatini toʻxtatib, turmush qurdi hamda Germaniyadan Mariya ismli qizni asrab oldi. Byorton Elizabetga taxminan 3 mln dollarlik ulkan brilliantli uzuk sovgʻa qildi, shuningdek, unga XVI asrda topilgan va Peregrina deb nomlangan dunyodagi eng katta marvaridni hadya etdi.
Aktrisaning goʻzalligi butun dunyoni hayajonga solardi, ammo Elizabet tashqi qiyofasini oʻzgartirishdan qoʻrqmadi. Teylor 1966-yil suratga olingan “Virjiniya Vulfdan kim qoʻrqadi?” kartinasi uchun katta vazn toʻplashiga toʻgʻri keldi va grimyorlar goʻzal yuzni deyarli 20 yilga “ulgʻaytirdi”. Natijada aktrisa terisi burishib, ajin toʻla yuzi bilan ekranda koʻrinish berdi. Aytish mumkinki, film aktrisa karyerasida ham apogey, ham ijodiy “quyosh botishi” boʻldi. Ushbu filmdagi roli uchun u 2-nufuzli mukofotini oldi.
Keyinchalik Elizabet shunday soʻzlarni aytgan: “Men uchun eng qadrli rol bu — Virjiniya. U ikkinchi Oskarni olganim uchun emas, balki fantaziya va aqlni hayajonga soladigan, noyob rollardan biri boʻlgani uchun”. Afsuski, aktrisa osonlik bilan toʻplagan ortiqcha vaznni yoʻqotish unchalik oson emas edi. Natijada Elizabet asabiy, taʼsirchan boʻlib qoldi va unda uzoq davom etgan depressiya boshlandi. Aktrisa spirtli ichimlik va psixotrop moddalarga qaram boʻlib qoldi, buning taʼsirida u kino sanʼatidagi karyerasini 45 yoshida tugatishga majbur boʻldi. U uzoq vaqt davolandi, muntazam ravishda giyohvandlik uchun reabilitatsiya kursini oldi, lekin bari befoyda edi.
Richard va Elizabet 10 yildan ortiq birga yashab, juda koʻp ogʻriq va azob-uqubatni boshdan kechirdi. Ular bu orada ajraldi, qayta turmush qurdi va oxir-oqibat munosabatni toʻxtatishga qaror qildi. 1976-yilda Teylor hayratlanarli va jasoratli ish qildi: u Ugandada terrorchilar tomonidan asirga olingan yahudiylar evaziga oʻzini garovga taklif qildi. Ammo Isroil elchisi yahudiy xalqi buni hech qachon unutmasligini taʻkidlab, rad javobini berdi. Bir yil oʻtgach, aktrisa AQShning Virjiniya shtati senatori Jon Uornerga turmushga chiqdi. Biroq Elizabet bu nikohda baxt topa olmadi. U sokin, bir xil hayotdan zerikdi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, turmush oʻrtogʻi Jonga saylov kampaniyasida oʻz nomzodini targʻib qilish uchun mashhur xotinining shon-shuhrati kerak edi xolos. Natijada 5 yillik nikohdan keyin ular ajrashish uchun ariza berdi.
1980-yillarda Teylor qoʻshiqchi Maykl Jekson bilan yaqinlashib, ular orasida iliq doʻstlik paydo boʻldi va ular birgalikda OITSga qarshi xayriya jamgʻarmasini tashkil etishga qaror qildi. U hatto auksionda sobiq eri Richard Byorton sovgʻa qilgan oʻsha uzukni 3 mln dollarga sotdi va barcha mablagʻni ushbu xayriya jamgʻarmasiga yubordi. Bundan tashqari, Teylor Mayklning 3 nafar farzandi choʻqintirgan onasi boʻldi. Aktrisa har doim doʻstini bolalarni zoʻrlashda ayblaganida qattiq himoya qilgan va 2009-yilda uning vafotidan juda qattiq taʼsirlangan.
Teylor 1991-yilda yana turmushga chiqdi. Bu safar uning eri oddiy mehnatkash Larri Fortenski edi. Ular spirtli ichimlikka qaramlikdan davolanayotgan klinikada tanishgandi. Ammo bu nikoh ham muvaffaqiyatsiz tugadi va 5 yildan keyin er-xotin ajrashdi. 1993-yilda aktrisa “Insonparvarlik ishiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” oʻzining 3-faxriy Oskar mukofotini oldi. Elizabet ekranda endi kam koʻrinardi, faqat baʼzida televideniyeda intervyu berardi.
Aktrisa oxirgi marta omma oldida 2007-yilda Paramount Pictures kompaniyasining OIV va OITSga qarshi tadbirlarida chiqish qilgan. Teylor 2011-yil 23-martda 80 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. U hayotining soʻnggi daqiqalarini Los-Anjeles shahridagi Sidar-Sinay tibbiyot markazida yaqinlari qurshovida oʻtkazdi. Elizabet Teylorning kino karyerasi ancha erta tugaganiga qaramay, undan hamon hayratlanib, barcha davrlarning eng buyuk aktrisasi va ayollaridan biri deb bilishadi. U hali ham goʻzallik standarti hisoblanib, shaxsiy hayoti va koʻplab nikohlari uning jozibali qiyofasidan darak beradi. U oʻz isteʼdodi, yorqin taqdiri bilan butun dunyoni zabt etdi, uning nomi jahon kino tarixiga mangu muhrlandi.
Hayoti davomida aktrisa sogʻligʻi bilan bogʻliq jiddiy muammolarga duch kelgan. 5 marta umurtqa pogʻonasini sindirgan, uni koʻp marta suratga olish maydonlaridan zambilda olib ketishgan, hatto bosh miya oʻsmasini ham oldirgan. Aktrisaning oʻzi bu holatni shunday eslaydi: “Men kasalxonalarga boshqalar taksida yurganiga qaraganda koʻproq boraman. Son-sanoqsiz zotiljam, umurtqa, koʻz, tizza va tovonlardagi operatsiyalar buni tasdiqlaydi. Menda bodomsimon bez va appendiks olib tashlangan. Menda 3 marta kesarcha va 1 marta traxeostomiya operatsiyasini bajarishdi. Bachadonimning bir qismi olib tashlangan. Men qizamiq va dizenteriya bilan kasallanganman. Alkogolizm va giyohvandlikni davolash haqida gapirmasa ham boʻladi. Sonimga sunʼiy boʻgʻim oʻrnatilganidan 2 yil oʻtib, miya operatsiyasini boshdan oʻtkazdim. Undan keyin implantlarni tuzatish uchun yana bir operatsiyani boshimdan kechirdim. Ammo men hayotga ishonaman va uning uchun kurashaman!”
Taqdirning barcha zarbalariga qaramay, aktrisa oʻzini tutish va hayotdan zavqlanish qobiliyatini yoʻqotmadi. Oʻlimidan biroz oldin u shunday degan: “Men hech qachon tinch hayot kechirmaganman. Baxtsizlik poyezd kabi kutilmaganda keldi. Garchi uning shunchalik shafqatsizligidan boshqa tomonga qaragim kelsa ham, har doim taqdirning yuziga tik boqardim. Shunday boʻlsa ham, men hayotni yaxshi koʻraman… Men baxtli ayolman! Men koʻp marta chinakam sevdim va kino sanʼatida fantastik karyera qildim. Bundan ortigʻini soʻrash mumkinmi? Men shunchaki juda baxtliman!”
Muqova surat: elizabethtaylor.com