Orqaga
Choy va sanoat inqilobi.

77 marta koʻrilgan

XVII–XVIII

Choy va sanoat inqilobi

Kembrij professorlaridan birining aytishicha, Britaniyadagi sanoat inqilobiga kundalik ichimlik ichish odatining o‘zgarishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Anjan Abuja xabar beradi. Kembrijdagi Kings kollejining antropologiya fanlari professori Alan Makfarleyn ham boshqa tarixchilar singari o‘nlab yillar mobaynida sanoat inqilobi to‘g‘risidagi jumboqni yechishga uringan. Nima uchun bu “katta portlash” — dunyoni o‘zgartirgan sanoat inqilobi aynan Britaniyada sodir bo‘ldi? Nima uchun u XVIII asrning oxirida yuz berdi?

Makfarleyn savollarni parolli qulf bilan taqqoslaydi. “20 ga yaqin turli omillar mavjud va ularning barchasi inqilob sodir bo‘lishidan avval ham bor bo‘lgan bo‘lishi kerak”, — deydi u. Sanoatni rivojlantirishda — zavodlarni ishga tushirish uchun texnologiya va quvvat, arzon ishchi kuchi bilan taʼminlashga katta shahar aholisi, tovarlarni tashish uchun qulay transport, ommaviy ishlab chiqarilgan obyektlarni sotib olishga tayyor o‘rta sinf, bozor iqtisodiyoti va bunga imkon beruvchi siyosiy tizim kerak bo‘ladi. Yaponiya, Niderlandiya va Fransiya kabi davlatlar ham yuqorida sanab o‘tilgan mezonlarning baʼzilariga javob berardi. Biroq sanoat inqilobi bu davlatlarda emas, balki Angliyada sodir bo‘ldi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, inqilob sodir bo‘lishi uchun omillarning barchasi zarurdir. Ammo inqilobni keltirib chiqarish uchun bu yetarli emas, deydi Makfarleyn. “Gollandiyada esa ko‘mirdan tashqari hamma narsa bor edi, Xitoyda esa bu omillarning ko‘pi mavjud edi. Aksariyat tarixchilar masalaning mohiyatiga yetish uchun bir yoki ikkita omil yetishmayotganiga amin bo‘ldi”.

Choy ekinzori, Bandung, Indoneziya / wikipedia.org

Uning taʼkidlashicha, yetishmayotgan omillar hatto oshxona shkafida ham topiladi. Xalqning eng sevimli ichimliklari bo‘lmish choy va pivo inqilobni kuchaytirdi. Choydagi faol modda bo‘lgan tanin va pivodagi hop moddasining antiseptik xususiyatlari, shuningdek, ikkalasi ham qaynatilgan suv bilan tayyorlanishi shahar aholisiga dizenteriya kabi suv bilan yuqadigan kasalliklarga duchor bo‘lmasdan, sog‘lom yashay boshlashiga imkon berdi. Avvaliga nazariya g‘ayrioddiy tuyuldi, lekin u o‘zining xulosalariga sabab bo‘lgan detektiv izlanishlarini tushuntira boshlaganida shubhalar oʻrnini hayrat egallay boshladi. Makfarleynning ishi taniqli insonlarning yordami bilan mustahkamlandi — yaqinda mashhur tibbiyot tarixchisi Roy Porter tarixchi tadqiqotlariga ijobiy baho berdi.

Makfarleyn uzoq vaqt davomida sanoat inqilobi qanday kelib chiqqani haqida o‘ylab yurgan edi. XVIII asr o‘rtalarida tarixchilar izoh talab qiladigan bir qiziq omilga eʼtibor qaratdi. Taxminan 1650- va 1740-yillar orasida Britaniyada aholi statik (oʻzgarishsiz, bir joyda qotib qolgan) holatda edi. Ammo keyin aholi o‘sishida katta oʻzgarish yuz berdi. Makfarleyn jarayon to‘g‘risida shunday deydi: “20 yil ichida chaqaloqlar o‘limi ikki baravar kamaydi va bu holat qishloq joylarda ham, shaharlarda ham, barcha tabaqalarda sodir bo‘ldi. Odamlar to‘rtta jo‘yali sababni keltirdi. Atrofdagi viruslar va bakteriyalarda keskin o‘zgarish bo‘lganmi? Bunday bo‘lishi ehtimoldan yiroq edi. Tibbiyot sohasida inqilob bo‘lganmi? Ammo bu Lister (Jozef Lister (1827–1912) — profilaktika va antiseptik tibbiyot yaratuvchisi sifatida jarrohlik amaliyotida inqilob qilgan) inqilobidan bir asr oldin yuz bergandi. Atrof-muhit sharoitida o‘zgarishlar yuz berdimi? Qishloq xo‘jaligida bir qancha o‘zgarishlar qilinib, ular bezgakni yoʻq qilinishiga sabab bo‘ldi, lekin bular kichik yutuqlar edi xolos. Sanitariya qoidalari XIX asrgacha keng tarqalmagandi. Qolgan yagona variant — ovqat edi. Ammo bo‘y va vazn statistikasida pasayish holati kuzatildi. Shunday qilib, ovqat sifati yomonlashgan bo‘lib chiqishi kerak edi. Bolalar o‘limining keskin kamayishini tushuntirishga urinishlar besamar ketdi”.

Aholi sonining to‘satdan o‘sishi sanoat inqilobini ishchi kuchi bilan taʼminlash uchun kerakli vaqtda sodir bo‘lgandek tuyuldi. “Sanoat inqilobi sari harakat qilishni boshlaganingizda odamlarning bir-biriga yaqin yashashi iqtisodiy jihatdan samaralidir”, — deydi Makfarleyn. “Ammo keyin siz kasallik — xususan, inson chiqindilaridan kelib chiqqan kasallikni yuqtirasiz”. Baʼzilar tarixiy maʼlumotlarni oʻrganish natijasida o‘sha paytda suv bilan yuqadigan kasalliklar, ayniqsa, dizenteriya bilan kasallanish darajasi o‘zgarganini aniqladi. Makfarleyn britaniyaliklar nima ichayotgan boʻlsa, kasallikni tartibga solishda oʻsha narsa muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi. Ular (inglizlar) aytdiki: “Biz pivo ichdik”. Uzoq vaqt davomida inglizlar — pivoni aynib qolishidan saqlab qolish uchun qo‘shilgan — hop tarkibidagi kuchli antibakterial vosita bilan himoyalangan boʻlib chiqdi. Ammo XVII asr oxirida pivoning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan solod (undirib yanchilgan bugʻdoy, arpa va hokazo) ga soliq joriy etildi. Kambag‘allar suv va jin (o‘tkir alkogol ichimlik) ga murojaat qildi va 1720-yillarda o‘lim darajasi yana ko‘tarila boshladi. Keyin yana birdan tushib ketdi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

Makfarleyn Yaponiyaga nazar soldi, u yerda ham bir vaqtning o‘zida yirik shaharlar rivojlanayotgandi va sanitariya sharoitlari ham yo‘q edi. Suv orqali yuqadigan kasalliklardan Yaponiya aholisi britanlarga qaraganda ancha kamroq aziyat chekkan. Bunga sabab ularning madaniyatida choyning keng tarqalgani bo‘lishi mumkinmi? Keyin Makfarleyn Britaniyadagi choy tarixi bilan bogʻliq sanalardagi gʻayrioddiy tasodifni payqab qoldi. Buyuk Britaniya XVIII asr boshlarida Xitoy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tranzit savdoni boshlagunga qadar choy nisbatan qimmat edi. Shuningdek, 1740-yillarga kelib chaqaloqlar o‘limi pasaygan paytda, ichimlik keng tarqalgan edi. Makfarleynning taxminiga ko‘ra, choy damlanadigan suvni qaynatish kerakligi va choyning oshqozonni tozalash xususiyati bilan birga onalar tomonidan chaqaloqlarga taqdim etilgan sut har qachongidan ham sog‘lomroq bo‘ladi. Boshqa hech bir Yevropa davlati choyni inglizlar kabi ichmadi, bu esa Makfarleyn mantig‘iga ko‘ra, boshqa mamlakatlarni inqilob uchun kurashdan chiqarib yubordi.

Qadimgi choy idishlari savdogarlar tomonidan choy saqlash uchun ishlatilgan / wikipedia.org

Ammo agar choy parolli qulfning ochuvchi kaliti bo‘lsa, unda nega Yaponiya o‘zining choyga asoslangan sanoat inqilobi bilan oldinga siljimadi? Makfarleynning qayd etishicha, XVII asrda Yaponiyada katta shaharlar mavjud boʻlib, savodxonlik darajasi yuqori, hatto fyuchers bozori (fyuchers shartnomalari sotiladigan va sotib olinadigan auksion bozor) bor boʻlsa ham, odamlarning ishsiz qolishidan qoʻrqib, hayvonlar kabi mehnatni tejovchi vositalardan voz kechib, har qanday mehnatga asoslangan inqilobning bahridan oʻtgan edi. Shunday qilib, biz hozir texnologik jihatdan eng rivojlangan davlatlardan biri deb hisoblaydigan xalq XIX asrga “gʻildirakdan voz kechib” (texnika yutuqlarini qabul qilmay) oʻtgandi.



Choy haqida qoʻshimcha maqola: Choy tarixi
Muqova suratlar: freepik.com / pexel.com