12
Ulashish
1080 marta koʻrilgan
m. a. 2737-yil
Choy tarixi
Choy tarixi Xitoydan boshlanadi. Afsonalarga ko‘ra, miloddan avvalgi 2737-yilda Xitoy imperatori Shen Nung daraxt tagida o‘tirib, xizmatkoriga ichimlik suvi qaynattiradi. Shu mahal daraxtning bir nechta barglari suv yuziga uchib tushadi. Taniqli o‘simlikshunos Shen Nung xizmatkori tasodifan yaratgan damlamani totib ko‘rishga qaror qiladi. Suvga tushgan barglar choy daraxtiniki edi va hosil bo‘lgan ichimlik esa biz hozir isteʼmol qiladigan choy bo‘lgan. Bu hikoyadagi voqea haqiqatmi yoki yolg‘on, afsuski, bilishning iloji yo‘q. Ammo choy ichish anʼanasi G‘arbda odat tusiga kirishidan ko‘p asrlar oldin Xitoyda paydo bo‘lgan. Choy uchun ishlab chiqarilgan idishlar Xan sulolasi (mil. av. 206–220-yillar) davridagi qabrlardan topilgan, ammo choy Tang sulolasi davrida (milodiy 618–906-yillar) Xitoyning milliy ichimligi sifatida mashhur bo‘lgan.
Har xil oksidlanish darajasidagi choylar: chapdan oʻngga: yashil choy (Yaponiyadan Bancha), sariq choy (Xitoydan Kekecha), ulun choyi (Xitoydan Kvay guli) va qora choy (Hindistondan Assam Sonipur Bio FOP) / wikipedia.org
U shunday sevimli ichimlikka aylandiki, VIII asrning oxirida Lu Yu ismli yozuvchi butunlay choyga bagʻishlangan “Cha Ching” yoki “Choy klassikasi” deb ataluvchi birinchi kitobni yozdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, choy Xitoyga o‘qish uchun borgan yapon buddist rohiblar tomonidan Yaponiyaga ilk marta olib kelindi. Ichimlik bir zumda imperator homiyligi ostiga olindi. Shu tariqa choy qirol saroyi hamda monastirlardan Yaponiya jamiyatining boshqa qatlamlariga tez tarqaldi.
Shunday qilib, choy tarixining ushbu davrida Yevropa ancha orqada qolgan edi. XVI asrning ikkinchi yarmida yevropaliklar orasida dastlabki choy ichish anʼanalari haqida qisqacha aytib o‘tiladi. Ular asosan sharqda savdogar va missioner sifatida yashagan portugaliyaliklardir. Garchi bu shaxslardan baʼzilari o‘z vataniga choy namunalarini olib kelgan bo‘lsa-da, biroq ular choyni tijorat importi sifatida birinchilardan bo‘lib Yevropaga qaytarib olib bormagan. Bu XVI asrning so‘nggi yillarida sharqdagi Portugaliya savdo yo‘llariga tajovuz qila boshlagan gollandlar tomonidan amalga oshirildi. XVI asrning oxiriga kelib gollandlar Yava orolida savdo shaxobchasini tashkil qildi va aynan Yava orqali 1606-yilda birinchi choy partiyasi Xitoydan Gollandiyaga jo‘natildi. Choy tez orada gollandlar orasida mashhur ichimlikka aylandi va u yerdan G‘arbiy Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqaldi. Lekin choy yuqori narxi tufayli faqat boylarning ichimligi bo‘lib qoldi.
Har doim kontinental (qitʼaga xos) tendensiya (ommalashuv) ga biroz shubha bilan qaraydigan Britaniya hozirgidek choyxoʻrlar davlatiga aylanib ulgurmagan edi. 1600-yildan boshlab Britaniyaning Sharqiy Hindiston kompaniyasi Yevropa hududiga chetdan tovarlar olib kirishda monopol huquqqa ega bo‘lgan. Ehtimol, kompaniya kemalaridagi dengizchilar choyni sovg‘a sifatida uyiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Dastlabki qahvaxona 1652-yilda Londonda tashkil etilgan va bu paytda choy hali ham ko‘pchilik uchun biroz notanish ichimlik edi. Shuning uchun choy odamlarda hozir ham qiziqish uygʻotadi, deb aytishimiz mumkin. Asta-sekinlik bilan choy ichish dam olish yoki zavqlanish uchun bo‘lgani kabi, biznes operatsiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan joyi bor bo‘lgan qahvaxonalarda ham mashhur ichimlikka aylandi. Biroq choy ichish o‘rta va yuqori tabaqaga mansub odamlargagina xos boʻlgan. Ayollar esa o‘z uyidagina choy ichishi mumkin edi va u hali ham ishchilar sinfi orasida keng tarqalish uchun juda qimmatlik qilardi. Qisman uning narxi yuqoriligiga sabab soliqning qimmatligi bilan bog‘liq edi.
Choy paketlari / wikipedia.org
Choyga soliq solishning kutilmagan oqibatlaridan biri bu — soliqdan qochish usullarining o‘sishi, yaʼni kontrabanda va soxtalashtirishning avj olishi boʻldi. XVIII asrga kelib ko‘plab britaniyaliklar choy ichishni xohlardi, lekin yuqori narxga qurbi yetmas edi va ularning ichimlikka bo‘lgan ishtiyoqi jinoiy to‘dalarning kontrabanda qilish istagi bilan uyg‘unlashdi. Qisqa muddat ichida boshlangan noqonuniy savdo yaqin tanish-bilishlarga bir necha funt choy sotishdan boshlanib XVIII asrning oxirlarida ajoyib uyushgan jinoyatchilik tarmog‘iga aylandi. Qonuniy import hajmi 5 mln funtga teng boʻlgan bir paytda, davlat har yili 7 mln funtni import qilardi. Choyxoʻrlar uchun eng yomon tomoni shunda ediki, soliqqa tortish choyning, xususan, kontrabanda choyining soxtalashtirilishini rag‘batlantirdi. Uning sifati bojxona va aksizlar (aksiz soligʻi — mamlakat ichkarisida tayyorlangan, sotilgan yoki ishlatilgan narsalarga solinadigan soliq) orqali nazorat qilinmas edi. Choy barglari orasiga boshqa o‘simliklarning barglari yoki allaqachon ichimlik qilib damlangan va quritilgan barglar (shama) qo‘shilgan. 1784-yilga kelib hukumat bu jarayonni to‘xtatish kerakligini va og‘ir soliqlar foydadan ko‘ra ko‘proq muammolar keltirib chiqarayotganini tushunib yetdi. Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri — Uilyam Pitt Yosh soliqni 119 foizdan 12,5 foizga tushirdi. To‘satdan qonuniy choy narxi hamyonbop bo‘lib qoldi va kontrabanda savdosi deyarli bir kechada to‘xtadi.
Choy ichishga yana bir katta turtki 1834-yilda Sharqiy Hindiston kompaniyasining Xitoy bilan savdo monopoliyasining tugatilishi natijasida yuzaga keldi. Bu sanaga qadar Xitoy Buyuk Britaniyaga olib kelinadigan choyning katta qismiga egalik qilar edi. Ammo Xitoy monopoliyasining tugatilishi Sharqiy Hindiston kompaniyasini Xitoydan tashqarida choy yetishtirishni ko‘rib chiqishga undadi. Hindiston har doim kompaniya faoliyatining markazi bo‘lib kelgan. Bu esa Hindistonda Assamdan (Hindistonning shimoli sharqidagi shtat) boshlab choy yetishtirishning ko‘payishiga olib keldi. Avvaliga bir nechta natijasiz urinishlar boʻlgan, jumladan, ilk koʻchatzorlardan biri qoramollar tomonidan vayron qilingan. Biroq 1888-yilga kelib Hindistondan yuborilgan Britaniya choy importi birinchi marta Xitoydan ko‘proq bo‘ldi.
Keleraning dorivor oʻsimliklaridan choy (Camellia sinensis), 1897-yil / wikipedia.org
Sharqiy Hindiston kompaniyasining Xitoy bilan savdo qilish monopoliyasining tugatilishi yana bir natijaga olib keldi. Uzoq muddatli istiqbolda deyarli muhim bo‘lmasa-da, taʼsiri sezilarli edi: choy tez suzadigan yelkanli kemalar davrini boshlab bergandi. Kompaniya savdoda monopoliyaga ega bo‘lgan bir paytda, choyni Xitoydan Britaniyaga olib kelishga shoshilmadi. Biroq 1834-yildan keyin choy savdosi bilan shug‘ullanishga erkin qo‘yib berildi. Yakka tartibdagi savdogarlar va dengiz kapitanlari o‘z kemalarida choy olib kelish va ko‘p pul ishlash uchun tinimsiz harakat qildi. Ular silliq chiziq, baland ustun va ulkan yelkanlarga ega bo‘lgan, tez suzuvchi kemalar yordamidan foydalangan. Xususan, ingliz va amerikalik savdogarlar o‘rtasida 1860-yillarning mashhur kema poygalariga olib keladigan raqobat bor edi. Ammo bu poygalar Suvaysh kanalining ochilishi bilan tez orada oʻz yakuniga yetdi. Bu esa Xitoyga boradigan savdo yo‘llarini birinchi marta paroxodlar uchun yaroqli holga keltirdi.
Choy haqida qoʻshimcha maqola: Choy va sanoat inqilobi Muqova surat: pixabay.com